3-iyun kuni Qozog‘iston Tolibon rejimini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqargani ma’lum bo‘ldi. Prezident Qasim-Jomart Toqayev bu ish toliblar nazorati ostidagi Afg‘oniston hukumati bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun amalga oshirilganini aytgan.
Tolibon Qozog‘iston Oliy sudining 2005-yil 15-martidagi qarori bilan terrorchi tashkilot deb topilgan hamda mamlakat hududida faoliyati taqiqlangan edi.
Oqo‘rda matbuot xizmatiga ko‘ra, Qozog‘iston prezidenti KXSHT Parlament assambleyasi kengashi majlisi ishtirokchilari bilan 3-iyun kuni Olmaotada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Afg‘onistondagi vaziyatga to‘xtalgan. Toqayevga ko‘ra, hozirda strategik vazifalardan biri Afg‘onistonni mintaqalararo aloqalarga faol jalb qilishdir.
2021-yilda Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olgan Tolibon boshchiligidagi hukumatni dunyoning hech bir davlati hali rasman tan olgani yo‘q. Ammo o‘tgan vaqt mobaynida 14 ta davlat Tolibon tomonidan tayinlangan diplomatlarni qabul qildi.
Rossiya Tolibon bilan diplomatik aloqalarni kengaytirish istagini bildirmoqda. Oxirgi vaqtlarda Moskva Tolibonni terrorchi guruhlar ro‘yxatidan chiqarishi haqida gap-so‘zlar tarqaldi.
«Bu Tolibonning mintaqada legitimlikka erishish yo‘lidagi qadam bo‘lishi mumkin», - deydi Bryusselda joylashgan Xalqaro Inqiroz guruhining Afg‘oniston bo‘yicha katta tahlilchisi Grem Smit.
Ko‘plab davlatlar Tolibondan inklyuziv hukumat tuzish, ayollar huquqlarini ta’minlash va ekstremistik guruhlar bilan aloqalarni uzishni talab qilib keladi, biroq toliblar bu talablarni bajarishdan bosh tortgan.
Ammo xavfsizlik, savdo, migratsiya va giyohvand moddalar savdosidan xavotir olgan Afg‘onistonning qo‘shnilari Tolibon bilan aloqa o‘rnatishga ochiqroq, deydi Smit.
ROSSIYA
Rossiya Kobulda o‘z elchixonasini saqlab qolgan kam sonli davlatlardan biri. 2022-yil aprelida Rossiya Afg‘onistonning Moskvadagi elchixonasini Tolibonga topshirdi. Rossiya Tolibon hukumatini tan olmay turib, Tolibon diplomatlarini akkreditatsiyadan o‘tkazgan oxirgi davlat bo‘ldi. Yaqinda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva Tolibon bilan «munosabatlarni o‘rnatishi» kerakligi haqida gapirdi.
XITOY
Yanvar oyida Xitoy rahbari Si Szinpin Tolibon elchisidan ishonch yorliqlarini rasman qabul qilgan birinchi davlat rahbari bo‘ldi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bu Pekin Tolibon boshchiligidagi hukumatni rasman tan olganini bildirmasligini ma’lum qildi. Ammo Tolibon buni yirik diplomatik g‘alaba o‘laroq qabul qildi.
POKISTON
Tolibon 2021-yil oktyabr oyida Islomoboddagi Afg‘oniston elchixonasi ustidan nazorat o‘rnatdi. Garchi so‘nggi paytlarda Tolibonning «Tehrik-e Tolibon Pokiston» ekstremistik guruhini qo‘llab-quvvatlayotgani sababli kelishmovchilik yuzaga kelgan bo‘lsada, Pokiston Tolibonning azaliy ittifoqchisi hisoblanadi.
ERON
Eron Afg‘oniston elchixonasini 2023-yil fevralida rasman Tolibonga topshirdi. Sobiq dushmanlar Eron va Tolibon chegarada vaqti-vaqti bilan sodir bo‘layotgan to‘qnashuvlarga qaramay yaqin aloqalar o‘rnatgan.
HINDISTON
Hindiston o‘tgan yili Kobuldagi elchixonasini qayta ochdi. Ammo sobiq afg‘on hukumati tomonidan tayinlangan diplomatlar Tolibonning Hindistondagi elchixona va ikkita konsullikni egallashga bo‘lgan urinishlariga qarshilik qilar ekan, Hindistondagi Afg‘oniston diplomatik vakolatxonalari nazorati noaniq holatda.
QOZOG‘ISTON
Dekabr oyida Ostona Tolibonni terrorchi guruhlar ro‘yxatidan chiqardi. Bu voqea Qozog‘iston Tolibon tomonidan tayinlangan yangi Afg‘oniston elchisini qabul qilganidan bir necha oy o‘tib sodir bo‘ldi.
O‘ZBЕKISTON
Tolibon hokimiyatni egallaganidan ko‘p o‘tmay Toshkent Tolibon bilan aloqalarni o‘rnatdi. Fevral oyida Tolibon Afg‘onistonning O‘zbekistondagi elchixonasiga o‘z diplomatini tayinladi.
TURKMANISTON
Ashxobod 2022-yil mart oyida Tolibon elchisini qabul qildi. Tomonlar mintaqaviy energetika va transport loyihalari ustida yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Ammo ikki o‘rtada vaqti-vaqti bilan chegarada to‘qnashuvlar bo‘lib turadi.
TOJIKISTON
Tolibon Tojikistonning Xorug‘ shahridagi Afg‘oniston konsulligini nazorat qilsa-da, elchixonani sobiq Afg‘oniston hukumati tomonidan tayinlangan elchi boshqaradi. Tojikiston Tolibonning hokimiyatga qaytishiga oshkora qarshilik qilayotgan yagona qo‘shni davlat bo‘lib, Dushanbe Tolibonga muxolif bo‘lgan Milliy qarshilik fronti yetakchilari va qarshilik guruhlarining bir qismiga joy bergan.
OZARBAYJON
Boku o‘z va’dasini bajarib, mart oyida Kobuldagi elchixonasini rasman qayta ochdi. Ammo Ozarbayjonda Tolibon diplomatlari bor-yo‘qligi aniq emas.
TURKIYA
Anqaradagi Afg‘oniston elchixonasini hanuz sobiq Afg‘oniston hukumati tomonidan tayinlangan elchi boshqaradi. Ammo Istanbuldagi konsullik Tolibon tomonidan yuritib kelinmoqda.
Turkiyada bir qator afg‘on siyosiy yetakchilari, jumladan sobiq vitse-prezident Abdul Rashid Do‘stum istiqomat qiladi.
QATAR
Dohada 2013-yildan beri Tolibonning siyosiy idorasi faoliyat yuritadi. Qatar poytaxti Tolibon va AQSH rasmiylari o‘rtasida 2021-yilda barcha xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistondan to‘liq olib chiqilishiga yo‘l ochgan muzokaralarga mezbonlik qilgan. Qatar Tolibon bilan eng yuqori darajada hamkorlikni davom
ettirib kelmoqda.
SAUDIYA ARABISTONI
Ar-Riyod Kobulda o‘z elchixonasiga ega va afg‘onlar uchun konsullik xizmatlarini ko‘rsatib keladi. Minglab afg‘onistonliklar Saudiyada mehnat qiladi. Tolibon hokimiyatni egallagach, Ar-Riyod Kobulda Islom mamlakatlari tashkiloti missiyasini tashkil etishga yordam berdi. Tolibon Saudiya Arabistonidagi afg‘on diplomatik vakolatxonalarini nazorat qiladimi yoki yo‘q, bu noma’lum.
BIRLASHGAN ARAB AMIRLIKLARI
Abu-Dabi ham Kobulda o‘z elchixonasiga ega. Tolibon Afg‘onistonning Abu-Dabidagi elchixonasi va Dubaydagi konsulligiga diplomatlar tayinlagan.