Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:03

Tahlil: Putin nima uchun Ukraina sharqidagi ayirmachi hududlar mustaqilligini tan oldi?


Kuni kecha Rossiya prezidenti Vladimir Putin uzundan-uzoq nutq so‘zlab, Kiyev va G‘arbni keskin qoraladi. Nutqi yakunida Ukraina sharqida ayrim hududlarni nazorat qilib kelayotgan va Moskva dastaklayotgan ayirmachi hududlarni mustaqil davlatlar o‘laroq tan olishini ta’kidladi va buni rasmiylashtirish uchun farmon imzoladi.

So‘nggi yillarda, hatto so‘nggi oylarda Putin bunday qaror chiqarishdan o‘zini tiyadi, degan fikr keng tarqalgan edi, chunki bunday qaror Moskvani Kievga nisbatan kuchli ta’sir dastagi – Minsk kelishuvlaridan mahrum qilgan bo‘lardi. Minsk kelishuvlari 2014 - yildan beri Donbassda 13 200 dan ortiq odam umriga zomin bo‘lgan urushni tugatishga hamda ayirmachilar va Ukraina hukumati o‘rtasidagi mojaroni hal qilishga qaratilgan edi.

Xo‘sh, nega Putin bunday yo‘l tutdi? Quyida bu savolga ayrim javoblar bilan tanishishingiz mumkin.

Botqoqqa botib qolgan Minsk kelishuvi

2015 - yil fevralida imzolangan va "Minsk-2" o‘laroq ma’lum bo‘lgan kelishuv Moskva tomonidan Ukrainaning ichki va tashqi siyosatiga kuchli ta’sir o‘tkazish vositasi o‘laroq ko‘rildi, chunki shartnoma Rossiya dastaklab kelayotgan kuchlarga ko‘plab erkinliklarni berdi.

Ayirmachilar 2014 - yilning bahoridan beri Donetsk va Lugansk viloyatlarini o‘z ichiga oluvchi Donbass hududini boshqarib keladi.

Ammo bitimning muhim jihatlari, jumladan, unda belgilangan qadamlar bo‘yicha Rossiya va Ukraina o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud. Putin bugunga kelib kelishuv Moskva shartlariga mos ravishda amalga oshirilishidan umidini uzgan bo‘lishi mumkin.

Kengroq urush oldini olish yoki uni shunchaki kechiktirish?

Putin 21 - fevral kuni kechqurun xalqqa qilgan murojaatini tinglar ekansiz, prezident qo‘shni davlatga harbiy hujumni e’lon qilishini kutgan bo‘lishingiz mumkin. Rossiya Ukraina chegaralari yaqinida 130 000 dan ortiq qo‘shin to‘plangani uchun AQSh Kreml istalgan vaqtda Ukrainaga hujum qilishi mumkinligini aytib keladi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ehtimoldan xoli emas: Putin o‘z nutqi davomida Ukraina haqidagi shikoyatlarini yana takrorladi. Rossiya prezidenti Ukraina bolsheviklar lideri Vladimir Leninning uydirmasi ekanini iddao qildi. Putinning so‘zlaridan Rossiya prezidenti uchun Ukrainaning ikki viloyati mustaqilligini tan olish yetarli emasligini xulosa qilish mumkin.

Bir necha tahlilchi Lugansk va Donetsk mustaqilligini tan olish Kiyevdagi hukumatni ag‘darishga qaratilgan yirik harbiy kampaniyaning ilk qadami ekanini taxmin qilmoqda.

Aftidan, Putin bu hududlar mustaqilligini tan olib, maqtanishga arzigulik yutuqni qo‘lga kiritgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Donetsk va Lugansk mustaqilligini tan olish Rossiya prezidentiga ikki narsa oldini olishga yordam beradi: Putin bu qarori bilan bir tomondan keng ko‘lamli bosqin va qon to‘kilishi oldini olishni, ikkinchi tomondan, Ukraina va G‘arb qat’iyati fonida yon bergani haqida ayblovlardan o‘zini himoya qilishni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin.

Rossiya bundan nari ham Ukrainaga harbiy bosim o‘tkazishda davom etishi mumkin. Donbassning o‘zida bu bosim har qachongidan ham kuchayishi ehtimoldan xoli emas: ayirmachilar nafaqat Donetsk va Lugansk viloyatlarining o‘z nazoratlari ostida bo‘lgan qismiga, balki ikki viloyatning butun hududiga da’vo qilmoqda. Shunday ekan, Putin ularning mustaqilligini tan olgani uchun ayirmachilar Donetsk va Luganskni butunlay egallab olishga harakat qilishini kutish mumkin.

Putin o‘z nutqi davomida Ukrainaning ba’zi hududlari haqli ravishda Rossiyaga tegishli bo‘lishi kerakligiga shama qildi. Rossiya prezidenti bu bilan Donetsk va Lugansk hududlarini to‘laligicha ayirmachilar qo‘liga o‘tkazishni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.

Rossiya Donbassni rasman o‘z hududiga qo‘shib olishi xavfi ham bor. Putinning kechagi murojaatidan oldin Kreml Xavfsizlik kengashi o‘tkazgan yig‘inda ikki Rossiya harbiysi aynan shunday bo‘lishini ta’kidladi, ammo keyinchalik bu harbiylar xatoga yo‘l qo‘ygani iddao qilindi.

Ichki tashvishlar

Putinning nutqidan uning maqsadi rossiyaliklarni kelajakda Ukrainani bo‘ysundirish uchun yanada tajovuzkor harakatlarga tayyorlash ekanini xulosa qilish mumkin. Putin fuqarolik jamiyati va muxolifatga nisbatan davomli va misli ko‘rilmagan tazyiqlar uni zaiflashtirganini hamda rossiyaliklar norozilik namoyishlariga chiqishi ehtimolini yo‘q qilganini yaxshi bilsa-da, COVID pandemiyasi va iqtisodiy qiyinchiliklar bilan kurashayotgan ko‘pchilik rossiyalik uchun Lugansk va Donetsk mustaqilligini tan olish qo‘shni mamlakat bilan yirik urush boshlashdan ko‘ra yaxshiroq tuhfa bo‘lishini tushunib turgani shubhasiz.

Kiyevni zaiflashtirib...

Kreml nazarida Lugansk Xalq Respublikasi (LXR) va Donetsk Xalq Respublikasi (DXR) mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi farmon Rossiyaga Ukraina hududining yana bir qismini qo‘lga kiritish imkonini beradi. Bundan sakkiz yil oldin Kreml Qrim yarimorolini Ukrainadan tortib olgandi.

Putin o‘z farmoni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni zaiflashtirishiga umid qilayotgan bo‘lishi mumkin. 2019 - yilda prezident etib saylangan Zelenskiy o‘z saylovoldi kampaniyasi davomida asosiy maqsadi Ukrainani hududini berib qo‘ymasdan Donbassdagi urushni tugatish ekanligini aytgan.

...G‘arbni bo‘lish

Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, bu G‘arbda birlikni kuchaytirib, AQSh va Yevropa Ittifoqining bir yoqadan bosh chiqargan holda javob qaytarishi ehtimolini kuchaytirgan bo‘lardi.

Putin Lugansk va Donetsk mustaqilligini tan olsa, G‘arb davlatlarini qanday javob berish va qanday sanksiya qo‘llash borasida kelisha olmasligiga umid qilayotgan bo‘lishi mumkin, ayniqsa, agar Rossiya va ayirmachilar Donbassda hukumat nazorati ostidagi hududga bostirib kirishga intilmasa va Moskva o‘z harbiylarini Ukraina chegarasi yaqinida olib ketishni boshlasa.

Ammo, aftidan, Rossiya hali-beri o‘z qo‘shinlarini Ukraina yaqinidan olib ketmoqchi emas.

Provokatsiya?

Putinning Lugansk va Donetsk mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi farmonidan Rossiya yaqin orada ushbu hududlarga harbiy yuborishi mumkinligini xulosa qilish mumkin. Rossiya harbiylari so‘nggi sakkiz yil davomida Donbassda faoliyat yuritib kelayotganini ko‘rsatuvchi ko‘p sonli dalillar bo‘lishiga qaramay, Moskva hududga harbiy yordam ko‘rsatayotganini zo‘r berib rad etib keladi.

Shuningdek, Putin o‘z farmoniga biror harbiy javob kutayotgan bo‘lishi mumkin, chunki bunday javob unga Ukrainada o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida kuch ishlatishiga yaxshi bahona bo‘lardi.

RAND Corportaion tahliliy markazi katta siyosatshunosi Samuel Charap "Twitter"da Putin nutqi haqida shunday fikr bildirdi:

"Mazkur dramatik nutqdan asosiy xulosa shuki, Rossiyada endilikda DNR va LNRga "hujumlarga" ayirmachilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy yordam ko‘rsatayotganini yashirmay javob qaytarishiga bahona bor".

"Rossiyada hatto o‘z qonunlariga binoan ochiqchasiga harbiy aralashuv boshlashga asos yo‘q edi, ammo endilikda mamlakatda bunday asos bor", deb yozdi Charap.

XS
SM
MD
LG