Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:32

“U kimga kerak o‘zi?” – Navalniyning shoshilinch hibsga olinishi Putinning xavotirlarini fosh qildi


Rossiya - Vladimir Putin va Aleksey Navalniy - kollaj
Rossiya - Vladimir Putin va Aleksey Navalniy - kollaj

Telegram kanallaridan birida zinapoya ulangan politsiya mashinasi tasvirlangan karikatura e’lon qilindi. Bu bilan karikatura muallifi Kreml raqibi Aleksey Navalniyning Germaniyadan Rossiyaga qaytgach, samolyotning o‘zidayoq hibsga olinishiga sha’ma qilgandi.

Navalniy bu qadar tezlikda hibsga olinmagan bo‘lsa-da, jarayon deyarli shunday edi.

Bir aeroportdan ikkinchisiga sarson qilingan Pobeda aviakompaniyasiga qarashli samolyotdan tushgan Navalniy, shu vaqtgacha bu yerga kelgan minglab sayyohlar kabi, avtobusda terminalga yetib keldi. Uni bu yerda noodatiy tarzda kutib olishdi: Bosh qahramon Rossiya hududiga o‘tishga ulgurmayoq, pasport nazoratida uni huquq‑tartibot xodimlari hibsga oldi.

Навальнийнинг қамоққа ташланганини Ғарб ҳукуматлари кескин қоралади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:47 0:00

Advokat, muxolifatchi va korrupsiyaga qarshi kurashchi sifatida tanilgan Navalniy Berlindan parvoz qilib, Rossiyaga qosh qorayganda yetib keldi. U o‘tgan o‘n yil ichida Putinning eng ko‘zga ko‘ringan raqibiga aylanishga ulgurgan va uning o‘zi uydirilgan, deb atagan turli ayblovlar bilan 2018 - yilgi prezidentlik saylovlaridan chetlatilgan edi.

Navalniy jurnalistlar hamrohligida uchib keldi. 2020 - yil 20 - avgustida Tomsk shahrida uni zaharlashga uringanlaridan so‘ng davolanib vatanga qaytishi Rossiya ijtimoiy hayotida katta voqea sifatida ko‘rilayotgandi. Bu voqeani bevosita yoritish ilinjidagi jurnalistlar avvaldan Navalniy uchib kelishi kutilgan reysga chipta olib qo‘ygan edilar.

Navalniyning qaytishini ko‘plab Twitter postlariyu memlar va ijtimoiy tarmoqlardagi boshqa izohlar ham ta’qib etdi.

Putin 21 yil muqaddam hokimiyatga kelgach, mamlakatda OAV mustaqilligi sezilarli darajada cheklandi, televideniye ustidan nazorat o‘rnatildi. Bunday sharoitda Navalniy o‘zining muxolif g‘oyalarini targ‘ib qilish uchun ijtimoiy tarmoqlardan ustalik bilan foydalandi.

Kreml tanqidchilari jinoiy ayblovlar va o‘n yildan ortiq muddatga qamalib ketish xavfi borligiga qaramay, ortga qaytishga qaror qilgan Navalniyni olqishlashdi.

“Men Navalniyning ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib, ularga ajoyib farzand – jasur va nomusli insonni, Rossiyaning munosib fuqarosini tarbiyalaganini aytdim”, deydi o‘z Twitter sahifasida 2013-2018 - yillarda Yekaterinburg shahri meri bo‘lgan muxolifat arbobi Yevgeniy Royzman. U o‘z tvitiga Navalniy va uning turmush o‘rtog‘i Yuliyaning ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan suratini ham ilova qilgan.

Navalniyni jasur arbob sifatida ta’riflagan izohlar bilan birga, Putin uning aksi ekani aytilgan munosabatlar bildirildi. Navalniy uchib kelgan samolyot boshqa aeroportga yo‘naltirilganligi, Vnukovo aeroportidagi misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralari hamda Navalniyni kutib olishga chiqqan tarafdorlari hibsga olinishiga qarshi noroziliklar yangradi.

“Kremlda taglik (Pampers) qolmagan. Hidini ortiq yashirib bo‘lmayapti”, deb yozadi Twitter’da Pskov mahalliy deputatlar kengashidagi muxolifat a’zosi Lev Shlossberg.

Londondagi Qirollik kollejining Rossiya instituti rahbari Sem Grin Navalniy Rossiyaga kelishidan oldin yozishicha, “agar rasmiylarning aqli bo‘lsa, bu mashmashalarning ahamiyatini pasaytirish uchun Navalniyni aeroportdan o‘z oyog‘i bilan ketishiga qo‘yib beradilar, axir uni keyinroq, bemalol hibsga olishlari mumkin‑ku”.

Putin Navalniyning Kreml oldida ahamiyatsizligini urg‘ulashga harakat qilsa ham, bunday bo‘lmadi. 2020 - yil dekabrida o‘tgan navbatdagi matbuot anjumanida Putin “u kimga kerak o‘zi” deya davlat Navalniyni zaharlashga uringanini inkor etgan edi.

Putin Navalniy haqida aslida tan olganidan ham ko‘proq o‘ylayotganini uning o‘zi va matbuot kotibi Dmitriy Peskov raqiblarining ismini aytishdan astoydil qochayotgani fosh qilib qo‘yadi. Ular Navalniyga nisbatan “bloger” yoki “Berlindagi bemor” iborasini qo‘llashgan.

Peskov Navalniy mashmashasini Kreml kuzatmayotganiga sha’ma qilishda davom etmoqda. Navalniy Rossiyaga kelganidan biroz o‘tib, Dojd internet telekanali Navalniyning hibsga olinishi haqidagi savolga Peskovning javobini keltirdi: “Uzr, u Germaniyada hibsga olindi, deysizmi? Men kuzatmayman-da, xabarsiz qolibman.”

Grinning ta’kidlashicha, misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralari “Kremlning Navalniy borasidagi xavotirlari uning omma oldidagi obro‘sidan ancha kuchli” ekanidan dalolatdir. Bu bilan Grin Putinga yaqin ayonlarning poraxo‘rligini fosh etgan Navalniyning videolarini millionlab rossiyaliklar ko‘rgan bo‘lsa ham, xalq uni qanchalik qo‘llab-quvvatlashi hamon noaniq ekanligiga ishora qiladi.

Twitter’da X Soviet blogini yuritayotgan Sara Xyorst bu faktni achchiq bir uslubda yoritdi. Uning yozishicha, “sizga Navalniy yoqmasligi mumkin, ammo undan jozibadorroq boshqa muxolifat arbobini tanlay olmaysiz, chunki ularning bari o‘lgan”.

Boris Akunin taxallusi bilan detektiv asarlar yozadigan muallif va muxolifatchi Grigoriy Chxartishvili voqealarni sodda shaklda shunday ifodalaydi: «Fikrimcha, agarda qisqa va hissiyotlarga berilmay gapirsak, Aleksey Navalniy o‘zini qurbon qilgan holda Putin rejimiga zarba bermoqda», deydi u Facebook dagi postida.

Blumberg nashri uchun yozadigan rus jurnalisti va tahlilchisi Leonid Bershidskiyga ko‘ra, Navalniyning qaytishi uzoq davom etadigan sayohatda tashlangan bir odim. «Asosiy qurol jasurlikdir. Putin yengolmaydi. Yengilishi ko‘proq vaqt oladi, xolos».

XS
SM
MD
LG