Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:50

Urush, deport va reydlar. Rossiyada yana migrantofobiya avj olmoqda - ekspertlar


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Rossiyada markaziy osiyolik migrantlarga nisbatan reydlar davom etmoqda. Kuchishlatar xodimlar barcha migrantlarni tekshirishyapti, hatto masjidlarga bostirib kirishmoqda, bu esa chet el fuqarolari orasida norozilik ortishiga sabab bo‘layotir.

O‘tgan hafta oxirida Rossiya hukumati “Nelegal-2023” amaliyoti doirasida 15 ming nafar chet davlat fuqarolari mamlakatdan chiqarib yuborilganini ma’lum qildi.

Qirg‘iziston Mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya vazirligiga ko‘ra, joriy yilning 9 oyida 1900 nafar qirg‘izistonlik Rossiyadan deportatsiya qilingan.

“Tekshiruvlar to‘xtamayapti”

Bir necha qirg‘izistonlik Ozodlikning qirg‘iz xizmati bilan suhbatda tekshiruvlar to‘xtamayotganini tasdiqladi.

Taksichi Beksulton Dolonbay uulu Rossiyadan chiqib va yana kirib qayddan o‘tishlari uchun migrantlarni chegaraga eltib qo‘yish, shuningdek Moskva viloyatidagi “Saxarovo” migratsiya markaziga eltib qo‘yish bilan shug‘ullanadi. Uning aytishicha, “Saxarovo”da ikki oydan beri deportatsiyani kutib yotgan qirg‘izistonliklar bor.

“Ko‘pchilikni deportatsiya qilishyapti. Ammo 40-45 kundan beri kutayotganlar ham bor. Men ularga qarindoshlari, tanishlaridan ul-bul olib borib beraman. Ushlanganlaridan ko‘pidan soxta hujjat topilgan, ya’ni ular davlat bazasida yo‘q. Rossiya fuqaroligiga kirganlarni harbiy komissariatlarga olib ketishyapti. Qirg‘iziston fuqarolariga tegishmaydi. Ko‘plar Qirg‘izistonga qaytishdi. Ayrimlar nega deportatsiya qilishayotganini bilishmaydi ham. Chegaradayoq ortiga qaytarib yuborilganlar ham bor”, deydi u.

Бир йилдан бери депортация марказида ўтирган ўзбеклар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:01 0:00

Rossiya politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, “Nelegal-2023” kompleks tezkor-profilaktik amaliyoti mobaynida migratsiya qonunchiligiga doir 96 mingta huquqbuzarlik qayd etilib, 15 ming nafar chet ellik mamlakatdan badarg‘a qilingan.

7-noyabr kuni Rossiya IIV rasmiy vakili Irina Volk “migratsiya sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha ishlar muntazam davom ettirilishi”ni aytdi. Mulozimga ko‘ra, ushbu kampaniya chog‘ida huquq-tartibot idoralari federal va xalqaro qidiruvdagi 447 kishini aniqlagan.

Migrantlarga munosabat qanday?

Moskvada taksichilik qilgan Turat Bektenov reyd vaqtida ushlanib, Qirg‘izistonga jo‘natib yuborilgan edi.

“Meni uch sutka politsiya bo‘limida ushlab turishdi, so‘ngra sudga olib chiqishdi, menga jarima yozildi. Besh ming rubl jarima to‘lab, 10 kunlik muhlat tugamasdan Rossiyani tark etdim. Ishingiz sudda ko‘rilayotgan paytda “mamlakatdan ketishga puling bormi?” deb so‘rashadi. Agar “yo‘q” desangiz avvalgi huquqbuzarliklaringizni ham tekshirib, sizni “Saxarovo”ga jo‘natishadi. Politsiya bo‘limida bizni og‘ir jinoyat qilgan jinoyatchilardek saqlashdi. Qo‘lga olishda, xuddi odam o‘ldirgan qotilni ushlagandek kishanband qilishadi. Biz-ku mayli, yosh qizlarga, kap-katta ayollarga ham shu muomala. Och qoldirishadi, birov bilan ko‘rishishga, gaplashishga izn berishmaydi. O‘shanda agar ketsam, Rossiyani yelkamning chuquri ko‘rsin, deb qaror bergandim. Hozir Qirg‘izistonda ishlayapman”, deydi Turat.

Yekaterinburgda ishlovchi Eldos migrantlar ko‘p bo‘ladigan joylarda dam-badam reydlar o‘tkazilishi haqida so‘zlab berdi:

“Tunov kuni bozorlarni, migrantlar to‘planadigan boshqa joylarni yoppasiga tekshirishdi. Qo‘lga tushganlarni qayoqqadir olib ketib, rosa urishibdi. Bozorda savdo qiladigan tanishim bor, uning qo‘lida ishlaydigan bir tojik yigitcha yomonroq kaltak yegan ekan, hozir kasalxonada yotganmish. Rossiyada ishlash xavfli bo‘lib qoldi. ”Tez-tez bo‘lib turadigan bunaqa reydlar yuragimizni olib qo‘ydi”.

Qirg‘izistonliklarga huquqiy yordam ko‘rsatuvchi jamoat faoli Chinarbek Bazarbayev Moskvada reydlar chog‘ida ushlangan aksar migrantlar deportatsiya qilinayotganini urg‘ulaydi:

“Mamlakatdan chiqarib yuborilganlarning 80 foizi qayddan o‘tmagan va mehnat shartnomasi tuzmagan, ya’ni ularning ma’lumotlari yagona bazada bo‘lmagan. Aksariyati – qalloblarga aldangan va Rossiyada soxta hujjatlar bilan ishlab turgan odamlar. Ammo, mehnat shartnomasi yo‘qlar “Moy nalog” ilovasini yuklab olib, u orqali 4 foizlik soliqni oyma-oy to‘lab turishganida shu ham mehnat shartnomasi o‘rniga o‘tardi”.

Qirg‘iziston Mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya vazirligining Rossiyadagi vakolatxonasiga ko‘ra, 2023-yilning yanvar-sentabr davrida 1900 nafar qirg‘izistonlik Rossiyadan deportatsiya qilingan. Vakolatxona rahbari Kubandiq Aqmambetov Ozodlikka 2022-yilda Qirg‘izistonning 2200 fuqarosi RFdan badarg‘a bo‘lganini, barchasi migratsiya qonunchiligini buzgani uchun sud qarori bilan mamlakatdan chiqarib yuborilganini aytdi.

“Nelegal” amaliyoti KXSHTga a’zo davlatlarda migratsion vaziyatni barqarorlashtirish chora-tadbirlari doirasida o‘tkazilmoqda. Bunaqa reydlar Qirg‘izistonda ham bo‘ladi, oxirgi marta avgustda o‘tkazilgandi. Amaliyot doirasida jiddiy tekshiruv bo‘ladi, ammo hujjatlari joyida bo‘lgan odamga hech kim tegmaydi. Chet elliklar vaqtincha saqlanadigan migratsiya markazida odam ko‘payib ketgani masalasi hozirda kun tartibiga chiqqani yo‘q. Ilgari bir paytning o‘zida 200 nafargacha migrantlar ushlab turilishi hollari bo‘lgan. Bugungi kunda u yerda 100 ga yaqin odam bor va ularning barchasi sud qaroriga binoan vatanlariga jo‘natiladi”, deya izoh beradi mulozim.

Ростов депортация марказидаги мигрантлар Ўзбекистон элчихонасидан ёрдам сўради
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:49 0:00

Rossiyada migrantofobiya avj olmoqda

Ukrainada urush boshlanishi ortidan Rossiyada migrantlar quvg‘in qilinayotgani haqidagi xabarlar tez-tez paydo bo‘lmoqda. Bundan ayniqsa markaziy osiyoliklar zarar ko‘rayotgani hech kimga sir emas.

O‘tgan haftada Rossiya musulmonlari diniy kengashi rahbari Albir Krganov Rossiyada migrantofobiya avj olayotganidan tashvishda ekanini aytgandi.

RF Jamoatchilik palatasi esa “mamlakat millatlararo aloqalarda dushmanlarcha muomalaga qaytdi”, deya bayonot berdi.

Avvalroq “Spravedlivaya Rossiya – Za pravdu” partiyasi maktablarda migrantlarning farzandlari sonini qonunchilik yo‘li bilan cheklashni taklif qilgan edi. RF Kommunistik partiyasidan saylangan deputatlardan biri esa muqaddam Rossiya fuqaroligini olganlarni, harbiy ro‘yxatda turishdan, harbiy majburiyat yoki safarbarlikdan bo‘yin tovlagan taqdirda fuqarolikdan o‘chirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini Dumaga kiritdi.

O‘tgan hafta ma’lum bo‘lishicha, tez orada Moskva aeroportlarida Rossiyaga borgan migrantlarning barmoq izlarini olish va ularni fotosuratga tushirishni joriy etish rejalanmoqda. Yangi tartib, uning tashabbuskorlari fikricha, vatanida asosiy shaxsiy ma’lumotlari (familiyasi, ismi, ota ismi va hkz)ni o‘zgartirgan shaxslar Rossiyaga kirishining oldini oladi.

Migrantlarga huquqiy ko‘mak ko‘rsatuvchi huquqbon Valentina Chupik Rossiya politsiyasi zug‘umlaridan eng ko‘p O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari shikoyat qilishlarini ta’kidlaydi.

Ekspertlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlardagi “falon etnik guruh og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinmoqda” yoki “ayollar va bolalarga yaqinlashadigan migrantlarga xatarli” degan mazmunda turli xabarlar tarqalayotgani Rossiya jamiyatida migrantofobiya kuchayayotganidan dalolat beradi. Tahlilchilar esa mamlakat hokimiyat egalari aybi bilan urush domiga tortilgach, jamiyat muayyan guruhlar orasidan “aybdorlar”ni izlay boshlashini va o‘z g‘azabini eng nochor va himoyasiz qatlamga qaratishini eslatishmoqda.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Kreml noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash niqobi ostida, Rossiyada ishlayotgan markaziy osiyolik va kavkazlik mehnat migrantlarini Ukrainaga qarshi urushga tortishga urinyapti. Bozor va masjidlardagi reydlarda ushlanganlar to‘g‘ri harbiy komissariatga olib borilayotgani bu fikrni tasdiqlaydi.

XS
SM
MD
LG