Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:02

Rossiyada migrantlar bilimiga bo‘lgan minimal talablar belgilandi


Pandemiya cheklovlarini yumshatayotgan Rossiyada o‘zbek muhojirlari soni ko‘paymoqda.
Pandemiya cheklovlarini yumshatayotgan Rossiyada o‘zbek muhojirlari soni ko‘paymoqda.

Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin muhojirlar tomonidan imtihon topshirishda minimal bilim darajasiga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi.

Mutaxassislar yangi qoidalar mehnat muhojirlari hayotiga jiddiy o‘zgarish kiritmasligi, shunchaki hujjat berish “biznesi” Rossiya davlat organlari tomonidan monopollashtirilayotganini gapirmoqda.

Talablar minimumi

Yangi talablar Rossiyada ishlashga ruxsatnoma - patent olish istagida bo‘lgan xorij fuqarolari tomonidan rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligining asoslari bo‘yicha topshiradigan imtihonlarga qo‘yilgani ma’lum qilindi.

Hujjatga ko‘ra, rus tilidan imtihon topshirayotgan mehnat muhojiri kundalik hayot va kasbiy faoliyati jarayonidagi ma’lumotlarni o‘zlashtira olishi, o‘qishi va talaffuz qilishi shart. Shuningdek, Rossiyada ishlamoqchi bo‘lga xorijliklar turli hujjatlar va arizalarni to‘ldirishni, jumladan politsiyaga ariza berish, ish anketalarini, poliklinikaga topshiriladigan shakllarini to‘ldirishni bilishlari ham kerak bo‘ladi.

Rossiya tarixi bo‘yicha imtihonda xorij vatandoshi Rossiya tarixiga oid muhim faktlar va voqealarni, Rossiya poytaxti va boshqa yirik shaharlarning nomlari, asosiy davlat ramzlari va bayramlarini bilishi lozim.

Shuningdek, ular Rossiya qonunchiligi asoslari bo‘yicha chet el fuqarolarining asosiy huquq-erkinliklari va majburiyatlari to‘g‘risida xabardor bo‘lishlari shart qilib belgilandi.

Yangi qoidalarda aytilishicha, vaqtinchalik ("Razresheniye na vremennoye projivaniye") va doimiy yashash uchun ruxsatnoma ("Vid na jitelstvo") olishga talablar kengaytirilgan. Endilikda xorijlik ishchilar eshitayotgan barcha gaplarning ma’nosini anglashi lozim.

Qolaversa, Rossiyada yashamoqchi bo‘lgan shaxs asosiy voqealar xronologiyasi, Rossiya va SSSRning taniqli arboblari, asosiy milliy, madaniy va diniy urf-odatlarni bilishi va yodda saqlashi shart qilib belgilandi.

Yuqorida sanab o‘tilganidan tashqari, Mixail Mishustin imzolagan tartibga ko‘ra, migrantlar Rossiyaning konstitutsiyaviy tuzum asoslari, mehnat, fuqarolik va oilaviy qonunchilik tamoyillarini ham bilishlari kerak.

"Muhojirdan pul undirishga qaratilgan"

Rossiyada mehnat qilayotgan bir qancha muhojir yangi qoidalar migrantlar hayotiga qanday ta’sir o‘tkazishi, bu o‘zgarishlar ular hayotini yengillashtiradimi yoki og‘irlashtiradimi savollari bilan Ozodlik tahririyatiga murojaat qildi.

Yurist Botirjon Shermuhammad
Yurist Botirjon Shermuhammad

Migrant.mobi portali asoschisi, yurist Botirjon Shermuhammad yangi qoidalar migratsiya sohasidagi jiddiy o‘zgarishlarga olib kelmasligiga ishonishini bunday tushuntirdi.

- O‘zi aslida o‘sha-o‘sha - hech qanday o‘zgarish yo‘q. Ular amalda bor narsani ham “Mana, yangilik!”, deb beryapti. Necha yildan beri imtihon topshirilyapti, shunchaki “bozor” qayta taqsimlanyapti: ilgari, masalan RUDN universitetidagi kabi, test markazlarida imtihonlar qabul qilingan. Hozir faqat davlat ro‘yxatidagi test markazlari va tashkilotlariga imtihon olishga ruxsat berilib, qolganlarini yopmoqchi. Bugundan boshlab Mishustin qarori bo‘yicha RVP, VNJ, patentga kommercheskiy tashkilotlarga hujjat topshirish to‘xtagan. Qays tashkilotlarda qabul qilinadi - aniqmas! - deydi huquqshunos.

Botirjon Shermuhammad yangi qoidalarning ayrim ijobiy va salbiy tomonlariga ham to‘xtalib o‘tdi.

- Ilgari RVP-VNJlarga topshirilgan imtihon sertifikati muddati 5 yilga amal qilsa, endi 3 yilga qisqaryapti! Ilgari doimiy yashash(VNJ)ga olingan, masalan, rus tilidan imtihon sertifikati RVP - vaqtinchalik yashashga o‘tmasdi, boshqattan o‘tish kerak edi. Yangi tartibda bitta sertifikat hammasiga o‘tishi belgilandi. Imtihon topshirish shaklida qisqa o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin, lekin jiddiy o‘zgarish yo‘q. Muhojirlarimiz xavotirlari asossiz!

Bu yerda shunchaki davlat imtihon qabul qilishni monopollashtirdi, faqat ro‘yxatdagi tashkilotlar imtihon olish huquqiga ega bo‘ladi. Bu imtihon topshiradigan joylarni kamaytiradi, raqobat yo‘qoladi. O‘zi hujjat tayyorlashga ulgurmayotgan va Saxarovoda odamlar turnaqator bo‘lib turgan bir paytda bu qaror vaziyatni biroz murakkablashtiradi. Nima qilib bo‘lsayam, mehnat muhojiri pulini undirish bo‘lyapti, deya fikr bildirdi migratsiya eksperti Botirjon Shermuhammad.

Suhbatdosh tijoriy tashkilotlarning rus tili va tarixdan imtihon olishdan chetlashtirilishi davlat byudjeti daromadini oshirishini ham taxmin qildi.

U migratsiya tartiblarini kuchaytirayotgan Kreml, ayni damda, rus tili va Rossiya tarixini o‘rgatishga qaratilgan markaz va oqartuv maktablarini tuzishga hech qanday harakat ko‘rsatmayotganini ham tanqid ostiga oldi.

Professor Sergey Abashin
Professor Sergey Abashin

Yana bir migratsiya eksperti - professor Sergey Abashin, migrantlarning bilim darajasini bozorning o‘zi tartibga keltirishi kerak degan fikrda.

U Mishustin hukumati oddiy mehnat muhojiridan Rossiya fuqaroligini olayotganlar bilan barobar talablarni qo‘yayotganidan taajjublandi:

- Bu qoidalar aslida 2014 - yildan amal qilib kelmoqda. Byurokratiya kuchaydi - mazmun o‘zgarmadi. Shu talablarning hammasi - tarixning eng muhim sanalari, bayramlari va an’analari, Rossiya fuqaroligiga da’vogar bo‘lmagan mehnat migrantidan talab qilinayotgani qiziq! Undan-da qizig‘i Yevrosiyo Ittifoqiga kirgan fuqarolardan Rossiya tarixini va tilini bilish negadir talab qilinmaydi! - dedi professor Abashin.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi keltirgan rasmiy raqamlarga ko‘ra, buguni kunda o‘zbekistonliklarning 1,7 million nafari xorijda, asosan, Rossiya va Qozog‘istonda mehnat qilmoqda.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi mamlakatdagi 1,5 millionga yaqin o‘zbekistonlik muhojirdan 332 mingi noqonuniy istiqomat qilib kelayotganini xabar qilgandi.

Oldinroq Rossiya Adliya vaziri va oddiy rosiyaliklarning aksar qismi mehnat migrantlarini Rossiyadagi mahbuslar bilan almashtirish taklifini ma’qullab chiqqani aytilgan edi.

XS
SM
MD
LG