Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:34

Tarmoqlar qahramoni: Andijonda hokim tadbirkorni "shakal", "it tuqqan" deb haqoratlagan yana bir audio tarqaldi


Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga nisbat berib, tarqatilgan yana bir audio e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Audioda Savdo sanoat palatasi raisi Adham Ikromov ishtirokidagi bir yig‘ilishda qatnashganini aytgan mulozim, tadbirkorlarni "shakal", "it tuqqan", "to‘ng‘iz", deb haqorat qilganini o‘zi e’tirof etadi.

13 - noyabr kuni viloyat hokimining 3 ayolni 15 sutkaga qamatganini e’tirof etgani qayd etilgan audio tarqalgan va viloyat hokimligi matbuot xizmati, audiodagi ovozning Shuhrat Abdurahmonovga tegishli ekanini tasdiqlagandi.

14 - noyabr kungi audiodagi ovoz, bir kun avvalgi audio hamda bunga qadar Andijon viloyati hokimiga tegishli, deb Ozodlikka taqdim qilingan boshqa audiolardagi ovozga aynan o‘xshashdir.

14 - noyabr kuni tarmoqqa tushgan audioda mulozim shunday deydi:

"U (Adham Ikromov — tahr.) tushuntiryapti, unday bo‘ladi, bunday bo‘ladi. Ishinglar bo‘lsa mana nomer, 1100 ga murojaat qilaverasizlar. U misollar keltirib, tushuntiryapti. Bormi murojaat qiladiganlar desa, uchtasi qo‘l ko‘taryapti. Keyin meniki qo‘zib ketadi-ku: "Tur o‘rningdan, nima murojaating bor", dedim. "Ha endi", degandi, "Ayt endi, ha endilamasdan", dedim. U tushunmay qo‘lini ko‘tarvordi-da. "Aytasan, Andijon shahardagi shakal", dedim. Aytasan desam, bekityapti".

Shuningdek, audioyozuvda mulozim, zalga yig‘ilgan tadbirkorlarga qarata: "Senlarni odam tuqqanmi, yo it tuqqanmi? E semirmay o‘l, to‘ng‘iz", deb xitob qilgani ham qayd etilgan.

Bu audio haqida mahalliy nashlar ham xabar qildi.

Ammo, hozircha bu audioyozuv borasida Andijon viloyat hokimligi yoki hokimning o‘zi biror munosabat bergani Ozodlikka ma’lum emas.

13 - noyabr kuni Shuhrat Abdurahmonovga tegishli ekani aytilgan yana bir audio tarqalgan va unda hokim “qichiq savol bergan” jurnalistlarni “hezalak” deya haqorat qilib, o‘ziga “sassiq gapirgan” marhamatlik uch nafar ayolni "15 sutkaga qamatgani"ni aytib maqtangan.

13 - noyabr kuni bu audioga izoh bergan Andijon viloyat hokimligi matbuot xizmati undagi ovoz viloyat hokimiga tegishli ekanini tasdiqlagan, ammo audioyozuvning 2 yil muqaddam yozilganini urg‘ulagan.

Buni, hokimiyat vakillariga qaratilgan tanqidlari bilan tanilgan Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham tanqid qilib, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovni fuqarolarga nisbatan feodal boshqaruv usulini qo‘llashda aybladi.

Kusherbayevga ko‘ra, Andijon viloyat hokimining bu gaplarni qachon aytgani muhim emas.

“Muhimi – u Lenin sabab boshlangan “boshqaruv maktabi”ning sodiq vorisi bo‘lib, vakillik, sud organlari ustidan amalda mutlaq hokimiyat o‘rnatib olgan feodal zamoniga mos insonligi”, deb yozdi Kusherbayev.

Andijon viloyati hokimiga tegishli mazkur audioyozuv Internet tarmog‘ining o‘zbek segmentida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Bu viloyat rahbarining qo‘l ostidagi xodimlarini haqorat qilishiga oid, Ozodlikka ma’lum ilk holat emas.

2019 - yilning yozida ham Shuhrat Abdurahmonovning korxona-tashkilotlar rahbarlari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda rahbarlarini inson sha’nini tahqirlovchi so‘zlar bilan haqorat qilgani yozilgan audio Ozodlikka kelib tushgan.

Audioyozuvda mulozim boshqarmalardan birining boshlg‘ini “iflos, hayvon, shakal, hezalak, karranda, maymun” kabi so‘zlar bilan haqoratlagan.

Aslida, o‘z qo‘l ostidagi mulozim va ishchilarni majlislarda haqorat qilish, ularga baqirish va tahdid qilish, ba’zan esa kaltaklash amaliyoti mamlakatdagi rahbarlar orasida tez-tez uchrab turadi.

Bundan tashqari, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va Farg‘ona viloyatining sobiq rahbari va joriy bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevning, o‘z xodimlaridan tashqari, jurnalist va blogerlarga ham tahdid qilgani qayd etilgan audiolar ham noroziliklarga sabab bo‘lgan.

Xususan, Farg‘ona viloyati sobiq hokimi Sh. G‘aniyevning xulqi Senatda alohida muhokama qilingan, unga sinov muddati ham berilgan edi.

Prezident Mirziyoyev o‘z chiqishlarida jurnalist va blogerlarni himoya qiladi, videoselektorlarda hokimlarni bunday xulqi uchun tanqid qiladi.

Ammo, hozirga qadar aynan haqorat va tahdidlari ortidan biror mulozim ishdan olingani yoki iste’fo bergani kuzatilmadi.

XS
SM
MD
LG