Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:42

"Vaqf"- Qorbobo: Prezident va boshqa rahbarlar nomidan berilayotgan sovg‘alar pulini kim to‘lamoqda?


O‘zbekiston bo‘ylab 11 ming dona "Prezident sovg‘asi"ni ehtiyojmandlarga tarqatish vakolati "Vaqf" jamoat fondiga berilgan
O‘zbekiston bo‘ylab 11 ming dona "Prezident sovg‘asi"ni ehtiyojmandlarga tarqatish vakolati "Vaqf" jamoat fondiga berilgan

2020 - yilning so‘nggi kunlarida davlat idoralari matbuot xizmatlari o‘z tizimi rahbarlarining kambag‘al va yetimlarga Yangi yil sovg‘asi topshirayotgani haqida kim o‘zarga xabar tarqata boshladi.

“Prezident sovg‘asi” deb tarqatilayotgan qutilar¸ aytilishicha¸ butun mamlakatga "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan Toshkentdan yuborilayotgan bo‘lsa¸ Bosh prokuratura¸ Ichki ishlar vazirligi va hokimlik xodimlari mahalliy Qorboboga aylangan o‘z rahbarlari nomidan sovg‘a tarqatilayotgani suratlarini yoyinlamoqda.

Ayni paytda 2020 - yilgi bosh “Qorbobo” – "Vaqf" xayriya jamoat fondi¸ qolaversa¸ davlat byudjetidan oylik oladigan hokimiyat¸ prokuratura¸ ichki ishlar tizimi rahbarlarining bu sovg‘alarga qancha mablag‘ sarflayotgani va bu mablag‘ning manbaini jamoatchilikka ochiqlanganicha yo‘q.

"Vaqf" xayriya jamoat fondi va Bosh prokuratura matbuot xizmati Ozodlikning bu savolini javobsiz qoldirgan bo‘lsa¸ IIV rasmiysi sovg‘alar puli xodimlar har oy kasaba uyushmasiga to‘laydigan badal hisobidan olinayotganini bildirdi.

Ayni paytda tadbirkorlar¸ qolaversa¸ davlat idoralari xodimlari Ozodlikka o‘z hisobidan “Qorbobo sovg‘asi” uchun majburan pul¸ mol va oziq-ovqat undirilayotganini bildirmoqda.

"Vaqf" fondi o‘zbek Qorbobosiga aylantirildi

Rasmiy matbuotning yozishicha¸ 2020 - yilning oxirgi kunlari mamlakatdagi kambag‘allar¸ nogiron va yetimlar uchun tashkillashtirilgan “Prezident sovg‘asi”ni tarqatish O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga berilgan.

Ozodlik gaplashgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi rasmiysi¸ butun respublika bo‘ylab “qorbobo”lik qilish diniy idora vakillariga topshirilganini tasdiqladi.

Mahalliy tadbirkorlardan kelayotgan xabarlarga ko‘ra¸ 2021 - yilning yaxshi kelishini so‘rab qilinadigan duolar uchun har bir masjidda jonliq so‘yish tashabbusi tepasida ham "Vaqf" fondi vakillari turibdi.

O‘zA agentligida keyingi kunlar ichi chop etilgan o‘ndan oshiq xabarda "Vaqf" fondining “Yangi yil yo‘qlovi” uyushtirishdan to muhtojlarga yordam tarqatgani yozildi.

Agentlik ayrim xabarlarida¸ "Vaqf" fondining 11 ming dona “Prezident sovg‘asi”ni tarqatishga mas’ul ekani ham aytilgan.

Na rasmiy xabarlarda¸ na "Vaqf" fondi saytida 11 ming dona sovg‘a uchun qancha mablag‘¸ qaysi hisobdan sarflanganiga oid biror ma’lumot yo‘q.

Shavkat Mirziyoyevning 30 - iyul kungi farmoni bilan Qurbon hayiti kunlari ehtiyojmandlarga moddiy yordam tarqatish uchun Vaqf fondiga davlat byudjetidan 150 milliard so‘m ajratilgan edi.

Prezident nomidan tarqatilayotgan Yangi yil sovg‘asi uchun "Vaqf" fondiga davlat byudjetidan mablag‘ ajratilgan-ajratilmagani haqida hozircha biror rasmiy xabar berilmagan.

Ozodlik joriy yili e’lon qilgan jurnalistik surishtiruv davomida¸ o‘zbekistonliklardan aksar hollarda majburiy tarzda olinayotgan xayriya mablag‘larining "Vaqf" fondi rahbarlari tomonidan shubhali loyihalarga sarflangani¸ bu jamoat fondi moliyaviy faoliyatida shaffoflik yo‘qligi aniqlangan edi.

Bosh prokurordan hokimgacha o‘z nomidan sovg‘a tarqatmoqda

2020 - yilning so‘nggi haftasida O‘zbekistondagi aksar davlat tizimlari matbuot xizmatlari bu idoralarning asosiy ishi qolib¸ ko‘proq rahbar-xodimlarining Yangi yil bayrami kunlaridagi kambag‘al va yetimparvarligini haqida xabar tarqatmoqda.

Xususan¸ Bosh prokuratura¸ IIV¸ viloyat va tuman hokimliklarining ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida Qorbobo hamrohligida muhtojlar¸ qolaversa¸ Mehribonlik uylariga borib¸ sovg‘a ulashgani surat va videolar bilan yoritilmoqda.

Rasmiy xabarlardan birida¸ “Bo‘ka tumanidagi 15 - sonli Mehribonlik uyi va O‘rta Chirchiq tumanidagi 124 - sonli maktab - internati tarbiyalanuvchilari hamda uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan jami 165 nafar bolalarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining “Yangi yil” sovg‘alari topshirildi”¸ deb yozilgan bo‘lsa¸ boshqasida:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik A.Temirxanov o‘ning o‘rinbosari polkovnik I.Axmedov va vazirning maslahatchisi iste’fodagi polkovnik O.Turdaqovlar Yangi yil bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar organlarida xizmat vaqtida halok bo‘lgan xodimlarning oilalaridan xabar olib ularga Prezident sovg‘alari va vazirlik tomonidan tayyorlangan sovg‘alarni topshirishdi”¸ deb xabar qilindi.

Bu xabarlarda ham davlat byudjetidan oylik oluvchi prezident¸ Bosh prokuror¸ Ichki ishlar vaziri nomidan ulashilayotgan sovg‘alarning moliyaviy manbai ochiqlanmadi.

Rasmiylar sovg‘alar pulini kim to‘lashini ochiqlamadi

Ozodlik 30 - dekabr kuni O‘zbekiston bo‘ylab byudjet tashkilotlari rahbarlari nomidan tarqatilayotgan “Qorbobo sovg‘a”lariga qancha pul sarflangani va bu mablag‘ning qayerdan olinayotganiga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi¸ Bosh prokuratura va Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga murojaat qildi.

"Vaqf" fondi matbuot kotibi Ozodlik savolini eshitishi bilan aloqani uzib qo‘ygan bo‘lsa¸ Bosh prokuratura matbuot kotibi savolni javobsiz qoldirdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Axborot xizmati boshlig‘i¸ kapitan Dauran Elmuratov sovg‘alarning vazirlik Kasaba uyushmasi fondidan olinayotganini bildirdi.

- Xodimlar har oy Kasaba uyushmasiga to‘lov qiladi. Uyushmada o‘z jamg‘armasi bor¸ sovg‘alar ana shu jamg‘arma mablag‘iga olinyapti. Xizmat paytida halok bo‘lgan xodimlarimiz oilalari¸ Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga vazir tarqatgan Yangi yil sovg‘alari manbai shu jamg‘arma¸ dedi Elmuratov.

IIV rasmiysi Yangi yil sovg‘alari uchun xodimlar oyligidan ushlab qolish¸ yoki ichki ishlar xodimlarining tadbirkorlardan sovg‘a yoki pul undirilayotgani holatlari mutlaq yo‘qligini iddao qildi.

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan ichki ishlar tizimi xodimlaridan biri ham IIV sovg‘alarni "o‘z hisobidan" olayotganini bildirdi.

"Bu pullar yil boshida byudjetda ko‘rsatilgan bulib, ular vazirlikning hisob raqamida "qo‘shimcha sarf-xarajat" deb ko‘rsatiladi. Ushbu hisob raqamidagi pullar xar xil tantanalar, sovg‘alar uchun sarflanadi. Bundan tashqari¸ yaqinda yangi yilni korporativ tartibda o‘tkazish taqiqlandi va korporativ tantanalar uchun ajratilayotgan pullar chin yetimlar va Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga berilishi aytildi".

Majburiy xayriya

O‘zbekistonda davlat va prezident nomidan tarqatilgani namoyish qilinadigan sovg‘a va moddiy yordam uchun tadbirkorlardan tortib byudjet xodimlariga qadar majburiy xayriya undirilgani haqida Ozodlikka ko‘plab xabar kelmoqda.

O‘zbekistonlik tadbirkorlar¸ turli xayriya tadbirlari¸ ayniqsa 2020 - yilgi pandemiya ortidan urfga kirgan "kambag‘allarga sahovat" tadbirlari hokimiyat va huquqni muhofaza qilishga vakolatli idoralarning o‘zlarini "talash kampaniyasi"ga aylanganini aytmoqda.

Xususan¸ 29 - dekabr kuni Ozodlikka murojaat qilgan qashqadaryolik fermer va tadbirkorlar hokimlik tomonidan o‘zlarining har bitta masjidda bittadan jonliq so‘yilishi uchun¸ 30-40 kilodan kam bo‘lmagan qo‘y va qo‘chqor “xayriya qilish”ga majburlanayotganini bildirdi.

Bunday “o‘lpon”ga¸ Ozodlik gaplashgan tadbirkor va fermerlarga ko‘ra¸ “prezident qarori” ijrosi sifatida siyosiy tus berilmoqda.

30 - dekabr kuni Ozodlikka xabar yo‘llagan namanganlik tadbirkor¸ Yangi yil sovg‘asi va har xil tomosha tadbirlari uchun tumandagi har bir fermer hisobidan kamida 500 ming so‘mdan yechib olinganini bildirdi.

Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra¸ bu jarayon byudjet tashkilotlari xodimlarini ham chetlab o‘tmayapti.

30 - dekabr kuni Ozodlikka bog‘langan ichki ishlar tizimi xodimi Yangi yil oldidan o‘z maoshidan yana “urib qolingani”ni bildirdi.

Har uch oyda bir marta 1 million 200 ming so‘m berilar edi. Kecha plastikka tushirishdi¸ 700 mingdan oldik. Bezbetlarcha 500 mingdan ushlab qolishgan. Nimagaligini hozircha aytishmadi. Pandemiya¸ Yangi yil sovg‘asi¸ deyishsa kerak. O‘tgan oy obunaga deb 100 mingdan ushlashgan. Yozda karantin zonasida qo‘shimcha haq bermasdan ishlatishdi. Insofsizlar¸ mehnat qonunchiligini buzib ertayu kech ishlatib¸ yana haqimidan 500 ming ham urib qoladimi?”,- dedi Toshkent ichki ishlar tizimi oddiy xodimlaridan biri.

Bundan oldin Ozodlik O‘zbekistondagi barcha byudjet tashkilotlari xodimlari oyligidan majburiy ravishda 50 ming so‘mdan ushlab qolinganini xabar qilgan edi.

"Vaqf" fondi uchun zakot va fitr emish. O‘zi oyligimiz oz bo‘lsa¸ zakotga nima bor? Dunyoviy davlatda yashayotgan bo‘lsak tag‘in! Hatto oddiy ishchilar¸ farroshgacha berishga majburlashdi. "Vaqf"ning nima qilayotgani hammaga kunday ravshan¸ ularga xalq o‘z xohishi bilan bermasa¸ yana ta’lim va tibbiyotchilardan tortib olish kerakmi?”,- degan edi Ozodlikka oyligidan xayriya fondiga majburiy to‘lov undirilgan o‘qituvchilardan biri.

XS
SM
MD
LG