Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:48

Rossiyada migrantlar ish tashlamoqda. Oyliklar kamaygan


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Rossiyadagi Delivery Club taomlar va oziq-ovqat eltib berish xizmatida ishlovchi o‘nlab markaziy osiyolik migrantlar oyliklar kamaytirilganidan norozilik bildirishmoqda. Ularga ko‘ra, tarif siyosati o‘zgarishi ish haqlari kamayishiga olib kelgan va bunday sharoitda ishlab bo‘lmaydi.

Shirkat ichki muammolari tafsilotlarini ochiqlamayapti, ammo xodimlari ishni qayta boshlaganini aytmoqda. Rossiyada mehnat migrantlarning ahvoli achinarli edi, Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng vaziyat badtar yomonlashdi.

“O‘zimizni boqishimiz qiyin bo‘lib qoldi”

Delivery Club servisi xodimlari qariyb bir hafta ish tashlashdi. To‘g‘rirog‘i, ushbu aksiya 22-aprelda boshlanib, oy oxirigacha davom etdi.

Servisning turli shaharlardagi bo‘limlarida Delivery Club xodimlari videolar suratga olib, o‘z iddaolarini izhor qilishdi. Yozuvlar ijtimoiy tarmoqlarda va Youtube’da e’lon qilib borildi. Videolardan norozilarning aksari Moskvada ishlovchi xodimlar ekani anglashiladi.

“Biz hozir Moskkvadamiz. Mana shu yig‘ilganlarning barchasi Delivery Club servisida ishlaydi. Ilgari bitta buyurtmani 120 rublga yetkazib berardik, hozir eltib berish haqi 90 rublga tushirilgan. Shu bois Moskvada va boshqa shaharlarda kuryerlar to‘planishib, o‘z noroziliklarini bildirishmoqda. Biz eski ish haqiga qaytishni talab qilamiz”, deydi bir videoda qirg‘izistonlik migrant.

Kuryerlarning so‘zlariga ko‘ra, ular asosiy summadan tashqari, taomni tayyorlab beruvchi restoran yoki qahvaxonagacha bo‘lgan bir-ikki kilometr masofa uchun 40 rubl, shuningdek mijoz turgan joygacha har bir kilometr uchun 20 rubldan pul olganlar. Hozirda ana shu to‘lovlar miqdori ham kamaytirilgan.

Boshqa videoda yana bir qirg‘izistonlik o‘z hamkasblarini talablari bajarilmaguncha ishga chiqmaslikka chaqiradi:

“Delivery Club’da ishlovchi hurmatli hamkasblar. Talablarimizni bajarmagunlaricha ishga chiqmay turaylik. Smenaga chiqmang, biz metro yonidagi barcha smenalarni bekor qilamiz. 90 rublga ishlab bo‘lmaydi. Hammaning oilasi bor. O‘zimizni boqishga ham qiynalib qoldik. Mehnatingiz qadrini biling! Hozir 90 rublga bir kilo un ham sotib ololmaysiz. O‘zbeklar va tojiklarga ham aytar gapimiz shu. To‘g‘ri tushuninglar”.

Ozodlik qirg‘iz xizmati ushbu servis xodimlari bilan bog‘lanib, ulardan so‘nggi voqealar tafsilotlarini aniqlashga urinib ko‘rdi. Aksar kuryerlar ishdan ayrilib qolishdan qo‘rqib izoh berishni rad etishdi.

Internetda yoyinlangan videolarda turli mamlakatlardagi xodimlar norozilik bildirishayotganini ko‘rish mumkin. Ular orasida O‘zbekiston va Tojikiston mehnat migrantlari ham bor.

“Rossiya va, umuman butun dunyo qanaqa davrni yashayotganini tushunamiz. Ammo biz avvalgi ish haqi to‘lash tartibi qaytarilishini istaymiz”, deydi tojik migrantlaridan biri.

Shirkatning javobi

Delivery Club – Rossiyada taomlar va oziq-ovqat mahsulotlari eltib berishga ixtisoslashgan eng yirik servis. Shirkat 2009-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Servis faqat ikki yo‘nalishda ish boshlagan bo‘lsa, hozirda dori-darmon, kosmetika ashyolari, uy hayvonlariga mo‘ljallangan tovarlar, gajetlar, xo‘jalik va qurilish-ta’mirlash mollarini ham yetkazib bermoqda.

Ozodlik muxbiri shirkat vakillaridan izoh olishga muvaffaq bo‘lmadi. Biroq bundan oldin Delivery Club matbuot xizmati Rossiya OAVlarida xabarnoma e’lon qilib, xodimlari ish tashlaganini rad etgan edi. Xabarnomada kuryerlar soni va ish haqi miqdori kamaytirilmagani, faqat to‘lov sxemasi o‘zgargani iddao qilingan.

“Burungi tarif ikki qismdan – buyurtmani eltib berganlik uchun to‘lov hamda mijozgacha bosib o‘tilgan masofa uchun to‘lanadigan haqdan iborat edi. Yangi tarif restorangacha bosib o‘tilgan masofa uchun to‘lov, buyurtmani eltib berish to‘lovi hamda mijozgacha bosib o‘tilgan masofa haqini o‘z ichiga oladi. Tarif o‘zgarishi tez taom tayyorlab berish tarmoqlarining Rossiya bozorini tark etishi bilan bog‘liq salbiy effektni minimallashtirishga qaratilgan. Kuryerlar mehnatiga haq to‘lashda barcha jihatlar e’tiborga olinishi va yangi voqelikda bu adolatli yo‘lga qo‘yilishi uchun mazkur o‘zgarishlar zarur edi”, deyiladi Delivery Club xabarnomasida.

Rossiya OAVlari kuryerlarning noroziligi kutilmagan oqibatlarga olib kelgani haqida xabar qilmoqda. Xususan, o‘sha voqealardan so‘ng “Kuryer” kasaba uyushmasi rahbari Kirill Ukrainsev qo‘lga olinib, ikki oyga qamoqqa tashlandi: u Delivery Club servisi kuryerlarini ish tashlashga da’vat qilganlikda ayblanmoqda. Ukrainsevning uyida tintuv o‘tkazilgan.

Shirkatlar va migrantlar

Rossiyaning taomlar va oziq-ovqat eltib berish bozorida “Yandeks.Yeda”, “Dodo Pitssa”, “Domino Pitssa”, Grow Food, “SberMarket”, IGoods, “Samokat”, “Yandeks.Lavka”, SaveTime kabi servis shirkatlari ham faoliyat yuritadi. Aksarining o‘z do‘kon va restoranlari bor.

Россия-Украина: Урушнинг тасодифий қурбонлари - мигрантлар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:08 0:00

Avvalroq ayni muammoga “Yandeks.Yeda” ham duch kelgan, biroq ushbu servis mansub shirkat ish tashlash bo‘lganini rad etgandi.

So‘nggi ikki oyda migrantlarning ish haqlari kamayishi va to‘lov muddati kechikishi hollari ko‘paydi. Huquqbonlar migrantlar ishsizlikdan ko‘p shikoyat qilayotganini aytishmoqda. Bu vaziyat Ukraina bilan urush manzarasida chet el shirkatlari Rossiyani tark etganidan so‘ng vujudga keldi.

Rossiya hanuz Markaziy Osiyo mehnat migrantlari intiladigan asosiy mamlakat bo‘lib qolmoqda. Ayrim ekspertlar Rossiyaning o‘zida inqiroz boshlangani munosabati bilan migrantlarning kattagina qismi vataniga qaytishini bashorat qilishyapti.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga qarshi harbiy agressiya boshlaganidan so‘ng 750 ajnabiy shirkat mamlakatdan chiqib ketgan.

XS
SM
MD
LG