Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:49

Ta’siri oshib borayotgan birinchi qiz. Saida Mirziyoyevani otasining o‘rniga tayyorlashyaptimi?


 Saida Mirziyoyeva.
Saida Mirziyoyeva.

Tanqidchilarga ko‘ra, O‘zbekistonning avtoritar rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘zining 39 yoshli qizi Saida Mirziyoyevani ehtimoliy merosxo‘r qilib tayinlab o‘n yillar davomida oila hukmronligini saqlab qolishni rejalashtirayotgan bo‘lishi mumkin.

Saida Mirziyoyeva hukumatga bor-yo‘g‘i besh yil muqaddam kelgan, biroq juda tez ko‘tarilib, hozir prezidentdan keyin ikkinchi eng yuqori lavozimni egallab turibdi. U otasi Shavkat Mirziyoyevning ehtimoliy vorisi sifatida ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, ekspertlar bu oilada prezidentlikka boshqa da’vogarlar ham bo‘lishi mumkinligini aytadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritib, o‘zining hokimiyatdagi umrini yana 14 yilga uzaytirib oldi.

Uch nafar farzandning to‘ng‘ichi bo‘lgan Saida Mirziyoyeva 2019-yil aprel oyida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari o‘rinbosari sifatida hukumatga qo‘shildi, bu lavozim avtomatik ravishda uni prezident maslahatchisi o‘rinbosariga aylantirardi.

Саида Мирзиёева: Сайланмаган, аммо сийланган президентнинг тўнғичи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:30:55 0:00

Siyosatda tajribasi oz bo‘lishiga qaramay, Mirziyoyeva tezda ko‘tarildi: 2023-yilda u prezidentning birinchi yordamchisi, prezident ma’muriyatida davlat rahbaridan keyin ikkinchi muhim lavozimga tayinlandi.

“Bu Mirziyoyevaning karyerasidagi meteorik yuksalish bo‘ldi”, deydi mustaqil o‘zbek jurnalisti Jahongir Muhammad. "Mutlaqo noma’lum shaxs to‘satdan O‘zbekistonda ikkinchi muhim lavozimni egalladi".

Mirziyoyeva O‘zbekistonning eng ko‘zga ko‘ringan siyosatchilaridan biriga aylandi, u rasmiy uchrashuvlarda tez-tez qatnashadi, xorijlik nufuzli mehmonlarni qutlaydi, viloyatlarga boradi va xorijga diplomatik tashriflar qiladi.

O‘tgan oyda xorijga safari chog‘ida Mirziyoyeva qo‘shni Qozog‘istonga tashrif buyurgan va u yerda otasining tashrifi oldidan prezident Qasim-Jomart Toqayev bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazgan edi.

Mutaxassislar fikricha, Mirziyoyevaning obro‘-e’tibori ortib borayotgani O‘zbekiston prezidenti nafaqat mamlakatni boshqarishda o‘z oilasiga tayanayotganini, balki o‘z avlodlarini oliy lavozimga tayyorlayotganini ham anglatadi.

Prezidentlikni oilada saqlab qolish Mirziyoyev klani a’zolarining xavfsizligini ta’minlashi mumkin, ularning aksariyati u 2016-yilda lavozimga kelganidan beri katta boylik orttirgan. O‘zbekistonda demokratiya yo‘q ekan, prezidentning vakolati cheksiz.

O‘zbekistonlik siyosiy ekspertlar aytishicha, Mirziyoyev qo‘shni Turkmanistondan o‘rnak olishi mumkin, u yerda avtoritar yetakchi Gurbanguli Berdimuhamedov 2022-yilda nazorat ostida o‘tkazilgan saylovlarda prezidentlikni o‘g‘li Serdarga topshirgan edi.

Serdar Berdimuhamedov lavozimga kirishgunga qadar bir qancha yuqori davlat lavozimlarida ishlagan.

“O‘zbekiston diktatura bo‘lib, hukumatni birinchi oila boshqaradi, u hamma narsani nazorat qiladi”, - deydi o‘zbekistonlik sobiq diplomat Alisher Taksanov.

“Mirziyoyevning deyarli barcha qarindoshlari vazirliklarda yoki boshqa davlat muassasalarida hokimiyat tepasida. Oila xavfsizlik xizmatlari va biznesni ham nazorat qiladi”, deya qo‘shimcha qildi Shveysariyada yashovchi Taksanov.

O‘zini islohotchi deb atagan Mirziyoyev yakkalanib qolgan Markaziy Osiyo davlatini ochdi, qo‘shnilar bilan aloqalarni yaxshiladi, ko‘plab siyosiy mahbuslarni ozod qildi va paxta sanoatidagi bolalar mehnatiga barham berdi. Biroq u haqiqiy demokratik islohotlarni amalga oshirmadi. 37 million aholisi bilan Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega O‘zbekistonda na rasmiy siyosiy muxolifat, na mustaqil matbuot mavjud. Hukumat, shuningdek, so‘z erkinligi va o‘zgacha fikrni qattiq bostiradi.

Taksanovning bashorat qilishicha, O‘zbekistonning hozirgi sharoitida siyosiy hokimiyatning otadan qizga o‘tishi hech qanday haqiqiy qarshilik yoki jamoatchilik noroziligisiz sodir bo‘lishi mumkin.

“Mirziyoyev: “Men sizga voris tayyorladim”, deb e’lon qiladi va xalq hamma narsani qabul qiladi va odatdagidek unga ovoz beradi”, deydi sobiq diplomat.

Parijda joylashgan Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayevaning aytishicha, Mirziyoyevaning hukumatdagi faoliyati uning prezidentlik tizginini o‘z qo‘liga olishi uchun bir mashg‘ulotdir.

“Oxirgi videolar Mirziyoyeva jamoat maydonida o‘zini ancha qulay his qilayotganini ko‘rsatmoqda. Uning rasmiy lavozimlardagi xizmati ko‘proq martaba pog‘onasidan oldin stajirovkaga o‘xshab ketadi”, — deydi Atayeva. – Mirziyoyeva o‘zidan oldingi rahbarlar yoki prezident ma’muriyatining boshqa amaldorlariga berilganidan ancha ko‘p vakolatga ega”.

"Yana bir da’vogar"

Ammo Mirziyoyevaning otasi o‘rnini egallash yo‘li ba’zilar bashorat qilgandek silliq bo‘lishiga hamma ham ishonavermaydi.

Londonda joylashgan Central Asia Due Diligence tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomovga ko‘ra, birinchi oilada prezidentlik uchun yana bir kuchli da’vogar bor: prezidentning ishonchli shaxsiy qo‘riqchisi Otabek Umarov, u Mirziyoyevning kenja qizi Shahnozaga uylangan.

Prezident huzuridagi Davlat xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari Umarov “o‘z ta’siriga ega, prezidentga yaqin, safar va tadbirlarda unga hamrohlik qiladi”, deydi Ilhomov.

“Ozodlik” radiosi o‘tkazgan qator surishtiruvlar 40 yoshli Umarov o‘zining oilaviy aloqalari orqali ulkan boylik orttirgani va mamlakat siyosiy hamda iqtisodiy elitasi orasida parda ortidagi vositachi rolini o‘ynayotganini o‘rtaga chiqargan.

Ilhomovning ta’kidlashicha, Umarov “butun prezident xavfsizlik xizmatini boshqaradigan amaldordan ko‘ra ko‘proq shaxsiy qo‘riqchiga o‘xshaydi... [va o‘ta qudratli] lavozimni egallagan [prezidentga ko‘proq kirish huquqiga ega]”.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Umarov va Mirziyoyeva o‘rtasida “ma’lum bir raqobat” mavjud. Vaziyatdan xabardor ikki manba “Ozodlik” bilan suhbatda Umarov va Mirziyoyevaning yaqin hamkori Komil Allamjonov o‘rtasidagi mojaro haqida gapirdi.

Manbalardan birining iddao qilishicha, Umarov uning nomidan ishlab, tadbirkorlar va amaldorlarga bosim o‘tkazgan “norasmiy idora” fosh etilishi ortida Allamjonov turganini gumon qilgan.

O‘zbekiston rasmiylari “Ozodlik”ning izoh so‘rab qilgan murojaatini javobsiz qoldirgan.

"Биродарлик ҳалқаси" ва президентнинг кенжа куёвини нима бирлаштиради?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:40 0:00

Xavfsizlik xizmati roli

O‘zbekistonda hokimiyatning har qanday o‘zgarishi kuchli xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak, deydi Ilhomov va boshqa ekspertlar.

Ayni damda Mirziyoyeva Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) raisi o‘rinbosari bo‘lgan qaynotasi Botir Tursunovning yordamiga ishonishi mumkin, deydi Ilhomov. Ammo u Umarovning kelajakda xavfsizlik xizmatiga o‘tib, amalda hal qiluvchi shaxsga aylanishini istisno etmaydi.

“Bunday ssenariyda, agar Mirziyoyeva qariyotgan Tursunov o‘rniga o‘z odamini [xavfsizlik xizmatiga] qo‘ya olmasa, Umarovning prezident bo‘lish imkoniyati ko‘proq bo‘ladi”, deydi tahlilchi.

Birinchi oila hech qachon merosxo‘rlik rejasi yoki o‘zaro raqobatga ishora qilmagan va o‘zlarini birlashgan frontdek ko‘rsatishda davom etmoqda.

Shu bilan birga, Mirziyoyevaning mashhurligi oshib borarkan, o‘zbeklar tobora ko‘proq sobiq prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova bilan parallel o‘tkazishmoqda.

Bir paytlar otasining ehtimoliy merosxo‘ri sifatida ko‘rilgan Karimova hozirda pul yuvish, tovlamachilik va boshqa jinoyatlar uchun qamoq jazosini o‘tamoqda. Xabarlarga ko‘ra, u 1 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ to‘plagan va noqonuniy biznes amaliyotlari tufayli xorijdagi katta ko‘chmas mulk portfeliga egalik qilgan.

Alisher Taksanovning iddao qilishicha, Karimovaning noqonuniy yo‘llar bilan qo‘lga kiritgan ba’zi aktivlari so‘nggi yillarda “imi-jimida Mirziyoyev oilasining mulkiga aylangan”.

XS
SM
MD
LG