Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:40

Rossiya qamog‘idan Ukrainadagi urushga. Bulung‘urga ikki yigitning tobuti keldi


Rossiyadan tobuti yuborilgan ikki bulung‘urlik - Bobur Abdumo‘minov (chapda) va Shaxriyor Jalolov.
Rossiyadan tobuti yuborilgan ikki bulung‘urlik - Bobur Abdumo‘minov (chapda) va Shaxriyor Jalolov.

Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanidagi Qora kamar qishlog‘iga Ukrainaning jang maydonida vafot etgani aytilgan ikki o‘zbekistonlikning jasadi keldi.

Ozodlikning aniqlashicha, biri 26, yana biri 24 yashar bo‘lgan yigitlarning tobuti 19- yanvar kuni Rossiyadan olib borilgan va shoshilinch ravishda dafn qilingan.

Bu Ukrainadagi janglarda o‘ldi, degan hujjatlar bilan uyiga tobuti yo‘llangan va Ozodlik shaxsini tasdiqlashga muvaffaq bo‘lgan ilk o‘zbekistonliklardir.

Ayni paytda Ozodlik, so‘nggi haftalarda tobuti keltirilgan yana bir necha o‘zbekistonlikning shaxsini tasdiqlashga urinmoqda.

Qamoqdan urushga

Ukrainaning Donetsk oblastida o‘lgan samarqandlik 24 yashar Shahriyor Jalolovning tobuti 19-yanvar kuni Bulung‘ur tumanidagi Katta kildon qishlog‘iga olib kelingan.

Shaxriyor Jalolov
Shaxriyor Jalolov

Oilasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, marhum yigit tobutiga qo‘shib, uning o‘tgan yili 16- dekabrda Ukrainaning Donetsk oblastida o‘lgani qayd etilgan hujjat ham berilgan.

Ozodlikda nusxasi mavjud O‘lim to‘g‘risidagi guvohnomada hujjat Rossiyaning Rostov-Don oblasti FHDYo idorasidan 2023-yil, 10-yanvar kuni berilgani qayd etilgan.

Yaqinlarining aytishicha, Shaxriyor sobiq mehnat muhojiri. U Rossiyada qamoq jazosini o‘tayotgan bo‘lgan. Yaqinlari uning qanday qilib urushga borib qolganiyu qanday halok bo‘lganidan xabari yo‘qligini aytmoqda.

Ukrainadagi urushda o‘lgan samarqandlik Shahriyor Jalolovning oilasiga berilgan hujjat
Ukrainadagi urushda o‘lgan samarqandlik Shahriyor Jalolovning oilasiga berilgan hujjat

Samarqand viloyati FHDYo idorasidan berilgan hujjatda o‘lim sababi "ko‘p qon yo‘qotish" deb ko‘rsatilgan.

To‘satdan boshiga tushgan bu ko‘rgulikdan karaxt ahvolga tushib qolganini aytgan oila a’zolari Ozodlikka intervyu berishga rozi bo‘lmadi.

Qora kamardagi janoza

19-yanvar kuni ayni tumandagi Qora kamar qishlog‘iga yana bir yosh yigit - 26 yashar Bobur Abdumo‘minovning tobuti keltirildi . Uning ham Ukrainada o‘lgani aytilgan.

Bobur Abdumo‘minov
Bobur Abdumo‘minov

Oilasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Rossiyada mehnat muhojiri bo‘lgan Bobur sakkiz oy muqaddam qamoqqa tashlangan. Otasi bilan o‘tgan yilgi telefon muloqotida “pasport muddati bitgani uchun” qamoqqa tashlanganini aytgan, ammo boshqa ma’lumot bermagan.

Otasi Ozodlik bilan qisqa muloqotda qamoqdagi o‘g‘lining qachon va qay tariqa Ukrainaga borib qolganidan bexabar ekanini aytdi.

Abdumo‘minovning Ukrainaga qachon yo‘llangani va aynan qaysi hududda vafot etgani Ozodlikka noma’lum. Oilasiga ko‘ra, ularga o‘g‘lining o‘tgan yil 15-dekabr kuni Ukrainada o‘lgani aytilgan, xolos.

Samarqand viloyati FHDYo organidan berilgan hujjat
Samarqand viloyati FHDYo organidan berilgan hujjat

Otasi o‘g‘lining dafnidan beri juda og‘ir ruhiy ahvolda ekani, xotini ham xasta ekanini aytib, hozircha intervyu berishga rozi bo‘lmadi.

“Vagner” va’dasiga uchgan mahkum

Bobur Abdumo‘minovni Rossiyada taniganlar bilan muloqotda bo‘lganini aytgan do‘stining gapidan tushunilishicha, uni qamoqda, boshqa mahbuslar bilan birga “Vangner” xususiy harbiy shirkati yollagan.

“Aytishicha, unga Ukrainada bir oy urushib kelsang, qamoq jazosidan oqlanasan va uyingga qaytasan, deyishibdi. Buning ustiga, 3 ming dollar pul ham olasan, deyishgan. Bobur Rossiyadagi do‘stiga telefon qilib aytgan ekan. O‘sha do‘sti menga xabar qilgandi: “Oilasiga aytma, Bobur Ukrainaga urushga ketdi, deb. Onasi qattiq kasal, shunga aytmagan edim”, dedi ismini sir saqlash sharti bilan Ozodlikka gapirgan qora kamarlik yigit.

Rasmiylar jim


Bobur yashagan “Mingchinor” mahalla fuqarolar yig‘inidan olingan ma’lumotga ko‘ra, u oilada yakka o‘g‘il bo‘lgan. Rossiyaga bir necha yil muqaddam ishlagani ketgan va u yerda turli qora ishlarda ishlab yurgan.

“Oilasi bilan tez-tez muloqotda bo‘lganmiz. Rossiyada ishlab yuribdi, ishlari yaxshi, deyishardi. Oilasining ham bu ishlardan xabari bo‘lmagan, aftidan”, dedi mahalla yig‘ini rasmiysi.

Ozodlik Bulung‘ur tumani va Samarqand viloyati hokimligidan bu borada biror rasmiy ma’lumot ololmadi. Bulung‘ur tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan vakili, hokimiyatda nafaqat tuman, balki Samarqandda yashovchi biror fuqaroning Ukrainadagi urushga ketgani haqida ma’lumot yo‘qligini aytdi.

Ozodlikning Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasidan izoh olish urinishlari hozircha natija bergani yo‘q.

Urushga tushib qolayotgan o‘zbeklar


Ayni paytda Rossiyaning turli hududlaridagi qamoqxonalarda jazo muddatini o‘tayotgan markaziy osiyolik mahkumlarning “Vagner” xususiy harbiy shirkati tomonidan Ukrainadagi urushga yollanayotgani haqida ma’lumotlar tobora ko‘paymoqda.

Rossiyada migrantlar huquqlarini himoya qilib kelgan yurist Botirjon Shermuhammadga ko‘ra, “Vagner” xususiy harbiy shirkati (XHSh) orqali qamoqdan urushga shartnoma asosida yollangan markaziy osiyolik mahkumlarning jasadlari Rossiyaning Rostov viloyatida yig‘ilib, O‘zbekistonga yuborilayotgani haqida ma’lumot bor:

"Bizdagi konkret ma’lumotga ko‘ra, shunday o‘zbekistonliklardan birining onasiga "Vagner" ChVK (xususiy harbiy shirkat - tahr)dan telefon qilishgan va jasadini Andijonga jo‘natib berishgan. Bu shaxsning ismi-familiyasi, pasport nusxasigacha bizla bor. Ammo, oilasi hozircha bu ma’lumotlarni ochiqlashga rozi emas”.

Balakleyada asir tushgan o‘zbeklar taqdiri noma’lum

Shu kunga qadar Rossiya hududida va qamoqxonalarida bo‘lgan o‘zbekistonliklarning shartnoma asosida Ukrainadagi urushga yollanayotgani haqida ko‘plab norasmiy ma’lumotlar tarqatilgan.

O‘tgan yil sentabrida “Redut” xususiy harbiy shirkati tomonidan yollanib, Ukrainaga yo‘llanganini aytgan ikki o‘zbekiston asir tushgani aks etgan video tarmoqlarda tarqalgan edi.

Videoga ilova qilingan xabarda, o‘zbeklar Ukrainaning 25-havo-desant brigadasi harbiylari Xarkov viloyatining Balakleya shahri ostonasida rus qo‘shinlari safini yorib o‘tishi paytida qo‘lga olingani aytilgan.

Qo‘lga olingan asirlar O‘zbekistondan ekani, xususiy harbiy bo‘lim tarkibida minomyotchi sifatida jang qilganini aytishgan.


O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi yoki boshqa rasmiy idoralar, bu video borasida hozirgacha biror izoh bergani yo‘q. Bu o‘zbekistonliklarning keyingi taqdiri ham noma’lum.

Tojikistondagi vaziyat


Qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistonda esa 10ga yaqin muhojirning jasadi urushdan kelganiga oid tasdiqlangan ma’lumotlar bor. Bu marhumlarning yaqinlari, o‘g‘illarining aldov yoki majburlash yo‘li bilan urushga yollanayotganini da’vo qilmoqdalar.

Jumladan, Tojikistonning Jayhun tumanida Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan erkak dafn qilindi. Yaqinlariga ko‘ra, 47 yoshli Shamsiddin Qodirov Rossiyada qamoq jazosini o‘tayotgan bo‘lgan va qamoqxonadan urushga jo‘natilgan.

Qarindoshlari aytishicha, u ikki yil muqaddam Rossiyada giyohvand moddalarni noqonuniy saqlash ayblovi bilan 14 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi, o‘tgan yilning may oyida Ukrainaga urushga jo‘natilgan.

So‘nggi ikki oyda Rossiya qamoqxonalarida jazo muddatini o‘tayotgan kamida to‘rt tojikistonlik Ukraina urushida o‘lgani ma’lum Ozodlikka ma’lum bo‘ldi.

Qirg‘izistondagi vaziyat

O‘tgan oy qirg‘izistonlik 30 yashar Ayan Alisherovning Ukrainada o‘lgani ma’lum bo‘ldi. U ham qamoqda jazo o‘tayotgan paytida urushga yollangan.

Yaqinlariga ko‘ra, 24-noyabr kuni Baxmut yaqinida o‘lgan, 22-yanvar kuni uning jasadi Nooken tumaniga yetkazilgan.

Yaqinlari, urushga ketmasidan oldin, u oilasiga o‘zi o‘tirgan turmaga “Vagner” XHSh vakillari kelgani va urushga yollayotgani haqida telefon orqali bildirgani, ammo o‘sha kezda urushga ketish niyatini haqida gapirmaganini eslamoqda.

Bunga qadar, Rossiya armiyasi safida turib, jangda o‘lgan yana ikki qirg‘izistonlik o‘z yurtida dafn qilingani, yana bir necha fuqaroning jarohatlangani Ozodlikka ma’lum.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarolarini Ukrainadagi urushga aralashmaslikka chaqirib keladi.

Toshkentning rasmiy pozitsiyasi


O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziriligi va Tashqi mehnat migratsiyasi ham fuqarolarni muttasil bu urushda qatnashmaslik, buning uchun jinoiy javobgarlik borligidan ogohlantirib keladi.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154 prim 1-moddasiga binoan:

“Chet davlatlarning harbiy xizmati, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanish 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutilgan”.


Ozodlik Qora kamar qishlog‘idagi holat va umuman bu boradagi mavjud ma’lumotlarni so‘rab, O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasining Toshkent va Moskvadagi vakilligiga yana bir bor murojaat qildi.

Tashqi mehnat migratsiyasining Moskvadagi vakili Mashrab Madrahimov agentlikning matbuot xizmatiga murojaat qilishni tavsiya qildi. Matbuot xizmatidan hozircha ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Rossiyada ishlayotgan, yashayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga mas’ul O‘zbekiston davlat idoralari Ukrainadagi urush harakatlari biror bir shaklda jalb etilgan, yollangan yoki aralashib qolgan vatandoshlari haqida hanuz biror rasmiy ma’lumot bergani yo‘q.

Bundan tashqari, hozirga qadar O‘zbekistonda Jinoyat kodeksining 154 prim 1-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatda ayblanib qamoqqa tashlangan o‘zbekistonliklar haqida ham ochiq manbalarda biror ma’lumot yo‘q.

Ozodlik bu boradagi barcha savollarni to‘plab, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga rasman yo‘llagan, ammo hanuz javob olgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG