Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:28

Toshkentdagi kushxonalarni Olmaliq va Ohangaronga ko‘chirish rejasi atrof-muhit faollarida xavotir uyg‘otdi


Toshkentning “O‘zgarish” va “No‘g‘oyqo‘rg‘on” mahallalari aholisi uzoq vaqtdan buyon kechki payt yoqimsiz hid tarqalishidan arz qilib kelgan.
Toshkentning “O‘zgarish” va “No‘g‘oyqo‘rg‘on” mahallalari aholisi uzoq vaqtdan buyon kechki payt yoqimsiz hid tarqalishidan arz qilib kelgan.

Toshkentning “Salar” kanali bo‘yi va suv tozalash inshooti yaqinida joylashgan terini qayta ishlash va parrandachilik korxonalari hamda qoramol kushxonalarining Olmaliq va Ohangaronga ko‘chirilishi atrof-muhit himoyachilarining xavotirlariga sabab bo‘lmoqda.

Ularga ko‘ra, ulkan zavodlar joylashgan bu shaharlardagi aholi yillar davomida to‘planib qolgan ulkan zaharli chiqindilar va havoning ifloslanishidan aziyat chekib keladi.

Muntazam yoqimsiz, badbo‘y hid taratib, poytaxtliklar noroziligiga sabab bo‘lib kelgan parrandachilik korxonalari va qoramol kushxonalarining ko‘chirilishi Olmaliq va Ohangarondagi ekologik muhitni yanada yomonlashtirishi mumkin.

“Shusiz ham havoning iflosligidan ba’zan ko‘chaga chiqa olmaysiz. Hamma yoq zaharli chiqindiga to‘lib-toshgan. Endi bu kushxonalarni ham olib keladigan bo‘lsa, ahvolni tasavvur qilaverasiz”, - deydi Olmaliq shahrida yashovchi Regina Nigmatulina.

Sassiq hid

Toshkentning “Salar” kanali bo‘yidagi terini qayta ishlash va parrandachilik korxonalari yaqinidagi “O‘zgarish” va “No‘g‘oyqo‘rg‘on” mahallalari aholisi uzoq vaqt davomida kechki payt yoqimsiz hid taralishidan arz qilib kelgan.

Ushbu mahallalar aholisi vakillari badbo‘y hid uylariga o‘rnashib, uni hech narsa bilan yo‘qotib bo‘lmayotgani, "osvejitel"lar ham kor qilmayotganini aytishadi.

Dastlab yoqimsiz hid paydo bo‘lishida “Salar” oqova suvlarni tozalash inshooti ayblangan bo‘lsa, keyinchalik bunda ushbu hududdagi kanal bo‘yida joylashgan terini qayta ishlash korxonalarining hissasi ham bo‘lishi mumkinligi aytilgandi.

Keyinchalik mutaxassislar holatni o‘rganib, yoqimsiz hid taralishining asosiy sababi "Salar" to‘yintirish inshooti hamda Bo‘zsuv kanaliga kushxonalar va parranda korxonalari tomonidan oqava hamda chiqindi oqizilishi, degan xulosaga kelishgan.

Toshkent shahar hokimiyati rasmiylari “Salar” oqova suvlarni tozalash inshooti atrofida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida 4 - avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda axolining shikoyatlari o‘rganilib, parrandachilikka ixtisoslashgan korxonalar va qoramol qushxonalarini Toshkent viloyatining Olmaliq shahri va Ohangaron tumanlarida tashkil etiladigan “Maxsus sanoat zona” lariga ko‘chirish haqida qaror olinganini ma’lum qilishgan.

“Endi Olmaliq va Ohangaron yana ko‘proq sasiydi”

Bu qaror ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

“Rahmat, keragi yo‘q bizga bu kushxonalarni. Kimdir shu kushxona va parranda korxonalarini ko‘chirish haqida bu shaharlar aholisidan so‘radimi?!”, - deb yozdi Ruslan Yumabayev ismli Feysbuk foydalanuvchisi.

Muxtor G‘oziyev ismli boshqa bir foydalanuvchi esa: “Endi Olmaliq va Ohangaron yana ko‘proq sasiydi. Qoyil, toshkentliklar hamma axlatni bizga ag‘darib, muammolarini hal qilishdi, qo‘yishdi”, - deya fikr bildirdi.

O‘zbekistonlik atrof-muhit himoyachisi va bloger Aleksey Garshin poytaxtliklar noroziligiga sabab bo‘lib kelgan parrandachilik korxonalari va qoramol kushxonalarini ko‘chirish muammoning yechimi bo‘la olmasligini ta’kidlaydi:

“Nafaqat “Salar” kanali, “Bo‘zsuv” kanali ham axlat va chiqindilarga to‘la. Men bu muammo haqida ko‘p yozganman. U kushxonalarni boshqa joyga ko‘chirish bilan muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Qonuniy mehanizmlar, jarima tizimi ishlamas ekan, bu korxonalar bugun “Bo‘zsuv”ni iflos qilgan bo‘lsa, ertaga boshqa kanallarni axlatga to‘ldiradi”, - deydi Garshin.

Metallni qayta ishlovchi hamda kimyo va sement zavodlari joylashgan Olmaliq O‘zbekistonning ekologik eng iflos shaharlaridan hisoblanadi.

Mahalliy aholi vakillari havoning shunchalik iflosligidan ba’zan ko‘chaga chiqa olmasliklari va teri kasalliklarining ko‘pligidan shikoyat qilib kedadilar.

Mutaxassislarga ko‘ra, aholi orasida astma va sil kabi o‘tkir nafas xastaliklari keng tarqalgan.

XS
SM
MD
LG