Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:23

Jahon banki: O‘zbekiston qo‘shnilaridan 30 yil ortda qoldi. Yangi ish o‘rinlarini yaratish hayratlanarli darajada oz


O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayoni endigina boshlanmoqda, deb bildirdi Jahon banki o‘zining mamlakatlar iqtisodiy rivojlanishini tahlil etadigan va besh yilda bir marta e’lon qiladigan navbatdagi hisobotida.

Jahon banki hisobotida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti ikkinchi marotaba tahlil qilinmoqda va hisobotning bu mamlakatga oid qismi “O‘zbekiston: Mamlakatning ikkinchi marta tizimli tashhisi”, deb ataladi.

O‘zbekistonda iqtisodiy jihatdan yangilanish 30 yildan beri sust davom etmoqda

Hisobotda “O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayoni endigina boshlanmoqda”, deb qayd etiladi. Hisobot mualliflari fikricha, mamlakatda so‘ngi 30 yil davomida iqtisodiy islohotlar juda sust ravishda amalga oshirilgan. Faqat ayrim sohalargina sezilarli darajadagi o‘sishga erishgan.

“Iqtisodiy faoliyatning ahamiyatli qismi hanuzgacha markazlashtirilgan davlat institutlari boshqaruvidadir. Iqtisodiyotni tizimli yangilash dastabki bosqichda. 2020- yilda iqtisodiyotda qishloq xo‘jaligining yalpi ichki mahsulotdagi hajmi 26 foizni tashkil qilgan va bu Yevropa hamda Markaziy Osiyodagi eng yuqori ko‘rsatkichdir”,- deyiladi hisobotda.

Jahon banki rivojlangan davlatlardagi iqtisodiy jarayonlarni olg‘a siljituvchi xizmat ko‘rsatish sohasi O‘zbekistonda eng past darajada ekanini va mintaqaning boshqa davlatlaridagi darajaga ham etisha olmaganini qayd etgan.

Ichki migratsiya va urbanizatsiya

Jahon banki hisobotida O‘zbekistonda ichki migratsiya va urbanizatsiya jahondagi eng quyi darajada ekani aytiladi.

“Buning oqibatida O‘zbekiston shaharlari qo‘shni davlatlardagi shaharlar aholisiga nisbatan ozroqdir va bu shaharlarning samaradorligi ham nisbatan kamdir. Natijada bu holat bozor munosabatlariga o‘tishni va iqtisodiyotning yangilanishini ortga tortmoqda”,-deyiladi hisobotda.

Jahon bankining ta’kidlashicha, O‘zbekistonning bu qadar sustkashligi mamlakat uchun foydali bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas. Chunki O‘zbekiston qo‘shni davlatlardagi yutuqlar va tanazullarni hisobga olgan holda, mintaqadagi davlatlar tajribasidan samarali foydalanishi mumkin.

Yigirma yil davomida qashshoqlik ozaydi, biroq qoniqarli darajada emas

Rasmiy manbalarda qayd etilishicha, qashshoqlar soni O‘zbekistonda 2000-yilda aholining 28 foizini tashkil qilgan. 2019-yilga kelib esa qashshoqlar umumiy aholi sonining 11 foizi darajasiga tushgan.

Jahon bankida mavjud ma’lumotlarda 2018-yilga kelib O‘zbekistonda qashshoqlikning eng past darajasi bartaraf etilgani e’tirof etilgan.

Biroq O‘zbekiston aholisining 9,5 foizi o‘rtacha qashshoqlik darajasida qolmoqda.

Ayni paytda aholi jon boshiga daromad jihatidan O‘zbekistonga tenglashtiriladigan davlatlarda qashshoqlikning past darajasi 3,3 foizni tashkil qilmoqda.

O‘zbekistonda 20 yil mobaynida topilgan daromad aholining barcha qatlamiga teng bo‘lishtirilmagan

O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sish ortidan topilgan daromad so‘nggi yigirma yil mobaynida aholining barcha qatlami orasida bo‘lishtirilmagan. Bu esa aholi bandligi darajasining o‘ta pastlab ketishiga va oylik maoshlarning sustlik bilan o‘sishiga sabab bo‘lgan.

2010-yildan boshlab O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishning uchdan ikki qismini xom ashyo, jumladan, oltin va tabiiy gazni eksport qilish ta’minlab kelgan.

Ayni paytda bir ishchi kuchi tomonidan yaratilgan qo‘shimcha qiymat 50 foizga o‘sgani tan olinadi. Biroq bu o‘sish faqat tabiiy boyliklarni qazib olish va qayta ishlash sanoatidagina qayd etilgan.

Yigirma yil davomida aholining asosiy qatlami faoliyat yuritadigan qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida mehnat samaradorligining o‘sishi Yevropa va Markaziy Osiyodagi davlatlarga nisbatan juda oz bo‘lgan.

2017-yilda O‘zbekiston milliy daromadida mehnat ulushi 41 foizni, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida esa 55 foizni tashkil qilgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston milliy daromadida mehnat ulushi yanada kamayib ketgani ehtimoldan holi emas.

Yangi ish o‘rinlarini yaratish hayratlanarli darajada oz

Yangi ish o‘rinlarini yaratish hayratlanarli darajada oz bo‘lib, 2010-2019-yillarda yalpi ichki mahsulot o‘sishining 6 foiziga teng bo‘lgan.

2010-2018-yillarda aholi bandligini 1 foizga ko‘paytirish uchun yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishini 5 foizga yetkazish shart bo‘lgan. Holbuki, rivojlanayotgan davlatlarda buning uchun ikki barobar ozroq o‘sish yetarli bo‘lishi kuzatilgan.

Masalan, 2018-yilda yangi ish o‘rinlarini yaratish ishchi kuchi o‘sishidan 200 mingtaga kam bo‘lgan. 2020-yilda esa COVID-19 pandemiyasiga qadar 9 foiz bo‘lgan ishsizlik darajasi rasman 10,5 foizga yetdi.

Xususiy sektor davlat monopoliyalari bosimi ostida qolmoqda

O‘zbekiston hukumati investitsiyalarni noproporsional tarzda faqat davlat ulushi mavjud korxonalarga yo‘naltirmoqda. Aynan davlat korxonalari rivojlanish uchun yuqori potensialga ega bo‘lib qolmoqda, biroq ularning yangi ish o‘rinlari yaratish salohiyati juda past. Buning oqibatida xususiy sektordagi vaziyat achinarli darajaga etgan.

O‘zbekistonda xususiy shirkatlar tashkil etilishi darajasi mintaqadagi boshqa davlatlarga qiyoslanganda juda ham ozdir. Tashkil etilgan xususiy korxonalardagi ishchi o‘rinlari esa, har bir korxona hisobida olinganida, barmoq bilan sanarli.

Xususiy sektorning rivojlanishi uchun davlat korxonalarini sezilarli ravishda qisqartirish, qolgan davlat korxonalarini bozor iqtisodiyotidagi raqobatlashuv sharoitiga moslashtirish zarur.

O‘zbekistondagi 2 mingdan ortiq davlat korxonalari yalpi ichki mahsulotning deyarli yarmini ishlab chiqaradi, davlat korxonalari aholi bandligining 18 foizini va eksportning 20 foizini ta’minlaydi.

Davlat aktivlarining asosiy qismi 15 davlat korxonasiga jamlangan. 2019-yildagi ko‘rsatkichlardan kelib chiqilsa, bu korxonalar aktivlarining umumiy qiymati yalpi ichki mahsulotning 57 foiziga tengdir.

Davlatga qarashli yirik korxonalar O‘zbekiston iqtisodiyotining dominantlaridir. Ular neft va gaz, energetika, kimyo sanoati, aviatsiya, temir yo‘l va aloqa, telekommunikatsiya sohalarini qamrab olgan.

“2020-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda berilgan kreditlarning 88 foizi davlat banklari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Kreditlash siyosati va davlat banklarining samarasiz boshqaruvi kapitalning noto‘g‘ri taqsimlanishiga sabab bo‘lmoqda, uning yo‘nalishi hamda iqtisodiyotda foydalanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”,-deyiladi hisobotda.

Davlatning aralashuvi ortidan qishloq xo‘jaligi ko‘p imkoniyatlarni boy berdi

O‘zbekiston uchun qishloq xo‘jaligi xususiy sektorning rivojlanishiga keng imkoniyat beruvchi tarmoqdir, deya ta’kidlanadi hisobotda. Jahon bankining bildirishicha, hukumatning qishloq xo‘jaligini nazorat qilish va boshqarish tizimi ortidan bu imkoniyat qo‘ldan boy berildi.

“O‘zbekistonning qishloq xo‘jalik sektori mehnat samaradorligini oshirish va xo‘jalik yuritish uslublarini, jumladan, suvdan foydalanish, o‘g‘itlash va yerlarni to‘g‘ri taqsimlashni takomillashtirish ortidan qo‘shimcha qiymatning ko‘payishiga hissa qo‘sha oladigan ulkan potensialga ega”,- deyiladi hisobotda.

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning meva-sabzavotchiligi qishloq xo‘jalik yerlarining 10 foizidan foydalangan holda yetishtirilgan o‘simlik mahsulotining 50 foizi va umumiy qishloq xo‘jalik mahsulotlarining 40 foizi qiymatida yangi ishchi o‘rinlarini yaratish imkoniyatiga egadir.

XS
SM
MD
LG