Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:37

“Terror, xaos va siyosiy bosim”. Harbiy ekspert Ukrainaga yoppasiga hujumdan ko‘zlangan maqsad haqida


Kiyev, 10-oktabr, 2022
Kiyev, 10-oktabr, 2022

Qrim ko‘prigida yuz bergan portlashdan ikki kun o‘tib – 10-oktabrda Rossiya Ukrainaga qarata 83 ta raketa otdi, shundan 43 tasini havo hujumidan mudofaa kuchlari urib tushirdi. Shu kuni Ukraina urush boshlanganidan beri eng ko‘lamli hujumga uchragani aytilmoqda. Portlashlarda 19 kishi o‘ldi, yuzdan ziyod odam yaralandi.

Conflict Intelligence Team asoschisi Ruslan Leviyev fikricha, Rossiyaning ushbu zarbalari harbiy nuqtai nazardan hech bir ma’noga ega emas. Ukrainaning qator viloyatlarini elektrsiz qoldirgan taqdirda ham Rossiya ukrain askarlarini asir tushishga majburlay olmaydi, front “sochilib ketmaydi”, deydi Leviyev.

Conflict Intelligence Team asoschisi Ruslan Leviyev.
Conflict Intelligence Team asoschisi Ruslan Leviyev.

– Ushbu zarba faol yerusti harbiy amaliyoti muqaddimasi bo‘lishi mumkinmi?

– Yo‘q. Mutlaqo. Xavfsizlik kengashi yig‘ilishidan so‘ng Vladimir Putinning o‘zi ham bayonotida ochiq aytdi buni. Avvaliga u, o‘z ta’biricha, “Ukrainaning terrorchilik xurujlari”ni sanadi: Kursk AES elektr tarmog‘iga hujum, “Turk oqimi” gaz quvurini portlatishga urinish bo‘lganini tilga oldi. Shundan so‘ng “Ukrainaning bunaqa terrorchilik uslubiga javoban biz uning energetika infratuzilmasi, harbiy obyektlari va aloqa tarmoqlariga zarba berishga qaror qildik”, dedi. Ya’ni, bu yerda biron harbiy mantiq yo‘qligini, bu faqat qasdlashuv va o‘ch olish ekanini Putinning o‘zi tan olib turibdi. “Sizlar terrorchilik qilgan bo‘lsalaring, biz ham shunday qilamiz”, dedi go‘yo. Chamamda Rossiya rahbariyati o‘zining “biz o‘ta aniq tegadigan qurollar bilan faqat harbiy obyektlarni uramiz, tinch aholi va fuqaroviy infratuzilmaga zarar yetkazmaymiz” mazmunidagi iddaolaridan ilk daf’a chekindi. Oliy siyosiy rahbariyat ilk bor – Ukraina aholisini, qo‘shinlarni emas, aynan tinch aholini elektrsiz va issiqliksiz qoldirish uchun atay fuqaroviy infratuzilmaga qarata o‘t ochilayotganiga iqror bo‘ldi.

Bu esa, Jeneva konvensiyasiga binoan harbiy jinoyat sanaladi. Ammo harqalay maqsadlari nima o‘zi – Ukrainani sovuqda qoldirib, qiynashmi?

– Bu ham to‘g‘ri, lekin asosiy maqsad – terror, xaos yaratish, siyosiy bosim o‘tkazishga urinish. Qrim ko‘prigi porlatilishi muammo tug‘dirdi. Bu ko‘prik esa ramz sifatida – Ukrainaning bosib olingan va yaqinda “qayta guruhlanish” bahonasida tashlab chiqilgan Xarkov viloyati parchasidan qadrliroq. Putinni yaxshi ko‘radigan rus harbiylari ham Xarkov viloyatiga “bizning yerimiz” deb qaramaydi. Ammo Qrim ko‘prigi ular uchun muqaddas. Shu bois ham Putin o‘tgan safargidan ko‘ra qattiqroq javob berishi kerak edi.

Putin Xarkov fronti barbod bo‘lganida qisman safarbarlik e’lon qilgan bo‘lsa, bu gal Rossiyaning qudratini ko‘rsatib qo‘yishga qaror qildi, “mana, kerak bo‘lsa, 24- fevraldagidek yana Ukrainaning barcha hududlariga yoppasiga zarba berib, jiddiy shikast yetkaza olamiz”, demoqchi bo‘ldi. Xullas, menimcha, bu hujum Ukrainaning va umuman G‘arbning “esini kiritib qo‘yish” istagidir.

– Qrim ko‘prigiga berilgan zarbada biron harbiy ma’no bormi?

– Temir yo‘l ko‘prigining bir bo‘lagi ag‘darilganida harbiy effekt bor, deyish mumkin edi. Loaqal bitta to‘sini qulab, qatnov to‘xtab qolganida ham mayli edi. O‘shanda Ukraina janubidagi Rossiya kuchlari guruhi og‘ir ahvolda qolgan bo‘lur edi, chunki Qrim ko‘prigi – ta’minot yo‘lidagi muhim transport arteriyasidir. Xersondan Melitopol, Tokmak va Ilovaysk orqali o‘tgan temir yo‘l ham bor, lekin u bir izli – o‘tkazish quvvati cheklangan. Qolaversa, frontga yaqin bo‘lgani uchun u yo‘lning ba’zi joylari bombalardan vayron bo‘lgan. Xullas, ko‘prik, ayniqsa temir yo‘l ko‘prigi qulagan taqdirda bu ulkan harbiy samara keltirgan, Ukraina g‘alabasi va Xersonning ozod bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan bo‘lardi. Biroq yo‘l tezda tiklanib, cheklangan rejimda bo‘lsa ham qatnov qaytadan boshlangan ekan, ushbu zarba to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy effektga ega bo‘la olmaydi. Ammo, agar bu Ukrainaning ishi bo‘lsa – mamlakat QK yoki maxsus xizmatlarining dasti uzunligini namoyish etdi, rossiyaparastlarga, urushni qo‘llab-quvvatlovchilarga va umuman Rossiya harbiylariga jiddiy ruhiy bosim bo‘ldi.

Украинага босқин: 229-кун | Ракета ҳужумлари. Киев учун таҳликали тун
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:24 0:00

– Bizning Ukraina Xavfsizlik xizmatidagi manbalarimiz buni aynan “bizning ishimiz” deyishmoqda, garchi Kiyev rasman tasdiqlamagan bo‘lsa-da. Ukrainada “Rossiya 10- oktabrdagi kabi zarbalar berishda davom etsa, raketa zaxiralarini tezda bitiradi”, degan fikr bor. Bunga nima deysiz?

– Yo‘q. Bahorning oxirlaridan Rossiya “Kalibr” va boshqa rusumli olisdan uradigan qimmat raketalarini qo‘llashni kamaytirishni boshlagan edi. Oradan ko‘p o‘tmay Kiyevga chet davlatlar elchixonalari birin-ketin qaytdi, chunki bunaqa raketalar Kiyevga va frontdan uzoq boshqa shaharlarga kam uchib kelayotganini ko‘rishdi. O‘shanda biz “Rossiya bunaqa raketalardan katta qismini sarflab, favqulodda holatlar uchun “daxlsiz zaxira” qoldirdi, shekilli”, degan mazmunda izoh bergan edik. O‘sha favqulodda hol keldi – Qrim ko‘prigi portladi – va zaxiradan yana bir qismini ishlatib, “ko‘z qo‘rqitish aksiyasi” o‘tkazishga qaror qilishdi. Tabiiyki, bu hujumlar davomli bo‘lmaydi, “Kalibr”, “X-101” va boshqa uzoqdan urar raketalar bilan yalpi zarbalar shu bilan Rossiyaning navbatdagi jiddiy mag‘lubiyati, masalan, Xerson boy berilishidan so‘ng takrorlansa kerak.

O‘ylashimcha, Rossiyada bunaqa raketalarni ishlab chiqarish imkoniyatlari hamon mavjud, lekin harbiy sanoat quvvati har kuni shunaqa ko‘lamda zarba berishni ta’minlay olmaydi. Shu sababli raketalarni ayabroq ishlatishyapti.

– Yana bir muhim savol: Rossiya va Belarus mintaqaviy qo‘shinlar guruhini joylashtirishga kelishdi. Sizningcha, beloruslar urushga kiradimi?

– Biz bunaqa bo‘lishini kutmayapmiz, buning biron alomati ko‘rinmayapti. Belarus armiyasi, hatto to‘liq tarkibda frontga tashlangan taqdirda ham bunaqa keng ko‘lamli urush uchun urvoq ham bo‘lmasligini Shoygu ham, Putin ham tushunadi. Binobarin, Belarusning urushga qo‘shilishidan ma’no yo‘q, boz ustiga bu Aleksandr Lukashenko rejimiga katta siyosiy xatar tug‘dirgan bo‘lur edi. Uning o‘zi ham, fahmlagan bo‘lsangiz, qachonlardan beri taysallaydi.

Menimcha, bunaqa bayonotlar – Moskvaning G‘arb bayonotlariga javob reaksiyasi. Chunonchi, yaqinda AQSh prezidentining sobiq maslahatchisi Jon Bolton Vladimir Putin yadro qurolini ishga solgudek bo‘lsa, o‘zi ham qonuniy harbiy nishonga aylanadi, dedi. Shundan so‘ng Peskov chiqib “Vladimir Putin xavfsizlikda, barcha choralar ko‘rilmoqda” degan mazmunda izoh berishga majbur bo‘ldi.

Xullas, “mintaqaviy qo‘shinlar guruhi”ni joylashtirish – Rossiyaning ko‘zbo‘yamachiligi. Shu kunlarda Rossiyadan Belarusga eshelonlar, poyezdlar kelayotgani haqida xabarlar chiqyapti. Videolarda ko‘ryapmizki, ayrim eshelonlarda Rossiya askarlariga to‘la yuk vagonlari bor. Biz bu poyezdlar aslida Belarus omborlarida saqlanayotgan tanklar va zambaraklarni olib ketish uchun kelayotganini aniqladik. Texnikalar zaxiradan olinib, Belgorod viloyatiga olib ketilmoqda, chunki Rossiyaning o‘z qurol-aslahalari tugab boryapti.

– Rossiya armiyasining o‘zi Belarus hududidan hujumga o‘tsa-chi?

– Bizningcha, Kiyev va Chernigov yo‘nalishlarida hujumga o‘tishga kuchlari yetmaydi. Buni Rossiya armiyasi ham juda yaxshi tushunib olgan. Safarbarlik doirasida chaqirilgan askarlar bilan Lugansk viloyatini qo‘lda tutib qolishsa ham katta gap. Ko‘ryapsiz, Ukraina qo‘shinlari muttasil olg‘a siljiyapti, Limandan keyin, mana, Svatovoni sekin-asta qurshovga olishmoqda, tez orada bu shahar ham ozod etiladi. Shunday ekan, sharqiy front sochilib yotgan paytda Belarus tarafdan boshqa front ochilishini kutmang. Loaqal, safarbar qilinganlardan 200 ming kishilik sifatli qo‘shin tashkil qilmaguncha bu ishning iloji yo‘q.

– Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlariga yangi qo‘mondon tayinlandi – Sergey Surovikin. 10- oktabrdagi yalpi zarbalarda u qanchalik rol o‘ynadi? Rossiyaning taktikasi o‘zgaradimi?

– General Surovikin tinch aholi hayotini sariq chaqaga olmasligini bir marta ko‘rsatib qo‘ygan. Yodingizda bo‘lsa, 1991-yil avgustda avgust putchi chog‘ida Moskvada namoyishchilarni tanklar bilan bostirgan batalyonga u komandirlik qilgan edi. Ehtimol, o‘sha “xizmat”larini eslab bu lavozimga qo‘yishgandir. Chunki hokimiyatga sodiqligi ustiga har qancha qon to‘kishdan tap tortmaydigan kimsalar kam bo‘ladi. Ayni chog‘da biz uning rahbarligida Rossiya armiyasi harbiy, taktik va boshqaruv jihatidan o‘sadi, degan fikrdan yiroqmiz.

Украинага босқин: 227-кун | Қрим кўпригида портлаш, юк поезди аланга ичида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:40 0:00

Umuman, Rossiya armiyasida bunaqa yirik ko‘lamdagi urush tajribasi esa bitta ham qo‘mondon yo‘q. Ko‘pchilik Suriya urushini eslatib, Surovikin u yerda “qassob” laqabini olganini aytadi. Biroq Suriyada bo‘lgan harbiy amaliyotlar bilan Ukraina urushi o‘rtasida yeru osmon qadar farq bor. Suriyadagi tajriba bu yerda ish bermaydi. Qolaversa, Surovikin har gal qo‘shinlarni mohirona boshqargani uchun emas, balki sodiqligi tufayli ko‘tarilganini nazardan qochirmaylik. U havo qo‘shinlarida bir kun ham xizmat qilmagani holda Rossiya Havo-kosmik kuchlari bosh qo‘mondoni etib tayinlanganiyoq ko‘p narsani anglatishi mumkin.

XS
SM
MD
LG