Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:57

SSVda tozalash: Eski vazir “komandasi” ishdan haydalmoqda


SSVga qarashli tashkilotlarda Yangi yildan so‘ng ham ishdan olishlar davom etishi taxmin qilinmoqda.
SSVga qarashli tashkilotlarda Yangi yildan so‘ng ham ishdan olishlar davom etishi taxmin qilinmoqda.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) markaziy apparatining 40 foiz xodimi ishdan bo‘shatildi.

Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, bu xodimlarning barchasi “o‘z faoliyatida natija bermagan" kadrlardir.

Vazirlik ishdan haydalganlar soni va ular o‘rnini egallaydigan yangi xodimlarga oid ma’lumotlarni ochiqlaganicha yo‘q.

SSVdagi manbalar qaydicha, ishdan olinayotganlarning barchasi sobiq vazir Abduhakim Hojiboyev “komandasi”ga tegishli odamlardir.

Vazirlikni bir yil boshqargan Hojiboyev joriy yilning 11 - noyabr kuni ishdan olingan va uning o‘rniga Soliq qo‘mitasining sobiq boshlig‘i va bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev tayinlangan.

SSVning 40 foiz xodimi ishdan haydaldi

SSV markaziy apparati xodimlarining 40 foizi ishdan haydalgani 14 - dekabr kuni vazirlikning navbatdan tashqari Hay’at yig‘ilishida e’lon qilingan.

Bu haqda xabar qilgan SSV matbuot xizmatiga ko‘ra, vazirlikning vazifasidan ozod qilingan xodimlari “o‘z faoliyatida natija bermagan” kadrlar hisoblanadi.

Ayni paytda vazirlik bu kadrlar samarasiz ishlasada, ularga quyi bo‘g‘in tibbiyot muassasalarida ishlash taklif qilinganini ham yashirmagan.

Vazirlik o‘z xabarida ishdan bo‘shatilgan xodimlar soni qanchaligini ochiqlamagan. Shuningdek, vazirlik xabarida ishdan olinganlar o‘rniga kimlar qo‘yilishi haqida ham biror ma’lumot yo‘q.

15 - noyabr kuni Ozodlik bunga oydinlik kiritish maqsadida SSV mulozimlari bilan bog‘landi. Biroq ulardan bu borada biror ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi. Shundan so‘ng Ozodlik savollari SSV matbuot xizmatiga Telegram orqali jo‘natildi. Hozircha savollarga javob olinganicha yo‘q.

15 - dekabrda Sog‘liqni saqlash vazirligi tez kunda prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “O‘zbekiston tibbiyoti — Inson qadri uchun” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazajagini ma’lum qildi. Rasmiy xabarda muloqotning aniq kuni aytilgan emas.

“Eski vazirning komandasi haydalmoqda”

SVVdagi manbaga ko‘ra, ishdan haydalayotganlarning barchasi sobiq vazir Abduhakim Hojiboyev “komandasi”dagi odamlardir.

“Hojiboyev vazir bo‘lgan bir yil davomida tibbiyot tizimidagi barcha lavozimlarga o‘zining odamlarini qo‘ygandi. Vazir sifatida ish boshlashi bilan pullik lavozimlarning 90 foizini bo‘shatib, o‘zining odamlarini qo‘ygan. O‘zi bir yil davomida Hojiboyevga qarshi noroziliklar to‘xtamadi. Chunki u 10-20 yillik malakali mutaxassislarni bo‘shatib, malakasiz bo‘lsada, o‘z odamlarini qo‘ygan. Ular faqat pul qiladigan odamlar edi. Musayev faqat eski vazirning komandasini ishdan bo‘shatyapti”, dedi xavfsizlik sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan manba. U "pullik lavozimlar" deganda nimani nazarda tutganini ochiqlamadi.

Tafsilotlardan xabardor manbaga ko‘ra, tibbiyot tizimida hali ishdan olishlar yana davom etadi:

“Kecha 40 foiz deb, kamaytirib aytishdi. Aslida Hojiboyev komandasini butunlay yo‘qotishmoqda. Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash boshqarmasida ham Hojiboyev qo‘ygan xodimlar ishdan olinyapti. Yangi yildan so‘ng sog‘liqni saqlash tizimidagi o‘nlab agentliklar, institutlar, tashkilotlarning hammasida Hojiboyev davrida qo‘yilgan rahbarlar ishdan olinadi. Keyingi oy tibbiyot tizimlarida respublika bo‘ylab bo‘shatishlar bo‘ladi”.

SSV saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, vazirning besh o‘rinbosari ham hozircha o‘z o‘rnida qolyapti. Ulardan ikki nafari sobiq vazir Hojiboyev ishga kelganidan so‘ng ushbu lavozimga tayinlangan.

Sog‘liqni saqlash sobiq vaziri Abduhakim Hojiboyev O‘zbekiston kasaba uyushmalari rahbari o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

SSV: Tizimda muammolar ko‘p

SSVning 14 - dekabrdagi yig‘ilishida mamlakatdagi tibbiy xizmat sifati talab darajasida emasligi ta’kidlangan.

“Keyingi paytlarda xalqimizning tibbiyot sohasidan norozi ekanligi haqida Sog‘liqni saqlash vazirligiga juda ko‘p shikoyatlar kelmoqda. Chunki tizimda hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar ko‘p. Ayniqsa, aksariyat hududlarda tibbiy xizmat sifati hanuz talab darajasida emas. Sohada byurokratik to‘siqlar va korrupsion holatlar, afsuski, saqlanib turibdi”, deyiladi SSV xabarida.

Rasmiy xabarda ta’kidlanishicha, joriy yilning o‘tgan 11 oyida Sog‘liqni saqlash vazirligiga kelib tushgan jami murojaatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 12 mingtaga ko‘payib, 57 600 tani tashkil etgan. Ularning eng katta qismi sifatsiz tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq shikoyatlardir.

Bundan tashqari yig‘ilishda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yomonligi oqibatida so‘nggi besh yilda yurak-qon tomir xastaliklariga chalinish holatlari 20 foizga ko‘paygani, mutaxassislar malakasi yetishmasligi oqibatida diabetning og‘ir asoratlari – ko‘z, buyrak va to‘piq kasalliklari bo‘yicha respublika muassasalariga murojaatlar 10 foizga oshgani qayd etildi.

Ushbu kamchiliklarda tizimdagi kadrlarning noprofessionalligi sabab qilib keltirilgan va shu sabab SSVning 40 foiz xodimini yangilashga qaror berilgani aytilgan rasmiy xabarda.

Mirziyoyevga sadoqatli “hisobchi”

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka ikkinchi muddatga saylanishidan ikki hafta o‘tib, kadrlar “rokirovkasi”ni amalga oshira boshladi.

48 yashar Behzod Musayev ham 11 - noyabr kuni SSVga vazir etib tayinlandi.

Soliq qo‘mitasining sobiq boshlig‘i va bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan Musayevning sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga o‘tkazilishi ijtimoiy tarmoqlarda eng korrupsiyalashgan tizimga oid navbatdagi noto‘g‘ri qaror sifatida tanqid qilindi.

Musayev tez orada o‘z odamlarini olib kelib, tuzilmaning viloyatdagi boshqarmalariga ham hisobchi, iqtisodchi rahbarlarni qo‘yadi, degan xavotirlardan bir oy o‘tib, SSVda ommaviy ishdan bo‘shatishlar boshlandi.

48 yashar Musayevni shaxsan taniganlar, qattiqqo‘l va hisob-kitobga puxta rahbar, deya olqishlagandi.

Ayni paytda Musayev, Mirziyoyevning sadoqatli “hisobchisi” hamda hukumatning yuqori bo‘g‘inlaridagi korruptsion zanjirning muhim bo‘lagi, degan iddaolar ham ilgari surilgan.


Behzod Musayevning o‘tmishi ham munozarali. Ozodlik manbalari 2011 - yilda Musayevning AQShga qochib borgani va u yerda siyosiy boshpana olganini iddao qilishgan.

Hokimiyat pillapoyalaridan qisqa muddatda ko‘tarilgan va nisbatan yosh kadr bo‘lgan Musayev bu ma’lumotlarni biror marta izohlamagan, bunga boshqa rasmiylar ham aniqlik kiritmagan. O‘tgan oy IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov, Ozodlikka bu borada rasman so‘rov yuborishni tavsiya qilgan, Ozodlik bu so‘rovga hanuz javob kutmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG