Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:49

Sardoba fojiasi bo‘yicha uchinchi yopiq mahkama: Yana 24 kishiga hukm o‘qilishi kutilmoqda


Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi bo‘yicha ilk mahkama o‘tgan yil mayida O‘zbekiston Oliy sudida bo‘lib o‘tgan.
Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi bo‘yicha ilk mahkama o‘tgan yil mayida O‘zbekiston Oliy sudida bo‘lib o‘tgan.

Shu yilning 23-sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Sardoba suv ombori o‘pirilishida ayblangan 24 nafar shaxsga nisbatan mahkama ishi yakunlandi. Sudning nihoiy hukmi 27-sentabr kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.

Bu haqda Ozodlikka sudlanuvchilarning ismi sir qolishini so‘ragan advokatlaridan biri ma’lum qildi.

Sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi, 209-moddasi 2-qismi va 243-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.

Mahkamada davlat ayblovchisi JKning 45-moddasini qo‘llagan holda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” shirkati Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasining muhandis va mexaniklardan iborat jamoasiga oylik ish haqlarining 20 foizini davlat foydasiga o‘tkazib turish sharti bilan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilish jazosini so‘ragan.

Сардоба фожиаси: Ёпиқ суддан кейин очиқ қолаётган саволлар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:34 0:00

Shuningdek, sudlanuvchilarga BHMning 100 baravaridan 500 baravarigacha miqdoridagi jarima jazolari qo‘llanilishini talab qildi.

Mazkur mahkama 2020-yilning 1-may kuni sodir bo‘lgan Sardoba suv omborining o‘pirilishi bo‘yicha uchinchi yopiq mahkamadir. Birinchi mahkama 2021-yilning 10-may kuni Oliy sudda, ikkinchisi esa 12-sentabr kuni JIB Toshkent shahar sudida yakunlangandi.

Sardoba ishidagi ikkinchi yopiq mahkama

2020-yilning 1-may kuni sodir bo‘lgan Sardoba texnogen hodisasi bo‘yicha ilk jinoyat ishi o‘tgan yil mayida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ko‘rilib, unda 19 nafar shaxsga nisbatan hukm o‘qilgani haqida Bosh prokuraturaning matbuot xizmati xabar qilgandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi tomonidan maxfiy tarzda ko‘rilgan mazkur jinoyat ishi Sardobadagi texnogen falokat bo‘yicha ikkinchi sud ishidir.

Mazkur ish hodisa oqibatlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan 2020-yilning 1-may kuni qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining alohida ish yurituviga olingan qismi bo‘lib, ish bo‘yicha tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi DXX Tergov boshqarmasi tomonidan 2 yil davomida olib borilgan.

Jinoyat ishi figurantlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” shirkati Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasining 24 nafar xodimi, “UzGIP” davlat unitar korxonasining 2 nafar mutaxassisi, “Sardoba yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasining bir nafar hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Prognozlash boshqarmasi bir nafar xodimlaridir.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi sud ekspertiza markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Hisob palatasi xulosalariga ko‘ra, Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi oqibatida davlat va jamoat manfaatlarigi 1,555 trillion so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Advokatlar iddaosi: mahkama qonunga xilof ravishda maxfiylashtirilgan

Sudlanuvchilarning advokatlariga ko‘ra, Sardoba texnogen hodisasi yuzasidan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari va mahkama jarayonlari qonunga xilof ravishda maxfiylashtirilgan. Aslida ish xususiyati, mavjud vaziyat hamda sudlanuvchilarning huquq va manfaatlari nuqtai nazaridan sud ochiq majlislarda ko‘rilishi lozim edi.

Jinoyat ishida ishning yopiq ko‘rilishiga daxl qiluvchi davlat siri yoki boshqa yo‘sindagi ma’lumotlar mavjud emas.

Ozodlik suhbatlashgan advokatlarning iddaosicha, mahkama jarayonlari jamoatchilik bosimi va asl aybdorlarning fosh bo‘lishi ehtimolini yo‘qqa chiqarish uchun o‘ylab topilgan. Chunki sud ekspertizalari va xulosalar, dalil va sudlanuvchilarning ko‘rsatmalari aslida jazoga tortilgan jamoaning texnogen fojia uchun aybdor emasligini namoyon qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi “Gidrotexnik inshootlari xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunida gidrotexnik loyihalash, qurish, foydalanishga topshirish hamda foydalanishdan chiqarish qoidalari aniq belgilab qo‘yilgan. Qonunning 6-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi katta va muhim suv xo‘jaligi obyektlarining texnik holatini nazorat qilish “Davsuvxo‘jaliknazorat” davlat inspeksiyasi zimmasidadir.

Holbuki, qonun talabi asosida «Sardoba” suv omborining qurilishidan avval "xavfsizlik deklaratsiyasi” tuzilib, tegishli tartibda tasdiqlanmagan.

Ekspertlar nima deydi?

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi ekspertiza markazi xulosasiga ko‘ra, Sardoba suv omboriga hali inshoot bitmasdan turib, 2013-yildan boshlab suv yig‘ilishiga ruxsat berilgan. (Ozodlik tanishgan jinoyat ishining 7-jild, 99-varag‘i).

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh. Xamrayev davlat komissiyasi tomonidan foydalanishga topshirilmagan suv omboriga to‘liq hajmda (922 million kub metr) suv yig‘ilishiga ruxsat bergan. Biroq Oliy sud va Toshkent shahar sudidagi mahkamalarda vazirning bu harakatlariga baho berilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan 2016-yilda Sardoba suv ombori qurilishining ikkinchi navbati bitganiga qaramay, 2020-yilning 1-mayidagi PK 60-qismning o‘pirilishiga qadar avtomatlashtirilgan xavfsizlik tizimi ishga tushirilmagan.

Uchinchi mahkama figurantlari oddiy ishchi-muhandislar

Davlat ayblovchisi axloq tuzatish va jarimalar qo‘llashni so‘ragan sudlanuvchilar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” shirkati Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasining moddiy javobgar bo‘lmagan oddiy ishchilari bo‘lib, ular to‘g‘on qurilishida qora ishlarni bajarishgan.

Advokatlarga ko‘ra, sudlanuvchilar moddiy javobgar shaxs ham, loyiha uchun mas’ul ham bo‘lmagan kishilardir. Ular tergov davrida ham, sud jarayonida ham amalda himoya huquqidan mahrum qilingan shaxslardir. Ular tergov va sud jarayonlarida muntazam ruhiy bosimlar, qamoq bilan tahdidlar ostida bo‘lishgan.

Сардобадан бир йил ўтиб: Сув остида қолган сирлар. Озодлик суриштируви
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:26:21 0:00

2020-yilning 1-may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan, 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan.

To‘g‘on yorilishi oqibatida yuz bergan toshqin O‘zbekiston tarixidagi eng yirik aholini evakuatsiya qilish amaliyotiga sabab bo‘ldi - yuz minglab odam xavfsiz hududga ko‘chirildi.

Ozodlik surishtiruvi "asr loyihasi" nomi berilgan Sardoba suv ombori qurilishi jarayonida loyiha uchun mas’ul Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Achilboy Ramatov hamda "O‘zgidroenergo" rahbari Abdug‘ani Sanginovlar manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganini ko‘rsatuvchi dalillarni o‘rtaga chiqargan.

Ramatov va Sanginovlar nomi mahalliy matbuotda ham Sardoba fojiasi uchun mas’ul mulozimlar sifatida tilga olingan. Ammo har ikki shaxs hozirga qadar hukumatdagi lavozimi va daxlsizligini saqlab qolmoqda. O‘tgan oy prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yuz bergan qator texnogen falokatlar munosabati bilan nomi bot-bot tilga olinadigan Achilboy Ramatovni "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirlagan.

XS
SM
MD
LG