Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:22

Turkiyadagi faolning o‘g‘li Toshkentda hibsga olindi. IIV uning qayerdaligini ochiqlamayapti


Yozuvchi va muxolifat faoli Islom Xolboyev o‘g‘li Jamol Xolboyevning o‘zbek huquq-tartibot idoralari tomonidan asossiz ravishda hibsga olingani va yaqinlari hamda advokatlariga ko‘rsatilmayotganidan shikoyat qilmoqda.

Turkiyada yashayotgan faolning iddao qilishicha,18 - avgust kuni Toshkentda qo‘lga olingan o‘g‘li hibsxonada qiynoqqa solinayotgan bo‘lishi mumkin.

Advokatiga ko‘ra, shu kungacha J. Xolboyevni unga ko‘rsatishmagan va hibsga olish, hibsda saqlash qarorlariga oid so‘rovlari javobsiz qoldirilmoqda.

IIV vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov, J. Xolboyevning hibsga olinishida “qonun buzilish holatlari yo‘q”, deb javob berdi, boshqa ma’lumot bermadi.

Yozuvchi Islom Xolboyev esa, o‘g‘lining hibsga olinishini o‘zining faoliyati, xususan, O‘zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlar, rejimning qonunbuzarliklarini fosh qilgan kitobining Turkiyada chop etilishi bilan bog‘lamoqda.

60 yashar yozuvchi va sobiq muxolifat faoli Islom Xolboyevning Ozodlikka aytishicha, uning o‘zi bilan birga Turkiyada yashab kelayotgan 32 yashar o‘g‘li Jamol Xolboyev “asossiz ravishda” qo‘lga olingan va “noqonuniy ravishda” hibsda saqlanmoqda.

Jamol Xolboyev
Jamol Xolboyev

Xolboyev, 2014 - yilda O‘zbekistondan Turkiyaga ko‘chib borgani, o‘shanda 4 farzandi, shumladan hibsga olingan o‘g‘li Jamolni ham oilasi bilan birga olib ketganini aytadi.

Otasining aytishicha, Jamol Turkiyada ustachilik bilan shug‘ullanib kelgan, 2 farzandi bor. Shu oy boshida pasportini almashtirish uchun oilasini olib O‘zbekistonga ketgan edi.

“Qaytishiga bir kun qolganda - 18 - avgust kuni ertalab soat 6 da Sergelida ijarada turgan uyidan IIV terrorga qarshi kurash bo‘limi xodimlari olib ketishgan. O‘shandan buyon uni ko‘rsatishgani yo‘q, advokati bilan ham ko‘rishtirishmayapti. Biz o‘g‘limni hibsga olish haqida sanksiya beruvchi sud bo‘lgan-bo‘lmaganligidan ham bexabarmiz”, deydi I. Xolboyev.

Xolboyevning aytishicha, o‘g‘lining hibsga olinish sabablari hanuz ma’lum emas, huquq-tartibot idoralari uning taqdiri bilan bog‘liq murojaatlarni javobsiz qoldirmoqda.

J. Xolboyevning advokati Bosh prokuporga yo‘llagan xat.
J. Xolboyevning advokati Bosh prokuporga yo‘llagan xat.

Advokat Arslon Shoymardonov ham O‘zbekiston Bosh prokurori nomiga ariza yo‘llagan va unda J. Xolboyevning ushlanishiga oid murojaatlariga javob berilishini so‘ragan.

Advokatiga ko‘ra, J. Xolboyev hech qanday terrorchi tashkilotlarga a’zo emas va ayni paytda u, JPKning 48-moddasiga zid ravishda “oilasi yollagan advokat ishtirokisiz so‘roq qilinmoqda”.

IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov, Ozodlik so‘roviga javoban, J. Xolboyevning hibsga olinishida “qonun buzilmagani”ni ta’kidladi:

“Holat prokuratura organlarining nazoratida, qonun buzilish holatlari yo‘q. Advokatning shikoyati qonuniy tartibda ko‘rib, javobi beriladi”.

Matbuot kotibi muxolifat faolining o‘g‘li nimada gumon qilinayotgani haqida ma’lumot bermadi.

Islom Xolboyev, O‘zbekiston IIV advokat so‘rovlariga javob bermayotgan bir paytda tergovchilar o‘g‘lini oilasi bilan gaplashtirgani va shu orqali o‘ziga bosim o‘tkazishga urinayotganini iddao qildi.

“So‘nggi 3 kun ichida 2 marta o‘g‘limga telefon qildirishdi. Bir safar qizim gaplashgan va unga “Otam WhatsApp, Telegram kanallarida yozmay tursin! Aks holda menga yomon bo‘ladi”, degan. Keyingi safar ukasi bilan gaplashgan, unda ham: “Aka, ayting, dadam yozmasin!” degan. Shundan kelib chiqib, men o‘ylayapmanki, o‘g‘limning hibsga olinishi mening faoliyatim bilan bog‘liq”, deb taxmin qiladi Xolboyev.

"Jamoliddin qayerda?"

Ayni paytda Jamol Xolboyevning qayerda saqlanayotgani va nimada gumon qilinayotgani noma’lumligicha qolmoqda.

YouTube tarmog‘iga joylashtirilgan videoda advokati Arslon Shoymardonov Xolboyev avvaliga Toshkent shahar IIBB tergov hibsxonasida ushlab turilgani, 19 - avgust kuni u yerga borganida qo‘lida orderi bo‘lishiga qaramasdan himoyasi ostidagi shaxs bilan ko‘rishtirilmaganini aytadi.

“Men ichki telefon raqamiga qayta va qayta telefon qilib, Tergov departamenti boshlig‘iga chiqqanimdan keyin meni hibsxona boshlig‘i bilan ulab berishdi. Ammo Jamol Xolboyev saqlanayotgan kameradan kovid chiqqani va kamera karantinga olinganini aytishdi. Vaholanki, tergov hibsxonasida 15-20 ta kamera bo‘lsa, agar kovid chiqqan bo‘lsa, hemmasi yopilishi kerak edi. Qanaqa karantinga olinadi, nima qilinadi, biz yaxshi bilamiz. Tergov hibsxonasi boshlig‘i menga yolg‘on gapirib, meni chalg‘itib, o‘z himoyam ostidagi Xolboyev Jamolni ko‘rsatishmadi. 19 - avgustdan beri 7 kun o‘tgan bo‘lsa, meni haligacha Xolboyev bilan ko‘rsatishmadi. Men bu haqda 23 - avgust kuni Bosh prokurorga va Ichki ishlar vaziriga ariza bilan murojaat qilganman, ammo hozirgacha javob berishmadi”, deydi advokat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, himoyasi ostidagi Xolboyev Jamolning bir necha bor tazyiqlar ostida so‘roq qilinganidan xabari bor. Advokat so‘roq jarayonida maxsus xizmat xodimlari ham ishtirok etganini aytmoqda.

Advokatning aytishicha, Xolboyev uch sutkadan keyin sudga chiqarilishi va sud unga nisbatan ehtiyot chorasini belgilashi kerak edi. “Balki dejurniy advokat bilan sudga olib chiqishgandir, ammo bundan mening xabarim yo‘q”, deydi advokat.

YouTube dagi videomurojaatida Shoymardonov Bosh prokurordan o‘zining himoyasi ostidagi shaxsni qonuniy himoya qilishiga to‘sqinlik qilayotganlarga nisbatan chora ko‘rish, o‘zining advokatlik faoliyatini amalga oshirishda ko‘mak berishni so‘raydi.

“Mustaqillik qatag‘onlari”

Islom Xolboyevning asli kasbi jurnalist. U 1980 - yillar oxirida “Birlik” xalq harakati va “Erk” partiyalarining tashkil etilishida faol ishtirok etgan.

U Karimov rejimi muxolifatga qarshi repressiyalarni kuchaytirishi ortidan O‘zbekistonda siyosiy faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgani va tadbirkorlik bilan shug‘ullanganini aytadi.

Xolboev 2007 - yilda hibsga olingan va JKning 168-moddasi (firibgarlik) bilan 7 yarim yilga qamalgan. U sudda ayblar isbotini topmaganiga qaramay, bir yarim yil umrini Karimov qamoqxonasida o‘tkazganini aytadi.

“Sudda ayblar isbotlanmadi, shunday bo‘lsa ham 7 yilga qamashdi. Lekin men 1 yarim yildan so‘ng ozodlikka chiqarildim va o‘shandan keyin qamoqxonada ko‘rganlarimni yozishga kirishdim. Islom Karimov qamoqxonalaridagi qiynoqlar haqida 5 ta kitob yozdim. Toshkentda she’riy kitobim chop qilingan. Yaqinda Turkiyada 5 jildli romanimning 1-kitobi - “Tuzoq” deb nomlangan romanim chop etildi. Shundan so‘ng bosimlar boshlandi. O‘g‘limning hibsga olinishi ham shu kitob bilan bog‘liq ekaniga ishonchim komil”, deydi Islom Xolboyev.

Internetdagi mustaqil saytlarda chop etilgan romanida Xolboyev O‘zbekiston qamoqxonasida kechirgan kunlarini yozgan, qiynoqlar va tazyiqlarga asoslangan tuzumning jinoyatlarini fosh qilishga uringan.

Yozuvchi va muxolifat faoli Islom Xolboyevning Turkiyada chop etilgan kitobi muqovasi.
Yozuvchi va muxolifat faoli Islom Xolboyevning Turkiyada chop etilgan kitobi muqovasi.

“Davlat xavfsizlik xizmati meni Turkiyadan ekstraditsiya qilish uchun o‘shanda harakatga tushgandi. Kitobim real voqealar asosida yozilgan. Kitobimda tilga olingan “pogonli jallodlar”ning ko‘pchiligi hali ham yuqori lavozimlarda ishlamoqda” deya da’vo qiladi muallif.

Turkiyada chop etilgan “Tuzoq” romani muqovasiga roman muallifining quyidagi xulosalari bitilgan:

“Stalin qatag‘onlari zamonlarida ham insonlarga nafas olish uchun, ko‘kraklarini tiklab, atrofga nazar tashlash uchun imkon berilardi. Surunkali davom etayotgan “Mustaqillik qatag‘onlari” tirik jonlarni pajmurdaga, pajmurdalarni “tirik jon”larga aylantirdi. Ilgari o‘zligini ayqash-uyqash ilg‘agan o‘zbek endi o‘zini tamoman unutdi. “MANQURT” obrazi haqiqatga aylandi. Mahalliy hukmdorlar to‘rt yuz yilda, Rusiya imperiyasi 150 yilda o‘lkaga etkaza olmagan talafotni “kommunist oqavalar” bir-ikki yilda “Mustaqillik kampaniyasi” sharofati bilan amalga oshirdilar...”

Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, Mirziyoyev hukumati so‘nggi yillarda mamlakatdagi tergov hibsxonalari, vaqtincha tergov hibsxonalari va maxsus izolyatorlarda qiynoqlarning oldini olish uchun qator choralar ko‘rgan.

Shunga qaramasdan, faollar qiynoq hollari, shuningdek, noqonuniy hibsga olish va mahbuslarning huquqlarini poymol etish hollari davom etayotganini aytishadi.

O‘zbekiston Ichki ishlar xodimlari so‘nggi ikki yilda kamida uch nafar mahbusning qiynoqlar natijasida vafot etishi uchun mas’ul deb ko‘rilgan.

XS
SM
MD
LG