Tojikiston shimolidagi So‘g‘d viloyatida qishloq xo‘jaligi juda yaxshi rivojlangan, bu eng avvalo Sirdaryo sharofati bilan. Daryoning 144 kilometr qismi Tojikiston hududiga to‘g‘ri keladi va bu aholining sholi, paxta yetishtirishiga, mol boqishiga kifoya qiladi. Shuningdek, tojiklar Qayroqqum va Farhod GESlarida elektr energiyasi ishlab chiqarishadi. Sirdaryo bo‘ylaridagi tojik fermerlari bugun qanday yashashmoqda va kichkina viloyatga ikkita GESning nima keragi bor?
Markaziy Osiyoda eng yirik daryo bo‘lmish Sirdaryo to‘rt mamlakat – Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston bo‘ylab oqib o‘tib Orol dengiziga quyiladi. Ozodlik qozoq xizmati jurnalisti va fotografi Pyotr Trotsenko Sirdaryo va uning irmoqlari yoqalab safarga chiqib, oddiy insonlar – baliqchilar, bozorchilar, dehqonlar hayoti orqali daryoning bugungi ahvoli bilan tanishdi. Shuningdek, Sirdaryo havzasi muammolarini o‘rganayotgan va ularning yechimlarini izlayotgan ekspertlar bilan suhbatlashdi.
“Bu yil suvning bahosi 150 foizga oshdi”
Soat endi to‘rt yarim, quyosh hali bosh ko‘tarmagan bo‘lsa-da, kun qizimasdan dehqonlar huzuriga yetib olish uchun So‘g‘d viloyati ma’muriy markazi – Xo‘jand shahridan jo‘nab ketdik. Bu yerlarda odamlar tushgacha hamma ishlarini bitirib olishga harakat qiladilar: So‘g‘d viloyatida bir hafta turgan bo‘lsam, kunduzlari harorat +50 darajadan past bo‘lgani yo‘q.
Jaziramaga qaramay, dehqonlar ertalabdan kechgacha dalada kuymalanadilar. Quyosh tikkaga kelib, borliqni ayovsiz jazillata boshlaganidagina dam oladilar, xolos.
So‘g‘d viloyatida Sirdaryo qayiri bo‘ylab yaylov va dalalar cho‘zilib ketgan. Hududining 93 foizini tog‘liklardan iborat bo‘lgan Tojikiston aholisi hosildor yerning qiymatini juda yaxshi biladi va har bir qarich tuproqdan foydalanishga tirishadi. Biz – O‘zbekiston chegarasi yaqiniga, paxtakor dehqonlar yurti bo‘lmish Spitamen tumaniga yo‘l olganmiz.
“Fariza” dehqon xo‘jaligi rahbari Farrux Zobitovning omadi bor ekan. Uning yeri eng quyida, Sirdaryoning xuddi qirg‘og‘ida. Shu bois suv uning uchun sira muammo bo‘lmaydi. Lekin yuqorida yashaydiganlarga qiyin: ular suvni ancha xarajat qilib, nasoslar yordamida chiqarishar ekan. Farruxni ham butkul betashvish deb bo‘lmaydi, uni asosan suv puli va o‘g‘itlar qimmatligi bezovta qiladi.
“Bu yil suv bahosi 150 foizga oshdi. Ilgari bir soat sug‘orish uchun gektariga 20 somoniy (1,8 dollar) to‘lagan bo‘lsak, bu yil 50 somoniy (4,7 dollar) to‘layapmiz. Biroq paxtaning narxi tushib ketib, foyda bermay qo‘ydi. Uch yil muqaddam paxtani kilosiga 15 somoniy (1,4 dollar) bahoda sotish mumkin edi, o‘tgan yili esa 5-6 somoniy (56 sent)dan pulladik. Bu yil kilosiga 10 somoniydan to‘lasalar jon degan bo‘lardim”, deydi Farrux Zobitov.
Paxtachilik – Tojikiston iqtisodiyotining eng muhim tarmoqlaridan biri. Qator ekspertlar paxta narxi tushib ketishini Rossiyaning Ukrainaga hujumi va sanksiyalar bilan bog‘laydilar. Asosiy paxta xaridorlaridan biri bo‘lmish Rossiya tayyor mahsulotni boshqa mamlakatlarga eksport qilish muammoga aylangani uchun xomashyo sotib olishni kamaytirgan.
“O‘g‘it, suv, yer – bari qimmatlashyapti, juda qiyin bo‘ldi, tog‘li hududlarda yashovchilarga bizdan ham qiyin, u yerda suv bor, hammagayam yetmaydi, ayniqsa qurg‘oqchilik yillarida”, suhbatimizga yakun yasaydi Farrux va ishni davom ettirgani dalasiga tushib ketadi – yozda dehqonning har daqiqasi g‘animat. Tojikistonning qayerida bo‘lmay dehqonlar paxtadan foyda qilib bo‘lmay qolganini aytishdi: yer solig‘i oshyapti, suv bilan o‘g‘itlar ham, lekin paxtaning narxi juda arzon, deyishadi ular.
Ko‘pgina dehqonlar – Sovet davri kolxozlarining sobiq ishchilari. Kolxoz tizimi parchalana boshlaganida davlat yerni dehqonlarga uzoq muddatga ijaraga bergan.
Fermer Abdullo Niyozov o‘shanda birinchilar qatorida yer olib, 30 yildirki qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanib kelmoqda. Abdulloning ikkita uchastkasi bor: birida paxta ekadi, ikkinchisini esa o‘rikzor bog‘ qilgan. Davlat ruxsat berganida unisini ham bog‘ qilardim, chunki o‘rikdan yaxshi daromad qilsa bo‘ladi: paxta kabi injiq emas, suvni ko‘p talab qilmaydi, o‘rik bilan o‘rikqoqi narxi esa hech qachon tushmaydi, deydi u.
Abdulloning bog‘ida 25 tup o‘rik bor, suvni Sirdaryodan keladigan ariqdan oladi. O‘rik terimida butun oila qatnashadi: ertalabdan kechgacha o‘riklarni terib olishgach, saralab, zararkunandalarga qarshi dorilab, qoqi qilishadi. Fermer o‘rigining navi qanday atalishini bilmasa-da, bu nav o‘ta nozikligidan xabardor – vaqtida terib, quritilmasa, chirib qoladi, deydi. Ammo turshagi nihoyatda shirin ekan.
“Ariqlar bor, nasos o‘rnatdik, suv hisoblagich orqali o‘tadi. Bu uchastka daryodan olisroqda, suv uchun ko‘proq pul to‘lashga to‘g‘ri keladi, shuning uchun bodring yoki pomidor ekib foyda ololmaysiz, undan ko‘ra o‘rik yetishtirgan ma’qul, – xo‘jaligining past-balandini tushuntiradi Abdullo. – Lekin xarajatlar baribir ko‘p: hali nasos buziladi, ehtiyot qismlar esa qimmat, boz ustiga suv chiqarishga ham pul to‘lashimiz kerak. O‘rik daraxtlarini deyarli sug‘ormaymiz, lekin paxta degani ko‘p suv ichadi. Daromadning qancha barakasi uchganini kuzda bilamiz endi”.
Abdulloning aytishicha, paxta sentyabrda terib olinadi. O‘tgan yili u hosilni kilosiga 8 somoniy (78 sent)dan sotgan, bu yil qanchadan olishlari hozircha noma’lum. “Rossiya bilan Qozog‘iston paxta xarid qilishni boshlaganida narx-navo jonlanib qolgan bo‘lardi”, umidvor bo‘ladi u.
“Sirdaryo havzasida suvdan oqilona foydalanishmayapti”
Ekolog-jurnalist va qishloq xo‘jaligi hamda suv resurslari bo‘yicha ekspert Ne’matullo Mirsaidov bilan Xo‘jandda, Sirdaryo sohilidagi so‘lim choyxonada uchrashamiz. Daryodan esayotgan shabada tanaga salqinlik berib, choshgoh jaziramasini picha yumshatadi.
Ekspertga ko‘ra, Sirdaryoda suv toora kamaymoqda. Bu qurg‘oqchilik, iqlim o‘zgarishi tufayli muzliklar erishi va qishloq xo‘jaligida, avvalo paxta maydonlarida suvdan oqilona foydalanilmayotgani bilan bog‘liq.
“Sirdaryo havzasida suvni o‘ylamay sarflashyapti. Ayniqsa, bizga nisbatan ko‘p paxta ekadigan Turkmaniston va O‘zbekistonda, – deydi Ne’matullo Mirsaidov. – Suv inqirozi muammosining yechimlaridan biri bu paxta maydonlarini qisqartirish va bog‘dorchilikka o‘tish. Biroq Tojikistonda yer dehqonlarga berilgan bo‘lsa-da, davlat hanuz ularga majburlab chigit ektiradi. Mamlakat ichida qancha paxtani qayta ishlashga qurbimiz yetsa, shuncha yetishtirish kerak, vassalom. Aftidan, kimlardir xomashyoni fermerlardan suvtekinga olib, tashqi bozorlarga pullayapti”.
Mirsaidovning aytishicha, Tojikiston ham, O‘zbekiston va Turkmaniston ham paxta yetishtirishni kamaytirmoqda, lekin u baribir asosiy ekinligicha qolayotir. Ayni chog‘da tomchilatib sug‘orish yoki yomg‘ir qurilmalari kabi zamonaviy texnologiyalar keng joriy etilganida bu mamlakatlarda suv bunchalik muammoga aylanmasdi.
“Ha, bu texnologiyalar qimmat, lekin ertami kechmi baribir ularni tatbiq etishga majbur bo‘lamiz. Bu yerda vaziyatni davlat darajasida tushunish juda muhim”, deydi ekspert.
“Eng asosiysi – mablag‘. Qishloq xo‘jaligiga investitsiya kiritish kerak, ammo davlatda bunga pul yo‘q. Fermerchilikni rivojlantirish va suv resurslarini tejashga o‘tish uchun qandaydir klasterlar yoki chet el sarmoyasi lozim. Xorijliklar esa Tojikistonga sarmoya tikishga qiziqmaydi, chunki bizda yer xususiy mulk bo‘lishi mumkin emas. Ajnabiy investorlar bugun ular sarmoya kiritgan yerni ertaga davlat tortib olishidan qo‘rqishadi”, fikrini davom ettiradi suhbatdoshimiz.
Qishloq xo‘jaligiga investitsiya va subsidiyalar yo‘qligi manzarasida soliqlar yil sayin oshib, fermerlarga og‘ir yuk bo‘lmoqda.
“Rostdan ham soliqlar ko‘p, – deydi Ne’matullo, – inspektorlar ba’zan tadbirkorlardan hali sotilmagan tovar uchun oldindan soliq to‘lashni talab qilishadi. Bu nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki umumiyat-la biznes rivojlanishiga to‘g‘anoq bo‘lyapti. Ammo suv solig‘i ko‘p, degan fikrga qo‘shilmayman. Jahondagi suv tariflari bilan qiyoslaganda bizda ancha kam bu soliq. Shunchaki, hech qachon suvni sotib olishmagani uchun odamlarga og‘ir botyapti”.
Tojik dengizi va Farhod GES
So‘g‘d viloyatida, Sirdaryoda biryo‘la ikkita gidroelektr stansiyasi – Farhod va Qayroqqum GESlari joylashgan.
Farhod GES Tojikiston hududida bo‘lsa ham O‘zbekistonga qarashli. Stansiya 1947-yilda qurilgan, u paytlar ikki mamlakat o‘rtasida hududiy bahslar yo‘q edi. GESda avvalboshdan o‘zbekistonlik mutaxassislar ishlardi. SSSR parchalangach O‘zbekiston bilan Tojikiston ushbu stansiyani talasha boshladi.
Fuqarolik urushi yillarida Tojikiston Farhod GESni o‘z nazoratiga oladi. O‘zbekiston esa bunga javoban Spitamen tumanining To‘g‘on va Tog‘li nomli chegara qishloqlariga elektr, tabiiy gaz va suv bermay qo‘yadi. Ammo harqalay, o‘shanda mojaroni qon to‘kmasdan hal qilishgan edi: tojik harbiylari GES ustidan nazoratni O‘zbekistonga topshirishgan.
Masala yaqindagina uzil-kesil yechildi: 2018-yilda O‘zbekiston va Tojikiston shartnoma imzolab, kelgusi 49 yil davomida GES xavfsizligi uchun – tojik tomoni, ekspluatatsiyasiga esa o‘zbeklar javob beradigan bo‘ldi.
Bugungi kunda tojik-o‘zbek chegarasida ko‘plab etnik o‘zbeklar yashamoqda. Ular tojikchada juda yaxshi gapiradilar (mahalliy tojiklar esa o‘zbek tilida bemalol so‘zlasha olishadi), ziroatchilik bilan shug‘ullanadilar va Tojikistonni o‘z vatanlari deb biladilar.
57 yoshli Ozod – etnik o‘zbek. Spitamen tumanida tug‘ilib, o‘sgan. Bir paytlar maktabda mehnat ta’limi fanidan dars bergan ekan, muallim oyligi oila boqish tugul, bir o‘ziga yetmagani uchun maktabni tashlab ketibdi. Ozod ko‘p yillardan beri “suvchilik” qiladi, ya’ni Sirdaryo suvini tumanning baland tog‘ qishloqlariga chiqarib beradigan nasoslarga ko‘z-quloq bo‘lib turadi.
“Maktabda hozir erkaklar qolmagan, bari ayollar, – deydi u pedagoglik faoliyatini eslab. – Nimagaki, oyligi oz: men o‘rtacha 700 somoniy (65 dollar) olardim, erkak odam bu pulga oila boqolmaydi. Shuning uchun ketdim. Bu yerda bir kun ishlab, uch kun dam olaman, uyda tomorqa ekaman, mol boqaman – qo‘shimcha daromad bor, harqalay”.
Ozod stansiyadagi olti nasosning barchasi bir tekis ishlab, zarar miqdorda suv chiqarib berishiga mas’ul qilingan. “Suv kerak bo‘lsa qo‘ng‘iroq qilib, nasoslarni qo‘sh deyishadi. Darrov qo‘shaman”, deydi u va deyarli butun Spitamen tumaniga suv yetkazib beradigan eng kuchli nasoslar ishini nazorat qilayotgani faxr bilan so‘zlar ekan.
“Bu yil Sirdaryoda suv yetarli, lekin bultur juda kam edi. Bizda hamma narsa qorga bog‘liq: tog‘da qor ko‘p bo‘lsa, suv ham mo‘l bo‘ladi. Daryo Qirg‘iziston muzliklaridan to‘yinadi. Suv ko‘p bo‘lgan yillarda Qirg‘iziston ortiqchasini qo‘shnilarga beradi, suv taqchilligida esa qizg‘anadi. Ularda ham yer bor, xalq bor. Ilgari hamma narsa o‘rtada, suv sathi bir xil edi. Hozir har kim o‘ziga xo‘jayin, istasa suv beradi, istamasa yo‘q”.
“Maalliy aholi Farhod GESga ishga kira oladimi?” – so‘rayman Ozoddan.
“Yo‘q, u yerda faqat O‘zbekiston fuqarolari ishlaydi. Ular GESga suv bir maromda borishi uchun shlyuzlarni ochib-yopib turishadi. GES atrofida askarlar bor, yaqiniga yo‘lamagan ma’qul. Har tugul chegara yaqin, GES esa strategik obyekt. U yerda cho‘milish yoki baliq ovlash ham mumkin emas”, javob beradi suhbatdoshim.
Qayroqqum GES 1957-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, quvvati viloyat ehtiyojlarini qondirishga yetadi, xolos. Tojik dengizi deb ataladigan Qayroqqum suv ombori esa viloyat uchun favqulodda ahamiyatga ega, chunki qurg‘oqchilik yillarida nafaqat So‘g‘d viloyati, balki qo‘shni mamlakatlarni ham suv bilan ta’minlaydi.
2021-yilda Tojikiston Qayroqqum suv omboridan Qozog‘istonga qo‘shimcha 315 million kubometr suv bergan edi. 2021-yilning yozi juda quruq kelgan, Sirdaryoda suv kamligi uchun Qozog‘iston janubidagi fermerlar tang ahvolda qolishgandi.
Tojik dengizi mamlakat shimolidagi eng diqqatga sazovor joylardan biri. Suv ombori qirg‘oqlarida ko‘plab oromgohlar, plyajlar va baliq ovlanadigan joylar bor. “Dengiz” tevaragini esa paxta, sholi va boshqa ekin maydonlari qurshab turadi.
54 yoshli Abdulvahob suv omboridan atigi bir necha yuz qadam naridagi uchastkada sholi ekkan. 30 so‘tix yerdan har yili 1,5–2 tonna hosil ko‘taradi. Sholini oqlatgach, asosiy qismini mahalliy bozorga mo‘may pulga sotadi. Fermer omadi borligini, Tojik dengizi tufayli barqaror daromad va oila boqish imkoniyatiga ega bo‘lganini aytadi.
“Men sholining kenja navidan ekaman, bu maydaroq guruch, lekin oshga juda bop. Qo‘shnim Krasnodarning uzundon sholisidan ekkan, uning ham avji yaxshi. Umuman, bu atrofda har qanday ekin yaxshi o‘sadi: vaqtida suvlab, o‘g‘itlab tursangiz bas. To‘g‘ri, sholiga ko‘p suv kerak, lekin suv baribir dengizga qaytadi-ku. Suv bilan sholi bir-biridan ayrilmaydi, katta suvsiz sholi yetishtirish imkonsiz”, deydi fermer.
U kamida pensiyaga qadar sholikorlik bilan shug‘ullanib, bu ishni o‘g‘illari yoki nabiralaridan biriga qoldirishni orzu qiladi.
“Xudoyim sog‘liqdan qismasa, suvni berib tursa, dehqonchilik qilaveramiz”, so‘zini yakunlaydi Abdulvahob va yuziga yopishgan xira pashshani haydagancha sholipoyasiga tushib ketadi.