Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:25

Turkiya markaziy osiyolik faollar uchun xavfsiz emas


Prezidentlar - Mirziyoev, Erdo‘g‘on, Japarov va Toqayev Samarqand sammitida. Noyabr, 2022-yil
Prezidentlar - Mirziyoev, Erdo‘g‘on, Japarov va Toqayev Samarqand sammitida. Noyabr, 2022-yil

Xorijdagi markaziy osiyolik faolning hayoti shunday: muammoga duch kelgan hamkasbingizga qaraysiz, ko‘p o‘tmay o‘zingiz ham o‘sha muammoga duch kelasiz.

“Transmilliy repressiya” yoki hukumatlarning muxolifat faoli ovozini o‘chirish uchun xorijga qo‘l uzatayotgani Markaziy Osiyo bo‘yicha ishlovchi inson huquqlari tashkilotlari uchun tobora asosiy mavzuga aylanib bormoqda. Mintaqaning uchta eng avtoritar davlati – Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning bu borada reytingi baland.

Bu jarayonda butun dunyo bo‘ylab hukumatlar – odatda nodemokratik hukumatlar – ishtirok etadi, ular qo‘rqitadi, ekstraditsiya qiladi va ba’zan o‘z dushmanlarini chet elda o‘ldirishga intiladi.

Taxminan o‘n yil avval Turkiya mintaqa fuqarolari uchun sayohat cheklovlari yo‘qligi va ekstraditsiya xavfi nisbatan past bo‘lganligi sababli Markaziy Osiyo faollari uchun eng xavfsiz joylardan biri bo‘lgan.

Biroq, ekspertlar so‘nggi yillarda Turkiya rasmiylari tomonidan munosabat o‘zgarganini qayd etishmoqda.

Tojikistonlik faollar g‘oyib bo‘lmoqda

So‘nggi bir oyning o‘zida Turkiyada yashovchi ikki tojik siyosiy faol izsiz g‘oyib bo‘ldi. Bu hukumat tanqidchilari uzoq yillarga qamaladigan va qamoqda shavqatsiz muomalalar odatiy holga aylangani vatanlariga olib ketilganidan xavotir uyg‘otdi.

Tojikiston muxolifatining “Guruh 24” guruhi vakili Suxrob Zafar so‘nggi ikki hafta davomida 23- fevraldan beri g‘oyib bo‘lgan hamkasbi, Istanbulda muhojirlikda bo‘lgan Nasimjon Sharifovni qidirmoqda, deydi Markaziy Osiyo bo‘yicha inson huquqlari bo‘yicha ekspert Stiv Sverdlov.

Самарқанд саммити: Мирзиёев туркий давлатлар лидерларини кутиб олмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:14 0:00

U muhojirlarni saqlash markazlariga borgan, Turkiya rasmiylariga so‘rovlar yuborgan, ammo ulardan Sharifovning qayerdaligi haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligi haqida xat olgan, deydi Sverdlov X’da. Zafar Sverdlovga ham yordam so‘rab murojaat qilgan.

Biroq 11-mart kuni tojik faollari 10- martdan beri Zafarning o‘zi ham g‘oyib bo‘lgani haqida xavotir bildirishdi.

"Guruh 24" ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyadagi o‘n yillik faoliyati davomida Zafarga uni o‘ldirish yoki o‘g‘irlab ketishlari haqida ogohlantiruvchi SMSlar ko‘rinishida muntazam tahdidlar olgan.

Shuningdek, u Turkiya hukumati tomonidan bir necha bor, ehtimol, Tojikiston iltimosiga ko‘ra hibsga olingan va keyinroq qo‘yib yuborilgan.

Tojikistonda "Guruh 24" avtoritar prezident Emomali Rahmon rejimiga qarshi mitinglarga chaqirganidan ko‘p o‘tmay, 2014- yil oktabr oyida Oliy sud qaroriga ko‘ra “ekstremistik tashkilot” deb topilgan edi.

Bu qaror, odatda, rejimning hatto cheklangan darajadagi siyosiy muxolifatga ham toqati tugayotgan vaqtga to‘g‘ri keldi.

Oradan bir yil o‘tmay, Oliy sud Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasiga – mo‘’tadil, diniy muxolifat partiyasiga nisbatan ham xuddi shunday yorliqni ildi.

Keyin poytaxt Dushanbe yaqinidagi g‘alayonni uyushtirganlikda aybdor deb topilgan ushbu partiyaning ko‘plab yetakchi rahbarlari qamoqqa olindi.

Albatta, 2015-yil “Guruh 24” asoschisi, tadbirkor Umarali Quvvatov Istanbulda otib o‘ldirilgan edi. Bu shaharda yashovchi markaziy osiyolik dissidentlar uchun qandaydir burilish nuqtasidir.

2016-yil – burilish nuqtasi

Qotillar javobgarlikka tortilgunga qadar mamlakatdan qochishga muvaffaq bo‘lgan taqdirda ham, muxolifat yetakchisining o‘ldirilishida Turkiyaning bevosita qo‘li bo‘lishi dargumon.

Quvvatovni kechki ovqatga aldab chaqirib, zaharlab, keyin ko‘chada otib o‘ldirgan asli tojikistonlik shaxs Turkiya sudi tomonidan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

Ammo so‘nggi yillarda Turkiya hukumati Markaziy Osiyo hukumatlari bilan o‘z tuprog‘ida boshpana izlayotgan dissidentlar bo‘yicha kelishishga ancha tayyor bo‘ldi. Ehtimol, bu Anqara Markaziy Osiyodagi hamkorlaridan shunday javob berishini kutayotgani uchundir.

O‘tgan oy Freedom House so‘nggi o‘n yillikdagi ma’lumotlarga asoslanib, Turkiya va Tojikistonni transmilliy qatag‘onning eng mahsuldor vakillari qatoriga kiritdi. Qolgan uchta davlat Xitoy, Misr va Rossiyadir.

Turkiya uchun burilish nuqtasi, shubhasiz, 2016-yilda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va hukumatga qarshi to‘ntarishga urinish bo‘ldi. O‘shanda 250 ga yaqin odam halok bo‘lgandi.

Bu voqea Turkiya hukumatini AQSHda istiqomat qiluvchi Fathulloh Gulen jamoatiga qarshi urush boshlashiga sabab bo‘ldi. Erdo‘g‘onning sobiq ittifoqchisi bo‘lgan Gulenni Anqara davlat to‘ntarishi uyushtirishda aybladi. Gulen esa bu ayblovlarni butunlay rad qildi.

Turkiyada o‘n minglab odam ishdan bo‘shatildi, qamaldi. Gulenning aloqalari bo‘lgan har qanday davlat bilan Anqara munosabatlari sovuqlashdi.

Aslida bu to‘ntarish urinishi bo‘lishidan avval Markaziy Osiyoning ba’zi boshqa hukumatlari Gulenga aloqador muassasalarni yopishni boshlagan edi, ammo Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ularning ko‘plab maktab va universitetlar o‘z faoliyatini davom ettirdi.

Erdo‘g‘onning 2018-yilda Bishkekka tashrifi chog‘ida u Anqara “Fethullohchi terror tashkiloti” deb atagan tashkilotga bir necha bor ishora qilgan va o‘sha paytdagi prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovni «gulenchilar» tomonidan ag‘darilish xavfi borligidan ochiq ogohlantirgan.

Jeenbekov 2020-yilda Qirg‘izistonning amaldagi prezidenti Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar tomonidan ag‘darildi, Qirg‘izistondagi Gulen ilhomlantirgan «Sapat» maktab tarmog‘ining turkiyalik asoschisi O‘rxon Inandi 2021-yil iyunda Bishkekda turk agentlari tomonidan o‘g‘irlab ketildi.

Эрдўғон ғалабаси ўзбек муҳожирларига нима беради?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:21:34 0:00

O‘g‘irlangan paytda Qirg‘iziston pasportiga ham ega bo‘lgan Inandi o‘tgan yili Anqara sudi tomonidan “qurolli terrorchi guruh tuzganlik” aybi bilan 21 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligining dastlabki yillarida Turkiya muxolifat etakchilari Muhammad Solih va Abdurahmon Po‘latni ekstraditsiya qilishdan bosh tortib, mintaqaning eng yirik davlati – O‘zbekiston bilan munosabatlariga putur yetkazish xavfini oshirgandi.

Bunga javoban O‘zbekiston ikki davlat o‘rtasida vizasiz rejimni to‘xtatdi. Bu imtiyoz Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda Islom Karimov vafotidan keyin hokimiyat tepasiga kelganidan keyingina tiklandi.

Yaqingacha Turkiya O‘zbekistonga qo‘shni Turkmaniston fuqarolari vizasiz sayohat qilishlari mumkin bo‘lgan kam sonli davlatlardan biri edi. Ammo vaziyat 2022-yilda Turkmanistonning talabiga binoan Turkiya hukumati vizasiz rejimni bekor qilganidan keyin o‘zgardi.

Tojikiston Freedom House tashkilotining uzoq muddatli transmilliy repressiyalar beshligiga kirgan yagona Markaziy Osiyo davlatidir. Ammo Turkmaniston tashkilotning “2023-yildagi eng yomon besh huquqbuzar” safiga kiritilgan.

Ashhobod esa bu maqomga Turkiyaning faol yordamisiz erisha olmasdi. Chunki Turkiya turkmanlar uzoq vaqtdan beri o‘zlarining chuqur repressiv, iqtisodiy nosog‘lom vatanidan chiqish uchun asosiy manzil bo‘lib kelgan.

Ozodlik radiosi turkman xizmati manbalari Anqara viza cheklovlarini qayta joriy qilganidan keyin Turkiya tomonidan minglab deportatsiyalar bo‘lganini ma’lum qilsa ham, Turkmanistonning yopiqligi siyosiy faol muhojirlarni oddiy muhojirlardan ajratishni qiyinlashtiradi.

Ammo turkmanistonlik kamida olti nafar siyosiy faol Ashxobodga deportatsiya qilindi: Farhat Meymanquliyev, Rovshen Klichev, Umit Qo‘ziboyev, Dovran Imomov, Maksat Baymuradov va Serdar Durduliyev, deya xabar beradi Ozodlik radiosining turkman xizmati.

Istambuldagi nisbatan taniqli muxolifat faoli Dursultan Taganova 2020 va 2021-yillarda hibsga olinganida sayohatga yangi cheklovlar kiritilgunga qadar kamida ikki marta deportatsiya bo‘lishiga oz qolgandi.

2020-yilda Taganova deportatsiya markazida ushlab turilgan va keyinroq 11 inson huquqlari tashkiloti Turkiya hukumatini deportatsiya qilmaslikka chaqirganidan so‘ng qo‘yib yuborilgan.

Keyingi yili Taganova jurnalistlarga Turkiya immigratsiya xizmatiga chaqirilganini va u yerda siyosiy faoliyatini to‘xtatmasa, turar joy bilan bog‘liq muammolar bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirilganini aytdi.

Janubiy Kaliforniya universitetining Inson huquqlarini himoya qilish guruhi va Venada joylashgan Yevroosiyo Ozodligi himoya guruhi tomonidan BMT Inson huquqlari kengashiga taqdim etilgan hisobotda Turkiyadagi turkman faollari diqqat markaziga olingan.

Hisobot mualliflari Turkiyani turkman siyosiy faollari va huquq himoyachilari uchun “borgan sari xavflilashayotgan muhit” deb atagan, turkmanlar odatda “kuzatuv, sayohat cheklovlari, diskriminatsiya va boshqa huquqbuzarliklarga duchor bo‘lmoqdalar, bunda Ashhobod va Anqara ularning ikkalasini ham nazorat qilish va kuzatishda tobora ko‘proq foydalanmoqda”.

Unda ta’kidlanishicha, turk politsiyasi “[Istanbuldagi] Turkman konsulligi ko‘rsatmasi bo‘yicha deportatsiya qilinadigan 25 nafar turkman muhojiri ro‘yxatini tuzgan”.

Turkiyaning eng yirik shahridagi turkman siyosiy faolligini tugatishga qaratilgan bu birgalikdagi sa’y-harakatlar istalgan samara berishi mumkin.

Istanbulda yashovchi yana bir turkman fuqarosi Aziz Mamedov 2021-yilda siyosiy faollikka kirishganidan beri muntazam tahdidga uchrayotgani, jumladan, konsullik oldidagi namoyish paytida noma’lum shaxs tomonidan pichoqlangani haqida xabar bergan.

Biroq, yanvar oyida Mamedov faollik bilan shug‘ullanmasligini e’lon qildi.

"Men o‘yladim: nega o‘zimni olovga tashlayapman? – deydi Mamedov. – Biz [turkman] xalqi uchun qilgan ishlarimiz o‘zini oqlamadi."

XS
SM
MD
LG