Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:51

Rossiyaning "Birinchi kanal"ida Putinga yo‘llangan "noqulay" savollar kadrga tushib qoldi


Putinning "katta matbuot anjumani". Moskva, 14-dekabr, 2023-yil.
Putinning "katta matbuot anjumani". Moskva, 14-dekabr, 2023-yil.

Rossiya “Birinchi kanal”ining prezident Vladimir Putin bilan jonli muloqot va katta matbuot anjumaniga hozirlik ishlariga bag‘ishlangan yoyinida safarbarlik bo‘yicha askarlar, urush va qimmatchilik haqidagi savollar ko‘rsatildi.

Bu haqda “Vajniye istorii” xabar qilmoqda.

Davlatga qarashli federal “Birinchi kanal” 13-dekabr kechki yangiliklarida Putin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkaziladigan Gostiniy dvor saroyidan tayyorlangan reportajni efirga uzatgan. Reportaj chog‘ida esa muxbir Anton Vernitskiyning orqasida turgan katta ekranda: “Safarbar qilingan askarlarni qachon bo‘shatasizlar? Nega 300 ming kishi butun mamlakat uchun xizmat qilishi kerak?”, “Mamlakatimiz qachongacha dollarga qaram bo‘ladi? Oziq-ovqat nega buncha qimmat-u sifati past?”, shuningdek “Urush qachon tugaydi? Qachon tinchlik qaror topadi? Tinchlik muzokaralari qachon boshlanadi?” kabi savollar ko‘rinib turgan.

Kadrga tushib qolgan xabarlarning birida Ukrainadagi urush Rossiya hukumati talab qilgani kabi "maxsus harbiy amaliyot" deb emas, urush deb atalgan.

Путин бешинчи президентлик муддатига номзодини қўймоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:35 0:00

Reportajda jurnalist bunga biron izoh bergan emas. “Birinchi kanal” saytida esa savollar ko‘rinib qolgan kadrlarni o‘chirishgan.

Urushga safarbar qilingan yaqinlarini frontdan qaytarish harakatida yurgan rossiyaliklar o‘tgan kunlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot tashkiliy jamoasini demobilizatsiyaga oid savollarga “ko‘mib tashlash” maqsadida fleshmob uyushtirishgan edi.

O‘tgan haftada esa Rossiya Ukrainaning Avdeyevka shahrini Putin bilan jonli muloqotga qadar ishg‘ol etish uchun safarbar qilingan askarlarni hujumga tashlayotgani ma’lum qilingan edi. Bu haqda, harbiylar qarindoshlarining murojaatlariga tayanib “Vajniye istorii” yozgan.

Bultur Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga to‘laqonli bosqini manzarasida prezident bilan na jonli muloqot va na matbuot anjumani o‘tkazilgan.

Dastlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot shu yilning yozida o‘tkazilishi taxmin qilingan edi (2017-yildan beri muloqot iyun oyida bo‘layotgandi). Biroq keyinroq prezident ma’muriyatidagi manbalar “frontdagi vaziyat oydinlashuvi”ni kutib tadbirni yil oxiriga ko‘chirishga qaror qilinganini bildirishgan.

Bu yil matbuot anjumani va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot prezident saylovi arafasida bo‘lib o‘tdi. Saylov 2024-yil 17-martga belgilangan, ammo ovoz berish uch kun – 15-martdan 17-martgacha davom etadi. Prezident Vladimir Putin saylovda qatnashishini allaqachon ma’lum qilgan. MSK saylovchilar guruhi 16- dekabr kuni Moskvada Putinni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yig‘in tashkil etishi to‘g‘risida xabarnoma olgan.

Putin birinchi marta 2000-yilda prezident bo‘lgan va to‘rt muddatdan beri (2008-2012-yillardagi tanaffus bilan) lavozimda qolmoqda. Putinning o‘z tashabbusi bilan Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar unga beshinchi muddatga qolishiga imkon beradi.

“Meduza” hamda “Vyorstka” nashrlari Kreml mulozimlarga prezident saylovda 80 foizdan ko‘proq ovoz olishini ta’minlash vazifasini topshirgani haqida yozgan edi. 2018-yilgi saylovda u 76,69 foizlik rekord natija bilan g‘alaba qozongani e’lon qilingan.

XS
SM
MD
LG