Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:41

"UzAutoMotors" avtomobillari saloniga suv kirib ketayotganidan shikoyatlar ko‘paydi


Korpusini suv bosgan mashinalar avtoservislarda ta’mirlanmoqda.
Korpusini suv bosgan mashinalar avtoservislarda ta’mirlanmoqda.

Internet tarmoqlarida O‘zbekistondagi "UzAutoMotors" zavodidan yangi chiqqan avtomobillar kabinasini suv bosayotgani aks etgan videolar so‘nggi oylarda ko‘paydi.

Ozodlik suhbatlashgan mashina egalari ulovlarini diler yoki uni ishlab chiqargan kompaniya qabul qilmayotgani, o‘zlari ustalarga qo‘shimcha pul sarflab tuzattirishayotganliklarini aytishdi.

"UzAuto Motors" shirkati xodimi mashina egalari muammolar yuzasidan dilerlarga yoki kompaniya rasmiy aloqa kanaliga murojaat qilishlari mumkinligini aytdi.

Mashina egalari ijtimoiy tarmoqda tarqatgan videotasvirlarda suv avtomobil saloniga o‘tib, gilamchalari ostida to‘plangani ko‘rinadi.

“Mashinaning ahvolini qarang, o‘tgan yil olingan mashinaning ahvoli, teshik tog‘ora, sal yoqqan yomg‘irga chidamayapti, suv kiryapti. Gilamni ustida mana bir qarich to‘la suv turibdi mana, "UzAutoMotors "qayerga qarayapti, chiqarmasin bunaqa mashina. Yopib tashlasin zavodni. Chiqarsa tuzukroq mashina chiqarsin”, - deydi o‘tgan yil ishlab chiqarilgan “Ravon” mashinasining egasi.

Mashina egalari ulovlarini ustalarga qo‘shimcha pul sarflab tuzattirishayotganliklarini aytishadi.
Mashina egalari ulovlarini ustalarga qo‘shimcha pul sarflab tuzattirishayotganliklarini aytishadi.

Youtube va Telegram tarmoqlarida UzAuto Motors zavodidan avtomobillar sifatsiz chiqqanligi iddao qilingan o‘nlab videolar bor.

“Mana 2020 - yilgi mashina. Qayerdandir kirib, hamma yoq suvga to‘lib ketyapti. Hamma yoq shilta bo‘lib yotibdi. Eksport varianti deb sotishuvdi tag‘in. Gubkalari nam bo‘lib, sasib yotibdi. Mana o‘zbegim mashinalarini ahvoli”, - deydi “Kobalt” mashinasining egasi.

Toshkentdagi “Nurafshon” avtoservisi xodimi ham "UzAutoMotors" avtomobillari korpusini suv bosishi holatlari ko‘payganini Ozodlikka tasdiqladi:

“Kabinasini ichini suv bosgan mashinalarni ko‘p olib kelishyapti. Shofyor o‘tiradigan joyda pedallar ostidan suv o‘tyapti. Germetiklab beryapmiz. Bu zavodni o‘zida shunaqa nuqson bilan chiqqanmi, ekspluatatsiya payti bo‘lganmi buni bilmaymiz. Lekin, juda ko‘p bo‘lyapti shunaqa holatlar. Mashinani olayotganda germetikasini ham tekshirib olish kerak bo‘lyapti, buyog‘iga”.

"Bizda mashinaning germetikligi tekshirilib, keyin sotuvga chiqariladi"

Ozodlik holat yuzasidan izoh olish maqsadida "UzAuto Motors" shirkatiga qo‘ng‘iroq qildi.

Shirkat telefonini ko‘targan, o‘zini tanishtirmagan xodim mashina egalari muammolar yuzasidan dilerlarga yoki kompaniya rasmiy aloqa kanaliga murojaat qilishlari mumkinligini aytdi:

“Bizda har bir mashinani germetikligi maxsus uskuna bilan tekshirilib, keyin sotuvga chiqariladi. Siz aytayotgan holatlar bo‘yicha mashina egalari dilerlarga yoki bizga murojaat qilishlari mumkin. Lekin, shunaqa holatlar ham bo‘lyaptiki, har-xil tashqi qurilmalar, videoregistrator va boshqa narsalar o‘rnatganda mashinaga shikast yetyapti. Ishonchli bo‘lmagan, malakaga ega bo‘lmagan ustalar shu uskunalarni o‘rnatganda mashinani germetikligini buzib qo‘yayapti. Oqibatda salonga suv o‘tish holatlari bo‘lyapti. Shuning uchun mashina egalariga faqat sertifikatlangan xizmat ko‘rsatish markazlariga murojaat qilishni maslahat beramiz”, - deydi "UzAutoMotors" shirkati xodimi.

Ammo mashina egalari ulovlarini diler yoki kompaniya qabul qilmayotgani, o‘zlari ustalarga qo‘shimcha pul sarflab tuzattirishayotganliklarini aytishdi.

“Agar mashina nuqsoni bo‘lsa zavod qaytarib olishi, o‘rniga boshqa mashina berishi kerak yoki pulimizni qaytarib berishi kerak. Bizda unaqa bo‘lmayapti, tekshirmasdan o‘zlaring buzgansizlar, deb qaytarib yuboryapti”, - deydi Ozodlik suhbatlashgan mashina egalaridan biri.

Monopolist shirkat

"UzAuto Motors" O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchi monopolist shirkat hisoblanadi.

Mazkur zavodda ishlab chiqarilgan mashinalarning nuqsonlari haqida bundan oldin ham shikoyatlar ko‘p bo‘lgan.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi o‘tgan yilning o‘zida "UzAutoMotors" mashinalari rangi tez o‘chib ketayotgani, o‘z-o‘zidan yonib ketishi holatlari va boshqa nuqsonlar haqida yuzdan ziyod shikoyat arizalarini olgani haqda ma’lum qilgandi.

Iste’molchilar "UzAutoMotors" avtomashinalar narxlarini asossiz 20 foizga ko‘tarib yuborganidan ham norozi bo‘lishgandi.

O‘tgan yil noyabr oyida "UzAutoMotors" mashinalar narxini asossiz ko‘tarishda ayblab, narxlarni tushirishni so‘ragan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini mahkamaga berdi.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Toshkent shahar sudi UzAutoMotors foydasiga hukm chiqardi. Shu bilan mashinalar narxi tushmaydigan bo‘lgandi.

XS
SM
MD
LG