Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:31

Ukraina urushining g‘oliblaridan biri – Ozarbayjon


Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev. Moskva, 22-aprel, 2024
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev. Moskva, 22-aprel, 2024

Ozarbayjon va Rossiya prezidentlari 22-aprel kuni Kremlda uchrashganida asosiy e’tibor Tog‘li Qorabog‘, Ukraina yoki Eronga qaratilgani yo‘q. Bu sovet temir yo‘li qurilishining 50 yilligi edi.

Rasman tashrif sababi 1974-yilda Rossiyaning Uzoq Sharqida Baykal-Amur magistral (BAM) qurilishining boshlanishi edi. Loyihani Sovet Ittifoqi Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Haydar Aliyev boshqargan.

Ellik yil o‘tib, Aliyevning o‘g‘li, hozir Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvada BAM qurilishi faxriylari guruhi bilan uchrashdi. Ular, Putin tadbirda aytganidek, Rossiyaning "Sharqqa burilishi"ni nishonlash uchun to‘planishdi. Bu Rossiyaning G‘arb hukmronligidagi iqtisoddan voz kechish harakatlari boshlanishi nishonasi sifatida ko‘rilmoqda.

BAM tadbiri bir bahona edi. Rossiyaning «Kommersant» gazetasi ta’kidlaganidek, temir yo‘l yubileyining asosiy bayrami iyul oyidan oldin bo‘lmasligi kerak edi, Putin va Aliyev uni “muddatidan sezilarli darajada oldin” nishonlashdi.

Bu yerda faqat nostalgiya emas edi. Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasidagi kun tartibida nafaqat temir yo‘llar, balki Haydar Aliyev Sovet Ittifoqining eng yuqori martabali amaldorlaridan biriga aylanganidan o‘n yillar o‘tib, Aliyev yana Moskvada sezilarli ta’sirga ega bo‘ldi.

Илҳом Алиев учинчи бор Озарбайжон президенти этиб сайланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:51 0:00

Ikki yildan ko‘proq vaqt oldin Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Kavkazda geosiyosiy reaksiyani keltirib chiqardi va bu jarayonda Ozarbayjon o‘zining tabiiy resurslari va strategik joylashuvi tufayli yutdi.

Ukrainadagi urush Ozarbayjonning Yevropa uchun ahamiyatini yanada oshirdi, bir tomondan energiya manbasi sifatida, boshqa tomondan Rossiyani chetlab o‘tadigan muqobil Sharq-G‘arb tranzit yo‘liga ehtiyoj sababli. Sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun Shimol-Janub tranzitga muhtojligi ancha ortgan Rossiya uchun ham Ozarbayjon kerak.

Ayni paytda, Rossiyaning Ukrainada botqoqqa botib qolgani Moskvaning Ikkinchi Qorabog‘ urushidan keyin Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida 2020-yildagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qo‘ruvchilik qilish vazifasini bajara olmasligini anglatardi. Hududda Rossiyaning 2000 nafar tinchlikparvar kuchlari mavjudligiga qaramay, Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘dagi etnik armanlar yashaydigan hududda o‘z ustunligidan foydalana oldi va bu oxir-oqibat Ozarbayjonning 2023-yil sentyabr oyida hududni to‘liq nazorat qilishiga olib keldi. Natijada Armaniston Rossiyaga an’anaviy bog‘liqlikdan voz kechib, G‘arb bilan yaqinroq munosabatlarni o‘rnatishga majbur bo‘ldi.

Ozarbayjon yulduzi porlayotgan va Rossiyaning Kavkazdagi ta’siri sustlashib qolgan bir paytda Aliyev Moskvaga uchib keldi. Kamiga Rossiyaning Kavkazdagi qudrati pasayib ketganini yaqqol ko‘rsatadigan yana ikkita voqea sodir bo‘ldi.

Birinchidan, Rossiya o‘z tinchlikparvar kuchlari Qorabog‘dan kelishilgan sanadan (2025-yil noyabri) ancha oldin chiqib ketishini tasdiqladi. O‘shanda Armaniston va Ozarbayjon Rossiya va boshqa tashqi vositachilarsiz ishg‘ol qilingan hududlarning ayrim qismlarini berish bo‘yicha kelishuvga erishganliklarini e’lon qildi.

Ikki prezidentning ommaviy chiqishlarida Aliyevning “mintaqaviy xavfsizlik” degan mujmal iborasidan boshqa hech qanday voqea umuman tilga olinmadi. Buning o‘rniga Aliyev va Putin temir yo‘l va boshqa iqtisodiy aloqalarni muhokama qildi.

Iqtisodiy kun tartibi esa o‘z ishlarini hech qanday tashqi kuchlar, jumladan, Rossiyaning ham aralashuvisiz hal qilishga intilayotgan Ozarbayjonga mos edi.

“Albatta, “qishloq xo‘jaligi” va «turizm» kabi masalalar yangiliklarda «tinchlikparvarlar» yoki “Rossiya vositachiligida mojarolarni hal qilish bo‘yicha muzokaralar” kabi ahamiyatli ko‘rinmaydi”, deb yozadi hukumatparast Minval.az Ozarbayjon yangiliklar sayti. “Ammo hozir, Prezident Aliyev bir necha bor ta’kidlaganidek, Qorabog‘ mojarosi sahifasini ochish vaqti kelganida, biz oddiy fuqarolar uchun sarmoya, ish o‘rinlari va iqtisodiy dividendlar kabi «zerikarli» mavzular haqida gapiryapmiz. Bu muzokaralarda markaziy o‘rinni egallaydi."

Ozarbayjon orqali savdo yo‘llarini kengaytirish urush va tinchlikdan ko‘ra zerikarliroq bo‘lishi mumkin bo‘lsada, Rossiya uchun strategik ahamiyatga ega. Bu masala Putin va Aliyev uchrashuvi kun tartibida ustunlik qildi.

Sankt-Peterburgdan Fors ko‘rfaziga

Rossiyani Eron va uning Fors ko‘rfazidagi portlari bilan bog‘laydigan temir yo‘l, dengiz va avtomobil yo‘llari turkumi bo‘lgan «Shimol-Janub» xalqaro tranzit yo‘lagi Moskva uchun muhim loyihadir. Bu yo‘nalish Rossiya va Eron bilan chegaradosh bo‘lgan va ikki davlatni bog‘lovchi Ozarbayjon orqali o‘tadi.

Bu yo‘l uzoq vaqtdan beri rejaligicha qolayotgan bo‘lsa ham, Ukrainadagi urushdan keyin va G‘arbning Rossiyani iqtisodiy jihatdan izolyatsiya qilishga urinishlaridan keyin dolzarbligi ortdi.

"Biz ko‘p yillar davomida transport sohasida loyihalarni amalga oshirmoqdamiz, Rossiya-Ukraina urushi ishimiz ahamiyatini oshirdi", dedi Aliyev 2023-yil yanvar oyida mahalliy matbuotga murojaatida.

2023-yil mayida Rossiya va Eron Astara shahridagi Eron-Ozarbayjon chegarasidan Eron shimolidagi Rashtgacha bo‘lgan temir yo‘l qurilishini yakunlash bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. Bu Sankt-Peterburgni Fors ko‘rfaziga bog‘laydigan temir yo‘l tarmog‘idir.

2016-yilda Ozarbayjon qurilishni qisman moliyalashtirishga rozi bo‘ldi (Eron bilan birgalikda), lekin ikki yildan so‘ng Eronga qarshi xalqaro sanksiyalar tufayli loyihadan voz kechdi. Endi Rossiya Rasht-Astara liniyasi qurilishi uchun o‘zi to‘laydi.

Putin bir necha bor ushbu yo‘nalish haqida global iqtisodiyotni G‘arb hukmronligidan uzoqlashtirish rejalarining asosiy elementi sifatida gapirgan. BAMning yubileyi unga buni yana tasdiqlash uchun bahona bo‘ldi.

“O‘z miqyosi va tarixiy ahamiyati jihatidan BAMni Rossiya-Ozarbayjon hamkorligining yana bir yo‘nalishi – «Shimol-Janub» transport koridorini rivojlantirish bilan solishtirish mumkin”, dedi Putin Aliyev va Sovet temir yo‘l qurilishi faxriylari bilan uchrashuvda.

Озарбайжон Тоғли Қорабоғдаги муҳим шаҳарни эгаллади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:33 0:00

Ozarbayjon, aksincha, bu yo‘nalishdagi roli haqida nisbatan xotirjam edi. Rossiya transport vaziri Vitaliy Savelyev tadbirda jurnalistlarga Ozarbayjon o‘z temir yo‘lini modernizatsiya qilayotganini, bu esa yo‘nalish bo‘ylab tashiladigan yuk hajmini ikki baravar oshirish imkonini berishi kerakligini aytdi.

Mintaqaviy transport loyihalariga o‘tish Rossiya uchun Kavkazdagi strategik chekinish sifatida qaralishi kerak, deydi Chatham House tahlil markazi xodimi Lorens Broers.

"Rossiya tinchlikparvar missiyasining Qorabog‘dan olib chiqib ketilishi Boku uchun muhim strategik g‘alabani ifodalaydi, – deb yozgan Broyers X'da. – Mintaqaviy kuchlar, xususan, Rossiya va Eron Janubiy Kavkazda yangi strategik muvozanatni o‘rnatish uchun birgalikda harakat qilmoqda. Bu Rossiya uchun yolg‘iz gegemonlikdan keyini eng yaxshi variantidir, bu uning Qorabog‘dagi tinchlikparvarlik missiyasi kabi kuch o‘yinlaridagi yo‘qotilgan mavqeini qoplashi mumkin.

Zangezurdagi ruslar

Putin-Aliyev uchrashuvida tilga olinmagan Rossiyaning Kavkazdagi yana bir ta’sir kuchi bor: Ozarbayjonni Armaniston hududi orqali Naxchivan anklaviga bog‘laydigan transport yo‘lagi. Bu loyiha ozarbayjoncha nom bilan Zangezur yo‘lagi deb ataladi.

Marshrutni qurish Rossiya vositachiligida Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi 2020-yilgi urushga yakun yasagan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga kiritilgan edi. Bu shartnomada Rossiya chegarachilari ushbu yo‘nalish bo‘ylab xavfsizlikni ta’minlashi ko‘zda tutilgan.

Biroq, o‘shandan beri sulh bitimining deyarli barcha qoidalari buzildi va u rasman bo‘lmasa ham, amalda o‘likdir. Rossiyaga ishonch keskin pasaygani munosabati bilan Armaniston amerikalik va yevropalik muzokarachilar bilan birgalikda xususiy kompaniyalar yoki xalqaro tashkilotlar kabi xavfsizlikning boshqa variantlarini qidirmoqda.

Biroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov yanvar oyida yana 2020-yilgi kelishuv Rossiyaning yo‘llarni tartibga solishi kerakligini ta’kidladi.

Biroq parda ortida Ozarbayjon ham Rossiyani chetlatishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.

Ozarbayjonlik mustaqil tahlilchi Fuad Shahbazov “Rossiyaga nisbatan har ikki tomonda ham shubha bor”, deydi.

“Rossiya koridor yaratishda qat’iy, chunki u bu yerda xavfsizlik niqobi ostida uzoq vaqt qolishni istaydi, – dedi u. – Ozarbayjon buni baland ovozda aytmaydi, lekin ruslar transport yo‘nalishlarini qo‘riqlashini ham istamaydi.”

Bokuning 2020-yilgi kelishuvga amal qilish talabi muzokara usuli bo‘lishi mumkin, deydi Bokudagi Topchibashov markazi tadqiqotchisi, xalqaro munosabatlar va xavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Shujaat Ahmadzoda. “Birinchidan, Armanistonga bosim o‘tkazishda davom etmoqda. Ikkinchidan, bu muammoni Rossiya-Armaniston mojarosiga aylantirib, ular o‘rtasidagi har qanday tafovutdan foydalanish Ozarbayjonga muzokaralarda o‘z ta’sirini kengaytirishga yordam beradi”.

Hamma tomonga o‘ynash

Aliyev fevral oyida Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashgan. Rusiyzabon hamkasbi bilan ingliz tilida gaplashgan Aliyev “Ozarbayjon Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz ishg‘ol va hududiy yaxlitlik buzilishi nima ekanligini juda yaxshi tushunamiz”, deb yana bir bor ta’kidladi.

Ayni paytda rossiyalik murosasiz siyosatchi Leonid Slutskiy yaqinda Aliyevni “postsovet hududidagi eng ishonchli rahbar” deb atadi.

Ozarbayjon uzoq vaqtdan beri har tomonlama o‘ynashga va turli hamkorlar bilan munosabatlarini muvozanatlashga intilmoqda va Ukrainadagi urushdan keyin o‘sib borayotgan ta’siri bu boradagi qobiliyatini yanada kuchaytirdi.

Gap faqat Rossiyaning Ozarbayjonga qaramligida emas. Rossiya Fanlar Akademiyasi Iqtisodiyot instituti ilmiy xodimi Aleksandr Karavayev, Ozarbayjonning Haqqin.az saytida Aliyevning tashrifi oldidan chop etilgan maqolasida ikki davlatning yana ko‘plab umumiy manfaatlari bor, deb yozdi.

Mushtarak manfaatlardan biri Armanistonning G‘arbga burilishiga nisbatan antipatiyadir. Ayni paytda, Ozarbayjonning G‘arb bilan nisbatan yaxshi munosabatlari Bokuga o‘zining G‘arbga qarshi taktik harakatlarini, masalan, Fransiya yoki AQSHga qarshi harakat qilishni cheklamaydi.

Yana bir umumiy manfaat – Ukrainada urush boshlanganidan buyon amalda kuchaygan yaqin iqtisodiy hamkorlik: Karavayev Rossiyaning AvtoVAZ avtokonserni Ozarbayjonda Lada avtomobillarini yig‘ishni boshlaganini va ikki davlat Rossiya temir yo‘l vagonlari va samolyotlarini ishlab chiqarishni kengaytirishga intilayotganini ta’kidladi.

“Rossiya uchun Ozarbayjon sanoat korxonalari va Rossiya biznesining G‘arb sanksiyalari ostidagi ayrim segmentlarini ko‘chirish uchun qulay”, deb yozadi Karavayev.

Ammo Ozarbayjon-Rossiya munosabatlari tarixan ko‘tarilib, pastlab turgan va uzoq muddatli do‘stlikka shubha qilish uchun ko‘p sabablar bor, deb yozdi rossiyalik tahlilchi Sergey Markedonov Telegram'dagi kanalida. "Boku va Moskva yaqinlashmoqda, bu haqiqat, – deb yozadi u. – Ammo bizda g‘arbga qarshi va sovetlarga xayrixoh nostalgiya darajasi har xil."

Markedonovning ta’kidlashicha, yosh ozarbayjonlar ko‘pincha Rossiya bilan munosabatlarga shubha bilan qaraydi.

XS
SM
MD
LG