Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:54

Rossiya: Mehnat muhojirlari "giv-lotereya"larda 100 minglab yutqazyapti - blogerlar


Video skrinshoti.
Video skrinshoti.

Har yili 14-iyun kuni internet jamoatchiligi Xalqaro bloger kunini nishonlaydi. 18 yildan buyon nishonlanib kelinayotgan bu kunda bir guruh Rossiyada faoliyat yuritayotgan o‘zbek blogerlari o‘z hamkasblari orasida keng tarqalayotgan bir muammo – pulli lotereya o‘yiniga e’tibor qaratdi.

Lotereyaning bu turi jamoatchilik va davlat e’tiboridan chetda qolayotgan bir paytda, u blog egalarining mo‘may daromad topish manbaiga aylandi.

Lotereya o‘yinlari ayniqsa mehnat migrantlari va kamdaromadli aholi qatlami orasida keng tarqaldi.

"Giv" yoki "lotereya"?

“Giv” yoki inglizcha “giveaway” («tarqatish») – odatda blogerlar tomonidan yangi obunachilarni profilga jalb qilish usuli sanaladi.

Katta miqdorda pul, qimmatbaho telefonlar, avtomobillarni qo‘yib, videoblogerlar shu tariqa o‘z kontentiga boshqalar e’tiborini qaratadi. Givda ishtirok etish uchun odatda tanlov uyushtirilayotgan akkauntga va reklama berayotgan homiylar sayt-profillariga obuna bo‘lish yetarli.

O‘zbekistonlik taniqli bloger Mufasa O‘zbekistonda "giv" tanlovlari o‘tkazilishiga to‘sqinlik bo‘lmasada, lotereyalar hukumatning qattiq nazoratida ekanini gapiradi:

- Bugungi kunda ham ijtimoiy tarmoqlarda, xususan Instagramda instabogerlar va shou-biznes vakillari tomonidan "giv" konkurslarini o‘tkazish ommalashgan. Ushbu konkurslarni o‘tkazuvchilar Soliq Kodeksining tegishli moddalariga asosan 12 foiz stavkada soliq to‘lashlari shart, lekin prezidentning 2020-yildagi tegishli qaroriga asosan blogerlar o‘zini-o‘zi ta’minlaydigan shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lsa, daromad solig‘idan ozod qilingan.

Bunday lotereyalarni tashkil qilish natijasida bloger katta moddiy mukofot, omadli ishtirokchilar – qimmatbaho sovg‘a, sponsorlar esa ko‘p sonli obunachilarga ega bo‘ladi. Hamma xursand!

Тўрт фарзанднинг онаси бўлган ўзбекистонлик блогер махсус приёмникка ташланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:12 0:00

Biroq, so‘nggi yillarda ayrim blogerlar orasida pulli lotereya o‘yinlarini tashkil etish avj oldi. Lotereyaning bu turi jamoatchilik va davlat e’tiboridan chetda qolayotgan bir paytda, u blog egalarining mo‘may daromad topish manbaiga aylandi.

Lotereya o‘yinlari ayniqsa mehnat migrantlari va kamdaromadli aholi qatlami orasida keng tarqaldi.

Apple telefonlari va avtomobillarni yutuq sifatida pulli lotereyada ulashish blogerlar hamjamiyatini ham ikkiga ajratib yubordi.

Blogerlar lotereya firibgarlariga qarshi!

Rossiyada va O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan bir guruh blogerlar Ozodlik orqali bunday onlayn lotereyalar firibgarlik va ommani aldashdan boshqa narsa emasligiga e’tibor qaratdi.

29 yoshli bloger Iskandar Makedonskiy pulli lotereyalar ayniqsa iqtisodiy jihatdan qoloq mamlakatlarda keng tarqalgan, deydi.

- Mana shunga o‘xshagan o‘yinlar, afsuski, saviyasi past jamiyatlarda paydo bo‘ladi. Biz bu holat mavjudligini tan olishimiz kerak, to‘g‘ri qarashimiz kerak. Ko‘pchilik aytishi mumkin "O‘zing ham reklama qilgan eding-ku?", deb. Ha, tan olaman bir vaqtlari bir marta hatto rozigrish ham qilganman. Lekin men qilgan konkursda aldashning matematik usulda iloji yo‘q edi!

Bloger Avaz Umarov Rossiyaning Perm shahrida yashaydi. “Rozigrish”larga qarshi kurash e’lon qilgan blogerdardan biri.

- Meni bu kurashga qo‘shilishga dinim majbur qildi. Bu narsaga qarshi chiqishimga majbur qilgan ikkinchi omil - obunachilarimning ko‘plab murojaatlari. Obunachilarimning ko‘pi "Bizda mana shu lotereya orqali bir kishi 700 ming rublgacha yutqazgan!" Bu meni kanalimga murojaat qilganlargan eng ko‘p yutqazgan bo‘ldi. Undan tashqari 100-150 ming yutqazganlar juda ko‘p bo‘ldi. Ularning hammasi Rossiyaga tirikchilik qilaman deb kelgan o‘zimizning oddiy muhojir aka-ukalarimiz.

O‘zbek muhojiri turli buyumlarni o‘yinga qo‘yish, lotereya tashkil qilish barcha davlatlarda qonun nazoratida.

Sankt-Peterburgdan bo‘lgan bloger Rustam Rahmon bunday lotereyalarning qonuniy va noqonuniy turlari mavjud ekaniga to‘xtaldi.

- Birinchi marotaba men "giv" sifatida sponsorlar yordamida konkurs uyushtirmoqchi edim. Men Yutub kanaliga obunachi yig‘ib beraman, ular esa menga muayyan summa beradi va o‘sha summaga bitta yutuq qo‘yiladi. Salondan olgan yangi mashinamni qo‘ydim. Keyin bilsam - noqonuniy ekan, jinoiy javobgarlik bor ekan unga. Lotereyaga litsenziya qilish kerak, soliq to‘lash kerak. Keyin to‘xtatib qo‘ydim. Yutib olgan odam ham 18 foiz QQS to‘lashi kerak ekan. "Rozigrish" deyilyaptiku, aslida lotereya o‘tkazgan inson ham litsenziya olgan bo‘lishi kerak va soliq to‘lashi kerak. O‘zbek blogosferasida esa bunga hech kim e’tibor bermayapti! Blogerlarimizga bu ishni qilmaslikni tavsiya bergan bo‘lardim, chunki oqibatlari og‘ir bo‘lishi mumkin - jinoiy javobgarlik.

Ozodlik suhbatlashgan yana bir Internet faoli Asqar Kenjayev bu kabi o‘yinlarni ancha bir yillardan beri kuzatib kelayotganlardan biri.

Asqar Internet tarmoqlari keng tarqalishi ortidan oxirgi paytlarda blogerlar tashkil etayotgan pulli lotereyalar O‘zbekistonda ham avj olmoqda, degan fikrda:

- Men bu mavzuni bir yil oldin ham olib chiqqandim. Shu masalani sizlar ham ko‘tarib chiqqaningizlardan xursand bo‘ldim. Bir eri-xotin aytyapti: "Yeb-icharimizga, farzandlarimizga oz-moz pul ajratib, qolgan bor pulini Siroj, Otash va yana boshqalarga tashlab berarkan.

Ozodlik suhbatlashgan blogerlar zamonaviy texnologiyalar onlayn o‘tkazilayotgan va mustaqil nazoratdan mutlaqo holi bo‘lgan bunday o‘yinlar tovlamachilik va qalloblikka keng yo‘l ochayotganidan xavotir bildirmoqda.

Samarqandlik iqtisodchi va menedjer Shuhrat Murodov o‘zi ham bunday lotereyalarda ishtirok etib, aldanib qolganlardan biri. Shunday keyin u aldoqchi lotereyachi-blogerlar ovchisiga aylanganini aytadi:

- Hozirgi kunda musofir yurtda yurgan ukalarimiz, opalarimiz, singillarimiz qiynalganini ko‘rib turibmiz. Shu tuzoqqa ukam ham tushgan edi. Ukam 87 ming rubl "rozigrish"ga tikib turib, "katta mablag‘ yutaman" degan xom xayollarga uchib, qatnashgandi. Men bu videorolikni bir marta ko‘rishda loxotron ekanini sezganman va unga matematik jihatdan yolg‘on ekanini isbotlab berganman!

Xalqaro blogerlar kunida bu masalada fikr bildirgan o‘zbek blogerlari maxsus murojaat qilishib, ushbu muammoga jamoatchilik e’tibori qaratilishi kerak, degan fikr bildirishdi.

- Biz yuqori tashkilotdagi organlarga murojaat qilib, bu vaziyatni nazoratga olishlarini so‘raymiz. Chunki bu odamlar soliq to‘lovchilar va aynan shu organ xodimlarini shu soliqlardan ta’minlab keladi.

Joriy yilning fevral oyida Tojikiston Soliq qo‘mitasi mahalliy blogerlarni ijtimoiy tarmoqlar va Youtubedagi daromadlaridan soliq to‘lashga majburlagan edi.

Rossiya qonunchiligida “Internet-lotereya” degan tushuncha yo‘q, ya’ni uni boshqaruvchi qoidalarning o‘zi yo‘q. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkaziladigan lotereyalar yutug‘i yoki sovrinlar narxi 4 ming rubldan oshsa, u shaxsiy daromad solig‘i stavkasi 35% bo‘lgan reklama aksiyasi yoki rag‘batlantiruvchi lotereyaga tenglashtiriladi. Ya’ni 4 million rubllik mashinadan lotereya uyushtiruvchi bloger 1,4 million rubl soliq to‘lashi lozim.

O‘zbekistonda esa internetda blogerlar tomonidan lotereya yoki pulli o‘yinlarni uyushtirish “Qimor (lotereya) va garov o‘yinlari o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risida” va boshqa hukumat qarorlari bilan tartibga solinadi.

XS
SM
MD
LG