Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:54

Va’dalardagi raqamlar. Mirziyoyev saylovchilariga necha pullik va’da berdi?


Prezidentlikka nomzod va amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoda saylovchilar bilan uchrashuvda.
Prezidentlikka nomzod va amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoda saylovchilar bilan uchrashuvda.

Prezidentlikka nomzod va amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda kelasi 5 yil uchun o‘zi va’da qilayotgan mablag‘larning hisobini olishni so‘radi.

Mirziyoyev ustma-ust berayotgan va’dalaridagi trillionlab so‘m va milliardlab dollar mablag‘ning manbasini “aniq” dedi va mahalliy rahbarlarga “qog‘ozda qolib ketmasin”, deb talab qo‘ydi.

13 - oktabr kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurgan Mirziyoyev kelgusi besh yilda 9 milliard dollarlik 2 ming 200 ta investitsiya loyihasini amalga oshirilishi va 75 mingta yangi ish o‘rni yaratilishini aytdi.

Unga ko‘ra, Navoiyda 3 milliard 400 million dollar bo‘lgan gaz-kimyo texnologik klasteri tashkil etiladi va qariyb 3 milliard dollarlik 7 ta elektr stansiyasini ishga tushiriladi.

21 - sentabrdan saylovoldi targ‘ibotlarini boshlagan bosh nomzod va joriy prezident hozirga qadar kelgusi 5 yillik dasturlari uchun kamida 250 trln so‘m va 67 mlrd dollar ajratishni va’da qilib ulgurdi.

Hali oldinda ikki muhim viloyat - Mirziyoyev tug‘ilib o‘sgan Jizzax va poytaxtga tutash Toshkent viloyati turibdi. Bu viloyatlarga ajratilgan summa avvalgilardan kam bo‘lmasligi ehtimoli yuqori.

Ammo 12 - oktabrgacha aytilgan summaning o‘ziyoq Mirziyoyevning birinchi muddatidagi islohotlar uchun sarflangan summadan qariyb 2 yarim barobarga ko‘p - o‘tgan 5 yilda qashshoqlikni tugatish, yangi ish o‘rni va iqtisodiyotni rivojlantirish islohotlari uchun jami 114 trln so‘m va 30 mlrd dollar sarflangani rasman aytilgan.


Pulning hisobi

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod va amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevning saylovchilar bilan uchrashuvlari 21 - sentabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasidan boshlandi.

Shundan beri u Xorazm, Samarqand, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlarida bo‘ldi.

Qashqadaryodagi uchrashuvda Mirziyoyev mahalliy rasmiylardan, o‘zi saylovoldi chiqishlarida tilga olayotgan raqamlarning hisobini yuritishni so‘radi:

“Sizlardan iltimos, men aytayotgan raqamlarni yozib boring, chunki bu mablag‘lar manbasi aniq. Qolaversa, bular qog‘ozda qolib ketmasligi kerak. Qashqadaryo xalqining farovonligiga, viloyatda tadbirkorlik rivojlanishiga xizmat qilsin. Odamlar bugun natija kutyapti. Buning uchun ishsizlik va kambag‘allik bilan jiddiy kurashishimiz kerak”.

Prezidentning saylovoldi uchrashuvlarida tilga olgan trillion so‘m va milliard dollarlik raqamlar uchinchi uchrashuv - Samarqand viloyatidan boshlandi va keyingi viloyatlarga o‘tgan sari ko‘tarilib bordi:

  • 21 - sentabr, Qoraqalpog‘istondagi nutqi:
  • Sarflanadi: 0 so‘m, 0 dollar.
  • Yaratiladigan yangi ish o‘rni: 0
  • 22 - sentabr, Xorazmdagi nutqi:
  • Sarflanadi: 0 so‘m, 0 dollar.
  • Yaratiladigan yangi ish o‘rni 250 mingta.
  • 24 - sentabr, Samarqanddagi nutqi:
  • Sarflanadi: 0 so‘m, 8 milliard dollar (5,5 mingta investitsiya loyihasi)
  • Yaratiladigan yangi ish o‘rni 450 mingta.
  • 27 - sentabr, Namangandagi nutqi:
  • Sarflanadi: 0 so‘m, 7 milliard dollar (10 mingta investitsiya loyihasi)
  • Yaratiladigan yangi ish o‘rni 400 mingta.
  • 28 - sentabr, Farg‘onadagi nutqi:
  • Sarflanadi: 10 trln so‘m, 8 mlrd dollar (11 mingta investitsiya loyihasi)
  • Yaratiladigan yangi ish o‘rni 420 mingta.
  • 29 - sentabr, Andijondagi nutqi:
  • Sarflanadi: 40 trln so‘m, 8 mlrd dollar ( 4,5 ta investitsiya loyihasi)
  • Yaratiladigan yangi ish o‘rni 420 mingta.
  • 7 - oktabr, Sirdaryodagi nutqi:
  • Sarflanadi: 40 trln so‘m, 5 mlrd dollar (2 mingta investitsiya loyihasi)
  • Yaratiladigan yangi ish o‘rni 60 mingta.
  • 8 - oktabr, Surxondaryodagi nutqi:
  • Sarflanadi: 50 trln so‘m, 6,6 mlrd dollar (5 mingta investitsiya loyihasi)
  • Yaratiladigan yangi ish o‘rni 320 mingta.
  • 11 - oktabr, Qashqadaryodagi nutqi:
  • Sarflanadi: 60 trln so‘m, 10 mlrd dollar (2 mingta investitsiya loyihasi)
  • Yaratiladigan yangi ish o‘rni 400 mingta.
  • 12 - oktabr, Buxorodagi nutqi:
  • Sarflanadi: 50 trln so‘m, 8 mlrd dollar (5 mingta investitsiya loyihasi)
  • Yaratiladigan yangi ish o‘rni 280 mingta.

250 trln so‘m va 60,6 mlrd dollar

Bu - Mirziyoyev 21 - sentabrdan beri 9 viloyat va Qoraqalpog‘istonda so‘zlagan nutqida tilga olgan raqamlar. Bu o‘rinda so‘m va dollarda ifodalangan bu ikki raqam alohida summami - bu haqda prezident matbuot xizmati chop etgan rasmiy xabarda biror ma’lumot berilmagan.

Prezident nutqida bu summalarning davlat byudjetidan ajratilishi va xorijiy investitsiya hisobiga qoplanishi aytilgan.

5 - oktabr kuni ishga tushirilgan reforms.uz portaliga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon amalga oshirilgan islohotlarga 114 trillion so‘m va 30 milliard AQSh dollari sarflangani aytildi.

Bu portalni O‘zbekiston va xalqaro diplomatik korpus vakillariga taqdim qilgan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov:

“5 yil davomida yillar bo‘yicha 5 ta alohida-alohida dasturlar qilib kelindi. Shu yerda umumiy 1385 dan ortiq band ko‘zda tutilgan edi. Umumiy 114 trln so‘m va salkam 31 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshirilgan”, deb ta’kidladi.

Prezidentlikka nomzod vakolatlari

Ayni paytda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovoldi tashviqoti davomida tarqatayotgan mablag‘lar, berayotgan va’dalar - uning ma’muriy resurslardan faol istifoda etayotgani to‘g‘risidagi masalani kun tartibiga chiqardi.

Prezident barcha viloyatlarga safarlarida prezident samolyoti va o‘z ma’muriyati administrativ resurslaridan foydalanmoqda. Prezident matbuot xizmati rasmiy xabarlarida ham uning nomi goh “joriy prezident”, goh “prezidentlikka nomzod” deb keltirilmoqda.


“Saylov kodeksi”ning 44- moddasida “Tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi”, deb yozib qo‘yilgan.

Ayni 44-moddada, shuningdek: “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi”, de qat’iy belgilangan.

YeXHT oraliq hisoboti

8 - oktabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) O‘zbekistonda 24 - oktabr kuniga belgilangan prezident saylovini kuzatish missiyasi oraliq hisobotini e’lon qildi.

Hujjatda qayd etilishicha, saylovoldi kampaniyasi paytida, tashkilotning fundamental huquq va erkinliklarga oid tavsiyalari bajarilmayotgani qayd etilgan.

Bajarilmagan tavsiyalar sirasida saylov huquqlarini cheklash, mustaqil nomzodlarni ko‘rsatishga taqiq va saylov kampaniyasini moliyalashtirishning muqobil manbalariga oid tavsiyalar bor.

Hisobotda, xususan O‘zbekistonning amaldagi prezidenti bo‘lgan Sh. Mirziyoyevning saylovchilar bilan uchrashuvlarga prezident xizmat samolyoti bilan borishi va boshqa nomzodlar o‘rtasida raqobatli kurash kuzatilmagani alohida qayd etildi.

Sasi chiqmayotgan boshqa nomzodlar

O‘zbekiston markaziy saylov komissiyasi 24 - oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda 5 nafar nomzodni ro‘yxatga olgan:

  • Liberal-demokratik partiyadan Shavkat Mirziyoyev;
  • “Adolat” partiyasidan Bahrom Abduhalimov;
  • Ekologik partiyadan Narzulla Oblomurodov;
  • “Milliy tiklanish” partiyasidan Alisher Qodirov;
  • Xalq-demokratik partiyasidan Maqsuda Vorisova

Mazkur partiyalarning hammasi hukumatparast partiyalar sifatida ko‘riladi.

Muxolifatdagi partiyalarga esa bu safar ham saylovda qatnashish uchun imkon berilmadi.


Prezident Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik sanasining 30 yilligida qilgan chiqishida, "bo‘lg‘usi saylovlar yuksak demokratik mezonlar asosida o‘tishi va yangi O‘zbekiston xalqining o‘sib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va madaniy saviyasini yaqqol namoyon etishiga ishonishi"ni aytgan.

XS
SM
MD
LG