Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:29

Turkiyada kaltaklanganligini aytgan o‘zbek ayol ishini politsiya nazoratga oldi


O‘zbekistonlik 22 yashar Shohsanam Turkiyada doimiy kaltak ostida yashayotganidan arz qildi
O‘zbekistonlik 22 yashar Shohsanam Turkiyada doimiy kaltak ostida yashayotganidan arz qildi

23 - dekabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Turkiyaning Jivril (Civril) shaharchasi politsiya xodimi kaltaklanganligi va majburan uyda tutib turilganligini iddao qilgan 22 yashar O‘zbekiston vatandoshi Hamidullayeva Shohsanam ishi nazoratga olinganini bildirdi.

Bundan oldin Turkiyaga qalin puli evaziga sotilganligini aytgan namanganlik Shohsanam Hamidullayeva Ozodlikka shikoyat bilan chiqqan edi.

Politsiya xodimiga ko‘ra, agar Hamidullayevaning majburan uyda saqlangani¸ telefoni olib qo‘yilib kaltaklangani iddaolari tasdiqlansa, aybdorlar ustidan jinoyat ishi ochiladi. Politsiyaga ko‘ra¸ bu holda Hamidullayeva Turkiyadagi ayol huquqlarini himoya qilish tashkiloti xomiyligidagi yotoqxonaga vaqtincha ko‘chiriladi. Ayol huquqlari tashkilotining o‘zini Burji xonim deb tanishtirgan vakili Ozodlik bilan suhbatda¸ “politsiya o‘z choralarini ko‘rib bo‘lganidan keyin ayolga ruhiy ko‘mak berilishini” bildirdi.

G‘aribga aylangan Shoxsanam

Hamidullayeva Ozodlik bilan suhbatda M. ismli (ism-familiyasi va manzili Ozodlikka ma’lum) sovchi xotin vositachiligida joriy yilda Turkiyalik 29 yashar yigitga turmushga chiqqani, ammo hali qonuniy nikohdan o‘tmaganini bildirdi:

“Otam o‘lib ketgan¸ kasal onam va voyaga yetmagan ukam bor. Sovchi opa Turkiyadagi kuyovdan olib bizga bergan summa evaziga meni uzatishdi. Turkiyaga kelsam menga uylanmoqchi bo‘lgan yigit (ismi Ozodlikda bor) uylangan ekan. Buni menga aytishmagan. Birinchi xotini ham kaltaklangani uchun ketib qolgan ekan. Men juda yomon ahvoldaman. Har kuni baqir -chaqir qilib ishlatishadi. Qaynonam¸ qayinsingillarim ham, qaynotam ham meni xo‘rlaydi. O‘zbekistonga ketay, meni qo‘yib yuboringlar desam, senga to‘lagan pulni ikki baravar qilib qaytarib qo‘yib keyin ketasan deyishdi. Meni qiynashyapti bular. Har kuni kaltak yeyman. Ikki marta o‘zimni o‘ldirishga urindim. Sen ketmoqchi bo‘lsang o‘liging ketadi deb yana urdi. Iltimos meni qutqaringlar”.

Ozodlikda O‘zbekiston vatandoshini kaltaklagan turkiyalik 29 yashar yigitga oid ma’lumotlar bor. Bu yigit muxbir bilan gaplashmasligini bildirib telefonni o‘chirib qo‘ydi.

Ozodlik Shohsanamning O‘zbekistondagi yaqinlari bilan bog‘landi. Ular Shohsanamning oilasi o‘ta nochor ekani va onasi kasal yotganligini aytib, ko‘rpa- to‘shak qilib yotgan onaning suratini Ozodlikka jo‘natishdi.

O‘zbek qiz-juvonlarga Turkiyadan er topib beradigan M. ismli sovchi ayolga ham Ozodlik muxbiri telefon qildi. Mavzuni eshitishi bilan sovchi ayol telefonni o‘chirib qo‘ydi.

Namangan viloyat, To‘raqo‘rg‘on tuman, Shaxang qishlog‘idan qalin puli evaziga mahalliy sovchilar vositachiligida Turkiyaga kelin qilib keltirilgan Shohsanam o‘z dardini videotasvirga olib Ozodlikka jo‘natdi.

Ozodlik bu videoni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Turkiya politsiyasiga Shohsanamning roziligi asosida taqdim qildi.

O‘zbekistonning Turkiyadagi konsulxonasi bilan aloqaga chiqishning iloji bo‘lmadi. Ularning tarmoqdagi rasmiy sahifasida “yopiq” degan e’lon turibdi. (Turkiyadagi pandemiya cheklovlari bois yopiqligi aytildi)

Turkiya politsiyasining ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash bilan shug‘ullanadigan mulozimasi Ozodlik muxbiri bilan qayta bog‘lanib, bu oiladagi vaziyat va ayolning iddaolari o‘rganilayotganligini bildirdi.

Turkiyadagi ayollar huquqlarini himoya qiladigan tashkilotning o‘zini Burji xonim deb tanishtirgan vakili Ozodlik bilan suhbatda “mazlum o‘zbek ayoliga zarur bo‘lgan barcha yordam ko‘rsatilishi¸ tarjimon va psixolog bilan ta’minlanishini" va’da qildi. Suhbatdoshga ko‘ra¸ Turkiyaga kelin bo‘lib tushib eridan kaltak yegan o‘zbek ayollar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Burji xonimga ko‘ra¸ Turkiyaning Adana shahrida istiqomat qiladigan O‘zbekiston vatandoshi 32 yashar Shahnozaxon idishlarni qo‘lda emas, idish yuvadigan mashinada yuvgani uchun eri tarafidan do‘pposlangani ortidan huquqiy yordam olgan. Tashkilot huquqshunoslari ko‘magida o‘zbek ayolni do‘pposlagan 51 yashar er jazolangan.

XS
SM
MD
LG