Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:49

"Rossiya ortiq barqarorlik kafolati emas". Prigojin "isyoni"dan Markaziy Osiyo uchun saboqlar


Rossiyada yuz bergan so‘nggi voqealar yoki, Kreml ta’biricha, “harbiy isyon” Markaziy Osiyo mamlakatlari siyosiy rahbarlarini esankiratib qo‘ydi, endilikda ular ayrim narsalar haqida o‘ylab ko‘rishlari kerak, deb hisoblaydi Berlindagi Karnegi markazining Rossiya va Yevroosiyo bo‘yicha ilmiy xodimi Temur Umarov.

Ozodlik ekspert bilan mazkur voqealarning Moskva bilan mintaqa davlatlari o‘rtasidagi aloqalarga ta’siri, Markaziy Osiyo rahbarlari uchun foydali xulosalar hamda ular tayyor turishi lozim bo‘lgan ehtimoliy ssenariylar xususida suhbatlashdi

Nazarboyev Lukashenkoga “master-klass” o‘tgan?

Ozodlik: Prigojin boshliq “Vagner” XHShning Kremlga qarshi qurolli isyoni Markaziy Osiyo poytaxtlarida qanday kayfiyat yaratdi?

Temur Umarov: Sarosima. Chunki Markaziy Osiyoda qarorlar, jumladan Rossiya bilan munosabatlarga doir qarorlar ekspertiza asosida emas, balki siyosiy “elita”ning ichki sezgisi va yuz berayotgan voqealar haqidagi tasavvurlariga tayanib qabul qilinadi. Bu “elita”lar tasavvuri esa, o‘z navbatida, Rossiya siyosiy “elita”si, Putin va uning a’yonlari bilan muloqotlar asnosida shakllanadi. Rossiyadagilar ish bunaqasiga aylanib ketishini kutgan edi, deb o‘ylamayman. Yo‘qsa, Prigojinning reputatsiyasini bu qadar shishirmagan bo‘lishardi. Axir uning barcha qilg‘iliklarini legallashtirgan, Ukrainada jang qilishi uchun uni qurol-yarog‘ bilan ta’minlagan o‘zlari-ku.

Berlindagi Karnegi markazining Rossiya va Yevroosiyo bo‘yicha ilmiy xodimi Temur Umarov.
Berlindagi Karnegi markazining Rossiya va Yevroosiyo bo‘yicha ilmiy xodimi Temur Umarov.

Shu bois, menimcha, Markaziy Osiyo rahbarlari esankirab qolishdi. Lekin hammasi ham buni sirtiga chiqargani yo‘q. Faqat Qozog‘istonda shoshilinch tarzda Xavfsizlik kengashini yig‘ib, yuz berayotgan voqealarning mamlakatga muhtamal ta’sirini, Rossiyadagi isyon manzarasida inqirozga tayyor turish kerakligini muhokama qildi.

Umid qilamanki, mintaqaning boshqa mamlakatlarida ham Rossiya ko‘ringani kabi barqaror emasligi haqida o‘ylab qolishgan. Vaziyat rivojining potensial ssenariylarini ko‘rib chiqishgan.

Lekin eng katta saboq quyidagicha: real, xolis, mustaqil ekspertlar bilan, o‘z ishining ustalari bilan muloqot qilmaydigan biron-bir siyosiy rejim istiqbolni jo‘yali bashorat qila olmaydi, chunki ular dunyoni qiyshiq oyna orqali ko‘radi. O‘zlarini kelgusida nimalar kutayotganini va tashqi siyosatni qanday yuritishni va tuzoqlarga chap berishni bilishlari uchun ularning yonida haqqoniy axborot asosida xulosalar chiqaruvchi ko‘pdan-ko‘p ekspertlar bo‘lishi lozim.

Ozodlik: “Vagner” XHShning minglab yollanma askarlari bor. Rostov-Donda ularni qanday kutib olishganiga ko‘ra aholi orasida ham Prigojinga xayrixohlar ko‘p. Ayting-chi, yaqin kelajakda harbiy to‘ntarish bo‘lishi mumkinmi? Voqealar takrorlangan taqdirda bu Markaziy Osiyo uchun qanday xavf-xatar tug‘diradi?

OzodNazar: Пригожин исёни ва Ўзбекистон: лоқайд матбуот ва уйқусини йўқотган блогосфера
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:49:33 0:00

Temur Umarov: Har narsa bo‘lishi mumkin. Istalgan avtoritar mamlakatlar, jumladan Markaziy Osiyodagilar ham barqarorlikni namoyish etishni boplashadi. Bir qarashda xavotirga loyiq hech nima yo‘qdek, u yer bu yerda norozilik bo‘lib turadi, lekin ularni tezda bostirishadi. Axborot mashinasi davlatning qo‘lida, ko‘chada bo‘layotgan voqealar gazetalar sahifasiga va TV ekranlariga chiqmaydi. Har qanday tahdid tug‘ilganda davlat uni tezlikda bartaraf etuvchi kuchlarni ishga soladi. Iqtisodiyot ham batamom nazoratda. “Biznes-elitalar” hukumatga sodiq. Bir qarashda hamma yoq go‘zal, barqaror.

Biroq 24-iyun kuni biz Rostovda, Voronejda odamlar “Vagner” XHShni qahramonlar kabi kutib olganiga, ularning qo‘llarini siqib, tanklar yonida ular bilan suratga tushishganiga va olqishlar bilan kuzatib qo‘yishganiga guvoh bo‘ldik. Bularning bari “xalq Putinni (Toqayevni, Mirziyoyevni... – istagan familiyani qo‘ying) sevadi, undan boshqani istamaydi” degan gaplar illyuziya ekanini ko‘rsatadi.

Sodir bo‘lgan voqealarning Markaziy Osiyo uchun ko‘p oqibatlari bor. Mintaqani Rossiyaga qattiq bog‘lab turgan “ip”lar logistika, iqtisodiyot va migratsiya bilangina cheklanmaydi. Siyosiy “elitalar” ham unga bog‘lanib qolgan – ham shaxsiy, ham korporativ manfaatlarga doir ishlarda. Prigojinning “qurolli isyoni” esa bularning bari omonatligini ko‘rsatib qo‘ydi. “Eski”lar bilan tuzilgan turli sxemalardan chiqib, iqtidorga kelgan “yangi”lar bilan til topishishga to‘g‘ri kelishini anglatdi. Ular o‘zlari tobe mamlakatda hokimiyat hech bir tayinsiz odamning qo‘liga o‘tishiga bir bahya qolganidan qo‘rqib ketishdi.

Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng hokimiyatga kelgan Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari Rossiyani hamisha suyanish mumkin bo‘lgan barqaror davlat bilib, u bilan juda yaqin siyosiy va iqtisodiy aloqalarni saqlab qolishdi. Rossiya personal avtokratik davlat bo‘lgani bois birinchi galda unga boshchilik qiladigan shaxslar bilan kelishish kerak. Tepadagi odamlar almashganida esa shaxslararo robita ustiga qurilgan munosabatlar ham qulaydi, barbod bo‘ladi. Ana shunisi xavfli.

Markaziy Osiyo avtokratlari shu choqqacha qanday o‘ylardi, bilasizmi? Mening siyosiy rejimim balki unchalik barqaror emasdir, lekin Putin hokimiyati metindek mustahkam va zarur bo‘lganda Moskvaga orqa qilishim mumkin, deb o‘ylardi. Xususan, 2022-yil boshlarida Qozog‘iston shunday qildi ham. Biroq endi vaziyat o‘zgardi, hamisha ularning “qo‘ltig‘ida” bo‘lgan “B reja” o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘ldi. Endi o‘zlaridan boshqa hech kimga suyana olishmaydi.

Ozodlik: Aleksandr Lukashenko xodimlari yuritadigan “Pul Pervogo” telegram-kanali u Rossiyadagi voqealardan so‘ng Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan muzokara qilgani haqida xabar berdi. Sizning-cha, Lukashenkoning de-fakto hokimiyatdan chetlashtirilgan Nazarboyevga qo‘ng‘iroq qilishdan muddaosi nima bo‘lgan?

Temur Umarov: Nazarimda bu yerda shaxsiyat omili bor. Nazarboyev, Lukashenko, Putin, Rahmon va marhum Karimov – Sovet Ittifoqi o‘rnida mustaqil davlatlarni barpo qilgan odamlar. Iqtidorda uzoq qolishgani bois ular o‘rtasida shaxsiy aloqalar shakllangan. 2022-yil yanvardan keyin Putin Nazarboyev bilan orani uzgan bo‘lishi mumkindir, ammo Lukashenko uzmagan.

Nazarboyev shunchaki ushbu axborot makonida hamisha mavjud bo‘lgan, kechki Sovet Ittifoqining so‘ngra – mustaqil davlatlarning qaerida nima qimirlashini, qanday qimirlashini biladigan odamgina emas, balki 2022-yil yanvardan omon chiqqan siyosatchi hamdir. Ko‘pchilik uni zaif va e’tiborsiz kishi, “oddiy pensioner” deb hisoblashi mumkin. Biroq, siyosiy uddaburon bo‘lmaganida, o‘ta xavfli va kutilmagan holatlarda qanday yo‘l tutishni bilmaganida u “Qonli yanvar”dan so‘ng u quruq soyaga aylangan bo‘lur edi.

Hokimiyatdan ketgani bilan Nazarboyev tirik, sog‘-salomat, aktivlarini o‘z qo‘lida saqlab qolgan. Uni Qozog‘iston siyosiy hayotidan butkul o‘chirib tashlashmadi. Saylovlarda, masjidlar ochilish marosimlarida va boshqa tadbirlarda ko‘rinish berib turadi. O‘z matbuot xizmati bor. Toqayev uni nuqul "yomon" deb tilga olmaydi, izzat qiladi, “davlat asoschisi” deb ataydi. Nazarboyevda tajriba katta. Lukashenko, fahmlashimcha, qaltis holatlarda qanday harakat qilish kerakligi bo‘yicha undan master-klass olish uchun qo‘ng‘iroq qilgan, deb o‘ylayman.

Пригожин қўшинларини ортга қайтарди. Исён хроникаси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:30 0:00

Putin prezidentlikdan “yaxshilik bilan” keta olmasligi haqida

Ozodlik: Yaqin orada yoki uzoq muddatli istiqbolda Putin rejimi qulagudek bo‘lsa, Markaziy Osiyo qanaqa stsenariylarga tayyor turishi lozim?

Temur Umarov: Buni hech kim bilmaydi. Ertaga nima bo‘lishini na Putin va na Rossiya “elitasi” ichidagi biron kimsa tasavvur qila oladi. Putin tirik bo‘laturib uning rejimi halokati haqida gapirayotgan ekanmiz, bu juda xavfli ssenariy bo‘ladi. Rossiya prezidentida lavozimdan “yaxshilikcha” ketish imkoni yo‘q, shu bois ham u hokimiyatga oxirigacha, tish-tirnog‘i bilan yopishib oladi.

Bir narsani tushunib olaylik: Rossiya mintaqa uchun ortiq barqarorlik kafolati emas. Markaziy Osiyo Rossiyada chinakam to‘ntarish bo‘lgan taqdirda qanday harakat qilish haqida bosh qotirishi lozim. Xo‘sh, nima qilish kerak bo‘ladi? Avvalo – mintaqa ichida birdamlikni saqlash kerak, chunki mintaqadagi har bir mamlakat yakka holda Rossiyada iqtidorga kelgan yangi odamlar bilan shartli muzokaralarda o‘z manfaatlarini o‘tkaza oladigan darajada kuchli va nufuzli emas.

Ikkinchi vazifa – yuz berayotgan voqealardan televizor orqali emas, hokimiyat ustidagi siyosiy “elitalar” bilan muloqot orqali ham emas, balki xolis axborot manbalari orqali xabardor bo‘lish. Bu Markaziy Osiyoda rusistika maktabini yaratish ustida ishlash kerak, deganidir. Rossiyadagi siyosiy jarayonlarni o‘rganish bilan shug‘ullanayotgan ekspertlar hozirda har qachongidan ham muhim: ularga quloq solish lozim.

Umuman, Markaziy Osiyo siyosatchilari Rossiyaga qarab xulosa chiqarsinlar, avtoritar hokimiyat qisqa muddatli maqsadlarga erishish uchun muayyan guruhlarni qurollantirgan taqdirda nimalar bo‘lishini ko‘rib qo‘ysinlar. Ayniqsa – bir-biri bilan jiqqa-musht bo‘layotgan Qirg‘iziston va Tojikistonni nazarda tutyapman. So‘nggi paytlarda ularning adovat o‘ti sag‘al pasaydi, hozir chegarani demarkatsiya qilish bo‘yicha til topishishga urinishmoqda. Lekin yaqin-yaqingacha ikki tomondan ham “chegara hududlarda yashovchi fuqarolarimizni qurollantirishimiz kerak”, degan gaplar chiqardi. Barqaror, tinch yashashni istaydigan davlat bunaqa yo‘l tutmaydi.

Eng asosiy xulosa shuki, mintaqa davlatlari tashqi dunyoga tobeligini har doim diversikatsiya qilib turishlari va har qanday natijaga shay bo‘lishlari kerak, zero milliy manfaatlar masalasidir

XS
SM
MD
LG