Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:54

Termiz "Hayvonot bog‘i"da Qizil kitobga kirgan ikki kiyik o‘lgani yuzasidan tekshiruv boshlandi


Xongul kiyigi Qizil kitobga kiritilgan
Xongul kiyigi Qizil kitobga kiritilgan

Termiz shahar "Hayvonot bog‘i"da 2020 - yilning 27 - dekabr tunida Qizil kitobga kirgan ikki Buxoro kiyigi (Xongul) noma’lum sabab bilan so‘yilib, boshqa hayvonlarga yedirilgani borasida Surxondaryo viloyat Termiz shahar prokuraturasi tergovgacha surishtiruv o‘tkazmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati vakili Ozodlikka ma’lum qildi.

Joriy yilning 2 - yanvarida termizlik hayvonsevar Elmira Sharifullinia "Termiz zooparkida hayvonlar nobud bo‘lgani" haqida Ozodlikka xabar bergan edi.

Termizlik bloger Otabek Sattoriy Qizil kitobga kirgan kiyiklar nobud bo‘lgani haqida o‘zi internetda yuritadigan blogda yozdi.

Elmira Sharifullinaning Ozodlik bilan suhbatda iddao qilishicha, “Zoopark ishchilari Yangi yilda yeyish uchun ikki kiyikni so‘yib, go‘shtini bo‘lib olishgan”. Sharifullina o‘z fikriga isbot sifatida so‘yilgan kiyik kallasi aks etgan suratni taqdim qildi.

Kiyik kallasi
Kiyik kallasi

Fotodagi kiyik kallasining Termiz "Hayvonot bog‘i"da 2020 - yil 27 - dekabr tunida so‘yilgan ikki xongul kiyigidan biri ekaniga aniq dalil yo‘q.

O‘zini Termiz shahar “Hayvonot bog‘i” rahbari Shuhrat Shaydullayevning yordamchisiman, deya Ozodlik muxbiriga tanishtirgan mulozim 26 - dekabrdan 27 - dekabrga o‘tar kechasi ikki kiyik o‘lganligini tasdiqladi.

Unga ko‘ra, "ozib-to‘zib ketgan kiyik o‘z ajali bilan o‘lgach", boshqa hayvonlarga ozuqa sifatida edirilgan.

Mulozim Qizil kitobga kirgan kiyiklarni zoopark xodimlari so‘yib edi, degan iddaolarni rad qildi.

Bloger Otabek Sattoriy
Bloger Otabek Sattoriy

Bloger Otabek Sattoriy uz videoblogida “kiyiklar o‘limida xodimlar ishtiroki haqida faktlari borligi va zooparkka ishgan kirgan paytda qiltiriq bo‘lgan xodimlarning sal o‘tmay, to‘lishib, semirib ketganini” iddao qiladi.

Termizlik Elmira Sharifullina Ozodlik bilan suhbatda iddao qilishicha, Yangi yil dasturxoni uchun ikki sog‘lom va semiz xongul kiyigi tanlanib, zoopark ishchilari tarafidan so‘yilgan va go‘shti bo‘lib olingan.

Xongul kiyigi O‘zbekistonning 10 nodir hayvonidan biri
Xongul kiyigi O‘zbekistonning 10 nodir hayvonidan biri

Surxondaryo viloyat prokuraturasi mulozimining dastlabki surishtiruv natijalariga tayanib aytishicha, zoopark ishchilari jinoiy niyatda kiyikni so‘yib yemoqchi bo‘lishgan va ularga "nimadir xalaqit berib", kiyik go‘shtini arslonlar turadigan qafasga keltirib tashlaganlar.

Hayvonot bog‘i mutasaddilari esa, ikki kiyik bir kunda nobud bo‘lganini aytmoqda.

Qizil kitobga kirgan hayvonlarning shubhali o‘limiini prokuratura tekshirmoqda.

Hayvonot bog‘i qaraydigan O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot ximati vakili surishtiruv tugashi bilan barcha ma’lumot taqdim etilishini bildirdi.

Termiz hayvonot bog‘idagi hayvonlar ochlikdan qiynalgani aytiladi
Termiz hayvonot bog‘idagi hayvonlar ochlikdan qiynalgani aytiladi

"Xongulim, jon gulim"

27 - dekabr kuni shubhali tarzda nobud bo‘lgan ikki kiyik xalqaro Qizil kitobga va O‘zbekistonda yashaydigan 10ta nodir hayvonlar ro‘yxatiga kirgan Buxoro xongul kiyigi hisoblanadi. Mutaxassislarga ko‘ra, dunyoda bu kiyiklardan faqat 1400ga yaqini saqlanib qolgan va shundan 582 donasi O‘zbekiston hududida. Paxta monokulturasi va ximikatlar bilan defoliatsiya qilish oqibatida bu kiyiklar kamaygani aytiladi.

1982 - yili SSSR hukumati O‘zbekistondagi Baday To‘g‘ay qo‘riqxonasiga 24ta kiyikni chet eldan olib kelib qo‘yib yuborgan va bu kiyiklar to‘qayda tabiiy ko‘paygani kuzatilgan. Buxoro kiyiginig yo‘qolib borayotgani o‘tgan asrning 80-yillaridagi o‘zbek ziyolilarini tashvishlantirgan. O‘zbek shoiri Mirzo Kenjabek 1984 - yili “Xongulim, men sensiz qandoq yashayman” degan she’riy marsiya yozgan edi.

Xongul kiyigi
Xongul kiyigi

Termiz "Hayvonot bog‘i"

Termiz "Hayvonot bog‘i" O‘zbekistonda ilk tashkil qilingan qadim maskanlardan biri. U 1938 - yilning birinchi sentabrida subtropik iqlimli 35 gektar maydonda tashkil qilingan edi. Buxoro amiriga oid fil va tovuslar hayvonot bog‘ining ilk turg‘unlari bo‘lgani aytiladi. 2001 - yilda Termiz "Hayvonot bog‘i" xalqaro andozalar talabiga javob beradigan tartibda qayta qurildi. Maskan xalqaro hayvonsevarlar ma’qullaydigan temir qafassiz bog‘- rog‘ shakliga ega. Hayvonlar bu yerda tabiatdagi o‘z hayot tarziga o‘ta yaqin muhitda yashayotgani aytiladi. "Hayvonot bog‘i"da jonivorlarning 140 turi mavjud bo‘lib, undan 18 turi Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan. Maskanda baliqlarning 15 turi; ham suvda, ham quruqlikda yashovchi hayvonlarning 2 turi; sut emizuvchilarning 94 turi mavjud. Bular orasida sher, yo‘lbars, fil¸qoplon, yenot, poni, xongul, qulon, har-xil maymunlar, qo‘ng‘ir ayiq, oq tirnoq ayiq hamda turli xil noyob qushlar bor.

Termiz shahar "Hayvonot bog‘i"ning tajriba botanika uchastkasida 120 turdan ortiq har-xil mevali va manzarali daraxtlar hamda butalar o‘stiriladi.

Sovet kinoxronikasi 1979 - yilda Termiz "Hayvonot bog‘i" haqida suratga olgan «Eng janubiy» hujjatli filmi xalqaro tanlovda maxsus sovringa loyiq ko‘rilgandi.

Termiz "Hayvonot bog‘i" dunyodagi barcha hayvonot bog‘lari bilan aloqalarga ega.

Termiz shahar "Hayvonot bog‘i"
Termiz shahar "Hayvonot bog‘i"

XS
SM
MD
LG