Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:29

The Diplomat: O‘zbekistonda bir-biridan juda farqli ikki bloger so‘zi uchun jazolandi


Miraziz Bozorov va Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev.
Miraziz Bozorov va Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev.

O‘tgan hafta O‘zbekistonda ikki bloger - Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev hamda Miraziz Bozorov o‘z chiqishlari uchun ozodlikdan mahrum qilindi.

Ularning birinchisi diniy masalalarda ziddiyatli chiqishlari bilan tanilgan bo‘lsa, ikkinchisi O‘zbekiston hukumatiga qarshi korrupsiya ayblovlari va Jinoyat kodeksidan «Besoqolbozlik» moddasini chiqarish haqidagi chaqiriqlari bilan tanilgan.

The Diplomat nashri bosh muharriri Ketrin Puttsning yozishicha, bu ikki blogerning jazoga tortilgani O‘zbekiston hukumati ekstremistik qarashlarga ega progressiv blogerlarga ham, konservativ blogerlarga ham toqat qilmasligidan dalolat beradi.

Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev 26 - yanvar kuni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Bu jazoga Orifxo‘jayev 2021 - yilning 6 - martida Facebookda yozgan posti asos bo‘ldi. Bloger o‘z postida boshqa din vakillarini diniy bayramlari bilan tabriklash to‘g‘ri yoki yo‘qligi haqida o‘z fikrini bildirgan.

Ammo Orifxo‘jayev bu postni yozganidan keyin bir necha oy o‘tgach qo‘lga olindi. Xabar qilinishicha, bloger 2021 - yilning 26 - iyunida boshqa bir bloger va ulamo Abror Abduazimov va’z o‘qiyotgan Toshkentdagi «To‘xtaboy» masjidiga boradi. U yerda Orifxo‘jayev hukumatparast bloger Abduazimovni (ijtimoiy tarmoqlarda Abror Muxtor Aliy taxallusi bilan tanilgan) "ikkiyuzlamachi" deb ataydi.

28 - iyun kuni ichki ishlar xodimlari Orifxo‘jayevni chaqirtirib, uni mayda bezorilikda ayblab, hibsga olishgan hamda uyali telefonini tortib olishgan. O‘sha kuni sud blogerni 15 sutkaga hibsga olish to‘g‘risida hukm chiqargan. Toshkent sudi Orifxo‘jayevni hibsga olish muddatini avval uch oyga, keyinroq 2021 - yil 13 - dekabrigacha uzaytirgan.

Abduazimovning yaqinda qamoq jazosiga hukm qilingan boshqa bloger – Miraziz Bozorovning ishiga ham aloqasi bor. Bozorov bloger va huquq faoli bo‘lib, O‘zbekiston hukumatni ochiqchasiga tanqid qilib hamda O‘zbekistonda bir jinsli shaxslar o‘rtasida jinsiy aloqani dekriminallashtirishga chaqirib tanilgan. 2021 - yilning mart oyida bir guruh noma’lum shaxs blogerni o‘z uyi oldida kaltaklab ketdi. Hodisa Toshkent markazidagi Amir Temur xiyobonida yapon animesi va koreys pop-musiqasi tadbirini LGBT anjumani deb o‘ylagan olomonning «Ollohu Akbar!» degan hayqiriqlaridan ko‘p o‘tmay yuz bergan.

Og‘ir tan jarohatlari olgan Bozorov kasalxonaga yotqizilar ekan, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi blogerning o‘zini ayblab chiqdi. Bozorov ustidan sud to‘rt nafar shaxsning da’vosi asosida ko‘rildi. Bular yuqorida tilga olingan bloger Abduazimov, YouTube tarmog‘idagi kanali bilan tanilgan Shuhrat Musayev, Telegram tarmog‘ida faoliyat yurituvchi bloger Abusolih Salimov hamda Toshkentdagi 110-maktabning bir o‘qituvchisidir. Xabarlarga ko‘ra, o‘qituvchi e’tiroziga Bozorov TikTok tarmog‘ida «Maktab – qul kampirlar va omadsizlar yosh avlodni qul va omadsiz bo‘lishga o‘rgatadigan joy» degan gapi asos bo‘lgan.

21 - yanvar kuni Toshkentning Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi shu kunga qadar uy qamog‘ida saqlanayotgan Bozorovga 3 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Mahkama boshlanganidan bir kun o‘tib e’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, Bozorov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi g-bandi bilan «g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat» qilishda aybdor, deb topilgan.

Maqola muallifiga ko‘ra, bu ikki bloger ishi O‘zbekistonda so‘z erkinligi cheklangani hamda so‘z va ifoda erkinligi ustidan davlat nazorati saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Dekabrь oyida Human Rights Watch (HRW) tashkiloti Orifxo‘jayevga qo‘yilgan «asossiz» ayblovlarni bekor qilish va uni zudlik bilan ozod qilishga chaqirgandi.

Tashkilot o‘z bayonotida Orifxo‘jayevning fikrlari kim uchundir bahsli bo‘lishi mumkinligi, ammo zinhor jinoyat emasligini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG