Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:55

Suv muammosi: Markaziy Osiyo tanqis resurslarni yomon boshqarishdan aziyat chekmoqda


Markaziy Osiyo davlatlari suv tanqisligini boshdan kechirmoqda. Mintaqa hukumatlari muzliklarning qisqarishi va kam yog‘ingarchilik muammosini hal qila olmasligi mumkin, lekin yaxshiroq rejalashtirish suv inqirozi oqibatlarini yumshatishga yordam beradi. Ayrim shahar va qishloqlarda aholining tez o‘sib borayotgani muammoni yanada kuchaytirgan.

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekning janubiy chekkasida yashovchi pensioner Azhar Amanova «sabr kosasi to‘lgan»ini aytadi. Bir haftadan ko‘proq vaqt davomida u yashaydigan Archa-Beshik tumani kuniga bir marta sisternalarda yetkazib beriladigan ozgina suvga qarab qolgan. Bu suv odamlarning ichishi va bir nechta idish‑tovog‘ini yuvishga zo‘rg‘a yetadi, lekin cho‘milishga yetmaydi.

7-iyun kuni jurnalistlar Amanovaning uyiga borganida, kunduzi havo harorati tselьsiy bo‘yicha 35,6 darajaga yetgan edi. O‘tgan haftaning o‘zida Bishkekda ketma-ket to‘rt kun davomida rekord darajada issiq bo‘ldi – bunday haroratlar ilk bor o‘tgan asr boshlarida qayd etilgan.

Толибоннинг "ҳалокатли канали". Ўзбекистон нега жим?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:28:42 0:00

«Qirg‘iziston suvga boy davlat, deyishadi, lekin bu boylik qaerda? – deb so‘raydi pensioner o‘tgan hafta Ozodlik bilan suhbatda. – Bu qanaqa hayot o‘zi? Rahbarlarga ayting, suvni yoqishsin.»

Bishkek Markaziy Osiyodagi bir qancha yirik shaharlardan biri bo‘lib, u yerda yer osti suvlarini boshqarish masalasida hokimiyatni tanqid qilish kuchaymoqda. Yozda bu suvlar kamayadi.

OSTONA VA AKTAU ShAHARLARIDAGI SUVSIZLIK

Ostonada kunning odatiy manzarasi: go‘zal osmono‘par binolarga boy zamonaviy «Ekspo» tumani va u yerda suv olib ketayotgan mashinalar… Bu katta‑katta qurilish loyihalariga davlat investitsiyani ayamagani, lekin ularda oddiy suv yo‘qligidan dalolat beradi.

Ostonada suv uzilishiga qarshi kichik miqyosdagi norozilik namoyishlari o‘tgan oyda boshlangan. O‘tgan hafta poytaxtdagi ikki ko‘p qavatli uy aholisi yo‘lni to‘sib qo‘ydi. Namoyishlar shaharda kuchli jaziramaga to‘g‘ri keldi – havo harorati 38-40 darajaga etdi.

G‘azablangan shaharliklar bilan gaplasharkan, mahalliy amaldorlardan biri o‘z oilasi ham "jadval bo‘yicha cho‘milishi"ni aytadi, chunki suv kunduzi bir necha soatga, keyin esa tunda beriladi.

Ostona aholisi 1,3 million kishidan oshadi va ichki migratsiya hisobiga yiliga taxminan 50-60 ming kishiga ko‘paymoqda. Viloyat aholisi yaxshiroq hayot ilinjida poytaxtga ko‘chmoqda, infratuzilma rivojlanishi esa bu oqimga mos emas.

Mahalliy hokimiyat vakillari aholi soni kutilganidan tezroq o‘sayotganini tan oladi va talabni qondirish uchun yangi nasos va filtrlash stansiyalarini qurishga va’da bergan.

Aholisi yozda suv tanqisligidan muntazam aziyat chekadigan Qozog‘istonning yana bir shahri Kaspiy bo‘yida joylashgan Aktaudir. Shahar suvni Kaspiydan oladi.

7-iyun kuni Mang‘istau viloyati hokimligi Qozog‘iston qirg‘oq chizig‘i sezilarli darajada chekinganini qayd etib, favqulodda holat e’lon qildi, boshqa tomondan rasmiylar hali suv ta’minotida muammo yo‘qligini, Aktaudagi uzilishlar esa infratuzilmani ta’mirlash ishlari bilan bog‘liqligini aytishgan edi.

Amaliy ekologlar uyushmasi hammuassisi, aktaulik Gulmira Nitkali Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, “geografik, siyosiy, ijtimoiy va iqlimiy omillar” sababli Kaspiyga bosim ortgan – yoz jaziramasida bug‘lanish ortgani tufayli qirg‘oqbo‘yi davlatlaridan oqib keladigan daryolardan suv olish kamaygan.

Ammo bundan tashqari, deydi Nitkali, uran sanoati joylashgan va “odamlar doimiy yashashiga mos kelmaydigan” sobiq Sovet Ittifoqining yopiq shahri bo‘lgan Aktau kabi shaharlarda suvdan foydalanish borasida ham muammolar bor.

“Aholi soni ortib bormoqda, chunki daromadlar ham oshgan. Shu bilan birga, ichimlik suvidan foydalanadigan avtomobil yuvish shoxobchalari mavjud. Men bu masalani ko‘p bora ko‘targanman”, deydi Nitkali va ijtimoiy norozilikdan qo‘rqib, amaldorlar suv tariflarini ko‘tarishni istamasligini ta’kidlaydi.

BIShKEKDAGI TAQIQLAR

Qirg‘izistonning Bishkek shahrida rasmiylar vaqtincha yopgan joylardan biri avtomobilь yuvish shoxobchalaridir. Hammom va basseynlar ham yopiq. Rasmiylar, shuningdek, tomorqasini ichimlik suvi bilan sug‘orayotganlarni aniqlash uchun uyma-uy yurib tekshirmoqda.

Shu oyda shaharning janubiy tumanlaridagi mahallalarga ko‘p hollarda suv faqat tunda berilgan.

Qirg‘iziston parlamentida bir qancha deputatlar hukumatdan suv ta’minoti infratuzilmasini qurish va ta’mirlashga jiddiy e’tibor berishni so‘radi. Bu infratuzilma aholisi milliondan ortiq shahar uchun yetishmaydi va ko‘p hollarda juda eskirgan.

Deputat Janar Akaev 8-iyun kuni Bishkek “katta qishloq”qa aylanib borayotganini, hukumat esa davlat dasturlari va davlat moliyalashtiradigan kompaniyalarga ortiqcha pul sarflayotganini ta’kidladi.

Uning hamkasbi Marlen Mamataliyev Vazirlar mahkamasi Bishkek shahar hokimiyatining 100 million so‘m (taxminan 1,2 million dollar) va yangi suv olish inshootlari uchun to‘rtta yer maydoni ajratish bo‘yicha so‘rovini qoniqtirmayotganini tanqid qildi.

“Kecha biz kapital qo‘yilmalar uchun 10 milliard so‘m ajratilishini tasdiqladik. Nima, 100 million so‘mni topish shunchalik qiyinmi?” deb so‘radi u.

Rasmiylarning aytishicha, bu yil bahorda muzliklardan oqib kelayotgan suv sathi keskin pasaygan, biroq ular bir oy ichida vaziyat normallashishini kutmoqda. Ekologlar, shuningdek, fevral va mart oylarida yog‘ingarchilik kamaygani yer osti suvlarining ham kamaytirayotganini aytmoqda.

Ammo ayrim kuzatuvchilar fikricha, poytaxtdagi suv tanqisligi boshqaruvdagi uquvsizlik oqibatidir.

Jurnalist Yuriy Kopitin Qirg‘izistonning 24.kg xususiy saytiga bergan izohida sug‘orish kanallari va boshqa suv infratuzilmasi bilan bog‘liq chuqur muammolar “kecha paydo bo‘lmagani, ular so‘nggi 20 yil davomida pishib kelgani”ni ta’kidladi.

“An’anaga ko‘ra, amaldorlar avvaliga vaziyatni o‘ta og‘ir ahvolga olib keladi, keyin esa uni ommabop bo‘lmagan usullar bilan hal qilishga urinadi”, – deb yozadi Kopitin.

Suv tanqisligi Markaziy Osiyoning boshqa hududlarida, jumladan, iqtisodiyoti mavsumiy meva-sabzavot yetishtirishga bog‘liq bo‘lgan O‘zbekistonning ko‘plab qishloq tumanlarida ham kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG