Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:37

"Taroziga turing!" - O‘zbekistonda hamshiralar uyma-uy yurib odamlar tanasini o‘lchamoqda


Xonadonlar eshigini taqillatayotgan sog‘liq posbonlari faqat odamlarning vazni va tana ko‘rinishini daftarga tushirayotgani yo‘q
Xonadonlar eshigini taqillatayotgan sog‘liq posbonlari faqat odamlarning vazni va tana ko‘rinishini daftarga tushirayotgani yo‘q

O‘zbekistonda tibbiyot xodimlarining uyma-uy yurib, odamlar tanalarini o‘lchayotgani hajv va xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan shifokorlar bu antroponomik tadqiqot bo‘lib, O‘zbekiston prezidentining 2020 - yil 12 - noyabrdagi farmoniga muvofiq amalga oshirilayotganini aytishdi.

Xorazmning Urganch tumanida yashovchi 78 yoshli Shakarjon Madraimova xalat kiygan hamshiralarning uyiga eshik taqillatib kirib kelishi kutilmagan hol bo‘lganini aytadi.

"Qo‘lida tarozi, o‘lchaymiz, deydi. Qo‘rqib ketdim. Yana birining qo‘lida metr. Ko‘krak va qorin qismini o‘lchashdi. Keyin taroziga turing, deyishdi. Sizniki hammasi me’yorida ekan, deb hammasini daftarga tushirib ketishdi. Qo‘shnilardan so‘rasam ularni ham taroziga tortib o‘lchab ketishibdi", - deydi Madraimova.

O‘zbekistonda odamlar vazni va tanasi hajmi o‘lchanmoqda.
O‘zbekistonda odamlar vazni va tanasi hajmi o‘lchanmoqda.

Xonadonlar eshigini taqillatayotgan sog‘liq posbonlari faqat odamlarning vazni va tana ko‘rinishini daftarga tushirayotgani yo‘q.

Ular har bir oilaning kundalik hayoti bilan ham qiziqmoqda.

"It bormi, mushuk bormi. Gigiyena uchun uyda suv bormi. Uyda nechta odam yashaydi. Chetga ketganlar bormi. Xuddi bir xavfsizlik xizmatining ayg‘oqchisiday uyda nechta odam turishidan tortib nima ish bilan shug‘ullanishlari haqida ham so‘rab, daftarga yozyapti. Nima uchun qilyapsizlar buni, desak tushuntirib bera olishmaydi", -deydi Urganch tumanida yashovchi Sulton Bekjonov.

Urganch tuman Tibbiyot birlashmasi shifokori Quronboy Ro‘zmetov Ozodlik bilan suhbatda xavotirlar o‘rinsizligini aytar bu antroponomik tekshiruvlar O‘zbekiston prezidentining "Tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish orqali jamoat salomatligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 2020 - yil 12 - noyabr kungi farmoniga muvofiq amalga oshirilayotganini ta’kidlaydi.

"Odamlarni sog‘ligini o‘ylab qilinayotgan ish bu. Faqat vazni o‘lchanayotgani yo‘q. Qon bosimi, nafas olish tezligi va pulsi, bo‘y, bo‘yi uzunligi vazniga to‘g‘ri keladimi, bel hajmi ham kabi ma’lumotlar to‘planyapti. Uyda bolalar bo‘lsa, boshining hajmi ham o‘lchanyapti, bolaning rivojlanishi, o‘sishi qanday. Hammasi yig‘ilyapti. Vazni katta bo‘lsa yoki boshqa o‘lchamlari me’yorga to‘g‘ri kelmasa, ularga sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi", - deydi Ro‘zmetov.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylariga ko‘ra, boshlanishida Xorazm viloyatida tajriba tariqasida boshlangan bu tadqiqot hozirda butun mamlakat miqyosida o‘tkazilmoqda.

"Maqsad yagona elektron ma’lumotlar bazasini tuzib, sog‘ligi xavf yoqasiga kelganlar guruhini aniqlash. Koronavirus pandemiyasi yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet kasalligiga moil bo‘lgan juda ko‘p vaznli odamlar borligini ko‘rsatdi", - deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan SSV rasmiysi.

O‘zbekistonda odamlar vazni va tanasi hajmi o‘lchanmoqda.
O‘zbekistonda odamlar vazni va tanasi hajmi o‘lchanmoqda.

"Egnim 56, oyog‘im 42-midiey, vallohu a’lam..."

Ijtimoiy tarmoqlarda xalat kiygan tibbiyot xodimlarining uyma-uy yurib, odamlar tanalarini o‘lchayotganini hajv qilayotganlar ham bo‘ldi.

"Tekinga kiyim tarqatishar ekan. Menikini ham daftarga yozib qo‘yinglar. Egnim 56, oyog‘im 42-midiey, vallohu a’lam...", - deb yozdi Donyor Ahmedov ismli Feysbuk foydalanuvchisi.

Yo‘ldosh Xorazmiy ismli yana bir foydalanuvchi esa: "Ortiqcha vazni borlarga go‘sht solig‘i joriy qilisharmish, go‘shtni ko‘p yeganlari uchun", deya zaharxanda qildi.

Gulchehra Qodirova: "Davlatning beminnat dastyorlari hamshiralar bor ekan, ichki ishlar vazirligi bilan xavfsizlik hizmatlarininig nima keragi bor. Topshiriq bersangiz, kim uyda nima yeb, nima ichayotganigacha yozib, olib kelib beradi", deya izoh qoldirgan.

O‘zbekistonlik blogger Mirza-Anvar Abdulla Hamid esa o‘z sahifasida bunday yozdi:

"O‘zbekiston aholisining qon bosimi, nafas olish tezligi va puls, bo‘yi, vazni, bel hajmi kabi ma’lumotlarni to‘playdigan ishchilar jamoalari tuzilgan bo‘lib, ular bolalarning ham rivojlanish anomaliyalari uchun tekshirish, bosh hajmini o‘lchash bilan shug‘ullanishar ekan. Agar, bu ish jiddiy bo‘lsa, tahsinga sazovor, albatta! Aholining sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotlarni yagona reestrga joylashtirish, mamlakat bo‘ylab tibbiy, ijtimoiy muammolarni hal qilishda juda katta yordam beradi. Ammo, shunchaki xo‘jako‘rsinga, aholi orasida ish olib borilayotganini ko‘rsatish uchun qilinayotgan bo‘lsa, shuncha olamning vaqti, bu amaliyotga sarflangan mablag‘larga achinmasdan iloji yo‘q! Sardoba fojiasi, pandemiya sharoiti hukumatning o‘z aholisining ijtimoiy ahvoli, tibbiy muammolariga panja orasidan qarayotganligini yaqqol ko‘rsatdi. Bu tadbirga ham aholi ana shunga qarab baho berishi tabiiy!".

Semizlik katta xavfmi?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlarida mamlakatda semizlikni kamaytirish zarurligi haqida ko‘p gapirgan.

Uning 2020 - yil noyabr oyida imzolagan farmoni muqaddimasida “sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotga aylantirish zarur ekanligi” ta’kidlangan.

Farmonda bundan buyon vazirlik, idora, korxona, tashkilot, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari va xodimlarining ham semizlik darajasi nazorat qilinishi aytilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2030 - yilga borib, Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistonda semizlik va aholining turmush tarzi bilan bog‘liq kasalliklar asosiy muammoga aylanishi haqida oohlantirgan.

Tashkilot to‘rt yil avval o‘tkazgan tadqiqot O‘zbekiston aholisining uchdan ikki qismi yetarli miqdorda sabzavot va meva-cheva iste’mol qilmasligini ko‘rsatgan.

Mamlakat aholisining yarmi ortiqcha vaznga ega. Yoshi katta fuqaroning har beshinchisida semizlik aniqlangan.

Aholining 46.3 foizida qondagi xolesterin darajasi yuqori bo‘lgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 12 - yanvarda e’lon qilgan bayonotida “O‘zbekiston JSSTning maxsus tavsiyalari hamda quvvatlovidan foydalanib, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish yo‘lida muhim qadamlarni tashlayotgani"aytiladi.

Tashkilot fikricha, O‘zbekiston hukumati keyingi paytlarda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini va ovqatlanish sifatini oshirish uchun bir qator choralarni ko‘rgan.

Ayni paytda JSST bayonotida O‘zbekistonda qayd etilayotgan barcha o‘limlarning taxminan 79%i yuqumli emas kasalliklar ekanligi, bevaqt o‘limlarning bosh sababi esa, yurak qon-tomir tizimi kasalliklari ekanligi qayd etilgan. Tashkilot fikricha, bunday ko‘rinish kashandalik, spirtli ichimliklar ichish va nosog‘lom ovqatlanish bilan bevosita bog‘liq.

XS
SM
MD
LG