Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:44

Rejimning uzoq muddatli rejalari. Japarov va Tashiyev ikkinchi muddatga yelkama - yelka bormoqda


Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyev - Bishkek, 25-mart, 2022
Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyev - Bishkek, 25-mart, 2022

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ikkinchi muddatga prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchi – bu qirg‘iz xalqi uchun yangilik emas. Ajablanarlisi shundaki, u va uning eng yaqin safdoshi – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev mamlakatning tartibsiz siyosiy manzarasini qay darajada jilovlay olganida.

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Edil Baysalov 29- yanvar kuni 55 yoshli Japarovning bir muddatdan keyin prezidentlikdan ketishiga “xalqning o‘zi yo‘l qo‘ymasligini” aytdi.

“Prezidentimiz navbatdagi saylovlarda ishtirok etadi”, dedi Baysalov Qirg‘izistonda «Ozodlik» radiosi mezbonlik qiladigan “Ekspert Taldait” (“Ekspert tahlili”) tok-shousida.

“Konstitutsiya ruxsat beradi, shuning uchun u buni yarim yo‘lda qoldirmaydi. Xalqning o‘zi bunga yo‘l qo‘ymaydi. Xalqning umidi bor, yaqin uch yilda ular katta yutuqlarga guvoh bo‘lishadi”, dedi Baysalov.

Baysalovning so‘zlarini Japarovning rasmiy vakili ham tezda tasdiqladi va Qirg‘iziston rahbari 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishini aytdi.

Japarovning amaldagi hamkori Tashiyev dekabr oyida Japarovning ikkinchi muddatga saylanishi g‘oyasini ma’qullab, uning o‘zi bu lavozimni egallashga intilayotgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi.

“Кўча”га қарши рейдлар: Қирғизистонда машҳур бўлган Салимбой
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:24 0:00

Bundan tashqari, prezidentning uzoq yillik hamkori bo‘lmish Tashiyev davlat rahbari 2021-yil yanvar oyida eski konstitutsiyaga ko‘ra saylangani uchun butun olti yillik muddat davomida hokimiyatda qolishga haqli ekanligini ta’kidladi. Bu konstitutsiya prezidentlarga qayta saylanishga ruxsat bermasdi. Biroq o‘sha saylovdan bir necha oy o‘tib qabul qilingan yangi konstitutsiya ikkinchi muddatga saylanishga imkon bergani bois, Japarov 2027-yilda yangi konstitutsiyaga ko‘ra ikkinchi besh yillik muddatga saylanishi mumkin, deb tushuntirdi Tashiyev Facebook’da.

Bu qiziq holatga oydinlik kiritar ekan, Tashiyev qo‘shib qo‘ydi: “Sakkiz yildan so‘ng mamlakatda Sadir Japarovdek xalq uchun kuyinadigan yana bir shaxs paydo bo‘lishiga ishonaman”.

Bularning barchasi siyosat ko‘pincha qisqa muddatli bo‘lib kelgan mamlakatda rejimning uzoq muddatli rejalarini ko‘rsatayotgandek go‘yo: mustaqillikning o‘ttiz yili davomida uchta prezident o‘z lavozimini tark etishga majbur bo‘lgan.

Boshqa tomondan, Qirg‘iziston bu kunlarda juda o‘zgacha ko‘rinadi. Aftidan, prezidentlar bilan bir xil kuch va imtiyozlarga ega bo‘lgan sahna ortidagi ta’sirli shaxslar yo‘qoldi.

Saylovlarda hamisha raqobatga tayyor bo‘lgan siyosatchilar va biznes-magnatlar ham g‘oyib bo‘ldi.

Bir paytlar faol bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarolik jamiyati – faollar va jurnalistlar, shuningdek, siyosiy muxoliflarning hibsga olinishi va qamoq jazolari davom etayotgan bir paytda ancha jimib qoldi.

"Shu orada hozirgi rahbariyat avvalgi rahbarlarga qaraganda hokimiyatni markazlashtirish uchun yaxshiroq harakat qilyapti, – deydi Shvetsiya xalqaro munosabatlar instituti tahlilchisi Yoxan Engvall. – Ammo Qirg‘iziston tarixidan bilamizki, hukumat haddidan oshib ketsa, vaziyat tezda o‘zgarishi mumkin".

“Daromad oqimini qo‘lga olish"

Japarov va Tashiyev hokimiyatga kelishidan oldingi o‘n yilda Qirg‘iziston prezidentlarning hokimiyatni o‘z qo‘lida markazlashtirish imkoniyatini cheklash uchun maxsus ishlab chiqilgan konstitutsiya bor edi.

Albatta, bu har doim ham shunday bo‘lavermasdi, lekin asosiy qonunning eski tahriri bo‘yicha saylangan birinchi prezident Almazbek Atambayev hech bo‘lmaganda, yana saylovda qatnasha olmasligini tan oldi.

2010-yilgi konstitutsiya qabul qilinishiga mamlakatning birinchi ikki prezidenti Asqar Akayev va Qurmanbek Bakiyevning inqiloblar natijasida hokimiyatdan ag‘darilgani sabab bo‘lgandi.

Bu siyosiy notinchlik Qirg‘iziston bilan qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekistondan aniq farqdir, ularda rejimlar o‘zini saqlab qola olgan.

Qirg‘iziston bo‘yicha “Davlat - sarmoya bozori sifatida” nomli kitob muallifi Engvalga ko‘ra, farq qisman Qirg‘iziston siyosiy iqtisodi uslubidadir.

"Qirg‘izistonda siyosiy kuch va iqtisodiy boylik chambarchas bog‘liq. Biroq mamlakatning iqtisodiy resurslari doim turli tadbirkorlar va parlamentariylar o‘rtasida nisbatan tarqoq bo‘lib kelgan va prezidentlar eng yog‘li daromad oqimlari ustidan nazoratni to‘liq markazlashtira olmagan", deb tushuntirdi Engvall elektron pochta orqali.

Hozircha, Japarov va Tashiyev avtoritar Bakiyevning xatolaridan saboq olayotganga o‘xshaydi, ularning har ikkalasi ham ilgari rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

2021-yilda hukumat kuchlari o‘sha paytda xorij nazorati ostida bo‘lgan «Qumtor» oltin konini o‘z nazoratiga olganida va Kanadaning Centerra Gold kompaniyasi keyinchalik hukumat bilan suddan tashqari kelishuvga erishganida “daromad oqimi”ni tortib olish eng muhim vazifa edi.

Bu ikki shaxs hokimiyatni qo‘lga olganidan keyingi birinchi yilda amalga oshirilgan bu harakat hukumat daromadlarini oshirib, maoshlarni ko‘tarish imkonini berdi, bu esa prezidentning yuqori reytingini saqlab qolishga yordam berardi.

Kon egallangan vaqtda rasmiylar Qumtordagi korrupsiya bo‘yicha tergov doirasida yuqori martabali siyosatchilarni hibsga olishni boshladi. Ularni olgan pullarini qaytarish sharti bilan qo‘yib yuborishdi.

Tashiyevga ko‘ra, sobiq bosh vazir va prezidentlikka nomzod O‘murbek Babanov, masalan, davlatga 1 milliard so‘m (11 million dollardan ortiq) o‘tkazgan.

O‘tgan yili rasmiylar mamlakatning eng yirik aroq ishlab chiqaruvchisi «Ayu» davlatga o‘tganini e’lon qildi. Bemor va xorijda yashayotgani aytilayotgan kompaniyaning asosiy benefitsiari o‘tmishda 2015 va 2020- yillardagi parlament saylovlarida ishtirok etgan partiyani moliyalashtirishda yordam bergan.

Biroq, ko‘pchilik qirg‘izlar uchun, qaysi hukumat bo‘lishidan qat’i nazar, buzuq tuzumning timsoliga aylangan ikki kishi bilan nima qilish kerak edi?

Kontrabanda va pul yuvish bilan bog‘liq ko‘plab surishtiruvlar chog‘ida «Ozodlik» radiosi Qirg‘iz xizmati va boshqa ommaviy axborot vositalari bilan suhbatlashgan manbalar kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev va sobiq bojxonachi Raimbek Matraimovni qiymati milliardlab dollarga baholangan yashirin imperiya a’zolari sifatida ta’riflagan.

AQSH Moliya vazirligi ikkisiga ham sanksiya qo‘yib, Ko‘lboevni transmilliy giyohvandlik va odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi "toj kiygan o‘g‘ri", Matraimovni esa korrupsion bojxona sxemasidagi ishtiroki natijasida "yuz millionlab dollar" o‘margan shaxs deb atagan. "Qonundagi o‘g‘ri" jinoiy iyerarxiyadagi eng yuqori unvon bo‘lib, u an’anaviy ravishda sobiq Sovet respublikalaridagi jinoiy guruhlar rahbarlariga beriladi.

Qirg‘izistonda esa Ko‘lboyev ham, Matraimov ham jazosiz qolishgan. Ular Japarov prezidentligi davrida ozodlikka chiqquncha qamoqda biroz nomigagina o‘tirgandi.

Ammo hozir unday emas.

Қирғизистон Кампиробод сув омборини Ўзбекистонга "бериб юборди"ми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:36 0:00

Oktabr oyida Bishkek markazidagi restoranlardan biriga kunduzi uyushtirilgan reydda Ko‘lboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgan edi.

Shundan so‘ng mashhur jinoyatchilarning ko‘pchiligi jinoyat hayotidan voz kechishlarini aytib videomurojaatlar bilan chiqishdi.

Uzoq vaqt davomida Japarov o‘zi tug‘ilgan Issiqko‘l viloyatidan chiqqan Ko‘lboyevning o‘ldirilishi haqida deyarli hech narsa aytmadi.

Biroq 25-yanvar kuni prezident davlat axborot agentligiga intervьyu berib, Ko‘lboyev unga hokimiyatga kelishiga yordam bergani haqidagi uzoq yillik ayblovlarni rad etdi.

Matraimovga kelsak, hozirda uning qayerdaligi noma’lum bo‘lsa ham, rasman hibsga olish orderi chiqarilgan.

27-yanvar kuni Matraimov tug‘ilgan O‘sh shahrida so‘zlagan Tashiyev rasmiylar Matraimovning barcha mol-mulkini musodara qila boshlaganini aytdi va u kelajakda Qirg‘izistonda yashashni istasa, kamtarona «Matiz» haydashi kerak, deb hazil qildi.

Mustaqil siyosatshunos Ayjan Sharshenovaning “Ozodlik”ka aytishicha, qirg‘iz jamoatchiligi bu ikkisining qulashini olqishlagan bo‘lardi.

Biroq Qirg‘izistonning yangi “qattiq avtoritar” siyosiy tizimi «tuzilmasiz» bo‘lib qolmoqda va institutsional rivojlanish sezilmayapti, deydi Sharshenova.

“Hokimiyatning barcha bo‘g‘inlaridagi asosiy muammo shundaki, ular shaxsga yo‘naltirilgan va go‘yo ikki yetakchi – prezident Japarov va xavfsizlik xizmati rahbari Tashiyev atrofida aylanib yuribdi”, deydi Sharshenova «Ozodlik» bilan suhbatda.

XS
SM
MD
LG