Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:29

Shahrisabzda maktab direktori va o‘quvchisi TikTokdagi video ustidan sudlashmoqda


Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi 38-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Elyor Abduraupov maktab direktori va uning o‘rinbosari tomonidan kaltaklanganini iddao qildi.

Elyorga ko‘ra, uning maktab direktori haqida tayyorlagan hazil videosi TikTok tarmog‘iga chiqib ketgani mojaroga sabab bo‘lgan.

Abduraupov qilgan ishi uchun kechirim so‘raganiga qaramay uni kaltaklashgani, oqibatda bir hafta davomida shifoxonada davolanib chiqqanini aytdi.

38-maktab direktori Akmal Rahmonov o‘z o‘quvchisini urganini inkor qildi. Ayni paytda Rahmonovning o‘zi uning videosini TikTok ka chiqargani uchun o‘quvchi Abduraupovni sudga bergan.

IIB xodimlariga ko‘ra, o‘quvchining kaltaklanishi borasidagi uning onasi arizasi bo‘yicha ham ish ochilgan.

Shahrisabzning Qutchi qishlog‘idagi 38-maktabning 11- sinf o‘quvchisi Elyor Abduraupovning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, u maktab direktori suratidan hazil video tayyorlab, sinfdoshiga jo‘natgan. Bu video TikTok tarmog‘iga chiqib ketgach, janjal boshlangan:

“Direktorimizning videosini bilmay yasab qo‘ydim. Internetga chiqarish uchun yasamadim. Bunaqa niyatim umuman bo‘lmagan. Hazil uchun yasadim. Keyin sinfdoshlarimga ko‘rsatdim, bitta sinfdoshimning telefoniga o‘tkazib ham berdim. Keyin tarqalib ketibdi. Kimdir TikTok tarmog‘iga ham chiqarib yuboribdi. Men bu videoni yuzni o‘zgartirib, montaj qiladigan Noizz dasturi orqali tayyorladim. Bu faqat hazil uchun qilingandi”.

Abduraupov iddaosicha, u tayyorlagan hazil videosi internetga chiqib ketgani uchun maktab direktori Akmal Rahmonovdan kechirim so‘ragan, biroq direktor o‘z o‘rinbosari bilan uni kaltaklashgan:

“Men o‘zim kechirim so‘radim, ota- onam borib, kechirim so‘radi. Direktor kechirim so‘raganimizga ham qaramay, so‘kib tashladi. “Kechirmayman, sizlar bilan qasdlashdim”, dedi. 1 - may kuni direktor xonasida meni avval zamdirektor urdi. Yuzimga urdi, keyin polga yiqilib tushdim. Men zamdirektorga qarshilik qilmoqchi bo‘lgandim, direktorning o‘zi bo‘ynimdan ko‘tarib, ichimga ikki marta urdi, keyin yuzimga urdi. Yuzimga qattiq tegmadi. Lekin ichim og‘ridi. Xonada bir nechta o‘qituvchilar ham bor edi”.

Elyorning onasi Zulayho Rasulovaning Ozodlikka aytishicha, 1 - may kuni kechqurun o‘g‘lining ahvoli og‘irlashgani uchun “Tez tibbiy yordam” chaqirishga majbur bo‘lishgan:

“Skoriy chaqirdik. Ular bolamni shifoxonaga olib ketishdi. Bir hafta kasalxonada davolanib chiqdi”.

Shahrisabz tuman markaziy kasalxonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Elyor Abduraupovga “Qorin sohasi yumshoq to‘qimalarining ezilishi” tashhisi qo‘yilgan.

Elyorning onasi Zulayho Rasulova iddaosicha, o‘g‘lining aybi uchun u ham kechirim so‘ragan, biroq maktab direktori uni “tahqirlagan”.

“To‘g‘ri Rahmonov katta odam. O‘g‘lim noto‘g‘ri ish qilgan, uni oqlamoqchi emasman. Uzr so‘radik. Bolam nojo‘ya ish qilgan, buning uchun qattiq kechirim so‘radim. Direktordan uzr so‘radim. Lekin “uzringni qabul qilmayman”, dedi. “Agar maktab o‘quvchilari oldiga yalang‘och chiqsang, seni kechiraman, keyin bu ishni bosti- bosti qilaman”, dedi”.

Rasulovaning aytishicha, u o‘g‘lining kaltaklanishi va o‘zining tahqirlanishi bo‘yicha IIBga shikoyat arizasi yozgan.

Ozodlik 38-maktab direktori Akmal Rahmonov bilan bog‘langanida u o‘z o‘quvchisini kaltaklaganini inkor qildi:

“Qo‘limni ham tekkizmaganman. Urgan bo‘lsam, ekspertiza chiqarib bersin”.

Rahmonovga ko‘ra, uning o‘zi o‘quvchi Abduraupov va uning ota-onasini sudga bergan:

“Telegramdagi rasmimni olib, boshimni, tanamni o‘ynatib, qo‘shiq ayttirib, juda sharmandali holat qilgan. El-yurt oldida, qudalarning oldiga sharmanda bo‘ldim. Men endi qo‘ymayman, ota-onasini jarimaga torttiraman. Men ish ochdirganman. Ma’muriy javobgarlik kodeksining 47-moddasi bo‘yicha ish ochtirdim. Jarimaga torttiraman. Ota- onasining cho‘ntagidan ozroq pul chiqsa, bolasi tarbiyasiga e’tiborliroq bo‘ladi”.

IIB xodimlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, Elyorning kaltaklanishi borasida uning onasining arizasi bo‘yicha ish ochilgan:

“Ekspertizaga yo‘llanma berilgan. Abduraupovning telefon apparati ham tekshirishga yuborilgan. Ekspertiza xulosasi kelsa, biz qaror chiqaramiz”.

Kaltak ko‘targan ta’lim tizimi

O‘zbekiston maktab va kollej talabalari hamda bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilarning o‘qituvchi-muallimlar tomonidan kaltaklanishi noodatiy hodisa emas.

Avvalroq Ozodlik Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi 141-maktabning 9-sinfida o‘qituvchi o‘z o‘quvchilarini urayotgani aks etgan videoni e’lon qilganidan so‘ng o‘qituvchi ishdan haydalgan edi.

Chiroqchidagi 134-son maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Shohnur Oqqo‘ziyev o‘quvchisiga "2" baho qo‘ygani uchun uning akalari tomonidan kaltaklangani ortidan shifoxonaga yotqizilgan.

XS
SM
MD
LG