Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:22

Rossiya: Qamoqxonadagi garovga olish hodisasidan so‘ng migrantlar ustidan nazorat yanada kuchaydi


Moskvadagi migratsiya markazi tashqarisidagi xorijliklar.
Moskvadagi migratsiya markazi tashqarisidagi xorijliklar.

Rossiyada muhojirlarni tekshirish yana kuchaygani kuzatilmoqda. Migrantlarning aytishicha, yo‘llarda politsiya avtobuslari paydo bo‘lgan. Xavfsizlik kuchlari muhojirlar ishlayotgan taksilarni to‘xtatib, haydovchilarning hujjatlarini tekshiribgina qolmay, itlar bilan ham tintuv o‘tkazmoqda.

Nazorat kuchayishiga Markaziy Osiyodan kelgan to‘rt muhojirning Volgograd koloniyasida boshqalarni garovga olgani sabab bo‘lgani aytilmoqda. Rossiya OAV xabariga ko‘ra, bular ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi va ikki nafar Rossiya fuqaroligini olgan tojikistonlik bo‘lgan.

Mutaxassislar koloniyadagi qonli voqea Rossiyadagi muhojirlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini taxmin qilib, ularni ehtiyotkorroq bo‘lishga chaqirmoqda.

Украинага босқин: 912-кун | Ўзбек ва тожик маҳбуслари қўлга олган колония озод қилинди, 4 ходим ҳалок бўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:07 0:00

Moskvada yashovchi qirg‘izistonliklardan birining Migrant.Media jurnalistlariga aytishicha, koloniyadagi voqeadan keyin Rossiya poytaxti ko‘chalarida politsiyachilar sezilarli ko‘paygan.

“Masalan, avvallari yo‘llarda yo‘l politsiyasi xodimlari bo‘lardi, ular hujjatlarni tekshirib, keyin qo‘yib yuboraverishar edi. Hozir ularning soni keskin ortgan, – deydi Qirg‘izistonlik muhojir Oybek (ismi o‘zgartirilgan) – Men tushunmadim, ular qaysi tuzilmaga tegishli, lekin ular juda ko‘p, shaharda ko‘p yuraman, uch kundan beri shu manzarani kuzatyapman, masalan, kecha 5-6 ta taksi mashinasini to‘xtatib, itlar bilan tekshirishdi”.

Hujum paytida koloniyada boshqalarni garovga olgan to‘rt nafar mahkum o‘ldirildi. Hujumda Federal Jazoni ijro etish xizmatining 4 xodimi ham halok bo‘ldi, yana uch ishchi va to‘rt nafar mahbus yaralandi. Rossiya qamoqxonalaridagi qozog‘istonliklarga huquqiy yordam ko‘rsatuvchi advokat Meyrman Shekeyevga ko‘ra, shundan keyin Volgograd koloniyalarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

"Men yordam berayotgan 35 nafar bolaning uch nafari Volgograddagi koloniyada. Ota-onalar o‘z farzandi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashgan, ular hozircha cheklovlar bo‘lmagani, xavfsizlik choralari kuchaytirilganini aytishgan”, deydi Shekeyev.

Advokat Rossiyada yashovchi muhojirlarni ehtiyot bo‘lishga va provokatsiyalarga berilmaslikka chaqiradi. Huquqshunos Erlanbek To‘qtosunov ham koloniyadagi voqea Markaziy Osiyodan kelgan barcha muhojirlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb hisoblaydi.

Shu kunlarda nafaqat huquqshunoslar, balki diasporadagi vatandoshlar ham Rossiyadagi xorijlik ishchilarni ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda. Ularning qayd etishicha, internetda ko‘plab provokatsion xabarlar paydo bo‘ladi. Krokusdagi teraktdan so‘ng ham huquq himoyachilari, ham muhojirlarning o‘zlari Rossiyada ksenofobiya kayfiyati sezilarli darajada oshganini ta’kidlashgan. Qamoqxonadagi voqea, advokatlar fikricha, vaziyatni takrorlashi mumkin.

“Hujumchilarning Markaziy Osiyodan bo‘lgani biz uchun juda yomon, – deydi advokat, – Chunki Rossiyada nima bo‘layotganini hammangiz yaxshi bilasiz, mamlakatlarimiz fuqarolari ehtiyot bo‘lishlari kerak."

Россияда мигрантлар ҳуқуқларини кескин чекловчи қонун қабул қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:25 0:00

To‘qtosunovning aytishicha, qamoqxonada sodir bo‘lgan voqealar haqida ko‘p savollari bor. Volgograddagi 19-koloniya qattiq tartibli qamoqxona bo‘lib, u yerda nega giyohvand moddalar savdosi va terrorizmda ayblanganlar birga saqlanishi tushunarsiz.

“Ushbu muassasa qattiq rejimli qamoqxona sifatida tasniflangan bo‘lib, pichoq kabi narsalarni olib kelish mutlaqo mumkin emas".

Koloniyada boshqalarni garovga olganlar “Islomiy davlat”ga aloqador ekanliklarini e’lon qilishgan. Ammo bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i hozircha yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlardagi videolarda bu mahbuslar musulmonlarga qarshi «zulm» va Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan «Krokus» ishi bo‘yicha hibsga olinganlarga nisbatan shafqatsiz munosabat uchun qasos olayotganliklarini aytishgan.

OAV qayd etishicha, bu joriy yilda Rossiya koloniyalarida radikal islomchilarning ikkinchi isyonidir. “Qamalgan rus” mahbuslarga yordam jamg‘armasi direktori Olga Romanovaning ta’kidlashicha, Rossiya qamoqxonalarida ko‘plab ekstremistik g‘oyalar tarqaladi. Romanova “Amerika Ovozi” radiosiga bergan intervyusida 2008-yildan buyon islomiy ekstremistlar ko‘plab koloniyalarda yetakchiga aylanib olganini aytdi.

Romanovaning so‘zlariga ko‘ra, hozir qamoqxonalarda katta tekshiruvlar o‘tkaziladi, biroq ular koloniyalardagi turmush tarzini tubdan o‘zgartira olmaydi. Qamalgan muhojirlar haligacha ekstremist voizlar qo‘liga tushib qolishi mumkin.

XS
SM
MD
LG