Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:40

Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush boshlanmoqdami? Olti savolga olti javob


Ukraina armiyasining harbiy o‘quv mashg‘uloti.
Ukraina armiyasining harbiy o‘quv mashg‘uloti.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashilgan bir necha videoda Rossiyaning og‘ir harbiy texnika ortilgan kolonnalari Sibirdan Ukraina bilan chegaradosh hududlarga ketayotgani aks etgani aytilmoqda.

Rossiyani ishg‘ol etilgan Qrim yarim oroli bilan bog‘lovchi Kerch bo‘g‘ozi ustidagi ko‘prik qisqa vaqtga yopildi.

Xabarlarga ko‘ra, bundan ko‘zlangan maqsad – ko‘prik orqali qurol-aslaha tashib o‘tishdir.

Bu orada Ukraina sharqida Kiyev kuchlarini Rossiya dastaklab kelayotgan ayirmachilardan ajratib tutuvchi nazorat chizig‘ida otishmalar ko‘paydi. Rossiya davlat televideniyesi tahdid ohangiga o‘tdi.

Xo‘sh, Ukraina va Rossiya o‘rtasida “sovuq urush” alanga olish arafasidami? Quyida ikki mamlakat o‘rtasida tanglik kuchayishiga doir olti savolga javoblar bilan tanishishingiz mumkin.

Shundoq ham urush bo‘layotgan emasmidi?

Ha, shusiz ham urush davom etayotgan edi. Ukrainaning Donbass nomi bilan tanilgan sharqiy mintaqasidagi ziddiyat yetti yil oldin aprel oyida boshlangan. Sulh bitimlariga qaramay, mojaro butunlay hal bo‘lmadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuvlarda 2014 - yil apreldan beri 13 ming dan ortiq odam halok bo‘lgan, 1 milliondan ziyod aholi o‘z uyini tark etgan.

Keng miqyosli janglarning so‘nggisi 2017 - yilning yanvar oyida Avdeyevka shahrida ro‘y berdi. Shunday bo‘lsa-da, snayper hujumi va minomyot otishmalari muntazam ravishda kuzatiladi. Donetsk shahri shimolidagi Shumi yaqinida 26 - mart kuni ana shunday shiddatli otishma sodir bo‘ldi.

Rasmiy Kiyevga ko‘ra, 2020 - yil boshidan buyon 70 dan ortiq ukrainalik harbiy halok bo‘lgan, bir necha yuz kishi yaralangan.

Rossiya mart oxiridan boshlab Ukraina bilan chegaraga yaqin hududda hamda Qrimda qo‘shin to‘play boshladi. Bu holat G‘arb davlatlarining xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Rossiya Qrimni 2014 - yil mart oyida xalqaro huquq me’yorlariga zid ravishda anneksiya qilgan.

Nega buncha ko‘p qurol-aslaha ko‘chirilmoqda?

So‘nggi ikki hafta ichida Rossiya qurolli bo‘linmalari Ukraina bilan chegaraga yoki chegaradosh hududlarga hamda Qrim tomon yirik yurish boshlaganini ko‘rsatadigan ma’lumotlar, fotosurat va videomateriallar ko‘paydi.

Tadqiqotchilar, jurnalistlar va ekspertlar tasvirlar geolokatsiyasini aniqlash orqali Kremlning niyatiga o‘rganishga kirishdi.

Aksar tahlilchilarga ko‘ra, bu Kremlning shunchaki Kiyevni qo‘rqitish hamda G‘arbga Rossiya ko‘plab askarni safarbar qila olishini ko‘rsatishga qaratilgan kuch-qudrat namoyishidir.

Moskva Karnegi markazi xodimi Maksim Samorukov 5 - aprel kuni chop etilgan maqolasida “Qo‘shinlar manfurlik bilan ko‘chirilayotgani Rossiya tezkor g‘alaba haqida o‘ylayotganini emas, balki qudratini ko‘z-ko‘z qilayotganini anglatadi”, – deb yozdi.

Kuzatuvchilar, shuningdek, Rossiya o‘tmishda muntazam ravishda harbiy mashg‘ulot o‘tkazish maqsadida bosqinchiliksiz yirik sonli qo‘shinlarni ko‘chirganini ta’kidlamoqda. Ammo ba’zi tahlilchilar bu safargi harbiy harakatlar umuman boshqacha ekaniga e’tibor qaratmoqda.

Kreml nima deyapti?

Rossiya deyarli hech nima demayapti. Boshqacha qilib aytganda, biron tayin gap aytgani yo‘q.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov o‘tgan hafta jurnalistlarning qo‘shin harakati haqidagi savollariga javob bermadi. Peskov qo‘rqadigan hech narsa yo‘qligi, o‘z chegaralari ichida qurolli bo‘linmalarni bir yerdan ikkinchisiga ko‘chirishi Rossiyaning mutlaq ichki ishi ekanini aytish bilan cheklandi.

Ammo Qrim haqida gap ketar ekan, Kiyev va deyarli butun dunyo bunday izohni qabul qilmaydi. Chunki ular Moskvaning Qrimga da’vosini tan olmaydi.

Bu orada Rossiyaning Donbass va Shimoliy Kavkaz bilan chegaradosh hududlari uchun mas’ul bo‘lgan Janubiy harbiy okrugi yillik hozirlik tekshiruvini o‘tkazilayotganini e’lon qildi. Qo‘mondonlikka ko‘ra, 29 - martdan 30 - aprelgacha qator mashg‘ulotlar ham o‘tkaziladi. Janubiy harbiy okrug Rossiyaning Qrim bo‘yicha harbiy qo‘mondonligini ham nazorat qiladi.

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu esa masalaga oydinlik kiritish o‘rniga yanada ko‘proq savol tug‘ilishiga sababchi bo‘ldi. 25 - mart kuni Shoygu Pskov shahrida joylashgan desantchilar bo‘limi hamda 56-havo hujumi brigadasi qayta tashkil etilishi va Qrimdagi Feodosiya portiga joylashtirilishini e’lon qildi. Buning ortidan Kerch bo‘g‘ozidagi ko‘prikning yopilishi tegishli uskunalarni tashish bilan bog‘liq ekani xabar qilindi.

Rossiya muntazam ravishda minglab qo‘shin va o‘nlab bo‘linmalar ishtirokida yirik o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazib tursa-da, ba’zi kuzatuvchilarning aytishicha, bu safar ko‘chirilayotgan texnika ko‘lami odatdagidan ancha kattadir.

6 - aprel kuni Shoygu butun mamlakat bo‘ylab harbiy okruglarda keng ko‘lamli mashg‘ulotlar o‘tkazilishini e’lon qildi.

Sulh imzolanmaganmidi?

Ukraina sharqida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha imzolangan va tez-tez buziladigan sulh Minsk kelishuvlarga borib taqaladi. Bitim ikki qismdan iborat bo‘lib, ikkinchi qism 2015 - yil fevral oyida Ukraina va Rossiya tomonidan, shuningdek, Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlarining bir qismini egallab olgan rossiyaparast ayirmachilar tomonidan imzolangan. Shuningdek, bitimni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) tasdiqlagan.

Россия Украина билан чегарадош ҳудудларга қўшин тўплай бошлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:36 0:00

Bundan tashqari, mojaroni tugatishga urinayotgan Rossiya, Ukraina, Fransiya va Germaniyadan tashkil topgan guruh – Normandiya formati mavjud. Rossiya Ukrainaning sharqiy qismidagi jangarilarni dastaklayotgani va moliyalashtirayotgani, Ukrainaning ichki siyosati, Germaniya bilan Fransiya Moskvaga qarshi keskin javob qaytarish hamda Kiyevga yordam ko‘rsatish borasida qat’iy qarorga kelolmayotgani tufayli Donbassda tinchlik o‘rnatish mushkul bo‘lib qolmoqda.

Germaniya tashqi ishlar vazirligi 3 - aprel kuni bayonot e’lon qilib, yuzaga kelgan keskinlikni tugatishga chorladi. Bayonotda “barcha tomonlar” jumlasi ishlatilgani tanqidga uchradi. Tahlilchilarga ko‘ra, bu istiloh Rossiya qo‘shini tajovuzkor harakatlarini Ukrainaning Donbassdagi mudofaa pozitsiyasiga tenglashtirishni anglatadi.

Ayni damda Ukraina Rossiya kabi keng ko‘lamda harbiy texnikasini ko‘chirayotganini ko‘rsatuvchi dalil mavjud emas. Bundan tashqari, Rossiyadan farqli o‘laroq, Ukraina faqat o‘z hududida ichida harbiylarini safarbar qilib keladi.
Yevropa Ittifoqi Ukrainani qo‘llab-quvvatlamoqda. Ammo blokning bosh diplomati Jozep Borrel joriy yil fevralida Moskvaga safari davomida tahqirlangan edi.

Shunga ko‘ra ayrim kuzatuvchilar Bryussel bu masalada Rossiyaga katta ta’sir o‘tkaza olmasligini aytmoqda.

Tahlilchi Mark Galeotti BNEIntellinews sayti uchun yozgan maqolasida Moskva G‘arbga Ukraina qanchalik ko‘p qo‘llab-quvvatlansa, o‘z va’dalarini bajarishga majbur bo‘lishini tushuntirishga urinmoqda, deb yozdi.

“Kremlning Yevropa buni istamasligiga ishonchi komil”, – deydi Rossiya haqida bir necha kitob yozgan mutaxassis Galeotti.

Amerika qanday harakat qiladi?

Kuzatuvchilar Rossiyaning ushbu harakatlari AQSh, xususan, prezident Jo Bayden uchun sinov ekanini aytishmoqda. Bayden Ukrainaning uzoq yillik va eng ishonchli tarafdorlaridan biridir.

Vashington Rossiya Qrimni bosib olishi ortidan Moskvaga qarshi sanksiya joriy qildi. Sobiq prezident Donald Tramp Rossiya bilan aloqalarni tiklashga uringan bo‘lsa-da, bu sanksiyalarni bekor qilmadi.

Bayden ma’muriyati Rossiyaga qarshi qat’iy siyosat olib borish niyatini izhor qilgan.

“Rossiyadan ushbu provokatsiyalarga izoh so‘radik”, – dedi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prins 5 - aprel kuni.

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy zaharlanishi va qamoqqa tashlanishi ortidan Bayden ma’muriyati Moskvaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni joriy etdi. Shuningdek, Oq uy Amerikadagi idoralarga qilingan yirik kiberhujumga javoban Rossiyaga qarshi chora ko‘rilishini ma’lum qildi. Vashingtonga ko‘ra, AQShdagi davlat va xususiy kompaniyalar tarmoqlariga qilingan hakerlik hujumi Rossiya tomonidan amalga oshirilgan.

2 - aprel kuni Bayden Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan suhbatlashib, Vashington Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini Rossiya tajovuzidan himoya qilishda davom etishini aytdi.

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga yanada samarali va korrupsiyadan xoli hukumatni qurishda yordam berish uchun yuz millionlab yevro yordam pulini ajratgan bo‘lsa, AQSh ukrain kuchlarini trening va qurol-yarog‘, jumladan, tankka qarshi raketalar, tunda ko‘rish ko‘zoynaklari va radarlar bilan ta’minladi. Mart oyi boshida AQSh mudofaa vazirligi Ukrainaga qiymati 125 million dollarga teng harbiy yordam ajratilishi haqida e’lon qildi.

Kreml Ukrainaning NATOga qo‘shilishiga keskin qarshi. Kiyevning alyansga a’zo bo‘lish istiqbol hali uzoq bo‘lib tuyulsa-da, Zelenskiy bu haqda bayonot berishda davom etmoqda.

“Biz o‘z armiyamiz va mudofaa sektorimizni isloh qilishga sodiqmiz, ammo faqat islohotlar bilan Rossiyani to‘xtatib bo‘lmaydi», – deb yozdi u Twitter platformasida NATO bosh kotibi bilan uchrashuvidan keyin.

“NATOga a’zolik – Donbassdagi urushni to‘xtatishning yagona yo‘li”, – deya xulosa qildi Ukraina prezidenti.

Rossiyaning yakuniy maqsadi nima?

Kreml yirik harbiy mashqlar o‘tkazish va jangovar brigadalarni ko‘chirish orqali qanday maqsadlarni ko‘zlayotgani Vashington, Kiyev yoki boshqa G‘arb davlatlariga qorong‘i.

Bunga javob izlash uchun Rossiya o‘z biqinidagi boshqa mojarolarni qanday hal qilganini tahlil qilish mumkin. Bu kabi “muzlatilgan” ziddiyatlar Sovet Ittifoqi qulaganidan beri bir necha joyda, jumladan, Gruziyaning ayirmachi Abxaziya va Janubiy Osetiya hududlarida hamda Moldovaning Pridnestrovye hududlarida yuzaga keltirilgan.

Ushbu hududlarning barchasida Rossiya harbiylari tinchlikparvar kuchlar sifatida yoki to‘liq garnizon qismlari sifatida joylashtirilgan. Ammo BMT yoki YeXHT roziligisiz kiritilgan harbiylar vaziyatni Moskva foydasiga beqarorlashtirib keladi.

Donbassga YeXHT qo‘llovi bilan xalqaro tinchlikparvar kuchlarni yuborish masalasi oldinroq muhokama qilingan. Biroq ushbu takliflar taraflar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli ro‘yobga chiqmadi.

Ko‘plab kuzatuvchilarning fikricha, Rossiya yaqin orada keng ko‘lamli urush boshlashi yoki Ukrainaning yanada ko‘proq hududini egallashga urinishi ehtimoli past. “Chatham House” tadqiqot markazining Rossiya dasturi sobiq rahbari Jeyms Sherrning taxminicha, Moskvaning yakuniy istagi Ukraina hududida Rossiya tinchlikparvar kuchlarini joylashtirish bo‘lishi mumkin.

“Rossiyaning “tinchlikparvar” kuchlari hozirgi demarkatsiya chizig‘iga joylashtirilishiga yetaklaydigan dramatik va halokatli mahalliy eskalatsiya eng haqiqatga yaqin variant bo‘lsa ajab emas”, – deb xulosa qiladi J.Sherr Estoniya Xalqaro mudofaa va xavfsizlik markazi uchun yozgan maqolasida.

XS
SM
MD
LG