Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:42

Tahlil: AQSh nima uchun muayyan rossiyaliklarga qarshi sanksiya joriy qilishni ko‘rib chiqyapti?


Oq uy va AQSh rasmiylari Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, “og‘ir oqibatlarga olib keladigan” moliyaviy sanksiyalar joriy qilinishini aytib, tahdid solmoqda. Ko‘p sonli rossiyalik allaqachon G‘arb sanksiyalariga yo‘liqqan.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va uning ittifoqchilari Rossiya bilan savdo-sotiqni butunlay taqiqlash yoki embargo kabi keng qamrovli chora ko‘rishga kelishib olishi dargumon. Buning o‘rniga, inqiroz chuqurlashar ekan, muayyan sanoatlar va jismoniy shaxslar sanksiyalarga yo‘liqishini kutish mumkin.

Kreml AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan Rossiya rasmiylari va tadbirkorlariga nisbatan sanksiya joriy qilinishdan xavotirda emasligini aytmoqda. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov o‘tgan hafta Kongress a’zolari Rossiya qonunchiligi amaldorlarga chet elda mol-mulkka egalik qilishni taqiqlashini e’tiborga olmayotganini ta’kidladi.

AQSh sanksiyaga yo‘liqqan shaxslar katta moliyaviy zarar ko‘rishini aytmoqda. Masalan, oligarxlarning istalgan mol va xizmatlarni xarid qilish hamda investitsiya kiritish imkoniyati cheklanishi mumkin.

Muayyan sabablarga ko‘ra, AQSh Rossiyaga qarshi Kuba, Shimoliy Koreya va Eronga qarshi joriy qilingan ko‘lamda embargo joriy qila olmaydi. Bunday sabablarga geosiyosat, Yevropaning Rossiya tabiiy gaziga qaramligi va Rossiyaning ulkan hududi misol bo‘la oladi.

Quyida G‘arb nima uchun va qay yo‘sinda Rossiyadagi muayyan shaxslar yoki sanoatlarga qarshi sanksiya qo‘llashni afzal ko‘rayotgani haqida The Associated Press agentligida chop etilgan maqola tarjimasi bilan tanishishingiz mumkin.

Nima uchun tashkilotlar emas, shaxslar nishonga olinishi mumkin?

Ba’zida cheklangan sanksiyalar afzal ko‘riladi, chunki oddiy aholi zarar ko‘rishi yoki G‘arb manfaatlariga ziyon keltirish oldini olish imkonini beradi.

Yaqinda AQSh Kongressi tadqiqot xizmati hozirlagan hisobotda e’tirof etilishicha, AQSh va Yevropa Ittifoqi “Rossiyani xatti-harakatini o‘zgartirishga majburlay oladigan va shu bilan birga, Rossiya xalqiga va sanksiyalarni qo‘llayotgan mamlakatlarning iqtisodiy manfaatlariga zararni kamaytiradigan tarzda” sanksiya joriy qilishni rejalashtirmoqda.

Germaniya rahbariyati agar Rossiya Ukrainaga qarshi chora ko‘rsa, bu yangi “Shimoliy oqim – 2” gaz quvuri loyihasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytmoqda. Quvur Rossiya tabiiy gazini Ukrainani chetlab o‘tib, Germaniyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishni ko‘zlaydi. Loyiha to‘xtatilsa, Rossiya mo‘may daromadli bozordan mahrum bo‘ladi.

Nishonga olinishi mumkin bo‘lgan shaxslar kimlar?

Kongress tadqiqot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bir nechta siyosatga aloqador rossiyalik milliarder va ularning shirkatlari sanksiyalar nishoni bo‘lishi kutilmoqda. AQSh G‘aznachilik departamentining xorijiy aktivlar bo‘limi kamida 445 kishi va korxonani “maxsus belgilangan va taqiqlangan shaxslar” ro‘yxatiga kiritgan. Ro‘yxatga asosan Ukrainadagi beqarorlik hamda Rossiya Ukrainadan tortib olgan Qrimdagi aktivlar noqonuniy o‘zlashtirilishiga aloqador shaxslar va shirkatlar kiritilgan.

Nishonga olinish mumkin shaxslar orasida hukumat amaldorlari va davlat kompaniyalari rahbarlari, jumladan, Rossiya ichki ishlar vaziri, tashqi razvedka direktori, Federal jazoni ijro etish xizmati direktori hamda Rossiya parlamentining ikkala palatasi raislari bor. “Rosneft” va “Gazprom” davlat neft va gaz kompaniyalari, “Rostex” mudofaa kompaniyasi hamda bir necha bank bosh direktori ham sanksiyalarga yo‘liqishi mumkin.

AQSh o‘tmishda rossiyaliklarga qarshi qanday sanksiyalarni qo‘llagan?

Rossiya 2014 - yilda Qrimni bosib olib, anneksiya qilishi ortidan e’lon qilingan G‘arb sanksiyalari savdo cheklovlari, Amerika yurisdiksiyasidagi aktivlarni bloklash va AQSh moliya tizimidan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni o‘z ichiga olgandi. AQSh Xorijiy aktivlarni nazorat qilish idorasiga ko‘ra, bu cheklovlar hozirgi kungacha kamida 735 nafar jismoniy va yuridik shaxsga qarshi o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q.

O‘tgan yil davomida AQSh qo‘shimcha sanksiyalarni joriy qildi.

Joriy oyda AQSh Moliya vazirligi Rossiya hukumati ko‘rsatmasi bilan Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirish bilan shug‘ullanganlikda ayblangan to‘rt nafar kishiga (ularning ikkisi Ukraina parlamentining a’zosidir) sanksiya qo‘lladi. O‘tgan aprel oyida AQSh g‘aznachilik kotibi Jenet Yellen ”Rossiyaning g‘arazli xulq-atvoriga qarshi yangi AQSh kampaniyasi boshlanganini” e’lon qilishi ortidan 16 ta jismoniy va yuridik shaxs sanksiyaga yo‘liqqan edi.

Yaqinda Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki Rossiya prezidenti Vladimir Putin va yuqori lavozimli mansabdor shaxslar “2014 - yildagidan ancha og‘ir” jazoga tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Shaxslarga qarshi sanksiyalar naqadar samarali?

Shaxslarga qarshi sanksiyalar sanoatlarga qarshi sanksiyalar kabi samarali emas. Shu o‘rinda aytish joizki, AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Rossiyaning muhim sanoatlariga qarshi sanksiya joriy qilish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.

Shunday bo‘lsa-da, shaxslarga qarshi sanksiyalar nishonlari xalqaro miqyosda yakkamoxovlarga aylanishi mumkin. Masalan, AQSh Kongressidagi ayrim respublikachilar badiiy gimnastika bo‘yicha Olimpiada o‘yinlari oltin medali sovrindori Alina Kabayevaga sanksiya qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilishini xohlaydi. Kabayeva Putinning qiz do‘sti ekani aytiladi.

Putinning o‘ziga tegishli aktivlarni nishonga olish esa mushkuldir.

Jorj Vashington universitetining xalqaro biznes va xalqaro aloqalar bo‘yicha professori Shahrizoda Rahmon:

“Uning boyligi butun dunyo bo‘ylab yashiringan va uni aniqlash oson emas. Ammo bu uning hayotini murakkablashtiradi”, - dedi.

Bayden Putinga qarshi shaxsiy sanksiyalar qo‘llash ehtimoldan xoli emasligini aytgan. O‘tgan haftada Peskov Baydening bu sharhiga munosabat bildirar ekan, bunday harakat Rossiyaning AQSh bilan aloqalari uchun “siyosiy jihatdan halokatli” bo‘lishini aytdi.

Agar AQSh sanksiyalari Rossiyadagi iqtisodiy jihatdan muhim nishonlarga nisbatan qo‘llanilsa, bunday chora keng iqtisodiy ta’sirga ega bo‘lishi mumkin. Bunday natijaga erishish uchun ayrim holatlarda muayyan shaxslar va korxonalarga qarshi sanksiya joriy qilinadi. Shuningdek, ba’zan muayyan turdagi amaliyotlarga taqiq qo‘yiladi.

AQSh boshqa qanday jazo qo‘llashi mumkin?

Sanksiyalarni qo‘llash yoki tijorat faoliyatini cheklashda bir nechta AQSh federal agentligi ishtirok etishi mumkin.

AQSh Davlat departamenti viza berishni hamda xorijiy yordam ko‘rsatishni cheklashi mumkin, Savdo vazirligi esa tijorat eksporti uchun litsenziyalarni cheklashi mumkin.

Mudofaa vazirligi qurol savdosini cheklashi, Adliya vazirligi esa eksport qonunlarini buzganlarni javobgarlikka tortishi mumkin.

Shuningdek, Ichki xavfsizlik departamenti va Federal qidiruv byurosi AQShga sayohat qilish uchun berilgan vizalarni ko‘rib chiqishi mumkin.

XS
SM
MD
LG