Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:27

Ukraina saboqlari: Qozog‘iston Rossiyadan masofalanib, harbiy qudratini oshirmoqda


Qozoq harbiylarining o‘quv mashqlari. Olmaota, 6-aprel, 2017
Qozoq harbiylarining o‘quv mashqlari. Olmaota, 6-aprel, 2017

Rossiyaning Ukrainaga bosqini manzarasida Qozog‘iston o‘z mudofaasini mustahkamlamoqda, shuningdek tashqi siyosatini qayta ko‘rib chiqib, Turkiya, Xitoy va AQSh bilan aloqalarini faollashtirmoqda, deb yozdi o‘tgan haftada G‘arb OAVlari. Xorij matbuotida Markaziy Osiyo mamlakatlari integratsiyasi yo‘lidagi to‘siqlar ham tahlil qilingan. Ozodlik qozoq xizmati ushbu maqolalardagi asosiy xulosalarni jamladi.

Urush ta’sirida o‘zgarayotgan muvozanat

Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Qozog‘iston o‘z ittifoqchilari bo‘lmish Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan Moskva bilan aloqalarini qayta ko‘rib chiqishdi, deb yozadi AQShning Wall Street Journal gazetasi.

Muallif Evan Gershkovichga ko‘ra, Rossiyaning harbiy agressiyasi mintaqada muvozanatni o‘zgartirgan. “Qozog‘iston mulozimlari, deputatlari, qolaversa, tahlilchilar mamlakat o‘z tashqi siyosatida Rossiyaning imtiyozli maqomini qayta ko‘rib chiqib, Turkiya, AQSh va Xitoy bilan munosabatlarni faollashtirayotganini aytishmoqda”, deyiladi maqolada.

Muallif fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari betarafligi, ular Rossiyaning Ukrainaga tajovuzini qo‘llamagani va Moskvadan tobora uzoqlashayotgani AQShga mintaqada so‘nggi yillarda birmuncha zaiflashgan nufuzini tiklashga yordam beradi.

AQSh vakillari so‘nggi to‘rt oyda bir necha bor Markaziy Osiyoga kelishdi. Aprel oyida davlat kotibining inson haqlari bo‘yicha o‘rinbosari Uzra Ziya mintaqada bo‘ldi, mayning oxirlarida davlat kotibi yordamchisi Donald Lu Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonga safar qildi. Iyunda esa ushbu mamlakatlarga AQSh Markaziy qo‘mondonligi yangi rahbari armiya generali Maykl Erik Kurilla tashrif buyurdi.

G‘arb Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etgach qozoq hukumati savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilish harakatiga tushdi. Urush boshlanishidan bir necha hafta o‘tib Qozog‘iston rasmiylari Gruziya va Ozarbayjonga borib, Xitoydan Markaziy Osiyo, Kavkaz va Turkiya orqali Yevropaga eltuvchi Transkaspiy yo‘lagini faollashtirish masalasini muhokama qilishdi.

Turkiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri hamda Osiyo-Tinch okeani tadqiqot markazi direktori Selchuk Cholakoglu Markaziy Osiyo davlatlari, Xitoy va Turkiya shu paytgacha “Rossiyaning jig‘iga tegmaslik uchun” ushbu savdo yo‘lagiga jiddiy e’tibor bermaganini aytadi. Biroq endi, uning nazarida, mintaqa “o‘zida jasorat topmoqda”, Xitoy bilan Turkiya esa Rossiyaning hukmron mavqeiga barham bermoqchi.

Amerika nashri urg‘ulashicha, o‘tgan ko‘p yillar davomida Moskva bilan Pekin o‘rtasida Markaziy Osiyoga doir maxfiy kelishuv amal qilgan: Rossiya xavfsizlik uchun javobgar bo‘lgan, Xitoy esa iqtisodiyotni rivojlantirish bilan shug‘ullangan. Ammo hozirda manzara o‘zgarmoqda.

Aprel oyi oxirida Xitoy milliy mudofaa vaziri Fey Fenxe Qozog‘istonga kelib, Qasim-Jomart Toqayev bilan uchrashdi. Tomonlar harbiy hamkorlikni kuchaytirishga kelishishgani aytildi. Qozog‘iston NATO a’zosi bo‘lmish Turkiya bilan ham aloqalarini mustahkamlashga urinmoqda. May oyi boshida Toqayevning Anqaraga tashrifi chog‘ida tomonlar Qozog‘istonda turk harbiy dronlarini ishlab chiqarish bo‘yicha bitim imzolashgan edi.

Qolaversa, Qozog‘iston o‘z mudofaa byudjetini 441 milliard tanga yoki 918 million dollarga oshiryapti.

“Yuqori martabali mulozimga ko‘ra, mamlakat Ukrainaning qaqshatqich qarshiligidan saboq chiqarib, oddiy harbiy harakatlar bilan birga, kiberurush, axborot xuruji va saylovlarga aralashish kabi usullar qorishmasi bo‘lmish gibrid urushda tezkor va mohirona harakat qilishi o‘z armiyasini isloh qilishi lozimligini uchun anglab etgan”, deyiladi maqolada.

Ukrainadagi urush Rossiya armiyasining zaif tomonlarini ochib tashlagan bo‘lsa-da, Markaziy osiyolik mulozimlar Moskva ambitsiyalari oldida qo‘rquv ortayotganini, mintaqa siyosiy elitasi “Keyingisi bizmi?” deya o‘zlariga savol berayotganini ta’kidlaydi.

Nur-Sultonning G‘arbga intilishi

Modern Diplomacy platformasida e’lon qilingan “Ayiq quchog‘idan xalos bo‘lishga intilib” nomli maqolada Qozog‘istonning Rossiyadan masofalanishga hamda Yevropa va AQSh bilan munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlari xususida so‘z boradi.

Unda muallif – Rodjanatram Xalqaro tadqiqotlar maktabining katta ilmiy xodimi bo‘lmish Jems Dorsi yanvarь voqealari hamda Ukraina urushidan saboq chiqargan Qozog‘iston o‘z harbiy qudratini oshirayotganini va mudofaa korxonalarini barpo etib Rossiya qurol-aslahasiga qaramligini kamaytirayotganini urg‘ulaydi.

Shuningdek, Dorsiga ko‘ra, “Toqauev muqobil transport yo‘laklari, xususan, Rossiyani chetlab o‘tuvchi Transkaspiy xalqaro yo‘lagini rivojlantirishda Yevroittifoq Qozog‘istonga yordam berishiga umid qilmoqda”.

Darhaqiqat, Yevropa Markaziy Osiyoga katta qiziqish bilan qaramoqda. Vashington ham mintaqaga ko‘proq e’tibor bera boshladi.

Maqolada Wall Street Journal sharhlovchisi Uolter Rassel Middan shunday iqtibos berilgan: “Vashington siyosatchilari Rossiya ta’siriga qarshi kurash va Putinni qiyin ahvolga solish yo‘llarini izlashmoqda, binobarin Moskva nazoratidagi neft quvurlariga qaramlikdan qutulishi va iqtisodiyotini isloh qilishi uchun Qozog‘istonga beriladigan ko‘mak Rossiyaga yaxshigina tarsaki bo‘ladi”.

Jeyms Dorsi maqolada amerikalik ekspert Pol Gobl fikrini ham keltiradi. Gobl yaqin orada Qozog‘iston bilan Rossiya o‘rtasida dahanaki jang zo‘rayishini bashorat qilarkan, shunday deydi: “Moskva, shak-shubhasiz, o‘z nazoratidagi neft quvurlaridan, propaganda apparatidan va Xitoy bilan aloqalaridan foydalanib Qozog‘istonni tiyib qo‘yishga urinadi. Nur-Sulton esa bunga javoban mamlakat ichida yanada natsionalistik siyosat yuritadi va G‘arb bilan qalin munosabatlar o‘rnatishga intiladi”.

OzodNazar: Рубл босими остида қолган Ўзбекистон ва “урушга тайёрланаётган” Қозоғистон
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:43:50 0:00

Markaziy Osiyoda migratsiyaga nima xalal bermoqda?

“Amerika ovozi” radiostansiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlari integratsiyasi ushalmas orzu bo‘lib qolayotgani sabablariga to‘xtaldi.

Mintaqa mamlakatlari rahbarlarining 21-iyul kuni Cho‘lponotada bo‘lib o‘tgan maslahat uchrashuvida Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik shartnomasini imzolashmadi. Bu avvalo ichki tartib-taomillarni tugatish zarurligi bilan izohlandi. Hujjatga faqat Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston liderlari imzo chekdilar.

Karnegi fondi ilmiy xodimi Temur Umarov fikricha, beshdan uch mamlakat imzolagan bo‘lsa ham bu xayrli mujda bo‘lib, “harakat to‘g‘ri yo‘nalishda” ekanini ko‘rsatadi.

“Siyosiy yetakchilar aqalli mintaqa kelajagi haqida birgalikda bosh qotirishga qiziqish bildirishyapti. Bir necha yil avval bunaqa emasdi”, deydi Temur Umarov.

Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturi direktori Marlen Laryuel mintaqada hamkorlikka intilish bo‘lgani bilan integratsiya haqida gapirishga hali ertaligini aytadi. “Blok tuzilishini hozircha tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki o‘zaro ishonchsizlik hali ancha kuchli”, deydi u.

Marlen Laryuel taxminicha, bir-biridan farqli qarash va yondashuvlar hamda quyidan yuqoriga harakatlantiruvchi kuchning yo‘qligi integratsiyaga xalal berayotir.

XS
SM
MD
LG