Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:53

Rossiya: Ishchi-migrantlarning mamlakatga kirishini yengillashtirish so‘raldi


Rossiya Qurilish vazirligi mehnat muhojirlarining mamlakatga kirishini yengillashtirish talabi bilan hukumatga murojaat qildi.

Rossiya davlat idoralari va xususiy kompaniyalar boshqa sohalarda ham ishchi-migrantlar yetishmovchiligi sezilayotganini aytmoqda.

Rossiya Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (Minstroy) xorijlik ishchilarning Rossiyaga yengillashtirilgan tartibda kirib kelishiga yo‘l ochib berishni so‘rab, hukumatga murojaat yo‘lladi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi, Rospotrebnadzor va boshqa idoralar bilan muvofiqlashtirilgan ushbu taklif Rossiya hukumati muhokamasida qolmoqda, deyiladi vazirlik rasmiy xabarnomasida.

Hozirda Rossiya Qurilish vazirligi tomonidan mamlakatning qator qurilish obyektlaridagi ishlarga jalb qilinayotgan mehnat migrantlariga kirish sharoitlarini yengillashtirish bo‘yicha masalalar ko‘rib chiqilmoqda. Ayni damda Rossiya Federatsiyasi hududiga ishchilarni olib kirish sanitariya-epidemiologiya nazoratini ta’minlay oladigan tashkilotlargagina ruxsat beriladi”, deyiladi idora matbuot xizmati e’lonida.

Qurilish vazirligi Rossiyada koronavirus epidemiyasi ortidan kiritilgan taqiq sabab yirik qurilish obyektlarida ishchi kuchi yetishmovchiligi sezilganini xabar qilmoqda. Xususan, vazirlik hisob-kitobiga ko‘ra, Rossiyaning 77 mintaqasidan 50tasida qurilishlarda mehnat muhojirlari yetishmovchiligi qayd etilgan.

“Rabota v Rossii” nashri soha ekspertlari birgina qurilish firmalarida kamida 190 ming ishchiga ehtiyoj borligini qayd etganini yozdi.

Rossiyadagi qurilish kompaniyalari, birinchi navbatda O‘zbekiston, Ukraina va Tojikistondan kelayotgan qurilish mutaxassislari yetishmovchiligi borligini aytmoqda.

Minstroy matbuot xizmati 9 - dekabr kuni Rossiya qurilish rahbariyatining O‘zbekiston qurilish vazirligi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgani, unda «EXPO-RUSSIA UZBEKISTAN ONLINE 2020» loyihasida o‘zbek quruvchi kompaniyalarining Rossiya hududidagi qurilishlarga va rus qurilish shirkatlarining O‘zbekistonda turar-joy barpo etishga jalb etilishi muhokama etilgani xabar qilindi.

Rossiya Savdo-sanoat palatasi ham xorijlik ishchilar va ularning oila a’zolariga Rossiyaga kirishni osonlashtirish taklifi bilan chiqdi. Bu tuzilma, eng avvalo yengillashtirilgan tartib yuqori malakali mutaxassislarga joriy etilishi lozimligini ta’kidladi. Palata mutaxassislari pandemiya davrida mehnat muhojirlarining ommaviy ravishda Rossiyadan chiqib ketishi davlat iqtisodiyotida jiddiy muammolarni keltirib chiqarganini aytmoqda.

Rossiyada joylashgan Strategik tadqiqotlar markazi olib borgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ishchi kuchi yetishmasligi Rossiyaning taqriban 40 foiz shirkat va korxonalarida kuzatilmoqda. Bundan oldinroq Moskva meri Sergey Sobyanin Rossiya poytaxtining kommunal xo‘jaligi sohasida yollanma xorijlik migrantlar soni ham 40 foizga kamayganini aytib o‘tgandi.

Shahar hokimi Rossiyadan chiqib ketgan migrantlar chegaralar yopiqligi tufayli ortga qaytolmayotgani, moskvaliklar esa, kam haq to‘lanadigan farroshlik kasbiga oshiqmayotganini bildirgan edi.

Rossiyada faoliyat yuritayotgan migratsiya mutaxassislari turli sohalarda yollanma ishchilar yetishmovchiligi 60 foizdan ziyod kompaniyalarda sezilayotganini gapirmoqda.

Xorijlik ishchilarni ish bilan ta’minlash uchun yaratilgan Migranto.ru portali asoschisi Svetlana Salamova Ozodlikka ish beruvchi shirkatlar ish sur’ati keskin pasayganidan arz qilayotganini bildirdi.

- Nafaqat xususiy, davlat korxonalari ham O‘zbekiston va Tojikistondan bo‘lgan ishchilarni o‘z mablag‘lari evaziga Rossiyaga olib kirishga tayyor. Mehnat bozorida defitsit kuzatilmoqda. Bugunga kelib ko‘plab sohalarda ish beruvchilar oyliklarni oshirish va sharoitlarni yaxshilash evaziga xodimlarni jalb etmoqda. Shu sababli migrantlar ham maoshga bo‘lgan talablarini oshirmoqda, - deydi Svetlana Salamova.

Shu yilning oktabrida Moskva shahar hokimligi mehnat muhojirlari yetishmovchiligini Rossiyaning boshqa mintaqalaridan jalb qilinajak ishchilar bilan to‘liq qoplashi to‘g‘risida bayonot bergandi.

Ozodlik koronavirus bilan kasallanish holatlari kamaymayotgan Rossiyadan chiqib ketishga tayyor minglab mehnat muhojirlari to‘g‘risida xabar berib kelmoqda.

12 - dekabr kuni Rossiyaning Voljskiy shahridan yana 722 o‘zbek muhojiri maxsus poezd bilan O‘zbekistonga jo‘natildi.

Ayni paytda 14, 21 va 28 - dekabr kunlari Moskva – Toshkent yo‘nalishida ham poyezdlar qatnovi amalga oshirilishi rejalangan.

XS
SM
MD
LG