Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:50

Xitoymi yo Rossiya? Markaziy Osiyo davlatlari ikki o‘t orasida qoldi


Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy rahbari Si Szinpin bilan, Pekin, 25-aprel, 2019
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy rahbari Si Szinpin bilan, Pekin, 25-aprel, 2019

Shu yilning noyabr oyida Tojikiston imi-jimida Xitoy xavfsizlik kuchlari bilan o‘z hududida muntazam ravishda terrorizmga qarshi mashg‘ulot o‘tkazish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

Tojikiston va Xitoy harbiylari uchun qo‘shma mashg‘ulot yangilik emas – 2015-yildan beri ikki mamlakat harbiylari uch marta qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazgan.

Ammo noyabr oyi oxirida erishilgan kelishuv ikki davlat o‘rtasida o‘sib borayotgan harbiy hamkorlikni rasmiylashtiradi va Pekinning Tojikiston va uning qo‘shnilariga nisbatan kengayib borayotgan rejalaridan dalolat beradi, deb yozmoqda Ozodlik tahlilchisi Rid Stendish.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya fevral oyida Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Markaziy Osiyoda geosiyosiy xavotir paydo bo‘ldi va kuchlar muvozanati haqidagi uzoq yillik taxminlar izdan chiqdi. Ularning aytishicha, Tojikiston – Xitoy kelishuvi Markaziy Osiyo davlatlari an’anaviy ittifoqchi bo‘lmish Moskvadan uzoqlashish uchun tashlagan navbatdagi kichik qadamdir.

Karnegi xalqaro tinchlik jamg‘armasi tashkiloti xodimi Temur Umarov Ozodlik bilan suhbatda:

«Dushanbe Rossiyaga qaramlikni ozaytirish uchun Xitoy bilan shunday yo‘l tutyapti. Asosiy savol bu Rossiya ma’qulmi yoki yo‘qligidadir», - dedi.

Moskvaga qarshi xalqaro sanksiyalar hamda Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy ta’siri ozayib bormoqda. Shu bois Markaziy Osiyo yetakchilari, xususan, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon yangi hamkorlarni yo‘lga yo‘yishga hamda boshqa mamlakatlar bilan eskidan mavjud munosabatlarni chuqurlashtirishga intilishmoqda.

Natijada Yevropa bilan diplomatik aloqa o‘rnatish uchun bir necha chora ko‘rildi. Jumladan, oktabr oyida Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel, noyabr oyida esa Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati rahbari Josep Borrel Markaziy Osiyoga tashrif buyurdi. Toqayev ham, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham noyabr oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan alohida uchrashish uchun Parijga bordi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari G‘arb mamlakatlaridan tashqari Turkiya, Yaqin Sharq va, muhimi, Xitoy bilan aloqalarni mustahkamlashga bel bog‘lagan.

Sentabr oyida Xitoy rahbari Si Szinpin COVID-19 pandemiyasidan keyingi ilk xorijiy safari davomida dastlab Qozog‘istonga, undan nari Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga bordi. Szinpin O‘zbekistonda xo‘rlangani ko‘rinib turgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Bu ikki rahbarning Moskva Ukrainaga bostirib kirganidan keyingi ilk yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ldi.

Prezident Mirziyoyev prezident Makron bilan. Parij, 22-noyabr, 2022
Prezident Mirziyoyev prezident Makron bilan. Parij, 22-noyabr, 2022

«Bu nafaqat Yevropa, Turkiya va Eron kabi o‘yinchilar uchun, balki diversifikatsiya qilmoqchi bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham imkoniyatdir», - dedi Umarov.

«Ammo [Markaziy Osiyo] hamon qaltis vaziyatda. Mintaqa hech qachon hozirgidek ikki o‘t orasida bo‘lmagan».

"Qizil chiziqlar"

Umarovning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa hozirda Rossiya bilan tarixiy aloqalarini uzish istagi bilan Moskvaning shiddatli javobi oldini olish o‘rtasida balans topishga harakat qilmoqda.

«Qizil chiziqlar doimiy ravishda o‘zgarib turadi, lekin Rossiya uchun asosiysi G‘arb harbiylari mintaqaga qaytishi oldini olishdir. Rossiya Markaziy Osiyo G‘arbga yuzlanishini istamaydi», - dedi u.

Kuzatuvchilarning fikricha, aynan shu sababdan Markaziy Osiyo Xitoy bilan bilan imzolagan kelishuvlar Rossiya uchun maqbulroqdir. Bunga Tojikiston yaqinda Xitoy bilan imzolangan kelishuv misol bo‘la oladi.

Xitoyning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy ta’siri o‘nlab yillardan beri o‘sib keladi. Tojikiston va Qirg‘iziston kabi davlatlar Pekindan milliardlab dollar qarzdordir.

Pekin so‘nggi yillarda mintaqa bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish yo‘lida chora ko‘rdi. Tojikiston Pekinning ushbu harakatlarining qoq markazida bo‘lib keladi. Xitoy o‘zining g‘arbiy Shinjon viloyati bilan chegaradosh Afg‘oniston, Pokiston va Tojikistondan terrorizm tarqalishidan uzoq yillardan beri xavotirda.

Tojikiston buni rasman inkor etsa-da, Xitoy xavfsizlik kuchlari tojikistonlik hamkasblari bilan tojik-afg‘on chegarasida xavfsizlik bazasini boshqarib keladi. Pekin, shuningdek, sobiq sovet davrida qurilgan chegara postlarini ta’mirlamoqda va Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasi bo‘ylab yangi chegara nazorati punktlarini qurmoqda.

2021-yilning oktabr oyida Dushanbe Xitoy Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida tezkor javob berish maxsus bo‘linmasi uchun mablag‘ ajratishini va yangi inshootlar qurishini e’lon qildi.

Noyabrda imzolangan kelishuvga ko‘ra, Xitoy va Tojikiston kuchlari har ikki yilda bir marta terrorizmga qarshi kurash bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish va mahoratini oshirish maqsadida qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazadi. Kelishuvda matnida e’tirof etilishicha, mashg‘ulotlar vaqti, joyi va ko‘lami sir saqlanadi.

Vilson markazining Xitoy va AQSh bo‘yicha Kissinjer instituti xodimi Bredli Jardin Ozodlikka bergan intervyusida:

«Yevrosiyoda Xitoy yirik bank, Rossiya xavfsizlik kafolatchisi vazifasini bajaradi, degan qarash eskirib qolganiga ancha bo‘ldi», - dedi.

Pekinning mintaqadagi xavfsizlik faoliyati kengayishda davom etayotgan bo‘lsa-da, uning ko‘lami nisbatan cheklanganligicha qolmoqda. Shuningdek, Xitoy ko‘rayotgan choralar Rossiyaning Markaziy Osiyodagi xavfsizlik manfaatlariga zid emas.

Xitoy va Markaziy Osiyo rahbarlarining virtual sammiti. 25-yanvar, 2022
Xitoy va Markaziy Osiyo rahbarlarining virtual sammiti. 25-yanvar, 2022

«Rossiyadan farqli o‘laroq, Xitoy o‘quv mashg‘ulotlari odatda kichikroq miqyosda o‘tkaziladi, ularda ichki xavfsizlik xizmatlari tog‘larda terror hujayralariga reyd uyushtiradi yoki Shinjondagi shaharlarga hujum qilayotgan radikallarga qarshi kurashadi», - dedi Jardin.

«Bu Xitoyning mintaqadagi tashqi siyosati naqadar ichki ehtiyojlarga tayanishini ko‘rsatadi».

Pekinning qarashlari

Xitoy Markaziy Osiyoda siyosiy, iqtisodiy va harbiy ta’sirini kuchaytirish imoniyatiga ega bo‘lsa-da, Pekin har doim ham o‘z maqsadlariga Moskva ziyoniga erishmaydi.

«Menimcha, Markaziy Osiyoda xavfsizlik masalasiga kelganda, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi potensial raqobatga ko‘pincha haddan tashqari ko‘p e’tibor qaratiladi», - dedi Umarov.

Шанҳай саммити: Яккаланган Путин "якка қутбли" дунёга қарши
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:05 0:00

Pekin va Moskva fevral oyida o‘zaro hamkorlik davom etishini aytib, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar davom etishini yana bir bor tasdiqladi. Bu aloqalar uchun Ukrainadagi urush sinov bo‘ldi. Aftidan, Rossiya va Xitoyning G‘arbga bo‘lgan umumiy adovati tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarga putur etmadi.

«Rossiya Xitoyning xavfsizlik sohasida kuchayib borayotgan faoliyatini qabul qilishi mumkin. Kreml ko‘p jihatdan bu o‘z nazorati ostida bo‘lmagan, sodir bo‘lishi muqarrar bo‘lgan jarayon ekanligini tushunadi», - deya qo‘shimcha qildi Umarov.

London qirollik birlashgan xizmatlar instituti va Singapurdagi S. Rajaratnam xalqaro tadqiqotlar maktabining katta ilmiy xodimi Raffaello Pantuchchining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush Markaziy Osiyo davlatlariga ko‘plab mamlakatlar bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatini bergan bo‘lsa-da, Moskva bosqini Pekinning Markaziy Osiyo bo‘yicha siyosatini hamda Rossiya bilan munosabatlarini o‘zgartirgani yo‘q.

«Bu yil katta o‘zgarishlar yili bo‘ldi, ammo Xitoy nazaridan qaraganda vaziyat unchalik o‘zgarmadi. Tojikistonning Afg‘oniston bilan nazorat qilish mushkul bo‘lgan chegarasi Xitoy uchun doimiy xavotir manbai bo‘lib kelgan va ushbu muammo bo‘lgan Xitoy o‘zi shug‘ullanmoqchi», - dedi u.

XS
SM
MD
LG