Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:39

Karimov quloqchinni uloqtirgan yig‘in. O‘zbekiston 20 yildan so‘ng YTTB anjumaniga mezbonlik qilmoqda


Samarqanddagi yig‘in Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekistonidagi islohotlar”ni ko‘z ko‘z qilish uchun fursat bo‘lishi kutiladi.
Samarqanddagi yig‘in Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekistonidagi islohotlar”ni ko‘z ko‘z qilish uchun fursat bo‘lishi kutiladi.

16 may kuni Samarqandda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining yillik anjumani boshlandi. Bundan roppa-rosa 20 yil muqaddam bankning Toshkentda o‘tgan yillik anjumani O‘zbekistondagi qiynoqlar va inson haqlari bilan bog‘liq boshqa muammolar sabab xalqaro mojaroga aylanib ketgan edi.

Tashkilotchi va ishtirokchilarga ko‘ra, o‘tgan 6 yilda O‘zbekiston Karimov davridagiga nisbatan o‘zgargan. Karimov davrida O‘zbekistonni tark etgan bankning 2017-yildan mamlakat iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalari miqdori 3 milliard yevroga yetgan.

20 yil oldingi sammitdan farqli bank direktorlar kengashining O‘zbekistonda to‘planish haqida olgan bu safargi qarorining o‘zi tanqid qilinayotgani yo‘q. Ammo tanqidchilar bor va ular bankning O‘zbekistondagi ayrim loyihalari shaffof emasligi, mehnat huquqlarining buzilish hollari, tarixiy obidalar va atrof-muhitga zarar yetkazish singari holatlarga yetarli e’tibor qaratilmayotganini aytishadi.

Samarqandda o‘tayotgan yig‘in Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston"idagi islohotlarni ko‘z-ko‘z qilish uchun fursat bo‘lishi kutiladi.

Samarqandda YXHT yillik yig‘ini va biznes forum.
Samarqandda YXHT yillik yig‘ini va biznes forum.

YTTB bayonotida aytilishicha, Samarqand anjumani barcha tomon uchun ochiq.

“Siyosatchilar, biznes liderlar va ekspertlar yanada barqaror global iqtisodiyotni yaratish bo‘yicha amaliy strategiyalarni muhokama qilish uchun Samarqandda yig‘iladi. Shuningdek, yig‘in YTTB o‘tgan yil davomida amalga oshirgan loyihalarni ko‘rib chiqish va kelajak uchun rejalarni belgilash imkoniyatini beradi. Bank barqarorlikka sarmoya kiritib, o‘z mijozlarini qo‘llab-quvvatlash va kuchliroq, barqaror kelajakni qurishga yordam berishga intiladi”.

YTTB O‘zbekistonda muqobil energiya ishlab chiqarishdan tortib kichik biznesni rag‘batlantirishgacha bo‘lgan 129 ta loyihani moliyalaydi.

Investitsiyalar orasida ziddiyatlilari ham bor.

YTTB loyihalari

Qarorgohi Pragada joylashgan “Bankuotch” (Bank Watch)nodavlat tashkiloti iddaosicha, YTTB O‘zbekistonda amalga oshirayotgan yuzlab million dollarlik loyihalarda ochiqlikning yo‘qligi mablag‘larning maqsadli sarflanishini savol ostiga qo‘yadi.

“Bankuotch” tadqiqotchisi Nina Lesixina 2017-yildan beri YTTB O‘zbekistonda moliyalatgan loyihalarni kuzatadi.

"Bankvotch" tadqiqotchisi Nina Lesixina.
"Bankvotch" tadqiqotchisi Nina Lesixina.

Uning aytishicha, bank moliyalayotgan ba’zi korxonalarda mehnat huquqlari poymol etilishi, ayrim loyihalarning atrof-muhitga xavf solayotgani, fermerlar yeri tortib olingani bilan bog‘liq holatlar "bankning vaziyatni baholash tizimi zaifligini ko‘rsatadi".

“Samarqanddagi YTTB yig‘inida Indorama Agro loyihasi biz ko‘taradigan asosiy masalalardan biri bo‘ladi. Mehnat huquqlari poymol etilishi barobarida inson hayoti uchun xavfli pestitsidlardan foydalanish to‘xtatilishini talab qilamiz. Shuningdek, "Indorama"da kasaba uyushmalar faoliyatiga to‘sqinlik qilinishiga barham berishga chaqiramiz”, - deydi Lesixina.

Ikki yil avval YTTB millionlab dollar kredit bergan Sirdaryodagi Indorama Agro shirkati fermerlar yerini tortib olish va "xodimlarni quldek ishlatish" bilan bog‘liq mojaro markazida qolgan edi.

Loyiha Sirdaryo va Qashqadaryoda paxta terimini mexanizatsiyalash va paxta yetishtirishning ekologik me’yorlarini yaxshilashni nazarda tutadi.

Ammo loyiha mahalliy fermerlarning noroziliklariga sabab bo‘lgan.

“Indorama agro shirkati ustidan shu loyiha ehtiyojlari uchun yerlari olib qo‘yilgan fermerlar va mahalliy aholidan bizga juda ko‘p shikoyatlar tushgan. Bir kun ichida ularning yerlari tortib olinib, ijara shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi hujjatlarni imzolashga majbur qilishgan”, - deydi Nina Lesixina.

"Bankuotch"ga ko‘ra, Indorama Agro inson salomatligiga zararli bo‘lgan pestitsidlardan foydalanishi ham xavotirli. Bu modda sog‘liqqa ziyoni sabab Yevropa o‘lkalarida taqiqlangan.

“Dalalarda ishlatiladigan pestitsidlar miqdori yuqoriligi, asalarilar nobud bo‘layottgani , chorva mollari qiynalayotganidan aholi shikoyat qilgan”.

O‘zbekistonning Navoiy viloyati Zarafshon hududida YTTB moliyaviy ko‘magida qurilayotgan 500 megavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi, hukumat rasmiylariga ko‘ra, yuz minglab uylarni elektr energiyasi bilan ta’minlashi mumkin. Bu loyiha YTTB va ATB tomonidan moliyalanadi.

Ammo, “Bankuotch” faollari iddaosicha, loyiha mintaqa biohilmahilligiga xavf soladi.

2022-yil iyun oyida Zarafshondagi loyiha hududiga borgan “Bankuotch” faollariga ko‘ra, O‘zbekiston Energetika vazirligi ushbu hududni tanlashda biohilmaxillikka zararni hisobga olmagan.

YTTB ushbu loyihaga 593 million dollar mablag‘ ajratgan.

“Muammo shundaki, bu hududda o‘ta noyob qushlar, jumladan, "Qizil kitob"ga kiritilgan lochinlar makon topgan. Shamol stansiyasi qurilishi ularning hayotiga katta xavf tug‘diradi”, - deydi "Bankuotch" faoli Andrey Ralev.

Мирзиёев ҳали ҳам ислоҳотчими? ТАҲЛИЛ
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:36 0:00

YTTBning Samarqand shaharda amalga oshirayotgan “Yashil shahar” loyihasi ham atrof-muhit faollarining e’tiroziga sabab bo‘lgan.

Loyihanning maqsadi shahardagi ekologik muammolarni aniqlash va hal qilish, uglerod chiqindilarini kamaytirish va shaharning iqlim o‘zgarishi talablariga moslashishiga yordam berishdir.

YTTBning 109 million dollarlik ushbu loyihasi doirasida Samarqand shahrida elektr avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Buning uchun yo‘llar ta’mirlanadi, yangi yo‘llar ochiladi va 95 million dollarga 80ta elektr avtobus sotib olinadi. Xabarlarga ko‘ra, Xitoydan allaqachon 20 dona Yutong elektrobusi Samarqandga olib kelingan.

Ammo “Bankuotch” faollariga ko‘ra, “Yashil shahar” loyihasi Samarqandda daraxtlarning kesilishi, uylarning ommaviy buzilishi, oilalarning majburan ko‘chirilishi kabi ko‘plab muammolarga sabab bo‘lgan.

Tashkilotga 2019-yilda Samarqand shahridagi Universitet xiyoboni hududida velosiped yo‘laklari va favvoralar qurish maqsadida, 2020-yilda esa basseyn qurish uchun daraxtlar kesib tashlangani hujjatlashtirgan.

YTTB yillik yig‘ini 16-may kuni Samarqandda ochildi.
YTTB yillik yig‘ini 16-may kuni Samarqandda ochildi.

Qadimiy obidalar "xavf ostida"

Faollarga ko‘ra, loyihaning amalga oshirilishi UNESCO himoyasidagi qadimiy obidalarga ham xavf solmoqda. Samarqandlik yurist - faol Diyora Rafiyeva avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyevga xat bilan murojaat qilib, loyihani to‘xtatishga chaqirgan.

“O‘zbekiston hukumati va xalqaro hamjamiyatga chuqur tashvish bilan yozyapman. Tarixiy Samarqandimizning vayron etilishini zudlik bilan to‘xtating! Samarqandning eski qismi xalqaro tashkilotlar muhofazasida. U yerda tarixining har bir davri: qadimgi Afrasiyob xarobalaridan boshlanib, temuriylar davriga oid obidalar va 19-asrda qurilgan arxitektura yodgorliklari hamda sovet davri inshootlari bor. UNESCO Samarqandni – Madaniyatlar chorrahasi sifatida Jahon merosi ro‘yxatiga kiritgan. Milliy qonun hujjatlari ham eski shaharni himoya ostidagi "muzey-qo‘riqxona" sifatida tan olgan”, deyiladi maktubda.

“Bankuotch“ning xavotirlariga qaramay Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistonga ajratgan kreditlari miqdori so‘nggi besh yilda 4 milliard dollardan oshgan.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mutaxassislari esa loyihalarni amalga oshirishda barcha tomon fikri o‘rganilishini aytishadi.

“Biz ochiq tashkilotmiz. Aholini tashvishga solayotgan, fuqarolik jamiyatlarini tashvishlantirayotgan barcha masalalarda muloqot qilishdan aslo to‘xtamaymiz va birgalikda, hamma tomon fikrini eshitgan xolda loyihalarni risoladagiday amalga oshiramiz”, deydi bank matbuot kotibi Anton Usov.

YTTB matbuot kotibi Anton Usov.
YTTB matbuot kotibi Anton Usov.

YTTB 1991-yilda sobiq sovet mamlakatlarida xususiy sektorni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan.

Bank ta’sis shartnomasida “ko‘ppartiyaviylik asosidagi demokratiya, qonun ustuvorligi, inson huquqlari va bozor iqtisodiyotining asosiy tamoyillariga” sodiq bo‘lgan mintaqa mamlakatlariga yordam ko‘rsatishi ta’kidlangan.

Britaniyada yashovchi o‘zbekistonlik ekspert Alisher Ilhomov fikricha, Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida vaziyat mamlakatning avvalgi rahbari Islom Karimov davridagiga qaraganda yaxshilangan, lekin hukumat siyosati hanuz YTTB mezonlariga javob berishga yaqin emas.

“Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, u vaziyatni o‘zgartirishga harakat qilyapti, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga ochiq va markazsizlashtirishga olib keladigan, shuningdek, xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlovchi makroiqtisodiy siyosatni e’lon qildi. Inson huquqlari sohasida engilliklar va yaxshilanishlar bo‘ldi. Paxtachilik sohasida majburiy mehnat asta-sekin bekor qilindi va siyosiy mahbuslar ozod qilindi, “Jasliq” qamoqxonasi yopildi. Bularning barchasi, umuman olganda, YTTB va boshqa moliya institutlarining qaytishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratdi va shu munosabat bilan bank investitsiyalari O‘zbekistonga oqa boshladi. Moliyalashtirish miqdori o‘tgan yil oxirida allaqachon yiliga 900 million dollarga yetganini ko‘ramiz. O‘zbekiston sarmoya jalb qilish bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchiga aylandi, desak bo‘ladi.

Bu bank va O‘zbekiston ustida qora bulutlar aridi degani emas. Oshkoralik va qonun ustuvorligi sohasida, korrupsiyaga qarshi kurash sohasida hamon muammolar bor. O‘tmishda Islom Karimovning qizi bir necha million pora olgani hali hech kimning yodidan ko‘tarilgani yo‘q. Menimcha, bu ma’lum darajada investitsiyalar shakliga ta’sir qiladi. Garchi moliyalashtirish hajmi ortib borayotgan bo‘lsa-da, investitsiyalarning 76 foizi barqaror rivojlanish infratuzilmasiga yo‘naltirilayotganini ko‘rmoqdamiz, bu esa suv ta’minoti energetika sohasida”, - deydi Alisher Ilhomov.

Karimov quloqchinni uloqtirgan yig‘in

20 yil oldin Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar aynan inson huquqlari tufayli keskinlashgani ko‘pchilikning yodida.

2003-yilda prezident Islom Karimov xorijiy sarmoyalarni jalb qilishga intilib, YTTB yillik anjumanini Toshkentda o‘tkazilishiga erishgan.

Hyuman Rayts Uotch (HRW) tashkiloti o‘shanda bank qarorini tanqid qilib chiqqandi.

"Ushbu yuqori darajadagi yig‘ilishni o‘tkazishdan maqsad mezbon davlatda siyosiy va iqtisodiy islohotlarni ilgari surishmi yoki mintaqadagi eng repressiv hukumatlardan birini mukofotlashmi?",deya so‘ragan Hyuman Rayts Uotch.

Inson huquqlari himoyachilari bank rasmiylarini “yig‘ilishda inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar haqida ochiq gapirishga” chaqirishgan.

YTTB rasmiylari aynan shunday qilishdi, YTTBning o‘sha paytdagi prezidenti Jan Lemier va Buyuk Britaniyaning o‘sha paytdagi Xalqaro taraqqiyot vaziri Kler Short inson huquqlari bo‘yicha taraqqiyot zarurligini ta’kidlab, O‘zbekistondagi qiynoqlarni qat’iy qoralashdi.

Karimov, G‘arb matbuotidagi xabarlarga ko‘ra, YTTB bilan oldindan kelishilganining aksiga, qiynoqlarni shaxsan qoralamagan.

Britaniya matbuoti Lemier va Short tanqidiy nutq so‘zlar ekan, prezident Karimov nutqning rus tilidagi tarjimasi berilayotgan quloqchinlarni namoyishkorona yechib otgani haqida yozgandi.

Mustaqil tahlilchi Alisher Ilhomov 20 yil oldin o‘tgan yig‘in Karimovning keyingi qadamlarida salmoqli iz qoldirganini aytadi.

“Mahalliy inson huquqlari tashkilotlari tanqidiy mulohazalar bildirgan, o‘lim jazosini bekor qilish talablari yangraganiga guvoh bo‘lganman. Omma oldida YTTB va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillarining tanqidlariga ko‘milgan Karimov ko‘zoynagini yechib, namoyishkorona quloqchinini o‘chirib qo‘ygani ham yodimda. Bu o‘sha paytda ko‘pchilikda juda salbiy taassurot uyg‘otgan va bu taassurot uzoq vaqt saqlanib qoldi. 2003-yil oxirida, Gruziyadagi atirgul inqilobidan so‘ng, dekabr oyida Ochiq jamiyat instituti faoliyatini cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Keyin HRW va boshqa xalqaro tashkilotlar quvila boshlandi. 2004-2007-yillarda 200 ta tashkilot O‘zbekistonda yopildi. Mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yomonlashdi va bu Karimov rejimining yakkalanishiga olib keldi”, - deydi Alisher Ilhomov.

Bank 2003- yilgi yig‘inda O‘zbekistonga vaziyatni yaxshilash uchun bir yil muhlat berdi, ammo vaziyat yaxshilanmagach o‘z loyihalari va investitsiyalarini qisqartirdi.

2005-yil mayida hukumat kuchlari Andijonda aksari qurolsiz namoyishchilarni o‘qqa tutishi ortidan mamlakatga yangi loyihalar uchun pul oqimi butunlay to‘xtadi. 2010- yilda esa YTTB O‘zbekistonda o‘z faoliyatini to‘xtatganini e’lon qildi.

Karimov o‘limi ortidan shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgach YTTB yana O‘zbekistonga qaytdi.

“Biz O‘zbekistonga qaytdik, chunki mamlakat o‘zgaryapti. Bilasiz, bank bir muddat O‘zbekistonda ishlamadi. Qaytishimizning sababi - o‘zgarishlar. Mamlakat iqtisodi uchun foydali loyihalar qilishimizga ko‘zimiz yetgani uchun qaytdik. Bu loyihalarni, ayniqsa bank sohasidagi islohotlarsiz amalga oshirish imkonsiz”, - deydi YTTB matbuot kotibi Anton Usov.

YTTBga 2012-2020-yillari ketma-ket ikki muddat prezidentlik qilgan Suma Chakraborti rahbarligining oxirgi yillarida investitsiyalaining O‘zbekistonga oqimi sezilarli oshgani kuzatildi.

2019-yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakraborti boshchiligidagi delegatsiya uchun Xivaning "Nurillaboy" saroyida ziyofat uyushtirilgani shov-shuv bo‘lgandi.

Bank matbuot xizmati o‘shanda Ozodlikka Chakraborti O‘zbekistonga shaxsiy safar bilan borganini aytgan.

2020-yilda Chakraborti YTTB raisligidan ketishi ortidan O‘zbekiston prezidentining iqtisodiy taraqqiyot masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. Bu haqda uning o‘zi Tvitterda e’lon qildi:

“O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev meni iqtisodiyotni rivojlantirish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlayotganini eshitganimdan xursandman. Unga islohotlar dasturini amalga oshirishda yordam berishni intiqlik bilan kutaman”.

Britaniyada chiqadigan Financial Times nashriga ko‘ra, “demokratiya bo‘yicha qat’iy mandat”ga qaramay, YTTB yillik 10 milliard yevro miqdoridagi kreditning muhim qismini avtoritar rahbarlar boshqaruvidagi mamlakatlarga yo‘naltirgan.

Nashr o‘tgan yil 30-yanvarda e’lon qilgan “YTTB ozodlikni moliyalashda davom etadimi?” sarlavhali maqolada O‘zbekistonni tilga olmagan.

Tanqidchilarga ko‘ra, YTTBning hozirgi kreditlash amaliyoti “haqiqiy demokratik davlatlar bilan ishlash haqidagi dastlabki mandatiga mutlaqo mos kelmaydi va bank o‘z faoliyatini keskin qayta ko‘rib chiqishi kerak”.

O‘zbekiston markaziy bankiga ko‘ra, mamlakatning umumiy tashqi qarzi 40 milliard dollardan oshadi.

Xalqaro moliya tashkilotlaridan olingan qarzlarning barchasi, jumladan, YTTBdan olingan kreditlar ham byudjet mablag‘lari hisobidan qaytarilishi belgilangan.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Samarqanddagi yillik anjumani prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan ikki muddatini nollashtirib, amalda uchinchi, bu safar 7 yil muddatga prezidentlikka saylanishga hozirlik ko‘rayotgan pallada o‘tmoqda. Mirziyoyevning rejasi Yevropa bankining demokratiya, yaxshi boshqaruv, shaffoflik va hisobdorlik singari qadriyatlariga unchalik mos kelmasligi mumkin. Ammo Mirziyoyevning o‘zini jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab quvvatlanayotgan islohotchi sifatida taqdim etish rejalariga mos keladi.

XS
SM
MD
LG