Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:49

Tahlil: Trampga suiqasd AQSHdagi prezident sayloviga qanday ta’sir qiladi?


Xavfsizlik xodimlari prezidentlikka nomzod Donald Trampni suiqasd sahnasidan olib chiqib ketmoqda. 13-iyul, 2024.
Xavfsizlik xodimlari prezidentlikka nomzod Donald Trampni suiqasd sahnasidan olib chiqib ketmoqda. 13-iyul, 2024.

AQSHning sobiq prezidentiga qarshi suiqacd urinishi yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovlari oldidan saylov kampaniyasida jiddiy to‘lqin paydo qilmoqda. “Ozodlik” Pensilvaniyada ro‘y bergan suiqasd urinishi Oq uy uchun saylov poygasida ne chog‘li ahamiyatga ega bo‘lishi haqida tahlilchilar bilan suhbatlashdi.

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampga suiqasd uyushtirildi. So‘nggi qirq yildan ko‘proq vaqt ichida birinchi marta bu suiqasddan xalq shokka tushdi.

20 yoshli yigit yarim avtomatik o‘qotar qurol yordamida amalga oshirgan hujum ikki keksa nomzod o‘rtasidagi zerikarli saylov poygasi sur’atini o‘zgartirishi mumkin.

13-iyul oqshomida Pensilvaniya shtatining Batler shahrida saylovoldi tashviqoti yig‘inida nutq so‘zlayotgan Trampga qurolli shaxs bir necha marta o‘q uzgan. Tramp hujumda biroz jarohat olgan, biroq o‘zini yaxshi his qilmoqda. O‘ldirilgan jinoyatchining bu qilmishi sabablari xali aniq emas.

Otishma Respublikachilar partiyasining Milliy qurultoyiga ikki kun qolganda sodir bo‘ldi, unda Tramp partiyadan rasman nomzod sifatida ko‘rsatilishi kutilmoqda. Qurultoylar haqiqiy prezidentlik kampaniyasi boshlanishi belgisidir.

«Ozodlik» radiosi mutaxassislar bilan suhbatlashib, bu saylov poygasiga qanday ta’sir qilishi mumkinligini muhokama qildi.

Доналд Трампнинг сайловолди митингида ўқ овозлари эшитилди. Трамп эвакуация қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:12 0:00

Suiqasd urinishi Trampning saylovlarda g‘alaba qozonishiga sabab bo‘ladimi?

Ijtimoiy tarmoqlar suiqasd Trampga siyosiy jihatdan foyda keltirishi haqidagi sharhlar bilan to‘ldi. Darhaqiqat, X ijtimoiy tarmog‘ining egasi va katta ta’sirga ega bo‘lgan milliarder Ilon Mask 13-iyuldagi otishmadan so‘ng darhol Trampni qo‘llab-quvvatladi.

Poyga keskinlashganda, so‘rovlardagi har qanday o‘zgarish juda muhim. Biroq, ekspertlar bu voqeaning to‘rt oydan keyin o‘tadigan saylovga qanday ta’sir ko‘rsatishiga shubha bilan qaraydi.

Kortlenddagi Nyu-York shtat universitetining siyosatshunoslik professori Robert Spitserning aytishicha, Tramp vaqtincha kuchayishi mumkin, ammo bu noyabrgacha davom etmaydi.

“Shunday ekan, qurultoydan keyin Trampning nomzodi kuchayishini kutish mumkin. Bu suiqasd urinishi tufayli u biroz yuqorilashadi. Ammo menimcha, bir necha hafta ichida Tramp va Prezident Baydenning nisbiy pozitsiyasi oxirgi bir-ikki oy ichidagiga qaytadi”, deydi u “Ozodlik” radiosiga.

Siyosiy tarix professori Metyu Dellek aytishicha, siyosatdonlar o‘ziga nisbatan uyg‘ongan simpatiyani saylovdagi g‘alabaga aylantira olmaganini ko‘rsatadi.

“Teodor Ruzveltga 1912-yilda prezidentlik uchun saylovoldi tashviqoti paytida o‘q uzishgan, ammo baribir yutqazgan. 1950-yilda prezident Garri Trumenga qilingan suiqasd uning Demokratik partiyasining o‘sha yil oxirida bo‘lib o‘tgan oraliq saylovlarda katta yutqazishi oldini olmadi. Prezident Jerald Fordga 1975-yili ikki marta suiqasd uyushtirildi. Oradan bir yil o‘tib ham u prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘ldi”, deydi u.

Bu suiqasd zo‘ravonlikka olib boradimi?

Dellek zo‘ravonlik kuchayishidan xavotirda.

"Zo‘ravonlik zo‘ravonlikni keltirib chiqaradi, shunday emasmi? Bu shiddatli hujum va keyin birdan hamma narsa tinchlanishini anglatmaydi. Menimcha, bu hujum keyingi bir necha oy va yillar davomida mamlakatni yanada xavfliroq joyga olib boradi», deydi u.

Dellekning ta’kidlashicha, so‘rovlar so‘l va o‘ngdagi ozchiliklar siyosiy zo‘ravonlikni oqlay boshlashini ko‘rsatmoqda va "bu, albatta, juda tashvishli", deydi u.

Spitser bu daqiqadan mamlakatni birlashtirish va bo‘linishlarini butlash uchun foydalanish kerakligini aytdi, biroq u g‘azabnok "chekka elementlar" o‘z tarafdorlarini qurollanishga undashi mumkinligidan ogohlantiradi.

"Afsuski, menimcha, bu qorong‘i tomoni", dedi Spitser.

Otishma Respublikachilar qurultoyidagi ritorikaga qanday ta’sir qiladi?

Dellekning aytishicha, Trampga suiqasd saylov kampaniyasining asosiy mavzusi bo‘lishi mumkin.

“Menimcha, ular Trampni mamlakat va uning tarafdorlari manfaati uchun o‘zini qurbon qiladigan shaxs sifatida ko‘rsatishadi”, deydi u.

"Tramp buni o‘zining "kuchli odam" imijini mustahkamlash uchun ishlatishi mumkin, deydi Dellek, bu uning ko‘plab tarafdorlariga jozibador ko‘rinadi.

Трамп тарафдорлари Конгрессга бостириб кирди. Вашингтонда комендантлик соати жорий қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:16 0:00

Bu saylov kampaniyasidagi ritorikaga qanday ta’sir qiladi?

Demokratik partiya saylovoldi reklamalarini vaqtincha to‘xtatishini e’lon qildi, Dallekning aytishicha, bunday holatda shunday bo‘lishi odatiy hol.

Biroq, ular Trampni demokratiyaga tahdid deb uqtirishini o‘zgartiradimi yoki yo‘q, noma’lum.

Mish-mishlarga ko‘ra, Trampning vitse-prezidentlik lavozimiga nomzodlaridan biri bo‘lgan senator J.D. Vens (Respublikachi Ohayo shtati) Baydenning saylovoldi tashviqoti suiqasdga sababchi ekanini aytdi. Spitserning aytishicha, Bayden yoki uning kampaniyasi bunday zo‘ravonlikni qo‘zg‘atish uchun hech narsa aytgan yoki qilgan emas.

Dellekning ta’kidlashicha, Tramp Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosining erini hujum uchun ayblab, hazil qilgan.

Tramp, shuningdek, o‘z tarafdorlarini 2021-yil 6-yanvarda Kapitoliyga hujum qilishga undaganlikda ham ayblangan. O‘shanda bir odam otib o‘ldirilgan edi.

Dellekning aytishicha, saylovoldi chiqishlar ko‘p ham o‘zgarmaydi.

"Bu voqealar zo‘ravon ritorika va ayblovlar xarakterini tubdan o‘zgartirayotganga o‘xshamaydi", deydi u.

Immigratsiya ritorikani keskinlashtiradigan mavzulardan biri. Bu Tramp Baydenning siyosatini tanqid qilish uchun foydalanadigan asosiy siyosiy masala bo‘lishi mumkin. Baydenning prezidentlik davrida misli ko‘rilmagan miqdordagi hujjatsiz muhojirlar Qo‘shma Shtatlarga kirib kelgan.

Suiqasdchining siyosiy motivlari muhimmi?

Ba’zilar Trampga qilingan hujumda ruhiy kasallikni sabab qilishga urinishi mumkin bo‘lsa-da, siyosatchilarga nisbatan zo‘ravonlik tarixan hujumchining g‘oyalariga bog‘liq bo‘lib kelgan, deydi Dellek.

Ular "ritorika va g‘oyalardan ilhomlanadi va rag‘batlanadi", deydi u. Prezident Jerald Fordga suiqasd uyushtirishga uringanlardan biri AQSHning Vyetnamdagi urushini tugatish umididagi urushga qarshi radikal bo‘lgan.

Bunday odamlar Qo‘shma Shtatlardagi "kengroq siyosiy zo‘ravonlik madaniyatining bir qismidir". [Ular] Amerika siyosiy an’analarining bir qismi, bu juda xunuk, ko‘pchiligimiz uning yo‘qolishini istaymiz. Menimcha, bu odam nimani o‘ylaganini aniqlashga harakat qilish kerak”.

Demokratlar suiqasddan qurol nazoratini asosiy saylovoldi masalasiga aylantirish uchun foydalanishi mumkinmi?

Trampga hujum yarim avtomatik o‘qotar qurol yordamida amalga oshirilgan, bu esa qurol nazoratini saylovoldi tashviqotida asosiy muammoga aylantirgan. Demokratlar ko‘p yillar davomida maktablardagi otishmalarda qo‘llangan yarim avtomatik qurollarni qo‘lga kiritish odamlarga oson bo‘lib qolganini ta’kidlab keladi.

Joriy yil boshida Milliy Qurol assotsiatsiyasiga qilgan murojaatida Tramp o‘zini “Qurol egalari uchun eng yaxshi do‘st” deb atagan va agar u lavozimiga qaytsa, Bayden ma’muriyati qabul qilgan qurol nazorati bo‘yicha qonunlarni bekor qilishga va’da bergan.

"Bu turdagi qurollardan foydalanishning qulayligi va zo‘ravonlik, ayniqsa, ommaviy zo‘ravonlik uchun yarim avtomat tipidagi qurollardan foydalanish ortib borayotgani... Menimcha, bu masalalar yaqin kunlar va haftalarda Bayden lageri tomonidan juda jiddiy muhokama qilinadi", deydi Spitser.

Dellek hujumdan keyin qurol nazorati muhimroq masalaga aylanishini kutsa ham, bu hal qiluvchi masala bo‘ladi deb o‘ylamaydi. Uning aytishicha, amerikaliklarning aksariyati qurol masalasida allaqachon qat’iy qarashlarga ega va bu suiqasd ularni o‘zgartirmaydi.

"Agar boshlang‘ich maktab o‘quvchilarini qurol bilan o‘ldirish milliy miqyosda jiddiy qabul qilinmayotgan ekan, men bu hujum yoki boshqa hujum odamlar fikrini o‘zgartiradi deb o‘ylamayman", deydi u.

“Qurol nazorati masalasi bu saylovda asosiy masala sifatida ko‘mildi, uni yuqori darajaga ko‘tarish mumkin, lekin menimcha, bu qandaydir keskin o‘zgarish bo‘lmaydi. Respublikachilar va demokratlar bu masala bo‘yicha o‘z qarashlarini o‘zgartirishini kutmayman», deydi Dellek.

XS
SM
MD
LG