Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:42

Turkiyada migrantlarga qarshi reydlar: Bedarak ketgan o‘zbeklar ko‘paymoqda


Istanbulning eng ko‘p o‘zbekistonlik muhojirlar mehnat qiladigan Laleli mavzei (arxiv surati)
Istanbulning eng ko‘p o‘zbekistonlik muhojirlar mehnat qiladigan Laleli mavzei (arxiv surati)

Turkiyada hujjatsiz yurgan muhojirlarga qarshi so‘nggi ikki oy ichida o‘tkazilgan reydlar davomida qariyb 36 ming migrant qo‘lga olinib, ularning 17 mingdan ziyodi mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

Prezident saylovidan keyinoq boshlangan bu amaliyot hali poyoniga yetgani yo‘q va reydlar chog‘ida tutib ketilayotganlar orasida o‘zbekistonliklar ham bor.

Mahalliy pabliklar yaqin kunlarda Turkiyada yo‘qolib qolgan o‘zbek migrantlari ham reydlar chog‘ida tutib ketilib, deportatsiya markazlarida saqlanayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Oxirgi haftalarda ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida O‘zbekistondan Turkiyaga ishlashga kelib, bedarak ketganlar haqida e’lonlar ko‘paydi. Farg‘onalik jurnalist Sharifa Murod uchko‘priklik 40 yoshli Dilrabo Shoqqulova yaqinlari tomonidan qidirilayotgani haqida ma’lum qildi. Aytilishicha, joriy yilning 17- iyunida Turkiyaning Ko‘nya shahriga ishlagani ketgan Shoqqulova 27-iyuldan beri oilasi bilan aloqaga chiqmayapti.

O‘tgan hafta yakunida O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi ham Turkiyaga ishlashga ketgan jizzaxlik Gulmira Ernazarova qidirilayotgani haqida e’lon berdi. Konsullik Ernazarovaning Turkiyaga qachon kelgani va qachondan beri bedarak ketganiga aniqlik kiritgan emas.

“Turkiyadagi o‘zbeklar” Telegram-kanali qaydicha, bu avgust oyining o‘zida yaqinlari tomonidan qidirilayotgan yettinchi o‘zbekdir.

“Katta ehtimol bilan bularning hammasi deportatsiya markazida bo‘lsa kerak”, deb yozgan telegram-kanal.

Bu kabi taxminlar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari qoldirgan ko‘plab izohlarda o‘z aksini topgan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, aslida deportatsiya markaziga olib kelingan va mobil telefonlari olib qo‘yilgan muhojirlarga yaqinlariga xabar berib qo‘yish uchun taksofonlardan foydalanish imkoniyati beriladi. Biroq taksofondan foydalanish uchun lozim bo‘lgan kartaga yoki karta sotib olish uchun pulga ega bo‘lmagan migrantlar bu imkoniyatdan foydalana olmaydi, natijada yaqinlari ularning qayerda ekanidan xabarsiz qolishadi.

Turkiyada noqonuniy yurgan muhojirlarni aniqlash bo‘yicha reydlar prezident saylovidan keyinoq – iyun oyida boshlangan.

Istanbulning markaziy osiyoliklar ko‘p ishlaydigan Qumqapi mavzeida “tovuq gril” sotadigan o‘zbekistonlik muhojir noqonuniy migrant ovi ikki oydan buyon tinmayotganini aytdi:

Ikki oydan beri deyarli har kuni tutib ketishyapti hujjati yo‘q kishilarni. Faqat bugun ko‘rganim yo‘q, xolos. Boshqa kunlari “kimligi” (yashash uchun ruxsatnomasi demoqchi – tahr.) yo‘qlarni har kuni qo‘liga kishan solib, olib ketishayotgandi”,- dedi u 13-avgust kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Uning so‘zlarini poyabzal sotish bilan shug‘ullanuvchi o‘zbekistonlik ayol ham tasdiqladi.

Hozir politsiyachilar asosan fuqaro kiyimida tekshirib yurishibdi. Kimligi bo‘lmaganlarni ushlab, “Yeniqapi” metrosi yonidagi avtobusga olib borib tiqishyapti. Keyin hammasini yig‘ib, olib ketishyapti. Tutib ketilayotganlar faqat “nelegalniy” yurgan migrantlar emas, hujjati yo‘q turkiyaliklarni ham ushlab ketyapti hatto”, - dedi sotuvchi ayol.

Suhbatdoshlarga ko‘ra, hujjatsiz migrantlarni tutish bo‘yicha reydlar markaziy osiyoliklar ko‘p ishlaydigan Oqsaroy, Laleli va Qumqapi kabi mavzelardagina emas, Istanbulning boshqa tumanlaridagi ishxonalarda, xususan, tekstil sexlarida ko‘p kuzatilmoqda.

Avvalroq Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqaya so‘nggi ikki oyda noqonuniy muhojirlarga qarshi butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan 2 ming 548 ta maxsus amaliyot ortidan 35 ming 867 nafar hujjatsiz migrant ushlangani, ulardan 17 ming 258 nafari deportatsiya qilinganini ochiqlagan.

Vazir Yerliqayaga ko‘ra, qolgan migrantlarni Turkiyadan chiqarib yuborishga oid jarayon davom etmoqda.

Mazkur reydlar ortidan Istanbulning Tuzla tumani Tepeo‘ren mahallasidagi deportatsiya markazi to‘lib ketgan, shuning uchun, Ozodlik manbalariga ko‘ra, hujjatsiz muhojirlarni boshqa deportatsiya markazlariga jo‘natilyapti. Deportatsiya qarori chiqqanidan keyin esa ular qayta Istanbulga olib kelinib, vataniga yo‘llanmoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on iyul oyida mamlakat ahli tez orada “noqonuniy migrantlar masalasida sezilarli o‘zgarishlarni his etishlari”ga oid bayonot bergan edi. Bu bayonotdan ko‘p o‘tmay muhojirlarga qarshi reydlar ko‘paygan.

Turkiyada yurgan o‘zbekistonliklarning aksariyati 2022 yil boshidan buyon o‘zlari uchun bu mamlakatda yashash va ishlash uchun ruxsatnoma olish jarayoni juda qiyinlashib ketganini aytishadi. Shu sababdan ko‘plab muhojirlar yashash uchun ruxsatnoma ololmay, Turkiyada noqonuniy yurganlar maqomiga tushib qolgan.

Turkiyada ishlayotgan o‘zbeklar bu muammo joriy yil may oyida o‘tgan prezident saylovidan keyin ijobiy tomonga hal bo‘lishiga umid qilishayotgan edi. Biroq saylovdan keyin o‘zbekistonliklarning Turkiya rasmiy idoralaridan hujjat olish jarayoni oldingidan ham qiyinlashib ketgani kuzatilmoqda.

Tahlilchilar buni mahalliy aholi orasida migrantlarga qarshi kayfiyat kuchaygani, hukmron partiya keyingi yil bahoridagi mahalliy saylovlarni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun migrantlar borasida omma kayfiyatini hisobga olishga majbur ekani bilan izohlashyapti. Ularga ko‘ra, migrantlarga qarshi reydlar tinmayotganining ham asosiy sababi shu.

Turkiya o‘zbekistonlik migrantlar eng ko‘p ishlaydigan davlatlardan biri hisoblanadi. Qalampir.uz nashriO‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligiga tayanib xabar qilishicha, hozirda Turkiyada 300 mingdan ziyod o‘zbekistonlik migrant bo‘lib, ulardan to‘rtdan bir qismigina (78 ming nafar) mamlakatda qolish uchun rasmiy hujjatga ega.

XS
SM
MD
LG