Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:16

Tadqiqot: Xonaki tovuqning tarqalishida qadimiy Markaziy Osiyo muhim o‘rin tutgan


Yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyo tovuqning dunyoga tarqalishida muhim o‘rin tutgan.

Eurasianet nashrining tadqiqot xulosalariga tayanib yozishicha, arxeologlar uzoq vaqtdan beri Markaziy Osiyo janubidagi aholi punktlarida mo‘rt tuxum qobig‘i va suyaklarni topib keladi. Shuningdek, Markaziy Osiyo topilgan minglab yillik tarixga ega san’at asarlarida tuxumlar aks etgan.

Endilikda genlarni sekvensiyalash texnologiyasidagi so‘nggi yutuqlar olimlarga xonaki tovuqning Ipak yo‘li bo‘ylab tarqalishini yaqindan o‘rganish imkonini berdi.

Germaniyadagi Maks Plank nomidagi Insoniyat tarixi fanlari instituti xodimi Robert Spengler boshchiligidagi olimlar guruhi O‘zbekiston va Tojikistondagi 12 ta arxeologik joyda topilgan tuxum qobig‘i namunalarini o‘rganib chiqdi. Mintaqadagi deyarli barcha arxeologik joylarda tuxum qobig‘i topilgan, jumladan, Buxoro yaqinidagi Boshtepada. Boshtepa tarixi miloddan avvalgi 200 yillarga borib taqaladi.

Tadqiqoti natijalari «Tovuq qachon yo‘lni kesib o‘tdi: Markaziy Osiyodagi qadimgi tovuqlar bo‘yicha arxeologik va molekulyar dalillar» deb nomlanuvchi ilmiy maqola o‘laroq e’lon qilinishi kutilmoqda. Spengler va uning hamkasblari 18 xil namunaning genetik kodini aniqlagan. Namunalarning 16 tasi oddiy tovuqning (Gallus domesticus) genetik ketma-ketligiga mos kelgan. Ularning aytishicha, bu Markaziy Osiyoda tovuqni xonakilashtirish miloddan avvalgi 200 yildan hozirgi davrning XII asrigacha keng tarqalgan bo‘lganini ko‘rsatadi.

Mualliflar ikkita gipotezani ilgari surmoqda. Birinchisiga ko‘ra, «miloddan avvalgi davrning so‘nggi asrlarda tovuqning qadimgi dunyo bo‘ylab tez va keng tarqalish jarayoni tuxum qo‘yuvchi variantlar ko‘payishiga mos kelgan». Ikkinchi taxminga ko‘ra, o‘z qo‘shinlari bilan O‘rta Osiyoga tovuq olib kelgani ehtimoldan holi bo‘lmagan Iskandar Zulqarnayn davridan boshlab mo‘g‘ullar istilosiga qadar «Markaziy Osiyo bo‘ylab qishloq va shaharlarda parrandachilik va tuxum yetishtirish iqtisodiyotning muhim va muntazam qismi bo‘lgan».

Dalillar, shuningdek, mintaqada tovuqlarning madaniy ahamiyati yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi. Tadqiqot mualliflarning fikriga ko‘ra, bu holat tovuq erta xonakilashtirilishi va tarqalishiga zamin yaratgan.

Xo‘roz «qadimdan Ichki Osiyoda jasurlik timsoli bo‘lib kelgan va zardushtiylik e’tiqodiga ko‘ra, xo‘roz tun va kunduz o‘rtasidagi abadiy kurashda yorug‘likning qorong‘ilik ustidan g‘alabasini madh etish uchun tong otishi bilan chaqiriladigan ruhni ifodalaydi. Xonaki parranda Ipak yo‘li markazida tutgan ahamiyati bundan taxminan ikki ming yil oldin uning ikki yarim qit’a bo‘ylab tez tarqalishiga yordam bergan bo‘lishi mumkin».

Zardushtiylar chizgan antropomorfik xo‘roz-inson mavjudotlar tasvirlari Markaziy Osiyoning bir necha hududida, jumladan, Shinjonda ham topilgan.

Ilmiy maqola Ipak yo‘lidagi ko‘plab yirik shahar markazlarida tovuq go‘shti muntazam iste’mol qilinganligini tasdiqlaydi. Tovuqlar Yevropada ellinizm davridayoq xonakilashtirilgan bo‘lsa-da, bu ancha kichikroq ko‘lamda sodir bo‘lgan va tovuq, birinchi navbatda, o‘laksaxo‘r jonzot o‘laroq ko‘rilgan.

XS
SM
MD
LG