Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:37

"Neft-gaz eksportchilari yutadi, oddiy xalq yutqizadi". Iqtisodchi rubl kursining qulashi haqida


Rubl qulashda davom etmoqda: 7-avgust kuni ertalab dollar kursi 2022-yil martidan beri ilk bor 97 rubldan oshdi. Yevro 106 rublga yetdi. Rossiya valyutasi qadrsizlanishi 2023-yil yanvardan buyon davom etayotir, o‘tgan davrda u yevro va dollarga qiyosan 35 foizga zaiflashdi.

Bir necha haftadan beri birjada rubl kursi faqat tushyapti. Rossiya Milliy banki buni mamlakat chetga kamroq mahsulot sota boshlagani va aksincha, ko‘proq import qilayotgani va xaridlar uchun valyutada haq to‘lanayotgani bilan izohlamoqda. Hukumat esa inflyatsiya sabablaridan biri neft-gaz sektoriga qarshi sanksiyalar ekanini yashirmayapti hatto.

“Nastoyashchee vremya” telekanali rubl qulashi va uning rossiyaliklar uchun oqibatlari haqida iqtisodchi Nikolay Kulbaka bilan suhbatlashdi.

– Rubl qulashining asosiy sabablari nima? Bu Rossiya aholisi hayotiga qanday ta’sir etmoqda?

– Eksportdan pul kelishi kamaydi, import esa, aksincha, tiklanmoqda. Ya’ni, valyutaga talab valyuta taklifidan ortiq – demak u qimmatlashadi. Bu hozirda ishlab turgan fundamental omillardan biridir.

Yana bir hal qiluvchi omil borki, uni oddiy tilda quyidagicha tushuntirish mumkin. Agar siz yashayotgan mamlakatda inflyatsiya boshqa mamlakatdagidan yuqori bo‘lsa, valyutangiz qadrsizlanishga moyil bo‘ladi. Bu omil ham ta’sir qilyapti, chunki, agar kuzatayotgan bo‘lsangiz, so‘nggi yillar va umuman hozirga qadar Rossiyada inflyatsiya, deylik, Yevropa va AQSHdagiga nisbatan yuqori.

Boz ustiga, so‘nggi paytlarda Rossiya iqtisodiyotida risklar ko‘paydi. Eng avvalo Prigojin isyonini tilga olgan bo‘lardim, chunki u Rossiya voqeligida bunaqa stsenariy rostdan ham bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Shu paytgacha buni faqat faraz qilish mumkin edi. Demak, Rossiya iqtisodiyotiga sarmoya kiritish risklari ortdi, demak, Rossiya iqtisodiyotiga mablag‘ kiritish emas, aksincha, bu yerdagi pullarni chetga olib ketish kerak ekan. Shunday bo‘lyapti ham. Chet elga rubl chiqib ketmaydi, u dollar va yevrolarda olib ketiladi, natijada valyutaga talab yanada ortmoqda.

Bundan eksportchilar, ya’ni chetga neft va gaz eksport qiluvchi shirkatlar yutadi. Ular daromadlarning bir qismini yashirish uchun soxta firmalar, tuzilmalar tashkil qilishini hisobga olsak, inflyatsiya ularni yanada boyitadi. Yutqazadigan esa oddiy xalq. chunki pul qadrsizlanishi import yoki mahalliy ekanidan qat’i nazar, barcha mahsulotlar narxlari ko‘tarilishiga olib keladi. Bu sxema juda oddiy: import mollar qimmatlashsa, siz o‘zimizda ishlab chiqarilgan tovarlarni sotib ola boshlaysiz. Ko‘pchilik mahalliy mahsulotlarga o‘ta boshlagach, talab ortadi, demak, ularning narxi ham oshadi va inflyatsiya battar kuchayadi.

– Xo‘sh, oddiy odamlar nima qilishsin? Yig‘ib qo‘ygan rubllarini ko‘tarib, sarroflik shoxobchalariga yugurishsinmi? Bu yog‘iga kurs qanaqa bo‘ladi?

– Men o‘ylab ish qilishni maslahat bergan bo‘lardim. Birinchidan, rubl qulashi boshlangan, qulashda davom etyapti. Ha, agar naqd dollar yoki yevro sotib olish imkoningiz bo‘lsa, shunday qilgan ma’qul. Agar qurbingiz yetsa. Chunki bizning mamlakatda har kim ham valyuta sotib olib qo‘ya olmaydi, ko‘pchilik oylikni keyingi oylikkacha zo‘rg‘a yetkazadi. Agar oyiga 50-100 ming rubl orttira olsangiz, naqd dollar qilib, saqlab qo‘ysangiz bo‘ladi.

Zaxira mablag‘i yo‘qlar esa, birinchi navbatda, vahimaga tushib, kerakli-keraksiz har xil mahsulotlarni sotib olishdan o‘zlarini tiysinlar. Ikkinchidan, bo‘layotgan voqealarni sovuqqonlik bilan kuzatib, o‘z byudjetlarini, xarajatlarini qaytadan rejalasinlar. Bekorchi narsalarga pul sarflamaslik, chiqimni ko‘paytiradigan ishlardan ehtiyot bo‘lish lozim.

XS
SM
MD
LG