Rossiya tajovuziga qarshi urushayotgan Ukraina rus tilidan jadallik bilan uzoqlashmoqda. Biroq hatto Rossiyaning ukrain madaniyatini yo‘q qilishga urinishlariga qaramay ushbu jarayon og‘riqsiz kechmayapti.
Irina, Svetlana va Olya Kiyev Milliy opera teatri qarshisidagi tamaddixonada ukrain tilidan saboq olishadi. Ular Ukrainaning Rossiya agressiyasi turli bosqichlarida ishg‘ol qilingan Sevastopol, Energodar va Donetsk shaharlaridan kelishgan. Shogirdlarning aksari – ular singari, majburan ko‘chib kelgan ayollar. Ukraina sharqida – rusiyzabon muhitda o‘sib-ulg‘aygan bu odamlar endilikda ukrain tilidan bilimlarini oshirib, o‘z ta’birlaricha, “rus tilidan xalos bo‘lishmoqchi”.
Irinaning o‘g‘li bor, u Ukraina armiyasida xizmat qilmoqda. Ayol “vataniga raketalar otayotgan Qora dengiz floti yonida yashay olmay, jonajon Qrimdan ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan”ini aytadi. Irina “aybdorlik hissidan qutulish” uchun ukrain tiliga o‘tmoqchi.
Svetlana Kiyevga kelganiga ikki oy bo‘ldi. Eri Energodarda qolgan, u urush boshlarida Rossiya bosib olgan Zaporojye atom elektr stansiyasida ishlaydi. Svetlananing ukrain tiliga o‘tishdan maqsadi – “rus okkupatsiyasi ostida kechgan qora kunlarni tezroq unutish”.
Olya Donetskni 2014-yilda – shaharda va qo‘shni Luganskda rossiyaparast ayirmachilar urush boshlagan yili tark etgan. O‘shanda u bir necha oyda hamma yoq tinchiydi, uyimga qaytaman, deb umid qilgandi. Biroq oradan sakkiz yildan ko‘p vaqt o‘tdi, vaziyat besh badtar bo‘ldi qaytaga. “Endi kelajakni o‘ylab, ukrain tiliga o‘tmoqchiman”, deydi Olya.
Irina,Svetlana va Olya kabilarning son-sanog‘i yo‘q. Bu Ukrainaning eng yangi tarixida rus tilidan voz kechish jarayoni eng yuqori sur’atga chiqqanidan dalolatdir. 2022-yil dekabrda mashhur ukrain siyosatshunosi Vladimir Kulikov hamda Kiyev sotsiologiya xalqaro instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, kundalik turmushda hammavaqt yoki aksar hollarda ukrain tilida so‘zlashuvchi ukrainaliklar soni 2017-yildan beri 49 foizdan 58 foizga oshgan, rus tili ko‘rsatkichi esa 26 foizdan 15 foizga tushgan.
Mazkur tendensiya ijtimoiy sohada yanada yaqqolroq seziladi: aholining 68 foizi ish va o‘qish jarayonida ukrain tilini afzal ko‘radi, atigi 11 foizi esa rus tilini. Ukrain tiliga o‘tish mamlakatning asosan rusiyzabonlar yashab kelgan janubiy va sharqiy hududlarida ayniqsa ommaviy tus olgan – bu Rossiya bosqiniga qarshilik belgisidir.
Ukrainlarning qo‘shtillilik tabiati ushbu raqamlar ortidagi reallikni xiyla murakkablashtiradi. Chunki deyarli barcha ukrain tilini ham, rus tilini ham bir darajada biladi, bu ikki til aralashmasi – surjikda so‘zlashadiganlar bisyor, qolaversa, muomalada o‘z ona tilidan foydalanuvchi qrimtatar va mojor milliy ozchiliklari ham bor.
Yana bir tendensiya shuki, besh milliondan ziyod qochqin chet elda yangi tillarni o‘zlashtirmoqda. Biroq, ko‘plab ukrainaliklar o‘z vatanlariga bostirib kirgan Rossiyadan qanchalik nafratlanishmasin va kundalik hayotda ikki tildan foydalanishda davom etishmasin, rus tilidan ukrain tiliga o‘tish jadallik bilan kechayotganini hamma yoqda – ko‘cha-ko‘yda, ijtimoiy tarmoqlarda, kitob do‘konlarida va, eng muhimi, odamlarning o‘zaro suhbatlarida ro‘y-rost ko‘zga tashlanmoqda.
Ukrainada ko‘pchilik til masalasi bu qadar jadallashganidan mamnun, ammo jarayon og‘riqsiz kechayotgani yo‘q.
“Ukrain tili dangal so‘zlashga majbur qiladi”
“Rossiya Federatsiyasi – qotillar va zo‘ravonlar federatsiyasi rusiyzabon aholini muhofaza qilish bahonasida vatanimga qarshi urush e’lon qildi. Ular, jumladan, mening mavjudligimdan urushni oqlash uchun foydalanishyapti”, deydi Ozodlik bilan suhbatda ukrain yozuvchisi, asli donetsklik Vladimir Rafeyenko.
Donbassda mojaro chiqqanidan beri Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kiyevni mintaqada yashovchi rusiyzabon aholini “genotsid qilish”da ayblab keladi. Faqat rus tilida roman va she’rlar yozgan, ko‘p yillar rus adabiy hayotida ishtirok etgan 53 yoshli Rafeenko Donbassda rus tilining maqomi tamom boshqa bo‘lganini aytadi.
“Ota-onam va buvim, umuman, atrofimdagi hamma ruscha so‘zlashardi. Men 20 yoshimda Dostoyevskiy va Chexovning barcha asarlarini yoddan bilardim, rus tili filologi ixtisosligi bo‘yicha o‘qidim, biroq 2014-yili – ona shahrimni “separ”lar bosib olganidan so‘ng Donetsk-Kiyev poyezdiga chiqqunimga qadar kelajakda ukrain tilining faol foydalanuvchisi bo‘lish tushimga ham kirmagandi”, hikoya qiladi adib.
2014-yilda olovlangan urush Rafeyenkoni rus adabiy olami bilan barcha rishtalarni uzishga undaydi. Lekin 2017-yilda u o‘zining eng muvaffaqiyatli romanlaridan biri bo‘lmish “Uzun kunlar: shahar balladasi”ni rus tilida yozdi. Syurrealistik Donbass hayoti achchiq kinoya bilan tasvirlangan mazkur asarning ikkinchi nomi “Z shahri” bo‘lib, bu harf 2022-yilda qanday mazmun kasb etganiga qaraganda yozuvchi karomat qilgan ekan. “O‘sha paytlar o‘zimni ikki tilda ijod qiluvchi muallif deb hisoblardim”, izoh beradi Rafeenko.
2019-yilda adib ukrain tilidagi ilk romani – “Mondegrin: o‘lim va sevgi haqida qo‘shiqlar”ni chop ettiradi. Asarda xotira, til va o‘ziga xoslik masalalari Donbassdan kelgan qochqin nazari bilan tahlil qilinadi.
Rossiya bostirib kirgan 2022-yil 24-fevral sanasida Rafeyenko Bucha va Kiyev orasidagi qishloqda istiqomat qilardi.
“24-fevraldan beri bir fikr meni ta’qib etmoqda: men uyimga ketishni istayman, – deydi Rafeyenko va bir ozdan so‘ng qo‘shib qo‘yadi: – Lekin, afsus, mening uyim yo‘q”.
Yozuvchi adabiyotda, ijtimoiy yoki shaxsiy hayotida hech qachon “beadab” va “sharmisor” rus tiliga qaytmaslikka ont ichadi.
“Rus tilidan butkul voz kechishim sababi qandaydir falsafiy g‘oyalardan ko‘ra qalbimdagi jarohatlarga bog‘liq bo‘lsa kerak, – deydi u va ammo harchand urinmasin, yashagan hayotiyu o‘qigan kitoblaridan batamom xalos bo‘la olmasligini qo‘shimcha qiladi: – Bular shaxsiyatimning bir bo‘lagi, men bilan birga o‘ladi”.
Rafeyenkoga ko‘ra, boshqa tilga o‘tish yozuvchi uchun juda uzoq, mashaqqatli va ba’zan diqqinafas jarayon va ayni chog‘da “o‘zni muolaja qilish vositasi” hamdir.
“Ukrain tili yangi imkoniyatlar eshigini ochadi va dangal gapirishga majbur qiladi. Bu shunday aniq tilki, bizga o‘zimiz va dunyo uchun mas’uliyat his qilishimizga ko‘maklashmoqda”, deya so‘zini yakunlaydi Rafeyenko.
“Imperiya tumori”
Ukrain tiliga ixtiyoriy o‘tish, Rafeyenko yoki yuqorida ismlari tilga olingan uch ayol timsolida bir qadar individual ahamiyatga ega bo‘lsa-da, aslida boshqa yirik bir jarayonning tarkibiy qismidir.
Bu haqda yanvar oyida Ukrainadagi eng qo‘hna va mo‘’tabar universitetlardan biri bo‘lmish Kiyev-Mogilyan akademiyasi o‘z hududida rus tilidan foydalanishni taqiqlash bilan jamoatchilikka mujda berdi. 30 yildan oshdiki, universitetda ta’lim ukrain va ingliz tillarida olib boriladi. Yangi taqiq talabalar, o‘qituvchilar va ma’muriyat xodimlarining o‘zaro suhbatlariga ham taalluqli.
“Biz mazkur taqiq bunaqa rezonans ko‘tarishini sira kutmagandik”, deydi universitet rektori Sergey Kvit ijtimoiy tarmoqlarda omma ikki firqa – tanqidchilar va xayrixohlarga bo‘linib olgani haqida gapirarkan.
Rektorga ko‘ra, taqiq universitetning beistisno barcha xodimlari tarafidan qo‘llab-quvvatlangan bo‘lib, unga rioya qilmaslik biron jazoga sabab bo‘lmaydi. “Bu bizning birinchi galda yangi talaba va xodimlarga qaratilgan korporativ madaniyatimiz ifodasidir”, deydi Kvit.
Kiev-Mogilyan akademiyasidagi taqiq shubha ostiga olindi, biroq u Ukrainaning amaldagi til siyosatiga zid emas. 2019-yilgi qonunga binoan, ijtimoiy hayotning qator institutlari va sohalarida, jumladan, hukumat faoliyatida, ta’lim dargohlari va OAVlarda, hatto restoran va do‘konlarda ukrain tilidan foydalanish majburiydir. Rossiya bosqini boshlanganidan so‘ng esa ruscha kitoblar va musiqaga nisbatan qo‘shimcha cheklovlar kiritildi.
Sergey Kvit ushbu taqiqqa Rossiya yoqqan urush olovi ukrain madaniyatiga va, xususan, Kiyev-Mogilyan akademiyasiga qanchalik zarar yetkazayotgani nuqtai nazaridan qarash kerak, deb hisoblaydi.
“Ayrim talaba va o‘qituvchilarimiz bosib olingan hududlarda qolib ketishdi. Ba’zilar Ukraina armiyasiga xizmatga kirgan. Urush boshlanganidan beri 11 nafar talaba va bitiruvchilarimiz halok bo‘lishdi”, deydi u.
XVII asrda qurilgan universitet binosi yo‘laklarida talabalarni harbiy ta’lim olishga chorlovchi plakatlar osilgan.
Sergey Kvit uchun bu urush “ko‘p asrlardan buyon davom etayotgan ukrain millati va madaniyatini mahv etish harakatining yangi sahifasi”dir. Uning fikricha, “imperiya tumori” va “Rossiya davlati quroli” bo‘lmish rus tiliga Ukrainada joy bo‘lmasligi kerak.
Ayni chog‘da u taqiqdan qat’i nazar, rus tilidagi kitoblar akademiya kutubxonasida qolishini urg‘uladi: “Biz o‘zimizni himoya qilishimiz lozim, lekin kitoblarni yoqish niyatimiz yo‘q. Biz ruslar emasmiz, biz erkinlikni siyosiy madaniyatimizning eng muhim elementi deb bilamiz”.
“Lingvitsid”
Ukraina olimlariga ko‘ra, ukrain kitoblarini, aniqrog‘i, eski slavyan tilining ukraincha talqinida bitilgan kitoblarni yoqish 1627-yilda boshlangan bo‘lib, bu paytda rus va ukrain tillari alohida tillar sifatida shakllanib bo‘lgan edi. O‘shanda Moskva patriarxi Filaret kitoblar chop etishda Moskva monopoliyasini o‘rnatish maqsadida Kiyevda bosilgan “Pand-nasihat yevangeliyalari”ni yoqib yuborishga buyruq bergan ekan.
Kiyev-Mogilyan akademiyasi hovlisidagi xotira lavhasida bu haqda batafsil ma’lumot bor.
Rossiya imperiyasi va Sovet Ittifoqi “o‘z manfaatiga moslab o‘zgartirgan tarix”ni tiklash maqsadida tashkil qilingan “Lingvitsid” memorial loyihasi faollari o‘tgan yoz va kuz bo‘yi Kievning tarixiy markazida bunaqa xotira lavhalaridan ancha-muncha o‘rnatishdi.
Loyiha tashabbuskori – kiyevlik pedagog Valentina Merjiyevskaya Zarg‘aldoq inqilobidan so‘ng rus tilidan voz kechib, ukrainchaga o‘tgan.
“Rusiyzabon ukrain ayoli sifatida ko‘pdan beri o‘zimni aldangandek his qilib yurardim, biroq til va tarix bilan bog‘liq fitnalardan maqsad naqadar dahshatli ekanini hali idrok etolmasdim”, deydi u.
Rossiya Ukraina ustidan siyosiy hukmronlik qilgan asrlar mobaynida, bir necha avlod almashgan ukrain ziyolilarining noroziligiga qaramay, rus tili hokimiyat va elita tomonidan qo‘llanadigan “baland maqomli til” bo‘lib keldi, ukrain tiliga esa asosan quyi tabaqa – qishloqi dehqonlar tili deb qaraldi.
Biroq ushbu dinamika o‘zgara boshlaganiga ancha bo‘lgan. Merjiyevskayaning otasi Kiyevdan – kichikroq shaharchaga ko‘chib borganidan so‘ng rus tiliga o‘tgan ekan. Ukraincha gapirsam menga ola qarashar yoki burunlarini jiyirishardi, deya eslaydi u. Hozirda ayolning ikki o‘spirin o‘g‘li bor: ikkisi ham rus tilidan bir qadar xabardor, ammo kundalik hayotda deyarli foydalanishmaydi.
Yaqinda osilgan xotira lavhalaridan biri Rossiya okkupatsiya qilingan hududlarda yurgizayotgan ruslashtirish siyosatiga bag‘ishlangan. Ushbu siyosat muzeylarni g‘orat qilish, madaniy boyliklarni talon-toroj etish, ukrain yodgorliklarini ag‘darish, Rossiya madaniyat va tarixiy arboblariga haykallar o‘rnatish hamda maktablarda ruscha ta’lim berishni nazarda tutadi. Tabiiyki, Kremlning bunaqa xatti-harakatlari javobsiz qolmayapti.
“Ruscha kitoblar – makulaturaga”
Kievdagi eng qo‘hna va yirik kitob do‘konlaridan biri – “Syayvo knigi” har hafta qariyb ikki tonna ruscha kitob yig‘ib, qayta ishlashga topshiradi. Tushgan pul esa Ukraina armiyasi hisobiga o‘tkaziladi.
“Ba’zi haftalarda yetti tonnagacha kitob yig‘dik, ularni bog‘lab, yuklab berguncha qo‘llarimiz qavarib ketardi”, deydi Ozodlikka do‘kon mudiri Gleb Malich.
“Syayvo knigi” Kiyevdagi davlatga qarashli yagona kitob do‘koni bo‘lib, bolalar va keksalar orasida kitobxonlikni ommalashtirish, yosh mualliflar bilan ijodiy uchrashuvlar uyushtirish kabi dasturlarni ham amalga oshiradi. Do‘kon Ukrainadagi nihoyatda ommalashayotgan “veteranlar adabiyoti” markaziga aylanishga intilmoqda.
Malich o‘z bisotidagi ruscha kitoblarni olib kelib topshirayotgan vatandoshlarining yoshi va kasb-kori turli ekanidan kelib chiqib, har qanaqa ruscha kontent mamlakat uchun befoyda va potentsial xavfli ekanini anglab etgan ukrainlar soni tobora ortyapti, deya xulosa qiladi.
Shunga qaramay, rus tili Ukrainada o‘z maqomini qisman saqlab turibdi. Chunki ushbu tilda dunyo bo‘yicha 258 million kishi so‘zlashadi, madaniy ahamiyatga ega tovar va xizmatlar bozorida u ukrainchadan ko‘ra ko‘proq qo‘llanishi tabiiy.
Biroq 1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanganidan boshlab Ukraina ichida ushbu disbalans muttasil o‘zgarib bordi. Rus tilidagi kontentga nisbatan cheklovlar joriy etilib, ukrain tili tomon umummilliy siljish tezlashgan so‘nggi paytlarda esa til borasida mutlaqo o‘zgacha status-kvo yuzaga keldi.
Urush bo‘layotganiga qaramay Kiyev va boshqa shaharlarda hashamatli xususiy kitob do‘konlari ochilayotgani xuddi shu evrilishlarning yaqqol belgisidir. Ushbu do‘konlar Sergey Jadan yoki Oksana Zabujko singari hozirgi mashhur ukrain adiblarining asarlari, ukrain klassikasi namunalarining yangi nashrlari, tarixga oid kitoblar va chet el adabiyotining ukraincha tarjimalari bilan to‘lib-toshgan.
“Urush noshirlik va kitob biznesini kasod qiladi deb o‘ylovdim. Lekin ma’naviy ozuqa odamlarga hozir qaytaga ko‘proq kerak ekan. Ular urush dahshatlaridan chalg‘ish uchun ham mutolaaga berilishmoqda”, deydi Kiyevdagi yirik kitob do‘konlaridan birining sohibi, sobiq harbiy Aleksandr Drobin.