Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:42

Surishtiruv: Tuvaliklar Ukraina urushiga Qirg‘izistondagi aviabaza orqali yo‘llangan


Rossiya askarlari Ukrainada, Mariupol, 13-aprel 2022-yil.
Rossiya askarlari Ukrainada, Mariupol, 13-aprel 2022-yil.

Ozodlikning qirg‘iz va tojik xizmatlari Ukrainadagi urush Rossiyaning Tojikiston va Qirg‘izistondagi harbiy bazalariga ahvoliga qanday ta’sir qilganini aniqlash maqsadida hamkorlikda kichik surishtiruv o‘tkazdi. Birinchi maqolada Tojikistondagi 201-baza, ikkinchisida esa Qirg‘izistondagi “Kant” bazasi haqida so‘z boradi.

Rossiya Qirg‘izistonda joylashgan “Kant” aviabazasidan Ukraina urushiga askar jo‘natgan. Ozodlik radiosi Bishkekdan 20 chaqirim masofada joylashgan Kant shahridagi ushbu bazada Ukrainada janglar boshlangunicha Tuva Respublikasidan bo‘lgan o‘nlab harbiylar xizmat qilganini aniqladi. Ularning bir qismi keyinchalik Ukrainada halok bo‘lgan. Yerlik aholi Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng “Kant” aviabazasi sokinroq bo‘lib qolganini aytadi.

“Askarlarning yarmi qirildi, qolgani asirga tushdi”

“Tuvaliklar bizni qardosh xalqdek ko‘rishardi. Shu bois biz ular bilan yaxshi chiqishamiz. Ammo Ukrainada urush boshlanganidan keyin ularni ko‘rmadik”, deydi Kant aviabazasi yaqinida yashaydigan qirg‘iz turg‘uni.

Ozodlik suhbatdoshi xavfsizligini o‘ylab o‘z ism-familiyasini ochiqlamadi. U bilan Kantdagi harbiy baza atrofidagi dalada so‘zlashdik. Aytishicha, Tuvadan chaqirilgan askarlar qishin-yozin aviabaza hududidagi chodirlarda yashar ekanlar:

– Tuvaliklar bu yerga 2014-yildan kela boshlashgan. 2021-yilning kuzida ularning soni birdan ko‘paydi, biryo‘la 300 yigitni olib kelishdi. Ularni mashq qildirishar, qayta-qayta parashyut bilan sakratishardi. Lekin urush boshlanishi bilan ko‘rinmay qolishdi. Avvalroq bittasi bilan gaplashganimda “urushga hozirlik ko‘rilyapti, balki men ham o‘sha yoqqa jo‘narman”, degan edi. Ular yashagan chodirlar hozir yo‘q – yig‘ib olishgan. Eshitishimcha, tuvalik askarlarning yarmi qirilib ketgan, qolganlari esa asirga tushganlar.

Kant aholisi aviabazada Tuva Respublikasidan kelgan askarlar harbiy xizmatni o‘tayotganini bilishardi, chunki ular tez-tez shaharga chiqib, baza atrofidagi do‘konlardan ul-bul xarid qilardilar.

Shu yerlik kirakash Iriskeldi tuvalik harbiylardan birini mashinasida u yoq-bu yoqqa eltib qo‘yganini, yo‘l-yo‘lakay Ukrainadagi urush haqida so‘zlashganlarini aytadi:

– O‘shanda u Tuvadan xotini kelishi kerakligini, qisqa muddatga ijaraga uy qidirayotganini aytgandi. Ko‘p o‘tmay yana uchrashib qoldik. “Kvartira topdingmi?” deb so‘rasam, qo‘l siltab: “Bizni Ukrainaga jo‘natishyapti, yoppasiga”, deb javob berdi. Bu urush boshlanganidan keyin bo‘lgan gap.

Tuvalik harbiylar Rossiya armiyasida shartnoma asosida xizmat qilishayotganini aytishar ekan, ular aerodrom hududida chodirlarda turganlar va harbiy baza kontingenti bilan deyarli muloqot qilmaganlar. Obyekt yaqinida istiqomat qiluvchi turg‘unlarga ko‘ra, Tuvadan chaqirilgan askarlarning taxminiy soni 300-500 nafar bo‘lgan. Ushbu ma’lumotni Rossiya rasmiy manbalaridan tasdiqlatish imkoni yo‘q.

Yana bir turg‘un tuvalik harbiylar joylashtirilgan yerni xaritadan ko‘rsatar ekan, shunday deydi:

– Orasida bitta ham rus yo‘q edi, hammasi tuvaliklar. Ularning tili bizning qirg‘iz tiliga o‘xshab ketarkan. Aerodrom hududida yashaganlari bilan, bilishimcha, “Kant” aviabazasi tarkibiga kirishmagan. Ularning kazarmalari, oshxonasi va hammomi alohida edi. Texnika va qurol-aslahasi ham. Ular shug‘ullanishar, vertolyotdan parashyutda sakrashardi. Shuningdek, aerodromni qo‘riqlashardi. Bahorda hammalari shu yerda edi, hozir ko‘rinmay qolishgan.

Tuvalik askarlar “Kant” aviazabasini qachon tark etishgani haqida aniq ma’lumot yo‘q, shuningdek, urushga hammalari ketganmi-yo‘qmi, buni ham bilmaymiz. Google Earth Pro dasturida shu yilning iyun oyida olingan suratlarda aviabaza hududida 10 tacha katta va 12 ta kichikroq chodir bo‘lganini ko‘rish mumkin, xuddi shu chodirlarda tuvalik harbiylar istiqomat qilishgan.

Yuqoridagi sun’iy yo‘ldosh tasvirida Rossiyaning Qirg‘izistondagi Kant aviabazasida o‘rnatilgan chodirlar borligini ko‘rish mumkin. Surat 2022-yl iyun oyida olingan.
Yuqoridagi sun’iy yo‘ldosh tasvirida Rossiyaning Qirg‘izistondagi Kant aviabazasida o‘rnatilgan chodirlar borligini ko‘rish mumkin. Surat 2022-yl iyun oyida olingan.

Sentabrda Ozodlik muxbirlari “Kant” aviabazasi atrofini aylanib, Ukrainaga qarshi urush boshlangunicha tuvalik askarlarning chodirlari tikilgan joy bo‘shab qolganiga amin bo‘lishdi.

Chodirlar ana shu daraxtlar orqasida edi.
Chodirlar ana shu daraxtlar orqasida edi.

Tuva Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi eng kambag‘al hududlardan biridir. Respublikada o‘rtacha oylik ish haqi taxminan 10-15 ming rublni tashkil qiladi. Shu bois ko‘p erkaklar pul topish uchun armiyada shartnoma asosida xizmat qilishni afzal ko‘radilar.

“Yangi Tuva” topgan dalillar

Tuva Respublikasidan chaqirilgan harbiylar Rossiyaning “Kant” aviabazasi hududidan Ukrainadagi urushga jo‘natilganini yana bir necha mustaqil manba tasdiqladi. “Yangi Tuva” birlashmasi urushga borishdan bosh tortgan tuvaliklarga ko‘maklashadi. Birlashma faoli Ayana (xavfsizlik vajidan asl ismi sir tutilmoqda – Tahr.) Ozodlik bilan suhbatda RF fuqarosi bo‘lgan va Qirg‘iziston hududida xizmat qilgan askarlar haqida so‘zlab berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 21-iyunida tuvalik harbiylardan biri tashkilot bilan bog‘lanib, xizmat safari bilan Qirg‘izistonda bo‘lib turganini, Ukrainaga borishni istamasligini aytgan. U va o‘sha paytda “Kant” aviabazasi hududida bo‘lgan bir necha xizmatdoshi shartnomani bekor qilishni rejalaganlar, ammo rahbariyat ularni qo‘yib yubormagan. Ma’lum bo‘lishicha, ularga Ukrainaga borib kelgandan so‘nggina xizmatdan bo‘shashlari mumkinligi aytilgan.

Qirg‘izistondan aloqaga chiqqan tuvaliklar o‘zlarining doimiy dislokatsiya joylari Qizil shahridagi (Tuva Respublikasi) 55-maxsus motoo‘qchilar brigadasi ekanini aytganlar.

“Bu yigitlarni Qirg‘izistonga dekabr-noyabr oylarida jo‘natishgan. O‘sha yerda o‘tiraverishgan. Nimanidir qo‘riqlashgan. Aynan qanaqa vazifani bajarishganini bilmayman. Ammo yozda ularni Ukrainaga jo‘nata boshlaganlar”, deydi Ayana.

“Yangi Tuva” faollari yordam so‘rab murojaat qilgan yurtdoshlariga shartnomani bekor qilish haqidagi arizani Tuvada berishlari mumkinligini tushuntirib, zarur hujjatlar namunalarini jo‘natganlar.

Olingan ma’lumotga ko‘ra, Qirg‘izistondagi aviabaza hududiga joylashtirilgan tuvalik askarlarning pasportlari harbiy qo‘mondonlikda saqlangan. To‘qqiz askar “uyga posilka yubormoqchiman” degan bahona bilan o‘z hujjatlarini qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgan va darhol “Bishkek – Krasnoyarsk” poyezdiga o‘tirib, 29-iyunda Qizil shahriga yetib kelgan.

“Tuvaga kelishganida ularga “urushga borishdan bosh tortib va bu yerga kelib yaxshi qilibsizlar”, dedik. Chunki ular bilan bo‘lgan xizmatdoshlarini tuzoqqa tushirishdi: ko‘pi Ukrainada o‘lib ketdi yoki yarador bo‘ldi”, deydi Ayana.

Unga ko‘ra, 2022-yilning iyunida Qirg‘izistondan Ukrainaga ikki guruhga bo‘lib kamida 90 nafar tuvalikni yo‘llaganlar. Ulardan chamasi 10 nafari halok bo‘lgan, taxminan 20 askar yaralangan. 30 dan ziyod tuvalik esa Ukrainaga borgandan so‘ng jang qilishdan bo‘yin tovlagan va Rossiyaga qaytgan.

“O‘sha harbiylar, ya’ni Qirg‘izistonda bo‘lgan tuvaliklar 29-iyun kuni Lisichanskda tutdek to‘kilganidan xabarim bor. Lisichansk ostonasida qattiq janglar bo‘lgan. Ularni qirib tashlaganlar. Rossiya propaganda kanallarida ularga bag‘ishlangan qator lavhalar chiqdi, o‘lganidan so‘ng qanaqadir medallar berishdi”, deya aniqlik kiritadi Ayana.

Darhaqiqat, Rossiyaning qator OAVlari “Lisichansk shahri uchun qaqshatqich janglarda tuvalik harbiylardan tuzilgan 55-tog‘ motoo‘qchilar brigadasi qahramonlik ko‘rsatgan”i va “respublikaning fidoyi jangchilari halok bo‘lishgani, yaradorlar ham bor”ligi to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Ayana Qirg‘iziston hududida xizmatni o‘tagan harbiylarning bari shartnoma asosida xizmat qilayotgan askarlar bo‘lganini, u taniganlardan ikki nafari taxminan 30 yoshda bo‘lganini aytadi. Ayana ulardan birining Bishkekda va “Kant” aviabazasiga juda o‘xshash joyda tushgan suratlarini ko‘rsatdi. Biroq tahririyat, askarning xavfsizligini hisobga olib, suratlarni e’lon qilmaslikka qaror qildi.

“Yangi Tuva” faollari Qirg‘izistondagi aviabazadan Ukraina urushiga yo‘llangan tuvalik harbiylardan biri haqidagi ta’ziyanomani ham ko‘rsatishdi. “Ozodlik” halok bo‘lgan askarning bevasi bilan telefon orqali bog‘landi. Ayol marhum eri 55-tog‘ motoo‘qchilar brigadasida xizmat qilganini, shu yilning bahorida “Kant” aviabazasiga qayta dislokatsiya qilinganini tasdiqladi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan biz o‘lgan harbiy va uning rafiqasi shaxsiy ma’lumotlarini ochiqlamaymiz.

“U mart oyida Qirg‘izistonga komandirovka qilingan edi. Uch oy o‘sha yerda bo‘ldi. Uch oydan so‘ng ularga ta’til berishlari kerak edi, lekin berishmadi. Va Qirg‘izistondan to‘ppa-to‘g‘ri Ukrainaga yuborishdi. Erim 19-iyun sanasida Ukrainaga kirgan bo‘lsa, 26- iyunda halok bo‘ldi”, deydi o‘z hikoyasida askar bevasi.

Marhumning yosh bolalari yetim qoldi. Beva ayol eri o‘z erkiga zid o‘laroq Ukrainaga urushga jo‘natilganini aytadi.

“Majburlashgan. Ular “bormaymiz”, deb ariza berishgan edi. Komandirlari rozi bo‘lmagan”, deydi ayol.

Ozodlik tuvaliklar Qirg‘izistondagi aviabazadan nega Ukrainaga yo‘llangani bilan qiziqdi. “Yangi Tuva” faoli buni Ukrainada rossiyalik harbiylar yetishmasligi bilan izohladi.

“Aviabaza sokin bo‘lib qoldi”

Kant shahridagi aviabazadan tuvaliklardan boshqalar ham Ukrainaga urushga yuborilganmi, yo‘qmi – noma’lum. Ammo, mahalliy aholi aytishicha, Rossiya Ukrainaga bosqin qilganidan so‘ng aviabaza tevaragida boshqa o‘zgarishlar ham kuzatilgan.

“Kant” aviabazasi xizmatchilari harbiy shaharchaga yagona yo‘ldan borib-kelishadi. Turg‘unlarga ko‘ra, mazkur yo‘ldagi harakat intensivligiga qarab ushbu yopiq obyektning qanchalik faolligini aniqlash mumkin.

Turg‘unlardan biri shunday deydi:

– Aviabaza oldida taxminan 100-150 avtomobilga mo‘ljallangan turargoh bor. Ilgari u yer doim mashinalarga to‘la bo‘lardi. Ukrainada urush boshlanganidan beri turargohda 20-30 dan ortiq mashinani ko‘rganimiz yo‘q. Harbiylar qatnaydigan trassada ham harakat susaydi.

Turg‘unlar baza qanchalik faolligini uchib-qo‘nayotgan uchoq va vertolyotlar sonidan kelib chiqib baholash ham mumkin. Urushdan oldin aviabaza hududidan ancha ko‘p uchoqlar havoga ko‘tarilar ekan.

Yana bir turg‘un o‘z kuzatuvlarini Ozodlik bilan o‘rtoqlashdi:

– Urush endi boshlangan paytlar har kuni uchib-qo‘nishar, mashg‘ulotlar o‘tkazishardi. Baza juda faol edi. Yuk uchoqlari uchib kelganini va havoga ko‘tarilganini o‘zim ko‘rganman. Vertolyotlardan parashyutda sakrashardi, odam gavjum edi. Hozir bo‘lsa unaqa faollik yo‘q. Uchoqlar ham deyarli ko‘zga tashlanmayapti. Haftada bitta uchoq uchib-qo‘nib turadi, shekilli. Bazada qancha askar borligini bilmaymiz. Ular hududni tikanak sim bilan o‘rab olishgan. Lekin uchoq va vertolyotlar soni kamayib ketganidan xulosa qilish mumkinki, askarlar oz qolgan.

Biroq Qirg‘iziston armiyasi va hukumatga yaqin manbalar Rossiya aviabazasida parvozlar, avvalgidek, nizom va muayyan rejimga binoan amalga oshirilayotganini ta’kidlashmoqda.

Ozodlik 6-sentabrda “Kant” aviabazasi vakiliga mazkur obyektdan Ukrainaga yo‘llangan tuvalik harbiylar hamda baza faoliyati susaygani xususida so‘rov jo‘natdi. Ayni mazmundagi elektron maktub RFning Qirg‘izistondagi elchixonasiga ham yuborildi. Hozircha hech biridan javob kelgan emas.

24-avgustda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlarining Toshkentdagi yig‘ilishida chiqish qilar ekan, “Rossiyaning Qirg‘iziston va Tojikistondagi harbiy bazalari jangovar shayligi” oshirilganini bildirdi. Rossiya mudofaa vaziri, xususan, “IShID va “Al Qoida” kabi terrorchi tashkilotlar jonlanib qolgan Afg‘onistondagi vaziyat Markaziy Osiyo xavfsizligiga jiddiy xavf solishi”ni urg‘uladi.

Biroq Ozodlik radiosi muxbirlari aniqlagan ma’lumotlar ushbu bazalardan birining faoliyati, aksincha, susayganidan darak berayotir.

Qirg‘izistonda Rossiyaga oid bir nechta harbiy ob’ekt mavjud. Ulardan eng yirigi – Kantdagi harbiy-havo bazasi 2003-yil oktabrda ochilgan bo‘lib, RF Markaziy harbiy okrugiga bo‘ysunadi. Uning asosiy vazifalari Markaziy Osiyo havo hududini nazorat qilish, shuningdek Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) doirasida harbiy yordam ko‘rsatishdan iborat.

2013-yilda Rossiya Qirg‘izistondagi barcha harbiy obyektlarini yagona harbiy-havo bazasiga birlashtirgan. U Kantdagi harbiy aerodrom, Qo‘y-Sari va Qora Bulundagi (Issiqko‘l viloyati) torpedo poligonlari, Chaldovardagi maxsus aloqa tarmog‘i hamda Moyli Sudagi 17-radiolokatsiya laboratoriyasini o‘z ichiga oladi.

XS
SM
MD
LG