Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:27

Go‘zallikka taqiq. Turkman ayollarining qiyofasi va sayohat qilishiga cheklov o‘rnatildi


Ashxoboddagi Milliy gilam bayramida an’anaviy kiyingan turkman ayollari. Turkmaniston, 30-may, 2021.
Ashxoboddagi Milliy gilam bayramida an’anaviy kiyingan turkman ayollari. Turkmaniston, 30-may, 2021.

Turkmanistonda bundan buyon ayollarga «yopishib turuvchi» kiyim kiyish, sochlarini bo‘yash hamda soxta tirnoq yoki kiprik qo‘yish taqiqlanadi. Bu haqda Ozodlik turkman xizmati xabar bermoqda.

Tolibon uslubidagi yangi taqiqqa binoan, Turkmanistonda yo‘l politsiyasi endilikda shaxsiy avtomashinani boshqarayotgan erkak haydovchilarga, agar qarindoshlik aloqasi bo‘lmasa, ayollarni mashinasida olib ketishni taqiqlaydi. Shuningdek, ayollarga haydovchining yonidagi oldingi o‘rindiqda o‘tirish man etiladi.

Turkmanistonda ommalashgan ko‘krakni kattalashtirish, lablarni shishirish yoki hatto qosh tatuaji kabi kosmetik amaliyotlarga qo‘l urgan ayollarga qator qo‘shimcha taqiqlar joriy qilindi.

Xabarlarga ko‘ra, so‘nggi haftalarda o‘nlab ayol ko‘krak implantlarini o‘rnatgani yoki lablarini shishirgani uchun ishidan ayrilgan.

Bu norasmiy cheklovlar joriy oyda kuchga kirgan. O‘tgan oyda Serdar Berdimuhamedov xo‘jako‘rsinga o‘tkazilgan saylovda g‘olib chiqib, otasi Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rniga prezident kursisiga o‘tirgan edi.

Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, politsiya poytaxt Ashxobod va Turkmanistonning boshqa shaharlarida jamoat joylari va idoralarda misli ko‘rilmagan reydlarni o‘tkazib, soxta kiprik va/yoki tirnoq qo‘ygan ayollarni to‘plab, politsiya bo‘limlariga olib ketgan.

Ashxobod yashovchilaridan birining so‘zlariga ko‘ra, ayollardan go‘zallik aksessuarlarini olib tashlash va taxminan 140 dollar jarima to‘lash talab qilinmoqda. Bu summa oddiy turkmanistonlik oladigan oylik maoshning yarmiga tengdir.

Bolqon viloyatida yashovchi fuqaro politsiya ayollarni ko‘chada va jamoat transportida to‘xtatib, lablarini shishirgani yoki yo‘qligini tekshirayotganini aytdi.

«Politsiya ayollardan labni to‘ldiruvchi vositalardan foydalangani yoki yo‘qligini tekshirish uchun yuz niqoblarini yechishni talab qilmoqda», - dedi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan ayol.

Shuningdek, hukumat erkak haydovchilarga oila a’zosi bo‘lmagan ayolni shaxsiy mashinasiga mindirishni taqiqladi. Yo‘l politsiyasi yo‘lovchi ayolni olib ketayotgan shaxsiy avtomashinalarni to‘xtatib, ayollarning haydovchiga qarindosh ekanligini isbotlashni talab qilmoqda.

Bolqon viloyatida bir necha odam Ozodlikka endilikda ayollarga taksida ham, shaxsiy transport vositalarida ham haydovchilar yonidagi o‘rindiqda o‘tirishga ruxsat berilmayotganini aytdi. Turkmanistonning boshqa hududlarida ham bu qoida joriy qilinganmi yoki yo‘qmi, noma’lum.

Bolqon viloyatidagi haydovchilarning biri oldingi o‘rindiqda ayol kishi o‘tirsa, haydovchi 2000 dollar jarimaga tortilishi mumkinligini aytdi, hatto u ayol haydovchining oila a’zosi bo‘lsa ham. Uning so‘zlariga ko‘ra, kechki soat 20:00 dan keyin haydovchilarga qarindosh bo‘ladimi yoki notanishmi, yo‘lovchi ayolni mashinasida olib ketish umuman taqiqlanadi.

Ayrim istisnolardan tashqari, Turkmanistonda ayollarga mashina haydash taqiqlangan, garchi hukumat ayollarning rulda o‘tirishini rasman taqiqlamagan bo‘lsa-da.

Buning o‘rniga rasmiylar ayollarning avtomobil haydashiga amalda to‘siq qo‘yish uchun turli usullarni qo‘llaydilar. Masalan, ayollarga haydovchilik guvohnomasini olish juda mushkul qilib qo‘yilgan va ular uchun muddati o‘tgan guvohnomani uzaytirish katta muammo.

Rasmiy e’lon yo‘q

Turkmanistonda mahalliy hokimiyat va huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘llanilayotgan so‘nggi cheklovlar haqida hech qanday rasmiy e’lon yoki tushuntirish berilgani yo‘q.

Ofis xodimlarining aytishicha, amaldorlar va kompaniya rahbarlari ayollar kiyimi, pardoz-andozi va tashqi ko‘rinishga oid yangi qoidalarni muhokama qilish uchun maxsus yig‘ilishlar o‘tkazgan, ammo buning sababni tushuntirishdan yoki taqiq haqida ma’lumot berilgan hujjatlar nusxasini taqdim etishdan bosh tortgan.

Bunga o‘xshash cheklovlar Turkmanistonda bundan oldin ham kiritilgan, ammo ular amalda qat’iy tatbiq qilinmay kelayotgan edi.

Mamlakat rasmiylari ayollarni g‘arb uslubidagi liboslardan ham, islomiy hijobdan ham voz kechib, an’anaviy liboslarni kiyishga undab kelishadi.

Ayollarning an’anaviy kiyimi uzun, naqshinkor va ko‘pincha rangli matodan tikilgan libosdan iboratdir. Shuningdek, turkman ayollar ko‘pincha qars o‘raydi.

An’anaviy libos ish joyida, rasmiy yig‘ilishlarda va ommaviy tadbirlarda ayollar formasi vazifasini o‘taydi.

Ba’zi turkman ayollar G‘arb uslubidagi kiyimlarni kiyishadi, garchi turkman ayollari orasida mini yubka, kalta, yengsiz ko‘ylak yoki ko‘kragi ochiq top kabi ochiq kiyimlarni kiyish oz uchraydi.

Yangi taqiq bu cheklovlarni yanada kuchaytiradi: bundan nari ayollarga jinsi shim va har qanday yopishib turuvchi kiyim kiyish taqiqlanadi. 27-aprel kuni Marvlik ayol Ozodlik bilan suhbatda jinsi shim kiygan ayollarni qo‘lga olish uchun politsiya ko‘chalarga safarbar qilinganini aytdi.

Milliy kiyimdagi turkman ayollari.
Milliy kiyimdagi turkman ayollari.

«Politsiya ularni suratga olyapti, bayonnoma tayyorlab, ayollarni jarimaga tortyapti», - dedi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan ayol.

Bunga o‘xshash holat Ashxobod shahrida hamda Lebap va Bolqon viloyatlarida ham qayd etilgan.

«Men va’da qilaman»

Davlat sektorida ishlayotgan ayollarga nafaqat ishda, balki jamoat joylarida ham qoidalarga rioya qilish buyurilgan. Bu haqda bir necha ishchi Ozodlikka so‘zlab berdi.

Ayollarga boshqa ko‘plab cheklovlar qatorida tor kiyim kiymaslik, sochlarini bo‘yamaslik, qoshlarini tatuaj qilmaslik, botoks, soxta tirnoq va kiprik qo‘ymaslik haqida tilxat imzolash buyurilgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, hujjatda «Agar men ish joyida ham, ishdan tashqarida ham bu talablarga rioya qilmay tashkilotimni sharmanda qilsam, ishdan bo‘shatilishimga roziman», degan gap bor.

Ozodlikning Turkmanistondagi muxbiri ko‘plab guvohlarga tayanib, imzo chekishdan bosh tortganlar ishdan haydalganini xabar qildi.

2-may kuni ashxobodlik ayol o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan holatlarga tayangan holda:

«Har kuni ertalab davlat idoralarida amaldorlar xodimalarning kiyim-kechagi va tashqi ko‘rinishini tekshiradi. Agar ular biron nuqson topishsa, ayollarni ishxonaga kiritmaydilar va kamchilikni tuzatish uchun uylariga jo‘natadilar», - dedi.

«Shuningdek, inspektorlar istalgan vaqtda qo‘shimcha tekshiruvlar uchun ofisga kelishlari mumkin», - dedi ayol.

Ashxoboddagi bir qancha manbaga ko‘ra, so‘nggi haftalarda kamida 20 nafar styuardessa ayol botoks ishlatishda va lablarini shishirishda ayblanib, ishdan bo‘shatilgan. Bundan tashqari, bir necha manba milliy temir yo‘l xizmatining 50 ka yaqin ayol xodimi ko‘krak implanti qo‘ydirgani va labini shishirgani uchun ishdan bo‘shatilganini bildirdi.

Ozodlik muxbiri izoh olish uchun tegishli idoralar, jumladan, milliy aviakompaniya, temir yo‘l xizmatlari va turli davlat idoralari bilan bog‘landi, ammo javob olmadi.

Taqiqlar ortidan mamlakat bo‘ylab o‘nlab go‘zallik saloni yopilgan, chunki politsiya ularni mijozlarga «taqiqlangan» protseduralar va xizmatlarni taklif qilmaslik haqida ogohlantirgan.

Ozodlik muxbirlarining xabar berishicha, huquq-tartibot idoralari aprel oyi boshida Mari viloyatidagi go‘zallik salonlarida reyd o‘tkazib, egalarini yangi qoidalarni buzsa, katta miqdorda jarimaga tortilishi hamda 15 kunga qamalishini aytib, tahdid qilgan.

Sabr kosasi to‘ldimi?

Turkmanistonda norozilik namoyishlari va hukumat siyosatining jamoatchilik tomonidan tanqid qilinishi kamdan-kam uchraydi. Mamlakatda muxoliflar ko‘pincha qamoqqa tashlanadi yoki majburan ruhiy kasalliklar shifoxonalariga joylashtiriladi.

Ammo ayrim faollar va boshqa turkmanlarning aytishicha, so‘nggi cheklovlar odamlarning sabr kosasi to‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Turkmanistonliklar o‘nlab yildan beri davom etayotgan cheklovlar va tazyiqlardan charchagan. Keyingi yillarda esa mamlakatning moliyaviy inqirozdan boshi chiqmay keladi. Turkmanistonda surunkali oziq-ovqat taqchilligi, ishsizlik va inflyatsiya odatiy holga aylangan.

Bolqon viloyatida bir necha ayol Ozodlik bilan suhbatda toqatlari toq bo‘lganini va hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar sodir bo‘lishi mumkinligini aytishi.

«Yangi prezident ayollarni yomon ko‘radigan odam bo‘lib chiqdi», - dedi Bolqon turg‘unlaridan biri.

«Turkmanistonda gender tengligi umuman yo‘q», - dedi u.

«Turkman ayollari bu cheklovlardan nihoyatda norozi», - dedi Turkiyada surgunda yashayotgan taniqli turkman faoli Dursoltan Tagayeva.

«Hatto (muxolifat faollarini) dastaklamaganlarning ham ovozi balandlashib, bu holat vaziyatdan norozilik izhor qila boshlashdi», - dedi u 2-may kuni Ozodlik bilan suhbatda.

27-aprel kuni Ashxobodda g‘azablangan ikki ayol jarima to‘lashdan bosh tortgan va ularni soxta kipriklari tufayli to‘xtatgan politsiya xodimi bilan baland ovozda janjallashgan. Bu haqda hodisa guvohlaridan biri Ozodlikka so‘zlab berdi.

«Ayollar politsiyachidan (soxta kipriklarni) taqiqlovchi hujjat nusxasini ko‘rsatishni talab qilishdi», - dedi guvoh.

XS
SM
MD
LG