Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:56

Toshkent do‘konlarida sut taqchillashdi. Sabab faqat Ukraina emas


Toshkentdagi “Korzinka” supermarketlarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sutlar kishi boshiga uchta, ba’zi joylarda esa to‘rttadan ortiq sotilmayapti.
Toshkentdagi “Korzinka” supermarketlarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sutlar kishi boshiga uchta, ba’zi joylarda esa to‘rttadan ortiq sotilmayapti.

O‘zbekistonlik iste’molchilar so‘nggi haftalarda Toshkentdagi do‘konlar rastalarida mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan qadoqlangan sut taqchillashganini aytishmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar eng arzon sanalgan “Laktel”, “Musaffo” kabi mahalliy sut brendlari supermarket rastalaridan g‘oyib bo‘lgani haqida yozishdi.

Ozodlikning aniqlashicha, Toshkentdagi “Korzinka” supermarketlarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sutlar kishi boshiga uchta, ba’zi joylarda esa to‘rttadan ortiq sotilmayapti.

“O‘zimizda ishlab chiqarilgan 1, 2 va 3.2 foizli “Laktel”, “Musaffo” sutlariga cheklov bor. Bitta odamga to‘rtta sut beriladi. Ichki reglament bo‘yicha hamma mijozlarga yetishi uchun shunday cheklov qo‘yilgan”, - dedi Toshkentdagi “Korzinka” savdo markazi xodimi Ozodlik bilan suhbatda.

“Korzinka” supermarketlar tarmog‘ida Rossiya, Boltiqbo‘yi o‘lkalaridan import qilingan sutlarni ko‘rish mumkin. Lekin ularning narxi mahalliy sutga qaraganda 30-40 foiz qimmat.

“1,5 foizli “Prostokvashino” suti 24 590 so‘m, 2,5 foizligisi 27 590 so‘m, 3,2 foizligisi 29 990 so‘m. “Laktel”, “Musaffo” sutlari 14 490 so‘mdan, lekin ular yo‘q hozir”, - deydi Toshkentdagi “Makro” do‘konining Ozodlik suhbatlashgan sotuvchisi.

Mahsulot taqchilligi narxlarning keskin oshishiga sabab bo‘lgan.

Avgust oyida “Korzinka”da "Prostokvashino" sutining 3,2 foizligi hozirgidan 10 ming so‘m arzon - 14 490 so‘mdan sotilgan.

Do‘kon sotuvchilari mahalliy ishlab chiqaruvchilar qadoqlangan sut mahsuloti yetkazib bermayotganini aytishmoqda.

“Ikki hafta bo‘lib qoldi, to‘xtagan. Qadoqlash bilan bog‘liq muammo bo‘layotgan ekan, chunki “Laktel”ni qadoqlangan shokoladli kefirlari ham kelmay qo‘ygan”, - deydi “Makro” supermarketi xodimi.

Ozodlik qadoqlangan “Laktel” sutlari taqchillashib qolgani sababi haqida uni ishlab chiqaruvchi Toshkentdagi “Lactalis Agro” shirkatiga murojaat qildi. Shirkatning marketing direktori Artyom Yermolayev Ozodlik savollariga yozma javob qaytarishga va’da berdi.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda sut narxi oshishi va rastalardan yo‘qolib qolishining asosiy sababi sifatida dunyodagi eng yirik oziq-ovqat qadoqlash ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Shvetsiya va Shveysariyaning qo‘shma Tetra Pak shirkatining Ukrainaga tajovuz bois Rossiya bozorlaridan ketgani ko‘rsatilmoqda.

O‘zbekistonda oziq-ovqat qadoqlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar yo‘q. Ukrainaga urush boshlanishidan oldin qadoqlash mahsulotlari O‘zbekistonga Rossiya zavodlaridan olib kelingan.

Mutaxassislarga ko‘ra, Tetra Pak Rossiyada ishlab chiqarishni to‘xtatgan ekan, O‘zbekistondagi korxonalar qadoqlash mahsulotini Yevropadan sotib olishi yoki sutni shisha va yo yelim idishlarga qadoqlash tizimiga o‘tishiga kerak bo‘ladi. Bu esa tez amalga oshadigan ish emas.

Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislar sut yetkazib berishdagi ta’minot zanjiri uzilishlarining boshqa sabablari ham borligini aytishmoqda.

"Sut yetkazib berish sezlarli kamaydi"

Xorazmning Yangiariq tumanida joylashgan O‘zbekistondagi yirik sutni qayta ishlovchi “Tillo domor” xususiy shirkati tijoriy direktori Usmonbek Sharipovning Ozodlikka aytishicha, so‘nggi uch oyda sut yetkazib berish sezilarli darajada kamaygan.

“Sut yetkazib berish avgust oyidan beri ancha kamaydi. Buni oqibatida zavodimiz to‘liq quvvat bilan ishlolmayapti. Sut yo‘q. O‘z-o‘zidan pishloq, boshqa sut mahsulotlari narxida bu aks etyapti. Hozir Avstriyadagi hamkorimiz bilan kuniga 100 tonna sutni qayta ishlaydigan zavodni qurib tugatyapmiz. Lekin shuni 50 tonna kunlik quvvat bilan boshlaymiz, deb turibmiz”, - deydi Usmonbek Sharipov.

Sut taqchilligi hozircha asosan poytaxt do‘konlarida kuzatilmoqda. Lekin soha vakillariga ko‘ra, butun mamlakatda sut taqchil mahsulotga aylanib ketishi ehtimoldan xoli emas.

Xorazmdagi sut yetkazib beruvchi “Ahmad Abdullayev” fermer xo‘jaligi rahbari Muyassar Abdullayevaning Ozodlikka aytishicha, bunday xavotirlarda asos bor.

“Iyun oyida bir litr sut 2 yarim ming so‘m edi. Hozir 6 ming so‘mga chiqdi, yog‘i miqdoriga qarab. Sababi sigir boqish qimmatga tushyapti. Ozuqa qimmat. Yetarli ozuqa bermasangiz, sigir sut bermaydi. Ko‘pchilik ozuqa qimmatligidan sigir boqmay qo‘ygan. Buning oqibatida xalq dasturxoniga yetarli darajada sut yetib bormayapti”, - deydi Abdullayeva.

O‘zbekistonda yiliga 10 million tonnadan ortiq sut ishlab chiqariladi.

“Wawamustats” xalqaro reytingni aniqlovchi statistika tashkiloti 2015-yilda O‘zbekistonni jahonda sut ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari eng yuqori bo‘lgan davlatlar yigirmataligiga kiritgan edi.

O‘zbekiston 22 ming tonna sut mahsulotini import qilgan

O‘shanda O‘zbekiston 9,9 million litr sut ishlab chiqarish ko‘rsatkichi bilan ro‘yxatda 18-pog‘onani egallagan.

2019-yilga kelib mamlakat 10,5 million litr sut ishlab chiqarish ko‘rsatkichi bilan 17-pog‘onaga ko‘tarilgan.

Dunyodagi yirik sut ishlab chiqaruvchilar qatorida bo‘lib kelgan O‘zbekiston bu yil 22 ming tonna sut mahsulotini chetdan import qilgan.

Davlat statistika qo‘mitasiga ko‘ra, sut mahsulotlari importi hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 5,4 ming tonnaga oshgan.

XS
SM
MD
LG