Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:35

Turkmanistondan "buyuk ko‘chish". Aholi qashshoqlik va qatag‘ondan qochmoqda. O‘zbekiston chegara punktini yopdi


Shovot-Toshovuz chegara punkti.
Shovot-Toshovuz chegara punkti.

O‘zbekiston Turkmaniston bilan chegarasidagi “Farob-Olot” chegara punktini vaqtincha yopdi. So‘nggi oylarda aynan shu yerdan Turkmanistondan O‘zbekistonga ko‘chib o‘tuvchilar ko‘paygani haqida xabarlar olingan.

O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlari xizmati ma’lumotiga ko‘ra, nazorat-o‘tkazish punkti joriy yilning 20-noyabrida o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

Rasmiy bayonotda o‘tkir-respirator kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida bunday choraga qo‘l urilgani aytiladi.

Hozircha chegara punkti qachon qatnov uchun ochilishi haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Turkmanistonning Toshovuz va O‘zbekistonning Xorazm viloyati orasidagi “Shovot” chegara punkti esa yopilmagan. O‘zbekiston Chegara qo‘shinlarining Xorazm viloyatidagi xodimi Ozodlikka bu haqda aytdi.

“Lebap-Buxoro orasidagi chegara punkti yopilgan, Toshovuz-Xorazm punkti ochiq”, - dedi Chegara xizmati xodimi 7-dekabr kuni Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekistonga so‘nggi oylarda aynan Turkmanistonning Lebap viloyatidan etnik o‘zbeklar ko‘chib o‘tishi ko‘paygandi.

Buxoroning Olot tumanida yashovchi bloger Feruz Choriyev Ozodlikka O‘zbekistonda xorijliklarning kirish va qaydga turish tartibi yumshatilgandan so‘ng, qo‘shni Turkmanistondan keluvchilar soni ortganini aytdi.

“Turist vizalari bilan ko‘p o‘tishyapti. Ikki kun oldin Farob chegara postidan ikki yigitni oldim. Taksichilik ham qilib turaman. Vrach ekan ular. Shahar markazigacha gaplashib ketdik. Ularda gaz, svet bor va kommunal to‘lovlar bizdagiga qaraganda arzon ham ekanu, lekin, oziq-ovqat, un nihoyatda qimmatlab ketibdi, oyliklar bizdagiga qaraganda juda kam ekan. Turkmanlar ham kelyapti, ishlashga, so‘nggi paytda juda ko‘paygan. Samarqand va Buxoro orqali samolyotda Rossiya yoki Turkiyaga ketuvchilar ham o‘tadi”, - deydi Choriyev.

Ozodlik Xorazm va Buxoro viloyatlariga ko‘chib kelgan kamida uch turkmanistonlik bilan suhbatlashdi.

“Toshovuzga kelin bo‘lib tushganman, o‘zim Shovotdan. U vaqtda chegaralar ochiq edi. Erim toshovuzlik o‘zbeklardan, u Toshkentda Irrigatsiya institutida o‘qigan, oliy ma’lumotli. Men Urganchdagi pedinstitutni tamomlaganman. Lekin, ishsiz qoldim. Chunki, Toshovuzdagi hamma o‘zbek maktablarini yopishdi. Erim ham ishsiz qolib ketdi. Men o‘zbek fuqaroligimni yo‘qotmaganman. Hujjatlarni rasmiylashtirib turmush o‘rtog‘imni ham bu yerga ko‘chirdik. Qizimiz Urganchda oliy o‘quv yurtida o‘qidi. Shovotda ota hovlimizda yashab turibmiz”, - deydi Norjon.

O‘zbekistonga Turkmanistondan mavsumiy ish uchun keluvchilar ham ko‘paygan.

“90 kunlik viza bilan Xorazmga kelib, qurilishlarda uch oy ishlab qaytib ketishyapti. Oyiga ellik dollarga ishlashga rozi bo‘lishyapti. Qayerda qurilish bo‘lsa, Toshovuzdan kelgan ishchilarni ko‘rasiz”, - deydi xorazmlik bloger Anvar Sobirov.

O‘zbekistonning Xorazm va Turkmanistonning Toshovuz viloyatlari orasidagi chegara punkti yopilmagan.
O‘zbekistonning Xorazm va Turkmanistonning Toshovuz viloyatlari orasidagi chegara punkti yopilmagan.

Qashshoqlik va qatag‘ondan qochib

Turkman inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari va "Xronika Turkmenistana" sayti bosh muharriri Farid Tuxbatullinning Ozodlikka aytishicha, Turkmanistondagi nafaqat qashshoqlik, ish haqi pastligi, balki etnik kamsitish va qatag‘onlar ham etnik o‘zbeklarni ko‘chishga undayotgan omillardan.

“Lebap va Toshovuzdan ko‘plab etnik o‘zbeklar ketishyapti. Oldiniga 90 kunlik sayyohlik vizasini olib O‘zbekistonga o‘tishadi, Buxoro yoki Xorazmdagi qarindoshlarinikida yashashadi, vaqtinchalik propiska qildirishadi. Keyin rasmiy hujjatlarni to‘plab, qonuniy yo‘llar bilan Turkmanistondan oilalarini oldirib kelishyapti. Uylarini sotib, butunlay O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishyapti. Yoz oylaridan beri so‘nggi olti oyda ko‘chish ko‘paydi. Aniq sonini aytolmayman-u, lekin juda ko‘p odam ko‘chib o‘tyapti. Iqtisodiy qiyinchiliklardan tashqari, etnik o‘zbeklar yuz tutayotgan muammolar bor, farzandlari o‘qiydigan o‘zbek maktablari yo‘q. O‘zbek telekanallari bloklangan. O‘zbeklar ko‘p yashaydigan tuman yoki mahallalarga qo‘shni tumanlardan turkmanlarni ko‘chirib kelib rahbar lavozimlariga qo‘yishyapti. Ishga ham birinchi navbatda turkmanlar olinyapti. Maktablarda, jamoat joylarida turkman liboslarini kiyishga majburlashyapti. Bunday sharoitda etnik ozchiliklarni tarixiy vatanlariga ketishdan boshqa chorasi qolmayapti”, - deydi Tuxbatullin.

Rasman Turkmanistonda 6,5 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi, ularning 8-10 foizi o‘zbeklar ekani aytiladi.

O‘n yil avval bu mamlakatda maktablarda o‘zbek tilida ta’lim berish butunlay to‘xtatilgandi.

Sovet davrida ochilgan o‘zbek maktablarining hammasi turkman tilida saboq berishga o‘tkazilgan.

So‘nggi yillarda esa o‘zbek tilidagi ommaviy axborot vositalari yopildi, o‘zbek kanallari yoyinlari to‘silmoqda.

Turkman inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari va "Xronika Turkmenistana" sayti bosh muharriri Farid Tuxbatullinning Ozodlikka aytishicha, Turkmanistonda o‘zbeklar ko‘p yashovchi hududlarda mahalliy rahbarlik lavozimlari ham turkmanlarga beriladi. Shu asno ayrim o‘zbeklar millatlarini o‘zgartirish bosimi ostida qolishgan.

“Azaldan o‘zbeklar yashaydigan qishloq yoki tumanlarga boshqa viloyatlardan turkmanlar rahbar etib tayinlanyapti. O‘zbek markazlari yopilgan. Yaqin-yaqinlargacha Turkmanistondagi etnik o‘zbeklar O‘zbekiston telekanallarini ko‘rish imkoniga ega edi. Hozir bu ham imkonsiz, O‘zbekistondan tele va radiosignallar to‘silyapti. O‘zbekcha gazetalar yo‘q”, - deydi Tuxbatullin.

O‘zbekistondagi rasmiy statitikaga qaralsa, 2023-yil yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonga xorijdan ko‘chib kelganlar soni 168 ming kishini tashkil etgan.

Mamlakatga xorijiy davlatlardan ko‘chib kelganlarning asosiy qismi, ya’ni 38 foizi Rossiya fuqarolari bo‘lgan.

Ko‘chib kelganganlarning 1,6 foizi turkman fuqarolari.

Ko‘chib kelganlarning o‘sish sur’ati eng yuqori darajasi Buxoro, Samarqand, Navoiy, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda kuzatilgan.

O‘zbekistonning Xorazm, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turkmaniston bilan umumiy chegaraga ega. Ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara uzunligi 1 ming 650 kilometrni tashkil etadi.

Turkmanistonga, asosan, to‘rtta chegara posti orqali o‘tiladi. Bular Xorazmning "Drujba" va "Shovot" postlari, Buxoroning Olot tumani Farob chegara posti hamda Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli chegara postlaridir.

“Bu kelayotganlarni orasida statistikaga tushmaganlar ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. Chunki aytganimdek, oldiniga bular sayyohlik vizasi bilan turist sifatida borishyapti. Shuning uchun statistikada ko‘pchiligi qayd etilmagan bo‘lishlari mumkin”, - deydi Tuxbatullin.

Turkmanistonlik yozuvchi va jurnalist Xudoyberdi Hollining aytishicha, O‘zbekiston va Turkmaniston chegarasi atrofida yashovchi minglab aholini qarindosh-urug‘chilik rishtalari bog‘lab turadi.

“Turkmanistonda o‘zga elat maktablarini yopib qaytanga mamlakatni xarob qilishyapti. Oldin qozoqlar ketib oldi, mana endi o‘zbeklar ketyapti. Turkmanistonda Sovet davridan buyon oila qurib yashayotgan o‘zbeklar bor. Turkmanistonning Lebap va Toshovuz viloyatlarida etnik o‘zbeklarning avlodlari yashab keladi. Ular asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanishadi. Qozoqlar ketib chorvachilik barbod bo‘ldi, mana endi paxtachilik, dehqonchilik barbod bo‘lish yoqasida”, - deydi Xudoyberdi Holli.

Ayni paytda Turkmanistonda qariyb yarim million etnik o‘zbek istiqomat qilishi va ular Turkmaniston jami aholisining 12 foizini tashkil etishi aytiladi.

O‘zbekistonning Xorazm, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 150 mingdan ziyod etnik turkman yashaydi.

“Hozir Turkmaniston chegaralarini ochib tashlasa aniq ayta olamanki, aksar aholi mamlakatdan ketadi. Hozir ellik yoshdan tepadagilar ham ketyapti. O‘ttiz dollarlik nafaqaga kim kun ko‘rishi mumkin? Yaqin-yaqinlargacha turkmanlar uchun qochish nuqtasi Turkiya bo‘lgan bo‘lsa, hozir qayerga imkon tug‘ilsa, turkmanlar shu yerga ko‘chyapti. Rossiya, hatto Janubiy Koreya, Meksika orqali Amerikaga, Dubayga ketayotganlar ko‘p”, - deydi Myatiyev.

Taqiqlar mamlakati

Turkmaniston dunyoning eng yopiq, inson huquqlari qo‘pol ravishda poymol etiluvchi davlatlaridan biri hisoblanadi.

Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov it va otlari, Remboga o‘xshash harbiy ko‘rinishida o‘q uzishi, DJlik qilishi, sport mashinalarida poyga o‘ynab, qiruvchi samolyotlarda kino qahramonlari singari osmonga ko‘tarilishi bilan nom chiqargan edi.

Berdimuhamedov she’rlar yozadi, otlar haqida rep aytgan, shuningdek choy, dorivor giyohlarga bag‘ishlab kitoblar yozgan.

Turkmaniston ajabtovur taqiqlar mamlakati hamdir.

Bu davlatda ayollarga mashina haydash tugul avtomobil vositasining old o‘rindig‘ida o‘tirish ham taqiqlangan.

Qolaversa, bu mamlakatda ayollarning tor kiyim kiyishi, kiprik yoki tirnoq o‘stirishi, plastik operatsiyalar qildirishi, labini botoks qildirish taqiqlangani jahon matbuoti e’tiboriga tushgan.

Davlat matbuotni to‘la nazorat qiladi, xorijdagi axborot saytlariga to‘siq qo‘yilgan.

Turkmanistondagi o‘zbeklar asosan, O‘zbekistonga bilan chegaradosh hududlarida yashashadi.

Turkmaniston O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda hokimiyatga kelganidan beri eng ko‘p safar qilgan mintaqa davlatlaridan biridir.

O‘tgan 7 yilda o‘zaro bordi-keldilar ko‘paygan.

Garchi tomonlar o‘rtalarida hal etilmagan biror bir masala qolmaganini aytishsa-da, viza va chegara muammolariga oid ko‘plab savollar ochiq qolmoqda.

Ikki davlat chegaraoldi hududlari aholisi uchun vizasiz uch kunlik o‘tib-qaytish tartibi amal qilgan paytlar ham bo‘lgan.

Hozir bu tartib amalda emas. Chegaraoldi aholisi ham viza olishga majbur. Toshovuzda yashovchilar Xorazmga borish uchun Ashxoboddagi o‘zbek konsulligiga borib to‘qson kunga viza olishlari kerak.

Chegara punkti yopilishi ortidan vizasi borlar O‘zbekistonga faqat uchoqda safar qilishlari mumkin bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG