Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:29

So‘xliklar ishi: Sudlanuvchilar ayblov xulosasidagi iqrorlik ko‘rsatmasidan qaytmoqda - yaqinlari


Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida shu yilning may oyida So‘x tumanida yuz bergan ommaviy tartibsizliklarda ayblangan 22 kishi ustidan sudning ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Sudda ishtirok etgan so‘xlik faollardan biriga ko‘ra, 16 - noyabr kungi majlisda 3 nafar ayblanuvchining ko‘rsatmalari tinglangan.

Ozodlikka kelib tushgan ayblov xulosasida qayd etilishicha, 22 ayblanuvchidan 4 nafari ayblovga iqror bo‘lmagan, 3 nafari qisman iqror bo‘lgan, qolganlari esa to‘liq iqror bo‘lgan.

Ammo sudlanuvchilarning yaqinlari va kuzatuvchilarga ko‘ra, majlisda ayblanayotgan so‘xliklarning aksari ayblarga iqror bo‘lmagan, ulardan ba’zilari hibsga olish chog‘ida "dubinka bilan kaltaklangani"ni aytgan.

16 - noyabr kungi sud majlisida qatnashgan so‘xlik faolning, shaxsi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka aytishicha, mahkamada ayblanuvchilarning 20 nafari ayblarga iqror emasligi, 2 nafari esa, qisman iqrorligini bildirgan.

So‘xt tumani hokimligiga yaqin bu faolning aytishicha, sudlanuvchilarning hibsda saqlanayotgan 9 nafari hamda So‘x tumanida uy qamog‘ida saqlanayotgan 13 nafari sud zaliga keltirilgan.

Bu shaxslar 31 - may kuni Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasining bahsli qismida joylashgan “Chashma” bulog‘i ustidan qo‘shni davlat fuqarolari bilan yuz bergan to‘qnashuvlarda qatnashish hamda uni uyushtirishda ayblanmoqda.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, janjalda ikki tarafdan mingdan oshiq odam, guvohlarga ko‘ra esa, 4 ming atrofida odam qatnashgan, tomonlar bir-birini toshbo‘ron qilgan, bir necha uyga o‘t qo‘yilgan.

Sudlanuvchilarga Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish) va 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Hibsda saqlanayotgan 22 yashar Firdavs Ahrorovning otasi –Mullohisen Ahrorovning Ozodlikka aytishicha, ikkinchi majlisda 3 nafar sudlanuvchi - Ahmedov Maxsum Boboxojiyevich, Mirsharipov Ravshan Jumaboyevich, Jo‘rayev Nazirjon Obidovichlarning ko‘rsatmasi tinglangan.

Ahrorov, ular ayblovni tan olmasligini bildirgani va majlis boshida so‘ralganida, uning o‘g‘li ham ayblovni tan olmaganini aytdi.

Ayblov xulosasining ilk sahifasidan fotosurat.
Ayblov xulosasining ilk sahifasidan fotosurat.

Ammo Ozodlikka taqdim qilingan ayblov xulosasida 22 ayblanuvchidan 4 nafari ayblovga iqror bo‘lmagani, 3 nafari qisman iqror bo‘lgani, qolganlari esa, to‘liq tan olgani qayd etilgan.

“O‘g‘lim darrov aytdi – men ayblovni tan olmayman, dedi. 22 boladan, 20 nafari ayblovni umuman tan olmaymiz, deyishdi. 2 nafar yoshrog‘i qisman tan olamiz, urushga (chegaradagi janjal – tahr.) borganmiz, lekin tosh otmaganmiz, hech kimni urmaganmiz, deb ko‘rsatma berdi”, - dedi M. Ahrorov.

M. Ahrorovga ko‘ra, sudning ikkinchi majlisi 11 yarimlarda boshlanib, kechki soat 5 ga qadar davom etgan.

Majlis ochiq bo‘lgan, unda sudlanuvchilarning yaqinlari, jurnalistlar va boshqa jamoatchilik vakillari ishtirok etgan.

“Birinchi kuni bolalar o‘zlarini urishganini ochiq-ochiq aytishdi. Firdavs “Boshimga qora qop kiydirishdi. Nega kiydirdingiz, desam, boshimga dubinka bilan urishdi. O‘zimga kelganimga ko‘p bo‘lmadi, deb ko‘rsatma berdi. Boshqa bolalar ham shunaqa gaplarni gapirishganida, sudya hammasini ochiq so‘radi”, - dedi Mullohisen Ahrorov.

Farg‘ona shahrida 9 - noyabr kuni boshlangan sudning navbatdagi majlisi 23 -noyabr kuni soat 10:00 ga belgilangan.

Joriy yilning 31 - may kuni chegaraning bahsli qismidagi buloq suvi ustida O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarining tortishuvi ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgandi.

Chegarada boshlangan dahanaki mojaroning keyinchalik to‘qnashuvga aylanib ketishida mahalliy rahbarlar, xususan, Farg‘ona hokimini ayblagan norozilar Shuhrat G‘aniyev va So‘x tumani sobiq hokimini toshbo‘ron qilgan edi.

Voqealardan 3 oy o‘tib, unga aloqadorlikda ayblangan o‘nlab so‘xlik qo‘lga olingan, 6 nafariga ayblov e’lon qilingan. Ammo 9 - noyabr kuni mahkamada 22 nafar ayblanuvchi hozir bo‘ldi.

13 nafar so‘xlik sentabr oyidan buyon uy qamog‘ida saqlanayotgani faqat mahkama boshlanganidan so‘nggina jamoatchilikka ayon bo‘ldi.

Ayblanuvchilar orasida 2 nafari voyaga yetmagan, yana bir nechasi o‘zbek tilini bilmagani uchun tarjimon so‘ragan, biroq tarjimonsiz tergov qilingani haqida ma’lumotlar bor.

Farg‘ona viloyatining qo‘shni Qirg‘iziston hududida joylashgan So‘x tumani aholisining asosiy qismi tojik millatiga mansub va ayrim so‘xliklar O‘zbekistondan uzilib qolgani bois, o‘zbek tilini yaxshi bilmasliklarini aytadilar.

Shu yilning 31 - may kuni Farg‘ona viloyati So‘x tumanining, Qirg‘iziston Botken viloyati Qadamjoy tumaniga tutash Chashma qishlog‘ida suv ustida janjal chiqdi.

Buning ortidan yuz bergan ommaviy tartibsizliklar chog‘ida, O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, So‘x tumani shifoxonasiga o‘q yegan va jarohatlangan 187 o‘zbekistonlik keltirilgan, bularning 3 nafari ov miltig‘idan yaralangan.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra esa, jami 25 qirg‘izistonlik jarohatlangan, ulardan 4 nafari og‘ir jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan.

O‘shanda O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumati rahbarlari "Chashma" chegara punktida uchrashib, ziddiyatning eskalatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslik va o‘zaro tinch hal qilishga kelishib olgandi.

So‘xda may oyida yuz bergan to‘qnashuvlar yuzasidan bironta qirg‘iz fuqarosi hibsga olingani yoki jinoyat ishi ochilgani ma’lum emas.

Maydoni 352 kilometr kvadratni tashkil qilgan So‘x tumanida 80 mingga yaqin aholi yashaydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, aholining 99 foizi tojik millatiga mansub, 7 foizi qirg‘iz, 1 foizi o‘zbek va boshqa millat vakillaridir.

XS
SM
MD
LG