Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:39

Termiz shahri sobiq hokimi 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi


Жиноят ишлари бўйича Термиз шаҳар суди
Жиноят ишлари бўйича Термиз шаҳар суди

Termiz shahri sobiq hokimi Isroil Xudoyberdiyev 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi 27-iyul kuni shunday hukm chiqardi.

Sobiq hokim O‘zbekiston Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, pora olish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish moddalari bilan ayblandi.

Isroil Xudoyberdiyev bilan birga yana 16 nafar mulozim, quruvchi va tadbirkor ham sudlandi.

Sudlanganlarning yaqinlari bu jinoyat ishini yuqoridan buyurilgan “zakaz” deb atab, ularning qamoqqa olinishi prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqovning ko‘rsatmasi bilan amalga oshirilganini iddao qilmoqda.

Termiz shahrining sobiq hokimi Isroil Xudoyberdiev 2022-yilda Qoraqalpog‘istondagi voqealar ortidan o‘sha paytdagi prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov ishdan olinganidan so‘ng hibs qilingan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi 27-iyul kuni Termiz shahri sobiq hokimi Isroil Xudoyberdiyevni 11 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

2016-yildan 2017-yilgacha Termiz shahar hokimi bo‘lib ishlagan Isroil Xudoyberdiyev O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 167 -moddasi 3 -qismi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, 205-moddasi 2- qismi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 206 -moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 210-moddasi(pora olish), 229-moddasi(o‘zboshimchalik) va 243 moddasi(jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan ayblandi.

Uyushgan jinoiy guruh a’zolari sifatida qamoqqa olingan Isroil Xudoyberdiyev o‘rinbosarlari, arxitektor, shahar loyihachisiga jarima jazosi qo‘llanilib sud zalidan ozod qilindi.

Qolgan sudlanuvchilar, qurilish firmalari rahbarlari turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi.

Sudlanganlarning yaqinlari bu jinoyat ishi prezident Administratsiyasining sobiq rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovning Qoraqalpog‘istondagi voqealar ortidan ishdan olinganidan so‘ng maxsus tashkillashtirilganini iddao qilmoqda.

Isroil Xudoyberdiyevning xotini Dilnoza Soqiyevaning aytishicha, prezident Administratsiyasida rahbar almashganidan so‘ng, Zaynilobiddin Nizomiddinovga yaqin ko‘rilgan barcha hokimlar birin-ketin qamoqqa olinib, ularning ustidan jinoyat ishi ochilgan:

“2022-yilda prezident administratsiyasida rahbariyat almashganidan keyin bir necha hokim qamoqqa olindi. O‘shalarning qatorida mening turmush o‘rtog‘im ham bor edi. Men sababini shunda deb o‘ylayman. Tepadan ko‘rsatilgan buyruqqa asosan, Bosh prokuratura tergovchisi Yorqin Xalilov tomonidan xo‘jayinimga nisbatan asossiz ravishda bir necha ayblov e’lon qilindi. Sudda xo‘jayinimga qarshi ko‘rsatmalar bosim ostida olingani isbotlandi. Masalan, “Yashil dunyo” bozorida “Kislovodsk” majmuasini qurgan Jalil degan tadbirkor, “tergovchi menga hokimga pora berganman deb yozib ber, seni chiqaramiz, dedi. Men esa yozmadim va qamoqni tanladim”, deb ko‘rsatma berdi”

Bundan avvalroq Prezident administratsiyasining yangi rahbari Sardor Umrzoqov Zaynilobiddin Nizomiddinov ishdan olinganidan so‘ng O‘zbekiston prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Qahramon Quranboyevga joylarda tekshiruv o‘tkazishga va aybdor mansabdorlarni jinoiy javobgarlikka tortishga topshiriq bergan edi:

“Qahramon Qo‘chqorovich. Ertagayoq gruppa tuzasiz va o‘zingiz bosh bo‘lasiz. Umuman ahvol yaxshi emas, tartibga solish kerak, kerak bo‘lsa jinoiy javobgarlikka tortish kerak. Hamma bor narsani ko‘tarib, oqni-oq, qorani-qora qilib, tartib o‘rnatib, kim aybdor bo‘lsa, hamma aybdorlarni jinoiy javobgarlikka chiqarish kerak. Buni Bosh prokuratura ta’minlab beradi. O‘zingiz xolis baho berib, qaytib kelasiz, bir haftada menga axborot berasiz, hurmatli Prezidentimizga axborot kiritamiz”.

Administratsiya rahbarining bu gapidan topshiriq prezidentning o‘zidan berilgani anglashiniladi.

Sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilganlardan yana biri, “Yashil dunyo” savdo majmuasining bosh quruvchisi Rahmat A’zamovning akasi Ahmad A’zamov ham bu jinoyat ishining “buyurtma” ekanligini aytadi:

“Sudda haqiqat bo‘lmadi. Bu buyruq, uyushtirilgan! Sababi bozor qurilgan, tayyor turibdi. Bir haftalik ishi qolganda ukamni qamayapti. Mayli, agar bozor qurilmay ukam pulini yeb ketganda edi, biz ukamning qamalishiga rozi bo‘lardik. Ukam hali to‘liq pulini ham olmagan. Sudda ko‘rdik, ularga ham bosim bo‘lgan, hammasi ko‘rinib turibdi. Hurmatli prezident, hammamiz Ollohdan qo‘rqaylik. Shuni qayta tekshiraylik. Xudodan qo‘rqadigan insonlar kelib bozorni tekshirsin. Agar kamchilik bo‘lsa biz rozimiz, ukamning qamalishiga. Yuqoridan bosim bo‘lyapti bu yerda, kimnidir buyrug‘i bajarilyapti”.

Sobiq hokim, “Yashil dunyo” savdo majmuasi qurilishida, ayblov xulosasida aytilganidek, "yangi savdo majmuasi qurilishini o‘ziga tanish pudratchi tashkilotlarga ajratib berish orqali, ular bilan jinoiy til biriktirgan holda savdo majmuasi qurilishi uchun ajratilgan pul mablag‘larini mansab mavqeidan foydalangan holda talon-taroj qilgan".

Isroil Xudoyberdiyevning advokati Sh.Mamirov o‘zining muzokara nutqida, uning himoyasidagi shaxsga 16ta epizod bo‘yicha qo‘yilgan ayblovlarning barchasi asossiz ekanligi haqida gapirib, suddan ba’zi epizodlar bo‘yicha jinoyat ishi tugatilishini, ba’zilar bo‘yicha esa “oqlov” hukmi chiqarishni so‘ragan edi.

Sudlanganlarning yaqinlari va advokatlar hukm bo‘yicha Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudiga apellyatsiya shikoyati kiritishini Ozodlikka aytdilar.

XS
SM
MD
LG