Afg‘onistonni boshqarayotgan Tolibon o‘tgan oy oxirida 6,5 milliard dollardan ortiq qiymatga ega, yettita kon qazib olish bo‘yicha shartnoma imzolaganini e’lon qildi.
Biroq ekspertlar afg‘on kompaniyalari va Xitoy, Eron, Turkiya va Buyuk Britaniyaning xorijiy hamkorlari bilan 31-avgustda imzolangan shartnomalarni amalga oshirish imkoniyatiga shubha qilmoqda.
Inson huquqlarining keng miqyosda poymol etilishi va ayollarning maktab, ish va jamoat hayotiga kirishi taqiqlangani tufayli Tolibon g‘aznasi bo‘shab yotar ekan, tog‘-kon sanoatiga yirik sarmoya kiritish imkoni bo‘ladimi yoki yo‘q, savol ostida turibdi.
Noqonuniylik
Afg‘onistondagi og‘ir gumanitar inqiroz chuqurlashib borayotgan bir pallada, Tolibonning qonuniyligi yo‘qligi, ya’ni legitim emasligi uning konchilik daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha urinishlarini samarasiz qilib qo‘yishi mumkin. Mutaxassislar aytishicha, xalqaro standartlarni chetlab o‘tuvchi mavhum bitimlardan oz afg‘on foyda ko‘radi.
"Tolibon diplomatik tan olinmagan sharoitda Afg‘onistonning mineral resurslarini keng miqyosda o‘zlashtirish uchun yirik shirkatlar beradigandan ko‘proq mablag‘ talab qiladi", deydi Kobulda yashovchi Jeff Rigsbi. U AQSHning mudofaa bo‘yicha pudratchisi bo‘lgan.
2022-yildan beri Afg‘onistonda biznes imkoniyatlarini izlayotgan Rigsbi Tolibonning mamlakat mineral resurslarini o‘zlashtirishga urinishlarini diqqat bilan kuzatmoqda.
“O‘tmishda Tolibon boshqa sohalarda investitsiya bitimlarini e’lon qilganda ko‘pincha shoshma-shosharlik qilgan”, deydi u. Rigsbining qo‘shimcha qilishicha, Afg‘onistonning bir qancha viloyatlarida mis, oltin, qo‘rg‘oshin, rux va temir qazib olish bo‘yicha shartnomalar imzolagan xorijiy shirkatlar haqida kam narsa ma’lum.
"Bu shartnomalar shaffof emas, – deydi Afg‘oniston kon va neft vazirligining sobiq maslahatchisi Abdul Qodir Mutfiy. – Tolibon minerallarni turli mamlakatlarga xomashyo sifatida sotish orqali hukumatning moliyaviy muammolarini hal qilmoqchi."
Mutfiyning aytishicha, Tolibonning konchilik shartnomalari standart amaliyotlarga mos kelmaydi, bu esa Tolibon hukumati tan olinmagani uchun Kobulni xalqaro arbitrajdan mahrum qiladi.
"Afg‘oniston resurslar la’natiga duch kelgan ko‘plab Afrika davlatlariga ergashishi mumkin", deydi u tabiiy resurslardan keng miqyosda foydalanish iqtisodiy o‘sish va farovonlikka olib kelmagan bir qancha Afrika mamlakatlari tajribasini keltirib.
Biroq, Tolibon mamlakat tabiiy boyliklaridan foydalanish orqali o‘zini-o‘zi ta’minlashga intilayotganini aytadi. Uning yetakchilari hozirgi iqtisodiy va gumanitar inqirozdan chiqish yo‘li sifatida tog‘-kon, irrigatsiya va savdo loyihalarini ta’kidlab kelgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, jami 40 millionlik afg‘on aholisining 30 milliondan ortig‘i gumanitar yordamga muhtoj. Xalqaro moliyalashtirish kamayib borayotgan bir paytda, tashkilot millionlab afg‘onlarning to‘yib ovqatlanmay qolishi va 3 millionga yaqini ochlikdan o‘lish xavfi borligidan ogohlantirdi.
Mo‘l minerallar
Ammo Rigsbi Tolibonning harakatlari muvaffaqiyatli emas deb hisoblaydi. Chunki u Pokistonga eksport qilayotgan ko‘mir mavjud shaxtalardan olinyapti, kelishuvni qayta tiklagan Xitoy shirkati ham avvalgi hukumat vaqtida, bundan o‘n yil oldin mamlakatda ish boshlagan edi.
Yanvar oyida Tolibon hukumati Shinjon Markaziy Osiyo neft va gaz kompaniyasi bilan Afg‘onistonning Amudaryo havzasida neft va gaz qidirish ishlariga 2026- yilgacha 540 million dollar sarmoya kiritish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu 2012- yilgi Xitoy milliy neft korporatsiyasi bilan tuzilgan shartnomaning yangilanishi, xolos.
Afg‘onistonning potensial mineral resurslarini 1 trillion dollardan ortiq deb baholagan tadqiqotlar 2010-yilda matbuotning bosh sarlavhalariga aylangan edi. Biroq, bu taxminning to‘g‘riligi yaqinda so‘roq ostida qoldi. Mamlakatning zaif infratuzilmasi, ilg‘or texnologiyalarning yo‘qligi, o‘qitilgan ishchi kuchi tanqisligi va yuqori konchilik xarajatlari asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda.
Vaholanki, mamlakatda temir, mis, ko‘mir, litiy, marmar, xrom, kobalьt va oltinning katta zaxiralari mavjud. Gaz va neftdan tashqari, tog‘li mamlakatda lazurit va boshqa qimmatbaho toshlarning katta zaxiralari mavjud.
“Ushbu sarmoyalar orqali bizda qancha mineral resurs borligi va ular daromadimizni qanday oshirishi mumkinligini tasavvur qilishingiz mumkin”, dedi 31-avgust kuni kelishuvlar imzolangandan keyin Tolibonning kon va neft vaziri Shahbuddin Delvar.
Intervyuda u Tolibon hukumati hozirgacha 116 ta kichik va 27 ta yirik konchilik shartnomalarini imzolaganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, mart oyida yakunlangan so‘nggi moliyaviy yilda hukumat konchilikdan 220 million dollardan ortiq daromad olgan.
“Foydali qazilmalarni sotish oshkoralik va kontrabandaga chek qo‘yish tufayli oshdi”, dedi u Bi-bi-siga.
Xitoy
Biroq mahalliy tog‘-kon sanoatining rivojlanishi uning gaplarini tasdiqlanmaydi. Afg‘onistonning tog‘-kon sanoatiga yirik xalqaro sarmoyadorlardan biri bo‘lgan Xitoy davlat va xususiy kompaniyalari ish boshlashga shoshmayapti.
Xitoy Metallurgiya Guruhi Korporatsiyasi sharqiy Logar viloyatida mis qazib olish bo‘yicha 2,83 milliard dollarlik shartnomani amalga oshirishni boshlagani yo‘q. 2007-yilda 30 yillik ijara shartnomasi imzolangan. Tolibonning mintaqadagi ulkan buddist arxeologik yodgorliklarini himoya qilish uchun xitoyliklarni yer osti konlarini qazib olishga undashi muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
"Xitoyning tog‘-kon sanoatidagi ishtiroki minimal darajada, faqat ba’zi xitoylik savdogarlar minerallarni oz miqdorda eksport yoki kontrabanda qiladi", deydi Rigsbi.
Afg‘oniston tahlil tarmog‘ining so‘nggi hisobotida Xitoyning yirik loyihalarini amalga oshirish uchun yillar kerak bo‘ladi, deb xulosa berildi.
“Ular zaif afg‘on iqtisodiga zudlik bilan katta daromad keltirolmaydi”, deyiladi hisobotda.
Mutfiyning ta’kidlashicha, javobgarlik, nazorat, jamoatchilik ishtiroki hamda mustaqil siyosiy va fuqarolik jamiyati nazorati bo‘lmagan taqdirda Afg‘onistonning tabiiy resurslaridan foydalanishdan faqat Tolibon yetakchilari foyda ko‘radi.
"Biz katta yo‘qotishlarga duch kelyapmiz", deydi u.